Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali ASQAROV bilan suhbat
– Domla, bir umr qadimiy manzillar, arxeologik yodgorliklar ichida yashab kelyapsiz. Butun hayotingizni ilmga bagʻishladingiz, taʼbir joiz boʻlsa, arxeologiya sohasida pir maqomidasiz. Qolaversa, alloma akademiklarimizdan birisiz. Ayniqsa, “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobingiz koʻzimizga surtgulik asarlardan biriga aylangan desak mubolagʻa qilmaymiz. Ayting-chi, mintaqamizning madaniy tarixi qanday kechgan? Aniq ashyoviy dalillar asosida fikrlaydigan arxeolog nuqtayi nazaridan xalqimiz etnogeneziga qaraganda qanday manzara hosil boʻladi? Umuman, turli bahsu munozaralarga mavzu boʻlib kelayotgan oʻzbek xalqi, millatining shakllanishi haqida xulosalaringizni aytsangiz.
– Gurungimizni uzoqroqdan, qiziq bir gapdan boshlasam nima deysiz? Biz endi oʻqishga kirganda Nizomiy nomidagi Pedagogika institutida talabalarga Sovet ittifoqi tarixidan avval Oʻzbekiston tarixini oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu masʼuliyatli va xatarli vazifani bajarish Sharof Rashidov tavsiyasiga binoan ustoz Yahyo Gʻulomov chekiga tushgan ekan. Hozir ayrimlar ishonmaydi bu gapga, lekin rost, shaxsan oʻzim guvohman. Shoʻrolarning oʻtkir qilichi boshlar uzra oʻynab turgan davrda, yana kimsan, Markazqoʻm rahbari izni bilan berilgan topshiriqni asl mutaxassisligi arxeolog boʻlgan inson bajarishi ikki karra qahramonlik emasmidi?!
Yahyo Gʻulomovning “Arxeologiya – tarix poydevori, bu fanni chuqur oʻrganmasdan turib qadimiyat ostonasiga qadam qoʻyolmaysizlar, hatto kelajakning oʻziga xos zamini ham shu yerda”, deya qulogʻimizga qoʻrgʻoshinday quygan dono oʻgitlari soʻnggi nafasgacha esimdan chiqmasa kerak. Dars jarayonida muhtaram domlamiz ustozi – mashhur arxeolog Vasiliy Vyatkinni (1869 – 1932-yillarda yashagan, Samarqand arxeologiya maktabi asoschilaridan biri, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasida olib borilgan tadqiqotlarga bosh boʻlgan, akademik Ibrohim Moʻminovga ham ustozlik qilgan – N.J.) ham koʻp eslardi. Uning koʻhna bir sopolni qoʻliga olib, bu loydan yasalgan oddiy matoh degan tushunchadan yiroq boʻlinglar, aslida, mana shu buyumda Turkiston tarixining buyuk oʻtmishi yashirin, uni oʻrganish uchun sabr va vaqt kerak, degan soʻzlarini bot-bot takrorlar edi. Ustoz tavsiyasi bilan Sankt-Peterburgda arxeologiya fani sir-sinoatlarini chuqurroq egallashimda yana bir olim, professor Mixail Gryaznovning xizmati beqiyos boʻlganini taʼkidlashni istardim. Qolaversa, XX asrning buyuk allomalari Habib Abdullayev hamda Ibrohim Moʻminov nomini ham minnatdorlik ila eslamoqqa burchliman. 70-yillar boshida shunday murakkab vaziyat yuzaga keldiki, agar ana shu zabardast chinorlar meni qoʻllab-quvvatlamaganida Samarqandda sobiq Ittifoqda uchinchi, Markaziy Osiyoda esa yagona Arxeologiya instituti ochilmagan va uning negizida oʻzbek arxeologiya ilmiy maktabi shakllanmagan boʻlar edi.
Endi biz yashayotgan ulkan mintaqaning madaniy tarixi masalasiga kelsak, bu juda murakkab jarayon. Oʻzbeklarning ular hozirda istiqomat qilib kelayotgan tarixiy zamin hamda uning tevarak-atrofidagi hududlarda juda qadim zamonlardan beri tub yerli xalq ekani, uning etnik tarkibini asosan prototurk va turkiy ajdodlarimiz, shuningdek, sugʻdiy, xorazmiy, boxtariy, sak chorvadorlari tashkil etgani, ana shu tillar sohiblarining uzoq asrlar davomida bir-biri bilan aralashib-qorishib yashashi natijasida yangi etnos, yaʼni oʻzbek xalqi tarkib topgani haqida ilmiy xolislik, obyektiv va tarixiy tizimlilik asosida batafsil maʼlumot berganmiz.
Ilk oʻrta asrlarda mintaqaning biror joyi qolmadiki, u yerga turkiy tilli ajdodlarimiz kirib bormagan boʻlsin. Ushbu tarixiy haqiqat ildizini yozma manbalar bilan qiyosiy oʻrganish orqali anglab yetdimki, oʻzbek xalqi garchi turkiyzabon boʻlsa-da, uning tarkibi koʻp komponentli ekan. Masalan, qadimgi prototurk til Oʻrta Osiyoga Sirdaryoning shimoli-sharqidan oriylar migratsiyasi davrida kirib kela boshlagani kabi, hozirgi tojik xalqining forsiy tili ham Movarounnahr va Xurosonga Fors koʻrfazidan, janubi-gʻarbiy Erondan ahamoniylar davrida kirib kela boshlagan. Turk va forsiy lison tub joyli sugʻdiy, xorazmiy va boxtariy til lahjalarini oʻziga singdirib yuborgan. Bu etnomadaniy jarayonlar Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiylar zamonida yakun topib, Oʻrta Osiyoning qadimgi aholisi qoʻllab kelgan mahkama tili forsiylashgan, jonli xalq tili esa turkiyga aylangan.
Millatning etnik tarkibini belgilovchi asosiy omil bu uning tili ekani maʼlum. Xoʻsh, Oʻzbekiston hududida prototurk til ilk bor qachon paydo boʻldi? Bu savolga arxeologik manbalarga tayanib, bronza davrida, deb javob berish mumkin. Sopollitepa, Jarqoʻton kabi oʻnlab bronza davri yodgorligi ushbu nuqtayi nazarni tasdiqlaydi. Alhosil, men oʻzbek xalqining etnik tarixi bronza davriga borib taqaladi, degan fikrda sobitman. Bu gʻoyani dadil koʻtarib chiqishimda qadimgi Xitoy yozma manbalari ham asqatganini aytishim kerak.
Oʻzbek xalqining kelib chiqishi boʻyicha tugal xulosa aytish oson emas. Bu borada bir-biridan farqlanuvchi uchta qarash bor. Birinchisi – biz arxeologlar, oʻzbek xalqi bundan toʻrt ming yil avval paydo boʻlganini qadim manbalar asosida isbotlab berganmiz. Ikkinchi toifa boʻlmish sharqshunoslar millat tarixi, etnogenezi arxeologik osori atiqalar bilan emas, balki yozma manbalar orqali belgilanadi deya, qoraxoniylar davrini roʻkach qiladi. Undan avvalgi davr, ularning nazarida, goʻyo forsiyzabon xalq tarixi bilan bogʻliq emish. Bunday farazlarga ishonadiganlar ham kam emas. Uchinchi guruh esa, uzr, inim, sizning hamkasblaringiz – yozuvchi, jurnalistlar, shuningdek, tarixga tasodifan suqilib kirganlar, desam adashmayman. Hozir koʻryapmiz, hamma bir yumalab tarixchiga aylanib qolyapti-da! Ularning daʼvosicha, bizning koʻhna tariximiz “oʻzbek” istilohining paydo boʻlishi, yaʼni XVI asr shayboniylar sulolasidan boshlanar emish. Ana sizga soxtalik, ana sizga yolgʻon-yashiq choʻpchaklar! Bu kabi tarixiy haqiqatga zid fikrlarga soʻnggi nuqtani qoʻyish vaqti keldi. Taklifim shuki, bu borada maxsus davlat dasturi qabul qilinishi lozim. Bizda manbalar, isbotlar yetarli, albatta, amaliy harakatlar boshlanganiga ham ancha vaqt boʻldi.
Afsuski, shoʻrolar davrida milliy respublikalarning chegara hududlarini belgilash bahonasida Turkiston xalqlari, ularning yaxlit tarixi va madaniy merosi sunʼiy ravishda boʻlib tashlandi. Bu esa oxir-oqibat millatlararo nizolarga doyalik qildi. Ana shunday qaltis harakatlar oqibatida oʻtmishni soxtalashtirish, tarixiy shaxslar va ularning merosini talashish, milliy xudbinlik, hududlar boʻyicha nizolashuv kabi noxush voqelik shakllanib bordi. Siz eslab oʻtgan “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobim bir necha marta chop etilgani, xorijiy tillarga tarjima qilingani, davlatga qarashli oliy taʼlim muassasalarida yagona oʻquv qoʻllanma sifatida oʻqitilayotgani dunyoda eng qadim millatlardan biri deb eʼtirof etilayotgan oʻzbek xalqining oʻtmishiga qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir.
– Vatanimizning deyarli hamma burchaklarida arxeologik obyektlar bor. Olimlar imkon qadar ochib oʻrganganlari va aksincha, hali tadqiqotchisini kutayotganlari ham kam emas. Biror manzilda qazishmalar olib borish, nodir tarixiy ashyolar topish-ku yaxshi, biroq masalaning boshqa tomoni ham mavjud. Asrlar boʻyi tuproq ostida saqlanib kelgan qadimiy maskanlar arxeolog qoʻli tekkanidan soʻng koʻpincha ochiq qolib ketadi, qarovsizlik va yogʻingarchilikdan ikkinchi marta xarobaga aylanadi. Loqaydlikmi bu yoki ilmga, izlanishlarga yengil-yelpi qarashmi?
– Markaziy Osiyoni qoʻyaturaylik, birgina Oʻzbekistonda 70-yillarda arxeologik yodgorliklar soni 15 mingdan kam emas edi. Hozir ulardan atigi 5 mingi saqlanib qolgan desam ishonarsiz. Nima boʻldi, domla, shuncha tarixiy inshootlar, obidalar qanot bogʻlab osmonga uchib ketdimi yoki yer ostiga gʻarq boʻldimi, demaysizmi! Shundan bilsa boʻladiki, ikki asr oraligʻi – keyingi yetmish yil ichida tarixga shu darajada yovuz munosabatda boʻlibmiz! Bu dengizdan bir tomchi, xolos.
Hali-hamon esimda – u mahallar men Samarqanddagi Arxeologiya institutida direktor edim – Maskov Oʻzbekiston yelkasiga yuklagan 6 million tonnali paxta xirmoni majburiyatini bajarmoq uchun yangi yerlarni oʻzlashtirish siyosati avj olgan, mamlakatdagi yuzlab arxeologik yodgorlik ommaviy tarzda buzilib, oʻrnida paxtazorlar paydo boʻlgan edi. Bu ishda oʻzimizning haybarakallachi, noshud rahbarlarimiz ham bosh-qosh boʻlganini bilamiz. Keyinroq shunday ulkan va “yengilmas” davlat parchalanib, mustaqil davlatlar tarkib topdi. Madaniy meros obyektlarini asrash va saqlashdek gʻoyat ogʻir vazifa bu sohadan yiroq boʻlgan shaxslar qoʻliga oʻtib ketdi. Alaloqibat bunday joylar talon-toroj qilindi, buzib tashlandi, oʻzlashtirildi...