esse
Bir yili nimadir boʻldi-yu, qoʻshni qishlogʻimizdagi loʻlilarning koʻpchiligi boshqa viloyatga ommaviy koʻchib ketdi. Shunda bobom aytgandi: koʻchmanchilik ularning qonida bor. Agar unday qilmasa, kasaldan boshi chiqmay qoladi. Shuning uchun loʻlilar uy qurganida tomi shiferdan boʻlsayam shiftidan qamish osilib turadi. Bugungi oʻzbek jamiyatida bu kabi ommaviy koʻchishlarga hali guvoh boʻlganimizcha yoʻq. Ammo janubga oshiqqan qush koʻyidagi Vatan farzandlarini koʻrib koʻrmaslikka olishning imkoni yoʻq. Bu zamonaviy tilda aytganda migratsiya hodisasidir. Umumiy olib qaraganda holat unchalik ham tashvishli emasdek. Ammo yillar kesimida qaraladigan boʻlsa, afsuski raqamlar anchagina salmoqli. Statistika maʼlumotlari har yili ming-minglab vatandoshlarimizning chet el fuqaroligini olib, oʻsha yerlarda umrbod qolib ketayotganini tasdiqlab turibdi. Bu esa qaysidir maʼnoda Vatan tushunchasining kengayib borayotganini ham koʻrsatayotgandek goʻyo. Odam oʻziga qayerni makon tutsa, oʻsha yer uning Vatanidir, degan gaplar oxirgi paytlar tez-tez quloqqa chalinyapti. Lekin necha asrlar avval oʻtroq yashash tarziga koʻnikkan oʻzbek uchun ildizi botib turgan tuproqdan uzilib ketish oson ish emas.
***
2021-yil, avgust.
Xizmat yuzasidan bir oy muddatga Rossiyaga boradigan boʻldik. Biz rahbarlar guruhida, qolgan harbiylar esa jamoa-jamoa boʻlib bepoyon oʻlkaning turli nuqtalarida boʻlishi belgilangan musobaqalarda ishtirok etadi. Avvaliga hammamiz Moskvadagi bir mehmonxonaga joylashdik. Boshqa ishtirokchi davlatlar jamoalari yetib kelganidan soʻng yigʻilganlar yoʻnalishiga qarab har joyga tarqab ketadi.
Kechki ovqatdan keyin toʻrtinchi qavatning umumiy balkoniga bosh suqaman. Kimdir tamaki tutatib oʻtiribdi, kimlardir gurunglashib, yana kimlardir esa shunchaki atrofni tomosha qilish, vaqtni oʻtkazish uchun shu yerda. Boshqa-boshqa davlatlardan kelgan, bir-birining tiliga tushunmasa-da, imo-ishora bilan tillashib turganlarni ham uchratasiz. Odamlar ichidan fuqaro kiyimidagi oʻzimizning harbiylarni ajratib olish qiyin emas. Sekin kuzatib turib, ularning shu yerda ishlab yurgan qarindoshlari, ogʻaynilari kelganini koʻraman. Bu ularning gap-soʻzlaridan, hech bir sababsiz bir-birini qayta-qayta bagʻriga bosishidan sezilib turardi. Ayniqsa, ular ichida Buxorocha shevada gaplashayotgan ikki qadrdonning xatti-harakatlari yaqqol koʻzga tashlanadi.
– Hah, akam-a, akam! Mani koʻrgani kelibsiz-da! Qanday zoʻr boʻldi-ye! Smenamni topshirdimu, bu yogʻga qarab uchdim. Oyimga qoʻngʻiroq qilaylik. Ha, videovizov qiling.
Aka choʻntagidan telefonini chiqarib, qoʻngʻiroq qila boshladi. Telefon ekranida avval qop-qorayib oʻzlari, soʻng ekran chetida nurday yorishib bir onaizor koʻrindi.
– Assalomu alaykum, onajon.
– Vaalaykum assalom. Ibi, bacham, ukangni topib oldingmi?
– Onajon, assalomu alaykum, qarang, mani koʻrgani kim keldi? Akam mani izlab kelibdi, onajon! Shunday xursand boʻldim, akam bilan maza qilib gaplashib oʻtiribmiz, onajon. Oʻzingiz yaxshimisiz, qarindoshlar zoʻrmi? – akaning oʻrniga uka hayajon bilan gapirib ketdi.
– Rahmat, bacham, sog‘-salomatman, qarindoshlar ham zoʻr. Oʻzing yaxshimisan? Kelin, bachalaring katta boʻloptimi? Aka-uka yana topishibsizlarda, a? Koʻz tegmasin sizlarga, bolajonlarim.
– Man yaxshi! Akamning kelganini eshitib, kayfiyatim koʻtarildi, shunga ozgina... Hozir sizlarni, yoshligimizni eslab, gaplashib oʻtiribmiz, – oʻgʻlining gaplarini eshitib turgan ona jilmayib qoʻydi-da:
– San yaxshi yetib oldingmi, joylashdinglarmi?
– Ha, onajon, joylashib oldik. Indinga ertalab Voronejga uchib ketamiz. Duo qilib turing, yuzimiz yorug‘ boʻlsin.
– Har kuni duo qilobman, bacham. Omadlaringni bersin.
Aka-uka qoʻllarini yelkalari ustidan oshirib olguncha onalari bilan kulib-kulib uzoq gaplashdi. Faqat har ikki tomon ham xuddi bir-biriga bildirishni istamaganday beixtiyor koʻzlaridan dumalayotgan yoshlarni tez-tez kaftlari bilan artib qoʻyardi. Birovlarning suhbatini tinglash beodoblik boʻlsa-da, bu suhbatdan, ogʻrigʻi dilda toshdek qotadigan sahna qarshisidan mushtoq bir tomoshabindek uzoq ketolmay qoldim...
***
Mehmonxonaning biror joyida internet bilan bogʻliq muammoga duch kelmaysiz. Faqat bir joydan tashqari: lift. Ammo oʻsha kun... Nonushtadan soʻng kiyimlarimni almashtirish uchun xonam joylashgan qavatga liftda koʻtarilayotgan payt qoʻl telefonimga xabar kelib qoldi. Qarasam, mehribon singlim ota boʻlganim, birinchi farzandim yorug‘ dunyoga kelgani bilan tabriklab, xabar joʻnatibdi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻydim, ichimdagi shamoldek, yoʻq-yoʻq, dovuldek shodlikni tashqariga chiqarishim, bu haqda kimgadir aytishim kerak axir. Yonimdagi begona hamrohga ona tilimda hayajon bilan nimalardir dedim-ov... U gapimni toʻliq anglamasa-da, quvonchimga sherik boʻlayotgani yuz-koʻzidan koʻrinib turardi. Eh, umrimning biror pallasida qaytib kelmaydigan oltin lahzalarimni – ha, ha, birinchi farzand quvonchini – kutish yoʻlagida bir necha soatlardan soʻng muborak maqomga erishadigan bir toʻp boʻlgʻusi otalar bilan sharpasi koʻringan hamshiraga ilhaq boʻlishni, tugʻuruqxonaning tanish derazasidan koʻz uzolmay qolishni, ichimdagi olovni oʻchirolmay, turgan joyimda sakrab-sakrab olish baxtini, otamga ilk bor ota boʻlganim haqidagi xabarni yetkazishni, joʻralarimning birortasini qoʻyib yubormay, ertalabgacha ziyofat berishni, bir quchoq gulni egasiga tutqazib, hayotim davomchisi – jajji farishtamni ohista koʻtargancha uyga olib kelish saodatini... kuppa-kunduz kuni boy berib qoʻydim-a... Ha, shu lahzadan boshlab kunlar toshbaqaday sudraldi. Men tushlarimda kunlarning boʻyniga arqon solib, shu qadar oldinga tortardimki, u toʻrt oyogʻini yerga tirab, turgan joyida toshday qotardi...
***
Qoʻldagi likopchani oʻynatgancha mehmonxonaning hashamdor oshxonasidan yegulik qidiramiz. Qani endi oʻzimizning milliy taomlarga oʻxshash biror yegulik topilsa. Bir payt oʻzim nomini ham bilmaydigan ovqatlar yonida toʻxtab, olsammi-olmasammi, deb oʻylanib tursam, ozgʻindan kelgan bir oshpaz kiyimidagi yigit yonimga kelib, sekin shipshidi:
– Bularni yemang, halolmas. Mana bu, mana bu va mana bular halol. Bemalol yeyavering, oʻzimiz pishirganmiz, – deb kulib turibdi. Uning rostgoʻyligidan qanchalik xursand boʻlgan boʻlsam, dabdurustdan oʻzbekcha gapirib yuborganidan oʻshancha hayron boʻldim. Soʻng razm solsam, bu yerlikka ham oʻxshamayapti.
– Oʻzbekmisiz?
– Ha, Namangandanman, aka. Bu yerda qirgʻiz, tojiklar ham bor.
Shu-shu oshxonadagi, mehmonxonadagi vatandosh va qardosh ishchi-xizmatchilar bilan gurunglashib turadigan boʻldik. Ularning turmush tarzi, yashash sharoiti bizni doim qiziqtirardi. Bir safar yurtimizning qoʻshni davlatidan kelib, mehmonxonaning texnik xodimi boʻlib ishlaydigan Asqar degan yigit bilan tanishib qoldik. Oilasi bilan shu yerda yasharkan. Fuqarolik olishga ham ulguribdi.
– Asqar, uyga qachon qaytmoqchisiz endi? – dedim kalovlanib.
– Bilmadim, qaytgim keladi-yu, lekin... Oʻgʻlim toʻrt yoshga toʻlganida bir oy taʼtil olib, oilam bilan qishloqqa borgandik. Uch yil oldingi gap bu. Yarim kechasi hammamiz uxlab yotibmiz. Bir payt qattiq shovqin-surondan uygʻonib ketdim. Karaxtligimdan nima boʻlayotganini anglolmayapman. Derazani ochib, tashqariga qarasam, odamlar qoʻliga ilingan narsa bilan u yoqdan-bu yogʻga yugurib yuribdi. Oʻshanda birinchi marta oʻq ovozini eshitdim. Oʻgʻlim qoʻrqib ketganidan onasining qoʻyniga kirib ketgan. Na tashqariga chiqishni bilaman, na qolishni. Shundan beri uyga oilam bilan birga borishga hayiqaman. Taʼtilni ham shu yerda oʻtkazishga odatlandik. Oʻgʻlim oʻshanda qattiq qoʻrqqan shekilli, bir-ikki marta ovulga oboraymi, desam, endi bormayman, deydi. Shunaqa gaplarda, tuvgʻanim.
Bosh irgʻib yana gapga solgim keladi:
– Qachondir qaytish haqida oʻylasangiz kerak baribir?
– Ha, lekin qachonligini oʻzim ham bilmayman. Otamga pul joʻnatib turibman, yer sotib olib, oʻzim uchun alohida uy quryapti. Shu yil tomini yopamiz.
***
2019-yil, avgust.
Oʻsha manzil, oʻsha-oʻsha musobaqalar. “Tank biatloni” bular ichida eng tomoshabopi. Musobaqa avj pallaga kirgan kunlar poligonga minglab odam yogʻilib kelganidan boʻsh oʻrindiq topish amrimahol. Chempionat tomoshasi bir tomon-u, raqibimiz zimbabvelik qora tanli muxlislar qoʻyayotgan tomosha bir tomon boʻladi. Ular ajabtovur cholgʻularini baralla chalar, ajoyibu gʻaroyib raqslarga tushib, hammaning eʼtiborini oʻziga tortar, kuldirar edi. U payt esa bizning tankchilarimiz hammadan birinchi boʻlib finish chizigʻiga yetib kelib, hordiqqa shaylanib turardi. Zimbabve muxlislari boʻlsa haliyam jarima aylanasida yurgan bechora vakillariga eʼtibor ham bermay, muxlistalab sanʼatkordek oʻz ishini davom ettiradi. Musobaqada peshqadammiz, lekin nimagadir koʻnglimiz toʻlmaydi...
Navbatdagi bosqich boshlanishiga sanoqli lahzalar qolgan. Jamoalar birin-ketin tanishtirilyapti. Ana, qorakoʻzlarimizning ism-familiyasi oʻqilib, Oʻzbekiston jamoasi, deb baralla eʼlon qilindi. Shu payt ne koʻz bilan koʻraylikki, biz tomonga (sheriklarimiz bayroq koʻtarib turgandi, moʻljalni shundan olishgan, boʻlmasa minglab odam ichidan topishning oʻzi boʻladimi?) peshonasiga oʻzbek deb yozib qoʻyilgan bir guruh yigitlar kela boshladi. Bu xuddi kinolardagidek sodir boʻlayotgani ham odamni entiktiradi. Ming yillik qadrdonlardek quchoq ochib koʻrishganimizdan soʻng “bizga ham bayroq beringlar”, deb qoldi. Yigitlar bayroqlarni baland koʻtarib, bor ovozda “Oʻz-be-kis-ton!”, “Oʻz-be-kis-ton!” deya tinmay baqirardi. Ularga qaraymanu, tomogʻimga nimadir tiqiladi. Tank qarshisida “start”ni kutib turgan ekipajimiz aʼzolari ham biz tomonga bir zum tikilib qoldi. Ha, ular bizni aniq koʻrib turishgandi.
Yuzimiz yorug‘ boʻldi! Bu bosqichdan ham muvaffaqiyatli oʻtib, finalga yoʻllanma oldik. Musobaqa tugagach, musofir yurtdoshlar bilan yaqindan tanishdik. Sunnat degan yigit yonidagilarga ishora qilgandi, sheriklari 4-5 ta yegulikka toʻla yelim xaltalarni keltirishdi.
– Akalar, bu yerning ovqatiga koʻnikolmayotgandirsiz, deb u-bu narsa opkegandik, boʻsh qop tik turmaydi. Hali oldinda asosiy kun bor-ku, toʻgʻrimi? Qani, marhamat, – deydi ochiq chehralik bilan...
Yigitlarni kuzatar paytimiz finalning qaysi kuni boʻlishini soʻrab, albatta, kelishlarini aytib ketdi. Finalga esa yanayam koʻp boʻlib kelishdi. Ularning koʻpligidan bir quvonsang, bir dilingdan ogʻir gʻashlik oʻtadi. Mayli, qayerda boʻlsa ham omon boʻlsin. Eng muhimi, oʻsha kuni tankchilarimiz Oʻzbekiston va mana shu musofirlar haqqi-hurmati gʻalaba qozondi.
***
2022-yil, avgust.
Oʻsha poligonda, yana shu musobaqadamiz. Bellashuv boshlanay deb qolgan. Qarasam, odamlar orasida Sunnat aka yonida ayoli va oʻgʻli bilan biz tomonga qarab kulib kelyapti...
***
2022-yil, avgust.
Boshqa bir jamoamizdan xabar olish maqsadida Sankt-Peterburgga bordik. Hamroh ofitser ikkovimiz xizmat yumushlarimizdan holi boʻlib, shahar aylanishni niyat qildik. Shahar ichidan oqib oʻtuvchi daryo boʻyidagi piyodalar yoʻlakchasida kemaga chiqadigan joyni qidirib, kalovlanib turgandik, toʻgʻrimizdan shoshib kelayotgan bir yigit qarshimizga toʻxtadi-da (oʻzbekligimizni bilib):
– Assalomu alaykum, akalar, masjidni izlayotgan boʻlsanglar, shu yoʻlning oxirida. Yuringlar, birga boramiz, jumagayam oz qoldi, – dedi. Qarasak, qoʻltigʻiga joynamozini ham qistirib olgan. – Ha, umi? Sohilning narigi tomonida, odamlar toʻplanib turibdi-ku, oʻsha yerdan chiqiladi kemalarga, – degancha shoshib yoʻliga ravona boʻldi.
Biz esa narigi sohil tomon oshiqdik. Atrofga alanglab, yoʻlovchilardan birini bexosdan turtib yuborganimni bilmay ham qolibman. Ming xijolatda:
– Izvinite, – deya oldim xolos. U esa menga kulib:
– Hechqisi yoʻq, aka, – dedi-yu, zumda odamlar ichida koʻrinmay ketdi...
Bu yerga kelganimiz yaxshi boʻldi. Ancha yillardan beri oilasi bilan shu yerda yashaydigan sinfdoshim Ilhom bilan ham koʻrishdik. Ota-onasi, xotini, ukasi (singlisini 3-4-yil avval qoʻshni qishloqqa uzatgandi) bilan bir xonali uyda ijarada turarkan. Bechora joʻram dardlashgani odam topolmay yurgan ekan, shekilli, rosa “toʻkildi”.