Samarqand shahrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Amerika Qoʻshma Shtatlarini birlashtirgan “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Baxtiyor Saidovning maʼlum qilishicha, uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish, transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.
“Muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdik. Bu mintaqamizda yangi sanoat quvvatlari, ish oʻrinlari va texnologik imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi”, deydi Tashqi ishlar vaziri.

Bundan tashqari, muloqotda biznes vakillarini ustuvor loyihalarni belgilash va ilgari surishga jalb etish uchun “C5+1” va “B5+1” formatlari oʻrtasida muntazam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etilgan.
“Ishonchimiz komilki, Samarqanddagi muloqotimiz siyosiy kelishuvlarni aniq investitsiyalar va qoʻshma loyihalarga aylantirishga yangi surʼat bagʻishlaydi”, deydi Saidov.
Shuningdek, vazir Oʻzbekiston “C5+1” Kotibiyatiga hamraisligi davomida ushbu yoʻnalishlarda izchil va amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.