Afrikaning Kalahari choʻlida yashovchi qabilalarda gʻalati bir eʼtiqod bor. Ularning fikricha, dunyoda ikki xil och inson yashaydi. Birinchisi – “Kichik ochlar”, yaʼni qorni och, jismoniy ozuqaga muhtoj kimsalar. Ikkinchisi esa “Buyuk ochlar” – hayotining maʼnosini yoʻqotgan, nima uchun yashayotganini bilmaydigan va mutlaq boʻshliqdan azob chekayotgan insonlar.

Janubiy koreyalik rejissyor Li Chxan Donning Xaruki Murakami va Uilyam Folkner hikoyasi asosida suratga olgan “Burning” (“Yonish”) filmi aynan ana shu “Buyuk ochlik” haqida. Bu shunchaki bir qizning yoʻqolishi va uning siri haqidagi oddiy detektiv emas, balki butun bir avlodning ichida yonayotgan, ammo sirtga chiqish yoʻlini topolmayotgan koʻrinmas gʻazab haqidagi film.

Apelsin tozalash sanʼati yoxud unutilgan boʻshliq

Filmning navbatdagi sahnasida bosh qahramonlardan biri – Xe-mi yigitiga kutilmagan tryuk koʻrsatadi. U oʻzining qoʻlida hech narsa yoʻqligiga qaramay, xuddi apelsin tozalayotgandek va uni yeyayotgandek harakatlar qiladi. Uning yuzida shunday ishonch va lazzat paydo boʻladiki, tomoshabin ham bir soniyaga oʻsha koʻrinmas apelsinning iforini tuya boshlaydi.