Qorajon – chegarada qolgan obraz edi. “Qorajon Alpomishga doʻst, oʻz onasi, akalari, Toychixonu alp sheriklariga maslagi oʻgay – ikki oʻt orasida yongan qahramon. Qorajon shaxsi oddiy mezonlar qolipiga sigʻmaydi. Uni doʻst sifatida oqlovchi, “xoin” deb qoralovchilar ham asoslidek tuyuladi. Kishilik tarixida bir etnos quvvatga kirib yuksalganida, uning gʻayriqutbi qartayib singanida, bir saltanat qad tiklab, boshqasi nuragan davrlarda qorajonlar hamisha boʻlishgan. Ular quvvati sinayotgan etnos va nurayotgan saltanat vakili boʻla turib, dushman – raqib etnos safida turgan. Aslida qorajonlar boshqaga mardikor boʻlsalarda, mohiyatan oʻz xalqining teshasini chopgan toifaning timsoliy obrazidir. Chingizxon kelganidagi Mahmud Yalavoch, shoʻrolar davridagi Fayzulla Xoʻjayevlar Qorajon tipidagi shaxslardir. Qorajon qalmoqdagi toʻqson alpning biri. Surxayil mastonning kenja oʻgʻli. Toʻqson alp orasida faqat Koʻkaldoshgina kuch va mavqe jihatidan unga bosim kela oladi.
Qorajon akalari, boshqa alp sheriklaridan farqli podsholikdan 500 tillo maosh olib, qirq kanizu oʻn uch mahram tutib, Qagʻaton togʻi, Kashal gʻorida ayiqday ayqirib yotishdan murod hosil boʻlmasligini biladi. U bu xil alplikka qarshi. Qorajon tobora nurab borayotgan Kashal jamiyati halokatini sezib, unga “kunim oʻtdi, zoʻr davron”, deya xizmat qilayotganidan norozi. U Kashal etnosiga taxt egasichalik masʼullik sezib kuyinadi.
Qorajon ruhan Alpomishga yaqin. Qorajonning asl niyati oʻz etnosi ravnaqiga xizmat qilish edi. Lekin mavjud vaziyat uni oʻz etnosidagi umumiy oqimga ters harakat qilishga majbur qiladi. Qorajonning fojeasi ana shu nuqtada. “Esiz, dunyoga bevaqt kelganida”. Bu yerda hamma gap tuzilayotgan yosh Boysun-Qoʻngʻirot va qartayib buzilayotgan Kashal etnoslarining kelajagini kim qanday ilgʻab, tushinib, tadbir ishlatishi ustida ketadi. Odatda har ikki tomon ham nimaiki qilishsa, oʻz mamlakatlari ravnaqi uchun kurashayapmiz, deb oʻylashadi. Bu vaziyatda kim haqu, kim nohaq dabdurustdan aytish ogʻir. Hatto koʻpchilik nazdida haq yoʻl xato koʻrinadi. Xususan, kurash, boʻlinish arafasida turgan saltanat tarafdorlari to soʻnggi daqiqagacha oʻz davronlarining barbod boʻlayotganligini tan olmaydi. Borini tutishga harakat qiladilar. Urinishlari esa bosqichma-bosqich yoʻqqa chiqib boraveradi. Ana shunda maʼlum yon bosish, chekinish boʻlsa-da, ularga nohaq koʻringan qorajonlarning yoʻli toʻgʻri ekani aniq koʻrinadi. Bu payt esa vaziyat oʻzgargan, zamon oʻtgan, yangi holat va talablar vujudga kelgan boʻlaveradi. Ular qaysarlarcha bu holatni ham tan olmaydilar. Alal-oqibat “kampir teshik togʻora bilan qoladi”.
Qalmoqning 89 alpi, podshosi Barchinni olmoqchi. Qorajon esa Barchin Alpomish bilan ketsin, deydi. Alpomishga yordam beradi. Borib-borib oʻzi ham Boysun-Qoʻngʻirotga muhojir boʻladi. Qorajon Kashal saltanati zavolini aniq sezib shu yoʻlni tutadi. Oʻgʻillariga ishonib katta ogʻiz boʻlib qolgan onasining bepisandligi, oʻjarligi, kuch bizda deb “qonundan tashqari” yurgan alplarning manmanliklari Qorajonning dardi edi. Onasining Chilbir choʻliga – Boysaribiy oldiga borayotganini koʻrib, uning koʻnglidan kechgan oʻylar buni isbotlaydi.
Qorajon ishonuvchan, tabiatan koʻngli toza, gʻirromligi yoʻq yigit. Onasining eliboylarning qiziga seni unashtirib keldim, deganiga ishonib kulgili ahvolga tushishi shundan. Qorajon sabrli, aqlini toʻxtatib olgan magʻzi butun inson. U Alpomish bilan ilk uchrashganida ikki alp soʻz talashadi. Shunda Alpomishning “axmoq, badbaxt degan soʻzi Qorajonga juda oʻtib” ketganida oʻzi-oʻziga:
“Injilma, koʻnglim, sabr ochar,
Besabrdan davlat qochar,
Davlat eshigin sabr ochar,
Injilma, koʻnglim, sabr ayla.
Kelma meni, malʼun bosib,
Qilma jannatni benasib.
Ochilmayin guling soʻlsin,
Malʼun shayton, boʻyning sinsin,
Meni buncha sherdil qilma,
Doʻst boʻlganimni ne bilsin.
Kelmagin, malʼun yanashib,
Ketibman aqlim shoshib,
Menman boʻlibman adashib,
Bu soʻzlarga aqlim shoshib,
Ketmayin daryoday toshib,
Injilma, koʻnglim, sabr ayla»
deb taskin beradi.
Qorajonga sabr shunchaki jilov tutib qoʻygan emas. U avvalo oʻz hislarini qoʻlga olgan, oʻz kuchi, imkoniyatini chogʻlab sinagan, “holini bilgan horimas” aqidasini tuygan, oʻz-oʻzini anglagan alp. Aslida nuragan saltanati imorati qorajonlar ustiga qulaydi. Shunda, qorajonlar yer ostiga tushgan urugʻga aylanadi. Nuragan etnos aynan qorajonlar yelkasida qayta qad tiklash imkonini saqlaydi. Tarixda buning misollari koʻp. Qorajonni Kashalning choʻkayotgan avlodi inkor etdi. Kashal torlik qilgan Qorajonni Boysun-Qoʻngʻirot ham sigʻdirmadi. Ultontoz uni Olatogʻga surgun qildi. Toki Alpomish qaytguncha elga aralasha olmay yurdi.
Alpomishning alpomishligi shundaki, u Qorajonga ishondi, tayandi. Taqdirini “gardkam” garovga qoʻyib, poygada Boychibor jilovini Qorajonga topshirdi. Bu motivni tarixiy voqelikka qiyos qilsak, ushbu oʻrinda qad tiklayotgan etnos quvvati, qartaygan etnos quvvatini oʻziga qoʻshib taraqqiyot yoʻliga chiqishi ifodalanganligini koʻramiz. Qolaversa, chinakam alp odam ayirmaydi. “Ayirgan ayriladi” aqidasiga amal qiladi. U oʻz etnosi quvvatiga yelkadosh barcha kuchlarni jamlashga intiladi. “Birni aka, birni uka” deb shu yoʻlda kurashadi, orqaga qaytmaydi. Alpomishning boshqa “olomonchilar”dan farqi, oqilligi ham shunda. Lekin alp izmini oʻzga quvvatlarga qaram qilib qoʻymaydi. Aks holda qurayotgan imorati qulaydi.
Alpomish zindonda vaqti Qorajon Qaldirgʻochning oʻtinchi bilan Alpomishni izlab Qalmoqqa bordi. Doʻstini zindonda topdi. Choh tepasida oʻzini bildirdi, qutqargani kelganini aytdi. “Alpomishning koʻngliga keldi: “Boyqish bekor kelibdi, buning nima quvvati, nima gʻayrati bor ekan meni zindondan tortib olib ketadigan”, – deb turdi.
Ipak arqonni zindonga tashladi. Alpomish beliga bogʻlab oldi, Qorajon chirpinib tortdi, Alpomish qarasa, Qorajonning tortib olib ketguday gʻayrati bor. Alpomish turib aytdi: “Bu zindondan tortib olib ketib qoladi shekilli. Zindondan chiqarib olib borar, elda maʼraka – majlis boʻlar, bir toshib gapirib oʻtirgan vaqtimda, “zindonda chirib ketadigan odam eding, falokatdan qutqargan faqir-da”, – deb betimga ulgu qilib yurar”, – deb orqqasini berib, oyogʻini tirab turdi. Alp Qorajon chirpinib tortdi, ipak arqon uzilib ketdi, Alpomish zindonga tushib ketdi…”.
Qoʻrgʻon baxshilari aytgan variantda Alpomish va Qorajonning shu vaziyatda aytgan quyidagi soʻzlari nihoyatda ibratli:
“Qorajon:
–Doʻstim koʻngling yirik ekan.
Alpomish:
–Qorajon, arqoning chirik ekan”.
Alpomishning Qorajon madadidan voz kechishi tabiiy hol. Chunki bu, yana Kashal oldida “tili qisiqlik”ni tugʻdirardi. Aksincha, Alpomish qiyinchiliklarni oʻzi, yaqinlari yordamida yengishi shart edi...”
Shomirza TURDIMOV
“Etnos va epos” kitobidan
P.S: Tarixda taqdir chegaradagi shaxslar zimmasiga oʻta muhim missiyalarni yuklagan holatlar ancha. Bu shaxs oʻzi payvand boʻlgan etnosga singishsa, etnos va oʻzi oʻrtasiga chegara tashlamasa, yuklangan vazifaning uddasidan chiqadi. Etnos tarixida shu etnos vakili boʻlib qoladi. Yorqin misol I.Stalin. Rus-sovet subetnosining vakili sifatida saltanat tepasida uzoq muddat turdi. I.Stalin oʻzini “ruscha tafakkur vakili” deb aytar edi, shunday boʻldi ham. Usmonli turk saltanatidagi aksariyat yanichar sardorlar, rus lugʻatshunosi V.I.Dal ham shu qatorda turadi. Ammo chegarada qolib ketganlar koʻpchilikni tashkil etadi. “Goʻroʻgʻli” turkumidagi Avazxon ham oʻzini Chambil etnosining chinakkam vakiliman, deb ishontirtirgan, Goʻroʻgʻli shunday deb bilgan edi. Ammo Ahmad Sardor boshliq kuchlar Avazxonning ana shu ogʻriqli “nuqtasiga” bosim oʻtkazib, Goʻroʻgʻli saltanatiga rahna solishga intiladi. Turkumning bir necha dostonlari aynan ana shu qarama-qarshilik oʻzagiga qurilgan. “Chegaradagi odam” har qanday etnosdagi ogʻriqli muammo. Chegarada qolish esa har qanday shaxsni alal-oqibat sindiradi...
Muallif