Oʻtimishimizda shunday tarixiy shaxslar borki, ularning hayoti, nasl-nasabi, qarindoshlik aloqasi mavhumdek yoki chalkash tadqir egasi sifatida gavdalantirilgan. Shulardan biri moʻgʻullar saltanati asoschisi Chingizxonning tongʻich oʻgʻli Joʻjixon hisoblanadi.

Tarixiy manbalarda, jumladan, “Tarixi jahongusho”, “Zafarnoma”, “Toʻrt ulus tarixi”, “Abdullanoma” kabi asarlarda Chingizxonning ayollari, farzandlari haqida deyarli bir xil maʼlumotlar keltirilgan. Masalan, “Tarixi jahongusho” asarida quyidagicha bayon qilinadi: “Chingizxonning xotinlari, oʻgʻil va qizlari koʻp edi. Eng katta xotini Yasunjin Boʻki[1] boʻlgan. Moʻgʻul odatlariga koʻra, bitta otadan tugʻilgan bolalarga eʼtibor ularning onasi hurmatiga qarab baholanardi. Onaning nasli jihatidan ustunligi bolaga ham oʻtardi. Boʻrta Fujin (Kuchin)ning toʻrtta oʻgʻli boʻlib, muhim ishlarni boshqarish, idora qilish ularning qoʻlida edi. Chingizxon ularning eng kattasi boʻlgan Joʻjiga moʻgʻullar tomonidan muhim va sharafli deb hisoblangan ishlarni boshqarish, undan keyingi oʻgʻli Chigʻatoyga qonunlarning bajarilishini nazorat qilish va qonunlarga boʻysunmaganlarni jazolash, uchinchi oʻgʻli Oʻqtoyga davlatning ichki ishlarini boshqarish, undan keyingi farzandi Tuluga askarlarni tarbiyalash, kuchli harbiyga solish va ularning ehtiyojini qondirish vazifalarini topshiradi”[2].

“Toʻrt ulus tarixi” asarida Chingizxonning oʻrdusi (xarami)da 500 nafar xotin (ayollari) borligi taʼkidlanadi. Ulardan besh nafari nufuzi baland va asosiy eʼtiborda boʻlgan ayollar edi. Chingizxonning birinchi ayoli qoʻngʻirot qabilasi boshligʻining qizi Boʻrta Fujin boʻlgan.

“Xushnud boʻlib ichki oʻrdaga kirdi. Unda besh yuzdan ortiq xotini va surriyati bor edi. Barchasi xonlar jufti, shoh qizlari, xoʻbligʻda jahonga nom taratgan edilar. Ammo besh nafari ularning saromadi edi. Birinchisi qoʻngʻirot podshohining qizi Boʻrta Quchin, toʻngʻich oʻgʻlining onasi”[3]. Shu ayoldan tugʻilgan farzandlarining toʻngʻichi Joʻjixon edi. Tarixiy manbalarda Joʻjixonning tugʻilgan yili aniq keltirilmagan. Keyinchalik, Chingizxon har bir oʻgʻliga maʼlum ishlarni, vazifalarni topshiradi. Shunda Chingizxon katta farzandi Joʻjiga bazm, marosimlar hamda ov ishlari nazoratini tayinlaydi.

Joʻjining bolalik va yoshlik davri toʻgʻrisida biror-bir manbada deyarli maʼlumot uchramaydi. Lekin tugʻilishi bilan bogʻliq ayrim voqealar keltiriladi. Unga koʻra, Chingizxon markit qabilasi bilan urushda yengiladi. Shunda markitlar Boʻrta Fujinni asir qilib olib ketadi. Boʻrta Fujin asir olingan vaqtda Joʻjixonga homilador edi. Keyinroq Chingizxon jaloyir urugʻidan boʻlgan, tadbirli, yoshi katta Soro ismli insonni ayolini olib kelishga yuboradi. Soro Boʻrta Fujinni olib qaytayotganda yoʻlda ayolning koʻzi yoriydi. Bu haqda shunday naql qiladilar: Chingizxon markit qavmi bilan urushib, ulardan magʻlub boʻlganda Boʻrta Fujin Joʻchixonga homilador boʻlib, markit qavmi uni asir olib ketadi. Oʻsha kunlari markit qavmi bilan Oʻngxon oʻrtasida sulh tuzilgan edi. (Shunga koʻra,) Boʻrta Fujinni uning huzuriga yuboradilar. Oʻngxon Boʻrta Fujinni aziz va muhtaram (qilib) saqladi. Oʻngxon Chingizxonning otasi bilan qadimdan doʻstligi tufayli Chingizxonni hamisha oʻgʻlim deb aytardi. (Shu tufayli Boʻrta Fujinga) Oʻz keliniday boqdi. Amirlar unga (Oʻngxonga) “nima uchun Boʻrta Fujinni xotinlikka olmaysan”, deb (har qancha) aytsalar ham, “(u) mening kelinim (boʻladi), unga xiyonat nazari bilan qarasam muruvvatdan yiroqlashgan boʻlaman”, deb javob qilardi. Chingizxon bu holdan xabar topgach, jaloyir qavmidan (boʻlgan) Sortoq noʻyonning bobosi Soroni Oʻngxon huzuriga Boʻrta Fujinni qaytarishini soʻrab yubordi. Oʻngxon oʻtmishdagi (ikki oʻrtada boʻlgan) muhabbatga rioya qilib (Chingizxonning) xotinini qaytarib yubordi. Soro (Boʻrta Fujin bilan) Chingizxon xizmatiga qaytib kelayotganida, yoʻlda Joʻjixon yoʻqlik shahristonidan borliq sahrosiga qadam qoʻydi. Yoʻl xavfli va xatarli boʻlganidan toʻxtash va (bolani) beshikka belash (ham) qiyin edi. Yoʻlda (uning biror) aʼzosiga shikast yetmasin va sovuq taʼsir etmasin, deb Soro undan xamir qilib, uni (Joʻchini) xamirga oʻradi (va) choponiga oʻrab, Chingizxon huzuriga olib keldi. Shu sababdan (unga) Joʻchi nomini qoʻydilarki, (bu) “toʻsatdan vujudga kelgan”, demakdir[4].

Joʻjixonning hayoti va faoliyati

“Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”da yozilishicha, Joʻji otasining bevosita buyrugʻi bilan 1207-yilda Baykal koʻlining gʻarbidagi oʻrmonda yashovchi qabilalarning yerlarini zabt etish uchun yoʻlga chiqqani haqida xabar berilgan. Manbaga koʻra, u  “oʻrmon qabilalari”ni tinch yoʻl bilan boʻysundirgan va yirtqich qushlar, oq otlardan iborat boy sovrinlar bilan qaytgan. Ushbu yurish davomida Joʻji shuningdek, Yenisey daryosining yuqori qismida yashovchi Yenisey qirgʻizlari yerlarini ham egallagan[5].

Yurish natijalaridan mamnun boʻlgan Chingizxon farmon chiqaradi: “Mening eng katta oʻgʻillarim, sizlar, birinchi marta uyingizni tark etib, na odamlarga, na otlarga zarar yetkazmasdan, oʻrmon aholisini zabt etishda muvaffaqiyat qozondingizlar. Men bu yurtni sizga berishga qaror qildim”[6]. Keyin, 1213-yilda Joʻji otasi bilan birgalikda Jin podsholigiga qarshi bosqinchilik yurishlarida qatnashadi.

Xorazmshohlarga qarshi yurishda Chingizxon Joʻjini Sirdaryo boʻyidagi Sigʻnoq[7], Oʻzgand, Jand va Barchinkent shaharlarini egallash uchun joʻnatadi[8]. Sigʻnoq hududini jang qilmasdan egallash maqsadida, shahar aholisiga taslim boʻlishni aytish uchun Hasan Hoji ismli kishini elchi qilib yuboradi. Ammo shahar aholisi sigʻnoqliklar taklifni qabul qilmasdan, elchini oʻldirishadi. Bu xabarni eshitgan Joʻjixon gʻazablanib, askarlari bilan Jand ustiga hujum qiladi. Ikki kun ichida shahar vayron qilinadi. Jandga oʻldirilgan elchi Hasan Hojining Hoji Maqbul degan oʻgʻlini hokim qilib qoldiradi. Keyin Joʻjixon Oʻzgandga yurish qilib, uni bir kunda bosib oladi. Soʻng Jand shahriga yaqinlashadi. Joʻjixon boshchiligidagi moʻgʻul askarlarining qoʻshni hududlarni birin-ketin egallab, shaharga yaqinlashib qolganidan xabar topgan Jand hokimi amir Xutluq (Qutlug‘) vahimaga tushib, shaharni tashlab Xorazmga qochadi. Joʻjixon shahar aholisiga taslim boʻlish taklifi bilan Janda Jaymur ismli odamini elchi qilib yuboradi. Elchini oʻldirmoqchi boʻlishganda, u oʻzining epchilligi va tadbirkorligi evaziga tirik qolib, Joʻji huzuriga qaytadi. Shundan keyin Joʻjixon boshchiligidagi moʻgʻullar Jandga hujum ochib, shaharni 7 kun davomida talon-taroj qilishadi. Joʻjixon shaharga Buxorolik Alixojani hokim qilib tayinlaydi. Navbatdagi oʻlja – Barchin shahrini egallash uchun bir amirni u yerga bir tuman askar bilan yuboradi. Shahar olinganidan soʻng Joʻji Chingizxon boshchiligidagi asosiy qoʻshinlarga yetib borib qoʻshiladi[9].

Keyingi janglarda Joʻjixon ukalari Chigʻatoy va Oʻqtoylar bilan moʻgʻullarning asosiy kuchlari safida Xorazmni qamal qilishda qatnashadi. Qamal vaqtida Joʻji va Chigʻatoy orasida kelishmovchilik sodir boʻladi. Bu vaziyatda shahar qamali 7 oygacha choʻzilib ketadi. Chingizxon oʻgʻillarining bir-biriga adovatli munosabatidan xabar topib, darhol farmon bilan bir choparni Xorazmga yuboradi. Farmonga koʻra, Oʻqtoy akalariga bosh boʻlib, qamalni boshqaradigan boʻladi. Joʻji va Chigʻatoylar bu farmonga boshida itoat etishni xohlashmaydi. Lekin otalarining qattiq jazo tayinlashidan soʻng, Oʻqtoyga boʻysunishga majbur boʻlishadi. Shundan keyin Xorazm hududi moʻgʻullar tomonidan bosib olinadi[10].

Oʻrta Osiyo hududlari egallanganidan soʻng Chingizxon 1224-yil Oʻtror shahrida qurultoy oʻtkazadi va unda egallagan yerlarini oʻgʻillariga boʻlib beradi. Sharqda Irtish daryosidan, gʻarbda Volga daryosigacha boʻlgan yerlar hamda Xorazmning gʻarbiy qismi Joʻjixonga, uning vafotidan soʻng oʻgʻi Botuga beriladi. [Sharafiddin Ali Yazdiy, “Zafarnoma”, Muqaddima qismi, – b. 139].

Tarixiy manbalar Chingizxon Joʻjini oʻzining toʻngʻich va sevimli oʻgʻli deb bilganini tasdiqlaydi. “Sohibqironi aʼzam Chingizxoni muazzam Joʻjixonni barcha aka-ukalaridan aziz tutdi, podshohona marhamat va inoyatlar bilan shod-u xurram etdi. Shu yozni mazkur mavzeʼda oʻtkazib, kundan-kunga Joʻjixon uchun mehribonlikni ziyoda qildi. Barcha farzandlari va amirlari bu yerga yigʻilgach, ulug‘ qurultoy oʻtkazdi. Uygʻur amirlardan bir guruhini yasoqqa yotqizdilar va Joʻjixonni ulug‘ izzat-u soʻngsiz shafqat bilan uyoq tomonga, Dashti Qipchoqqa qaytishga ruxsat berdi”[11]. [“Toʻrt ulus tarixi”, – b. 194.]

Ushbu manbadan anglashiladiki, Katta oʻgʻli Joʻjixonga Chingizxonning munosabati yaxshi boʻlgan. Oʻzi yurish qilib egallagan hududga qaytib ketishiga ruxsat bergani Chingzixonning Joʻjiga xayrixohligidan dalolatdir.

Lekin Joʻjining oʻlimi va otasi Chingizxon bilan munosabatlari haqidagi maʼlumotlar boshqa manbalarda qarama-qarshi aks ettirilgan. Oʻrta asr manbalariga koʻra, Chingizxon 1223-yilda Oʻrta Osiyoni bosib olganidan soʻng Samarqanddan 20 mil uzoqlikda ov tashkil qilib, unga barcha oʻgʻillarini taklif qiladi. Sirdaryo boʻyidagi hayvon siyohidagi jonivor borki, ov rejalangan hududga haydab yuboriladi. Ov tashkil qilinishiga amaliy yordam bergan Joʻji shikorda ishtirok etmaydi. Keyingi yili Chingizxon Irtish boʻyida oʻz qoʻshinini koʻrikdan oʻtkazganda ham Joʻji sogʻligining yomonlashgani tufayli otasi bilan uchrashishdan bosh tortadi. Fors tarixchisi Juzjoniyning yozishicha, Joʻji shu kabi holatlar fonida otasining bosib olingan hududlarda mahalliy aholiga nisbatan haddan tashqari qattiqqoʻlligiga qarshi oʻz pozitsiyasini bildirgan. Rashid ad-Dinning soʻzlariga koʻra, ota va oʻgʻil oʻrtasidagi munosabatlar Joʻji hayotining soʻnggi yillarida ancha sovuq boʻlgan. Mutaxassislar bu voqealar Chingizxon va Joʻji oʻrtasidagi adovatni kuchaytirgan deb hisoblashadi[12].

Joʻjixonning vafoti

Joʻjining tugʻilgan sanasi nomaʼlum boʻlgani kabi, uning vafot etgan yili ham aniq emas. Baʼzi manbalarda uning vafoti 1225-yil oxiri yoki 1226-yil boshlarida, boshqalarida esa 1227-yil deb koʻrsatilgan. Ammo bir narsa aniq: Joʻji otasi Chingizxondan oldin vafot etgan.

Juvayniy, Rashiddidin, Mirzo Ulugʻbek, Hofiz Tanish Buxoriy kabi muarrixlarning barchasi asarlarida Joʻji Chingizxondan 6 oy avval vafot etganini qayd etishgan. Lekin ularda Joʻjining oʻlimi qanday boʻlganligi yoki biror-bir kasallikdan vafot etganligi toʻgʻrisida aniq maʼlumot keltirilmagan. Tarixiy manbalarda va ayrim tarixshunoslik tadqiqotlarida Chingizxonning vafoti 1227-yilning yoz oxiri va kuz oyi (avgust oxiri, sentyabr oyi boshlari)ga toʻgʻri kelishi takidlangan[13]. Shundan kelib chiqib, Chingizxonning vafotidan 6 oy avvalgi sana taxminan 1227-yil fevral-mart oylariga toʻgʻri keladi. Demak, Joʻjixon 1227-yil fevral yoki mart oyida vafot etgan.

Shuningdek, baʼzi manbalarda Joʻji yovvoyi kulonlarni ovlash paytida vafot etgani keltirilsa, boshqalarida zaharlanganini aytishadi. Xullas, manbalarda uning oʻlimi sababi dalillari ochiqlanmagan.

Ushbu kichik izlanish xulosasi Joʻjixonni oqlash yoki faoliyatini toʻliq tavsiflashdan iborat emas. Tarixiy manbalarga tayangan holda tarixiy shaxs sifatida Joʻjixonning ayrim nomaʼlum sahifalariga oydinlik kiritish va shu orqali uning hayoti bilan bogʻliq voqealarni tarixiy rekonstruksiya qilishga eʼtibor qaratildi. Keyingi jihatga toʻxtaladigan boʻlsak, aka-ukalar, Joʻji bilan Chigʻatoy oʻrtasidagi kelishmovchiliklar ulardan keyin ham davom etgan. Chingiziylarning keyingi vorislari davrida – Oltin Oʻrda davlati va Chigʻatoy ulusi oʻrtasida ham ayrim ziddiyatli holatlar sodir boʻlib turgan. Bu alohida tarixiy mazvu. Lekin bunday ziddiyatli jarayonlar yuz berishiga qaramasdan ikki moʻgʻul sulolaviy davlati o‘rtasida oʻzaro savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar davom etgan.

Qalandar SAMANDAROV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti katta oʻqituvchisi



[1] Izoh: Bu ayol Burta bulishi kerak, balki Juvayniy uni Xulogu va Abokaning onasi Junjin bilan almashtirgan boʻlishi mumkin. Qarang: Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi) / Alouddin Atomalik Juvayniy; masʼul muharrirlar X.Boltaboyev, M.Mahmudov. – Toshkent: MUMTOZ SOʻZ, 2015. – B. 108.

[2] Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi) / Alouddin Atomalik Juvayniy; masʼul muyarrirlar X.Boltaboyev, M.Maymudov. – Toshkent: MUMTOZ SOʻZ, 2015. – B. 110.

[3] Mirzo Ulugʻbek. Toʻrt ulus tarixi. Fors tilidan Boʻriboy Ahmedov, Naim Norqulov va Mahmud Hasaniylar tarjimasi. – Toshkent, 1994. – B. 110.

[4]Hofiz Tanish al-Buxoriy. Abdullanoma (“Sharafnomayi shohiy”). Birinchi kitob; Fors tilidan S.Mirzayev tarj.; Soʻz boshi va izohlar muallifi: B.Ahmedov. – T.: “Shark”, 1999. – B. 50.

[5] Қазақстан тарихы туралы моңғол деректемелері. – Т.1.: Моңғолдың құпия шежіресі / көне моңғол тіліндегі түп-нұсқалық тарнскрипциясын, ғылыми-мағыналық аудармасы мен түсіндірмелерін, көрсеткіштерін жасаған Н.Базылхан. – Алматы, 2006. – Б. 298.

[6] Oʻsha manba. – Б. 299.

[7] Manbada Shiqnoq shaklida berilgan.

[8] Mirzo Ulugʻbek. Toʻrt ulus tarixi. Fors tilidan Boʻriboy Ahmedov, Naim Norqulov va Mahmud Hasaniylar tarjimasi. – Toshkent, 1994. – B. 143.

[9] O‘sha manba. – Б. 143.

[10] Mirzo Ulugʻbek. Toʻrt ulus tarixi. Fors tilidan Boʻriboy Ahmedov, Naim Norqulov va Mahmud Hasaniylar tarjimasi. – Toshkent, 1994. – B. 162.

[11] O‘sha manba. – Б. 194.

[12] Гумилев Л.Н. От Руси до Россий. Очерки этнической истории. – М., 2001. – C. 109.

[13] Кычанов Е.И. Жизнь Темучжина, думавшего покорить мир. Чингис-хан: личность  и эпоха. М., 1995. – С.209.