“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali oʻzbek lugʻatshunosligi muammolariga bagʻishlangan maqolalarni berishda davom etadi. Nashrning oʻtgan sonlarida birmuncha umumiy masalalar tahlili bilan tanishgan boʻlsangiz, endilikda mualliflar soʻz darajasigacha tushib, imlo lugʻatlarini solishtiradi, har xilliklarni aniqlaydi va yechim berishga intiladi. Jurnal xuddi shunday maqolalarni maktablarda saboq berayotgan yuz minglab oʻqituvchilardan ham kutib qoladi. 

Har qanday milliy til ilmiy meʼyorlarining ommalashuvi va ortologik tizimining barqarorlashuvida imlo lugʻatlarining oʻrni beqiyos. Adabiy til imlo qoidalarining izdan chiqishi, tilda imlosi muammoli soʻzlarning vujudga kelishi koʻp hollarda oʻzlashma soʻzlar, qoʻshma soʻzlar, juft, takroriy soʻzlar imlosi bilan bogʻliq boʻlib, bu ziyoli qatlam tomonidan muntazam bahs va munozaralarga mavzu boʻlgan. Albatta, adabiy tilning rivojlanishi, meʼyorlarning qatʼiylashuvida ushbu munozaralar muhim ahamiyat kasb etadi. Soʻngi yillarda bu sohada qator ishlar amalga oshirilgan boʻlishiga qaramay, hali-hanuz imlo lugʻatlarimizda talay muammolar koʻzga tashlanadi. Bugun biz qaysi imlo lugʻatini asosiy manba sifatida qabul qilamiz?

B.Bahriddinova, Sh.Nabiyevaning “Til va adabiyot taʼlimi” jurnalida chop etilgan “Lugʻat qonunchiligi tushunchasi va oʻzbek meʼyoriy lugʻatchiligi muammolari” deb nomlangan maqolasida keltirilgan “Afsus bilan aytish kerakki, soʻnggi yillarda biz mutaxassislarga berilayotgan eng ogʻriqli, eng koʻngilni gʻash qiladigan savollardan biri – “Qaysi imlo lugʻati toʻgʻri?” Qiziq, bu qanday savol boʻldi? Nahotki imlo lugʻati boʻladi-yu, uning toʻgʻri-notoʻgʻrisi boʻlsa!” [1: 10] degan mulohazalari ushbu maqolani yozishga turtki boʻldi.

Bugun kitobxon qoʻlida imlo lugʻatlarining bir qancha nashrlari bor. Lugʻatlarning koʻp boʻlishi yaxshi, albatta, lekin ularda har xilliklar koʻzga tashlansa, foydalanuvchilar uchun talay muammolarni keltirib chiqaradi. Hozirgi kunda keng isteʼmolda boʻlgan imlo lugʻatlarimizning kirish qismida “Lugʻat OʻzR Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustdagi 339-sonli “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarori bilan qabul qilingan “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari”ga asoslangan holda yaratildi” [2: 4] izohini uchratamiz. Ammo imlo qoidalarimiz va imlo lugʻatlarimizning oʻzidayoq baʼzi muammoli soʻzlarga duch kelamiz.

“Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning “Asos va qoʻshimchalar imlosi” bandida quyidagi qoʻshimcha eslatma bor: “undosh bilan tugab, tarkibida u unlisi bor feʼlga -uq qoʻshiladi: uz – uzuq, yut – yutuq kabi. Lekin uvushiq, burushiq, uchuriq (shuningdek, bulduriq) kabi soʻzlarning uchinchi boʻgʻinida i aytiladi va shunday yoziladi” [2: 12]. Xuddi shu imlo lugʻatining oʻzidayoq bu fikr inkor etilgan holda bulduriq soʻzi bulduruq tarzida beriladi. Ayni bir imlo kitobimiz oʻz-oʻzini inkor etishi kitobxon uchun achinarli hol emasmi?

2013-yilda professor N.Mahmudov tahriri ostida E.Begmatov va A.Madvaliyev muallifligida nashr etilgan imlo lugʻati asosida nashrga tayyorlangan, 2023-yil professor N.Mahmudov tahriri ostida A.Madvaliyev va Y.Odilov muallifligida nashr etilgan “Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati”da esa bulduriq soʻzi buldur-buldur (taql.), bulduriq, bulduriqdoshlar, buldiriqlar (zool.), bulduriqgullilar, bulduriqoʻt tarzida berilgan [3: 106]. Bu ikki imlo lugʻati nashrlari orasida oʻn yil farq bor. Birinchi nashrda bulduruq shaklida keltirilgan soʻz ikkinchi nashrda xatoliklar bartaraf etilib, imlo qoidalariga rioya etgan holda bulduriq shaklida berilganmi?

2023-yil professor N.Mahmudov tahriri ostida “Kafolat print company” nashriyoti chiqargan, 27 000 dan ortiq soʻzni jamlagan “Oʻzbek tilining oʻquv imlo lugʻati”da ham bu soʻz bulduriq shaklida berilgan [4: 80]. Ammo A.Eshonqulova, L.Qoʻziboyeva muallifligida 2020-yil “Ilm-ziyo-zakovat” nashriyoti tomonidan chop ettirilgan, 19 000 dan ortiq soʻzni jamlagan “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”da esa bulduruq shaklida berilgan [5: 53].

Til meʼyori oʻzgaruvchan va rivojlanuvchi hodisa. Tilning ijtimoiyligi natijasida yangidan yangi muammolar vujudga kelishi mumkin. Bu esa tilshunoslar oldiga doim muhim vazifalarni yuklaydi. Adabiy til meʼyorlarini belgilashda biz tayanadigan narsa nima? Til meʼyorlarini belgilashda umumxalq tomonidan qabul qilingan va mustahkamlangan qonun-qoidalar hamda turli lugʻatlar, shu til egalari tomonidan munosib koʻrilgan asarlarga ham tayaniladi. Demak, til meʼyorlari maʼlum davrda til sohiblari amalda qoʻllagan shu til imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Imlo lugʻatlarimizda soʻzlarning berilishi ham shu asoslarga tayangan holda keltiriladi.

Xoʻsh, endi imlo qoidalarimizda bulduriq shaklida berilgan soʻz aslida bulduruqmi yoki bulduriq?

“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyotida 2006-yilda chop etilgan 5 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da [6: 370] ham bu soʻz omonim soʻz sifatida bulduruq shaklida berilgan. Baʼzi shevalarda buvulduruq shaklida ham ishlatiladi.

2023-yil nashrdan chiqqan, 80 mingdan ortiq soʻz va soʻz birikmasini jamlagan 6-jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning [7: 625]. A.Madvaliyev, D.Xudayberganova tahriri ostida nashr etilgan 1-jildida bu soʻz quyidagicha berilgan:

Bulduruq I 1 Ayozli, sovuq kunlari yoki tuman paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil boʻladigan mayda qattiq qor; qirov. Bir bulduruq uch qorga tatiydi. Maqol. Tushdan keyin osmon yuzini sargʻish tuman qoplab, mayda bulduruq yogʻa boshladi. (Mirmuhsin, “Chiniqish”). Koʻprik ustidagi qayragʻoch novdalarini bulduruq oʻrab, tanasigacha oppoq qilib qoʻygan. (Said Ahmad, “Ufq”). Ertalabki tuman tarqalib, daraxt shoxlariga yopishgan bulduruq zarralari gavharday yaltiray boshladi. (Asqad Muxtor, “Chinor”).

Bulduruq bogʻlamoq Bulduruq zarralari bilan qoplanmoq. Yoʻlakda bulduruq bogʻlagan oppoq akatsiya tagida kelishgangina bir qiz bilan Akbarali turardi. (Asqad Muxtor, “Chinor”). ...qamishlar bulduruq bogʻlab, oppoq boʻlib qolgan ekan. (Shukur Xolmirzayev, “Soʻnmas oʻt”).

2 koʻchma Sochning oqi; oqargan soch. Bir vaqt yuragimni sevgiga maskan etgan qora sochga qoʻnmish bulduruq. (Saida Zunnunova).

Bulduruq II zool. Kaptarsimonlar oilasining bulduruqlar turkumiga mansub boʻlgan choʻl qushi; qorabovur. Azimxon... yovshan togʻlaridan uchgan bulduruqlarni koʻzi bilan uzoqlarga qadar kuzatib qolar edi. (Asqad Muxtor, “Chinor”). Yurtga kuz kelganin asta bildirib, Daraxtlar shoxidan uchar bulduruq. (X.Saloh, “Izlar va hislar”).

Bulduruq III Baliq tuxumi, urugʻi; uvuldiriq, ikra. Dasturxon koʻngil tusagan narsalarga toʻla. ...qora, qizil bulduruqlar, qovurilgan bedana-yu rang-barang uzum, olma... karjlangan qovun-tarvuzlar koʻzni oʻynatadi. (“Yoshlik”). ...bu qaldirgʻochlar oʻzining nasibasini dengiz qirgʻoqqa uloqtirgan baliqlarning lahm goʻshti va buldurugʻidan koʻradi. (K.Mahmudov, “Qiziqarli pazandalik”).

Bulduruqoʻt bot. Alismadoshlar oilasiga yoki bulduruqdoshlarga mansub, botqoqlik hamda suvda oʻsuvchi koʻp yillik oʻt.

Lugʻatda berilgan bu soʻzning amalda qoʻllanishi oʻzbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan. Bu asarlar oʻzbek adabiy tili shakllanishi uchun xizmat qilgan manbalar qatorida turadi. Izohli lugʻat esa biz eng koʻp murojaat etadigan lugʻatlar sirasiga kiradi.

Izohli lugʻatning kirish qismida lugʻatdagi soʻzlarning berilishi haqida quyidagi jumla bor: “Lugʻatning meʼyoriyligi shundan iboratki, unda adabiy tilning imlo, talaffuz, soʻz yasash va uni ishlatish meʼyorlari tavsiya etiladi. Buning uchun soʻzlar lugʻatga, oʻzlarining umummilliy adabiy tilga munosabati, unda tutgan oʻrni va qoʻllanish doirasiga koʻra tanlab kiritilgan. Lugʻatda har bir soʻzning maqbul yozilish shakli, (oʻzlashma soʻzlarning) kelib chiqishi – etimologiyasi, zarur hollarda talaffuzi koʻrsatilgan, maʼnosi (yoki maʼnolari) aniqlangan va izohlangan, soʻzlarning aniqlangan maʼnolari va shu maʼnolarda toʻgʻri qoʻllanishi oʻzbek badiiy va ilmiy adabiyotidan, matbuotdan olingan misollar – iqtiboslar bilan dalillangan” [7: 9]. Bundan koʻrinadiki, izohli lugʻatda soʻzning bulduruq shaklida berilishida soʻzning imlo, talaffuz, etimologiyasi va ilmiy, badiiy adabiyotdagi shakllari hisobga olingan.

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida ham bu omonim soʻzlar bulduruq shaklida berilgani eʼtiborni tortadi.

Bulduruq – atmosfera yogʻinlarining bir xili. Ayozli sovuq kunlarda yoki tuman paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil boʻladi. B. yumshoq muz kristali yoki donachalari shaklida yogʻadi. Izgʻirin paytlarida daraxt shoxlari va simlarda ham paydo boʻladi.

Bulduruqlar (Bteroclitidae) – kaptarsimonlar turkumi oilasi. B. asl B. va suv bulduruqlari urugʻlariga boʻlinadi. Asl B.ning 14 turi, suv bulduruqlarining esa oq bovur (Pterocles alchata) va qora bovur (Pterocles orientalis) degan 2 turi bor.

Bulduruqoʻt (Alisma plantago-aquatica L.) – alismadoshlar yoki bulduruqdoshlarga mansub koʻp yillik begona oʻt. Poyasi 40–150 sm, bargsiz, tik oʻsadi [8: 243].

Tabiiyki, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasining tuzilishida ham keng miqyosdagi olimlar guruhi ishtirok etgan. Lugʻatda beriladigan soʻzliklar maʼlum bir adabiy manbalarga tayangan.

Zoologik termin sifatida berilgan bulduruqlar yoʻqolib borayotgan parrandalar safidan joy olgan. Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushlar roʻyxatida Bulduruqlar oilasi – Семейство Рябковые – Family Pterocledidae 172-raqamda berilgan [9: 388].

Til egalari tez-tez murojaat etadigan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan maqolalarda, xalq jonli tili talaffuzida ham bu soʻzni quyidagicha uchratamiz:

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining bildirishicha, bu hodisada tuni bilan hamma yoqda qor yogʻib chiqqanday koʻrinadi. Aslida, tabiatning bu hodisasi bulduruq deyiladi [10].

Bulduruq nima? Uning qishloq xoʻjaligida qanday ahamiyati bor? Bulduruq yangi atama emas. Xalqimizda oldindan “Bir bulduruq uch qorga tatiydi”, degan naql yuradi [11].

Bulduruq – ayozli, sovuq kunlarda yoki tuman paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil boʻladigan mayda qattiq qor; qirov [12].

Tilda maʼlum bir ortologik meʼyorlarning yuzaga kelishi, uning vazifasi ham nutq uchun xizmat qiladi. Til meʼyorlarining oʻzi ham nutqiy unsurlar, shu tilga soʻzlashuvchi til sohiblari ishlatadigan uzuslardan kelib chiqadi. Adabiy til meʼyorlari milliy til xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanishini hisobga olsak, imlo qoidalarimizda bulduriq yozilishi norma deb topilgan soʻz. Shu tilda nashr etilgan barcha lugʻatlarda, jumladan, elektron lugʻatlar, darslik kitoblar, ommaviy axborot vositalari, hatto meʼyor uchun asos qilib olingan imlo lugʻatlarimizning bir nechtasida ham bulduruq shaklida berilganini qanday baholaymiz?

Meʼyorning amaliyotga asoslanishini inobatga olsak, bulduruq soʻzi uzus vazifasini bajargan. Bizningcha, bu soʻzni bulduruq shaklida yozishimiz toʻgʻri.

Jamiyat rivojlanar ekan, uning tili, adabiy til meʼyorlari, qonun-qoidalari, leksikografiyasi shu amaliyot bilan bogʻliq holda rivojlanishda davom etadi. Shu oʻrinda tilshunos olim E.Begmatov va A.Mamatovning asosli bir fikrini eslatib oʻtmoqchimiz: “Til tizimidagi, nutqiy amaliyotdagi har qanday oʻzgarish, baʼzi vosita va qoidalarning eskirishi, isteʼmoldan chiqishi, tildagi birdan ortiq imkoniyatlardan birining tanlanishi va shunga oʻxshash koʻpgina hodisalar maʼlum obyektiv zarurat, nutqiy talab tufayli yuz beradi. Shu sababli adabiy til normalari hayotiga ongli aralashganda, uni normalashga kirishganda, normativlarni baholaganda mana shu zaruriylik qoidasi, tamoyiliga amal qilish nihoyatda muhimdir” [13: 73]. Bugun biz foydalanadigan joriy imlo qoidalarimiz, imlo lugʻatlarimizda bir talay muammoli soʻzlarning mavjudligiga ayni shu nutqiy amaliyotdan uzilib qolganimiz sabab emasmi? Adabiy meʼyor, ortologik meʼyorlarning shakllanishida uzusdan uzilib qolish, amaliyotdan chetlashish imlo qoidalari va imlo lugʻatlari oʻrtasida nomuvofiqlikni yuzaga keltirmoqda.

2013-yilda professor N.Mahmudov tahriri ostida E.A.Begmatov va A.P.Madvaliyev muallifligida nashr etilgan imlo lugʻatining soʻzboshisida lugʻatning boshqa imlo lugʻatlaridan farqli xususiyatlari qatorida quyidagi bandlar sanalgan: “d) nashr etilgan va etilayotgan boshqa tip lugʻatlar (izohli, ensiklopedik, terminologik va b.)ning ijobiy imloviy tajribalarini hisobga olganligi; e) keyingi oʻttiz yil davomida oʻzbek tili imlosi amaliyotida yuz bergan, koʻpchilik tomonidan maʼqul deb topilayotgan ijobiy imloviy oʻzgarishlarga eʼtibor berganligi” [2: 3].

Oradan 10 yil muddat oʻtib, 2023-yilda yuqoridagi nashr asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati”, “Oʻzbek tilining oʻquv imlo lugʻati”da ham aynan shu jumlalar takrorlangan. Ammo buning amaliyotda biror isboti koʻzga tashlanmaydi. Chunki imlo qoidalarimizda bulduriq sifatida berilgan soʻz izohli, ensiklopedik, terminologik lugʻatlarda bulduruq shaklida kelgani, amaliyotda ham koʻpchilik tomonidan shu holida qabul qilingani qoidalarning faqat qogʻozda qolayotganini koʻrsatadi. Buni yuqorida bir soʻz misolida koʻrib chiqdik. Oʻzbek tilida imlo amaliyotidan uzoqlashgan soʻzlar talaygina. Keyingi ishlarimizda ularga yechim topishga harakat qilamiz.

Munira NABIYEVA,

Qarshi davlat universiteti dotsenti,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali 2024-yil 10-son.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Bahriddinova B., Nabiyeva Sh. Lugʻat qonunchiligi tushunchasi va oʻzbek meʼyoriy lugʻatchiligi muammolari // Til va adabiyot talimi, 2024-yil, 8-son. – B. 10–13.

2. Begmatov E., Madvaliyev A. Oʻzbek tilining imlo lugʻati (85 000 soʻz) / Professor N.Mahmudov tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2013. – 528-b.

3. Madvaliyev A., Odilov Y. Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati – Toshkent: Kafolat print company, 2023. – 648-b.

4. Madvaliyev A., Odilov Y., Saidnoʻmonov A. Oʻzbek tilining oʻquv imlo lugʻati. – Toshkent: Kafolat print company, 2023. – 412-b.

5. Eshonqulova A., Qoʻziboyeva L. Oʻzbek tilining imlo lugʻati. – Toshkent: Ilm-ziyo-zakovat, 2020.

6. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 1-jild. – Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 370-b.

7. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 1-jild. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023. – 628-b.

8. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild. – Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2000. – 686-b.

9. Красная книга Республики Узбекистан. Том 2. – Ташкент, 2009. – C. 396.

10. https://daryo.uz/2021/01/05/foto-bulduruqistonga-aylangan-o‘zbekiston

11. https://zarnews.uz/uz/post/bulduruq-nima-uning-qishloq-xo‘jaligida-qanday-ahamiyati-bor

12. https://t.me/s/oriftolib/2592

13. Begmatov E., Mamatov A. Adabiy norma nazariyasi. 3-qism. – Toshkent, 1999. – 139-b.