“Qalin” soʻzi “Devonu lugʻotit-turk”da – “qaling” shaklida keltirilgan va shunday izohlangan: “قَلِنکْ qalïң – qalin, sep. Maqolda shunday kelgan: qalïң bӭrsä qïz alïr, kӭräk bolsa qïz alïr. Maʼnosi: qalin bersa, kelinlikka qiz oladi, agar kishi biror narsaga muhtoj boʻlsa, qimmat (qïz) boʻlsa ham oʻsha narsani olishga majbur boʻladi” (Bu yerda “qïz” soʻzi ikki maʼnoda: dastlab – “qiz”, ikkinchi marta – “qimmatbaho” maʼnosida ishlatilgan. DLT. III. T. 1963. 382).
Bu soʻz deyarli barcha turkiy til va lahjalarida: “қалың”, “қалын” “қалым” kabi shakllarda mavjud boʻlib, asosan toʻydan oldin kelin uchun beriladigan muayyan miqdordagi mablagʻni bildiradi. Baʼzi mutaxassislar qalin – kelinning tushgan xonadonida bir umrga qolishi uchun garov sifatida berilgan toʻlov, degan mantiqdan kelib chiqib, bu soʻz “qolmoq” feʼlidan yasalgan, farazini ilgari surishgan. Albatta, “qalin” soʻzi – “qal-” (“qolmoq”), “kelin” esa – “kel-” oʻzagidan yasalgan, degan qarash jozibali tuyuladi.
Ammo turkshunos olim G.Dyorferga koʻra, “qalin” soʻzining oʻzagi “qal-” emas, balki qadimda “soliq” maʼnosini bildirgan “qalan” soʻziga bogʻlash haqiqatga yaqinroq. “Qalan” soʻzi “Qadimgi turk tili soʻzligi”da: “dehqonchilik bilan shugʻullanadigan aholidan davlat foydasiga (asosan pul emas, mahsulot shaklida) undiriladigan asosiy soliq”, deb izohlangan (DTS. L. 1969. 410). Uygʻur yozuvida bizgacha yetib kelgan qadimgi hujjatlardan birida shunday deyiladi: “Qalan kesip inchu bagʻchilarqa qalan kesmishi yoq”, – maʼnosi: “soliq solinganda merosxoʻr bog‘ egalaridan soliq olinmaydi”. Chingiziylar davrida hozirgi Eron hududida mavjud boʻlgan uch soliq (qalan, qubchur, tamgʻa)dan biri ham qalan boʻlgan (ESTY. V. 240). Xususan “Фарҳанги забони тоҷикӣ” lugʻatida bu soʻz “qalon” (“قَلان”) shaklida keltirilgan va: “tarixiy soʻz: Shirvon viloyatida mavjud boʻlgan soliqlardan biri”, deb izohlangan (FZT. II. M. 1969. 671).
Sh.Rahmatullayev ham oʻzining “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da “qalin” soʻzining kelib chiqishi haqida: “qadimgi turkiy tilda mavjud boʻlgan, lekin lugʻatlarda oʻz aksini topmagan “qal-” yoki “qali-” feʼlidan boʻlsa kerak”, degan taxminiy xulosa bildiradi (OʻTEL.II.T.2000.517). Menimcha, bu farazni ham oʻrganib koʻrish kerak, agar shunday boʻlsa, “soliq” maʼnosidagi “qalan” va “qalin” soʻzlari oʻsha “qal-” oʻzagiga borib taqalishi mumkin. Xullas, “qalin” soʻzi etimologiyasi haqida hozircha aniq bir toʻxtamga kelinmagan.
Abduvohid HAYIT