XX asrning 20-yillari Turkiston uchun nafaqat siyosiy beqarorlik, balki sinovlar davri ham edi. Yangi tuzum va eski qadriyatlar to‘qnashgan bir pallada ziyolilar zimmasiga millatni uyg‘otish bilan bog‘liq og‘ir mas’uliyat yuklangandi. Ana shunday murakkab sharoitda Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ham ko‘plab zamondoshlari qatori kurash maydonida edi. Uning turli matbuot nashrlarida bosilgan xabar, murojaat va maqolalari bir shoirning emas, butun bir davrning ma’naviy portretini ochib beradi.

 Notinchlik, bezovtalik va yetilib borayotgan xavf, og‘ir bosim ijod ahlining nafaqat qalamida, balki shaxsiy hayotida ham tobora sezila boshlaydi. Afsuski, bunday voqeliklar Cho‘lpon taqdirini ham chetlab o‘tmadi. U “Darxon”da ishlab yurgan paytida ehtimoliy xavf-xatarlardan saqlanish uchun Andijon harbiy inqilob qo‘mitasiga murojaat qiladi. Vaqtincha foydalanish maqsadida to‘pponcha so‘rab yozilgan ushbu ariza bugun Andijon viloyati davlat arxivida saqlanmoqda. Hujjat 1923-yil 15-iyul sanasi bilan rasmiylashtirilgan bo‘lib, unga o‘sha davrdagi muvaqqat rais Yormuhammad o‘g‘li “bir dona to‘foncha topib berilsin” degan javob qaytargan. Akademik N.Karimovning ma’lum qilishicha, bu murojaat qanoatlantirilib, Cho‘lponga qo‘mondonlik tomonidan “Brauning” rusumli to‘pponcha berilgan. Bunday hodisalar shoir tegrasida nechog‘lik murakkab davr charx urayotganidan dalolat edi.

 Cho‘lponning turli gazetalarda bosilgan xabar va murojaatnomalari uning fojiali taqdiri, shuningdek, bizgacha yetib kelmagan asarlari haqida muhim ishoralar beradi. Jumladan, shoirning 1923-yil 18-fevralda e’lon qilingan murojaatida “Uzun quloq bobo” xususida “Turkiston” gazetasi tahririyatiga yo‘llagan xatida Cho‘lponning bizga noma’lum bo‘lib qolgan ikki pardalik sahna asari mavjud bo‘lgani, uning yo‘qolib qolish sabablari ham oydinlashtiriladi. Parcha:

 “...Mening “Uzun quloq bobo” nomliq 2 pardalik kulgi asarimni oqqa ko‘churub o‘zbek truppasiga topshirmoq sharti bilan mazkur truppaning eng muqtadir bir artisti olg‘on edi. Hozir shul asarning mazkur artist qo‘lida borlig‘i shubhalik bo‘lub qoldi. Eshitganimga ko‘ra, bechora asarim Samarqand san’at havaskorlariga “tortuq” qilinib, berib yuborilg‘on emish. Shuning uchun gazeta orqali eshitdirmakchi bo‘lamankim, butun haq va huquq o‘zimda bo‘lg‘on ul asar qayda bo‘lsa ham bosdirilsa yoki sahnaga qo‘yulsa, shunga aloqalik kishilarni hukmga tortg‘umdir”.

 Cho‘lpon ijodiy merosining bizgacha to‘liq saqlanib qolmagani tasodifiy hol emas, albatta. Doimiy ko‘chishlar, ijara manzillardagi sargardonlik shoir uchun nafaqat ruhiy, balki ijodiy yo‘qotishlarning ham sabablaridan biri edi.

 Ma’lumki, u turli davrlarda Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Moskva kabi shaharlarda ta’lim va xizmat yumushlari bilan bo‘lib, goh tanish-bilishlarning uyida, goh ijara xonalarda yashashga majbur bo‘lgan. Beqaror hayot tarzi tufayli ayrim qo‘lyozmalarining yo‘qolib qolishi tabiiy jarayon edi. Jumladan, “Turkiston” gazetasining 1923-yil 12-aprel sonida e’lon qilingan murojaatda shunday deyiladi:

 Istakli muharrir o‘rtog‘im!

(Boshqarmaga xat)

 “Yaqinda mening bir daftarcham yo‘qoldi. Qog‘oz muqovaliq ul daftarchaga so‘ng vaqtda yozg‘on she’rlarimni yig‘ib, ko‘chirgan edim. Agar yangilishmasam, u daftarchada “O‘ynamoq va kulmak istar ekan”, “Qish oldida”, “Qushning esdaligi”, “Noma”, “Qora ro‘molliqqa”, “Echki uynatuvchi qizg‘a” nomliq she’rlarim bor edi. Shuni ko‘rgan-bilgan o‘rtoqlar bo‘lsa, o‘zimga qaytarmoqlarini so‘rayman. Shuning yo‘qlig‘i ikkinchi she’r majmuamning chiqmaslig‘ig‘a sabab bo‘lub turadir. To‘la ehtirom bilan, Cho‘lpon”.

 Cho‘lpon o‘z davrining chin ziyolisi sifatida millat qadrini ko‘tarishni, xalqning boy o‘tmishi, tarixiy xotirasini asrashni o‘zining muhim vazifasi deb biladi. Shu maqsadda o‘z fikrlarini ochiq xat, bildiruv sifatida gazeta sahifalarida chop ettirib boradi. Ayniqsa u Navoiy, Ulug‘bek, Uvaysiy haqidagi chiqishlari orqali millatning ko‘hna merosiga e’tibor qaratadi.

 Shulardan biri Cho‘lponning O‘zbek bilim hay’atiga yo‘llagan “500 yil” nomli ochiq xati bo‘lib, “Turkiston” gazetasining 1924-yil 23-sentyabr sonida e’lon qilingan. Xatda shoir yaqin bir-bir yarim yil ichida Alisher Navoiy vafotiga 500 yil to‘lishini eslatib, o‘z tarixiga ega bo‘lgan xalqlar bunday sanalarni katta bayram sifatida nishonlashini aytar ekan, bu borada muhim takliflarni bildiradi:

 “...Vatandoshlarimiz ruslar Pushkinning har 5 yili uchun ham katta bayramlar yasaydirlar. G‘arbda esa unday bayramlar juda katta tantanalar bilan o‘tkaziladir. Bu to‘g‘rida gapni cho‘zib o‘ltirish hojat emas. Ko‘z bilan ko‘rganimiz ham yetib ortarliqdir.

 Shuning uchun men aytmoq istaymankim, Navoiyning 500 yilligini biz ham tegishlik darajada tantana bilan o‘tkazishga shu topdan hozirlana boshlayliq”.

 (Eslatma: Tadqiqotchi olimlarimiz shu o‘rinda matbaa xatosimi yoki Cho‘lpon adashganini aytadi. 1926-yilda, ya’ni Cho‘lpon aytmoqchi, yaqin bir-bir yarim yil ichida Navoiy vafotiga 425 yil to‘lar edi. Ammo muallif “Navoiyning 500 yilligi” tantanalari haqida gapiradi. Chamasi, Cho‘lpon shoir vafotining 425 yilligini va keyinroq tavalludining 500 yilligini nishonlashni nazarda tutgan.)

 E’tiborlisi, muallif maqolada Navoiy siymosini abadiylashtirish bilan bog‘liq muhim takliflarni o‘zbek bilim hay’atining e’tiboriga havola etadi:

 “1. Hozirdan boshlab yaraliq kishilarimizdan bir hay’at tashkil qilib, 500 yillik bayramni mumkin qadar tantana bilan o‘tkazish yo‘lini topmoqg‘a o‘shal hay’at vakil qilinsun.

2. Hay’at Navoiyning bosilmag‘on asarlarini topib, bosdirishg‘a lozim ko‘rulgonlarini bayramgacha bosdirish chorasini ko‘rsun.

3. Navoiyning mukammal tarjimai holi yozdirilsun.

4. Navoiyning shevalaridan terma bir asar tuzulub, nafis qilinib bosdirilsun.

5. Navoiy nomig‘a yuqori o‘qush yurtlarining adabiyot-til fakultetlarida o‘zbek talabalari uchun stipendiyalar ochilsun.

6. O‘zbekistonning poytaxtida Navoiyg‘a haykal tikilsun.

7. Ba’zi bir o‘zbek shaharlarining ko‘cha ismlari Navoiy otig‘a qo‘yulsun”.

 Shoirning 102 yil oldin bergan taklifi, buni qarangki, bugun to‘la-to‘kis amalga oshdi.

 Shuningdek, shoir “Mirzo Ulug‘bek” maqolasida dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan bobomizning nomi va ilmiy yutuqlari e’tiborsiz qolayotganidan tashvishga tushadi. Quyidagi maqoladan parchada buyuk ota-bobolarimizning shon-shuhratini tiklash va ulug‘ merosini asrab-avaylashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar aniq ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.

 “...Turkiston xalqi, ayniqsa biz tubjoy xalq, o‘zimizning shu olim kishimizni sira esga olmaymiz. Uning ismiga birgina, kichkina bo‘lsa ham xotira nishona yo‘q. Shaharlarda ochilg‘on maktablar bilangina u ulug‘ olimni taqdir qildiq, deb ayta olmaymiz. Sira, sira ayta olmaymiz. Toshkand rasadxonasi hozir bir ishga qadam qo‘ydi. Girmoniyadag‘i “Nasiys” korxonasiga buyurib, katta bir telesko‘p (rasadxona durbini) yasatdirmoqchi va u durbinni Toshkand rasadxonasiga o‘rnatub, unga “Mirzo Ulug‘bek durbini” deb nom qo‘ymoqchi.

 Bu durbin bir Turkistondaguna emas, balki butun dunyoda birdan bir katta durbin bo‘ladur. Nimagakim, bundoq zo‘rliqda va bu o‘tkurlikdagi durbin faqat Amriqodagina bordur. Korxonachi bilan so‘zlashilgan. Durbin oltun hisobi bilan 96000 so‘mga tushadur. Bu puldan 40000 so‘mi pishaki berilsa, durbin 2–2,5 yilda tayyor bo‘lib keladur. Tashabbus boshlang‘on. Ish, faqat shu pulni yig‘ishda qolg‘on”.

 Ko‘rinadiki, bu shunchaki sa’y-harakatlar emas, millat taqdiriga jidd-u jahd bilan kirishishdir.

 Shuningdek, Cho‘lpon 1925-yilda “Maorif va o‘qituvchi” jurnali 7–8-qo‘shma sonida “Ulug‘ hindiy” nomli maqolasini e’lon qiladi. Unda hindning buyuk shoiri Rabindranat Tagor ulug‘ligini Himoloy tog‘lariga qiyos qilib, shu orqali o‘z zamonamiz ahvoliga ham kuyunchaklik bilan nazar soladi. Parcha:

 “...Bizning o‘zbeklar uchun hali hozirg‘a u xil chuchmallik yo‘q. Nimaga desangiz, o‘zbeklar eskidan – hech sababsiz – arazlag‘on, xafa; yangiga – endigina suqulib kirmoqda. U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan: yosh bola, go‘dak, chaqaloq, eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz; беспризорный o‘zboshli! Jur’at qilib: “yo‘lsiz” deb yuborayin deymen-u, qo‘rqamen; negakim boshlab… o‘zim yo‘lsiz!”

 Shu o‘rinda shoir o‘zining ham yo‘lsiz ekaniga urg‘u berar ekan, ayrim birxilliklar uni zeriktirganini, zamon bilan hamnafaslik, yangicha yondashuvlarga tashnalik, o‘z zamondoshlaridan umidvorligi haqida ham to‘xtaladi:

 “...O‘zimning yo‘lsizlig‘imdan bir oz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiymen: bir xil, bir xil, bir xil!

 Ko‘ngil boshqa narsa, yangilik qidiradir: Botu, G‘ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqinboylarni o‘qiymen, quvontiradir xolos! Ular mening uchun yong‘on chiroqlar bo‘lsa ham mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy, Hakimzodalarni o‘qumaymen, o‘qumaymen, meni shu holg‘a solg‘on o‘shalar!..

 Nechun ochildi ko‘zim. Qayda ketdi uyqularim?..”

 Shoirning navbatdagi “Uvaysiy” nomli maqolasi “Yorqin turmush” jurnalining 1936-yil 4–5-qo‘shma sonida e’lon qilinib, unda chistonlari bilan mashhur shoiraning ayanchli holini-da hikoya qiladi. Bu ma’lumotlar shoira tarjimai holi haqidagi achchiq haqiqatlarni bizga eslatadi. Parcha:

 “...Uvaysiy Marg‘ilonlik bo‘lgan. Umarxon o‘rdasida xonning o‘zi boshliq bir necha shoir bo‘lganini (Fazliy, Ado, Hoziq, Gulxaniy va boshqalar), ularning tez-tez to‘planib mushovara qilishg‘anlarini eshitgandan keyin, o‘sha shoirlar majlisiga kirmak havasiga tushadi. Buning uchun Qo‘qonga bormoqchi bo‘lib otasidan ijozat so‘raganida otasi uning talabini qaytarmasa-da, qizning saroydagi shoirlar majlisiga kirishiga yordam ko‘rsatar degan umid bilan Qo‘qondagi obro‘li odamlardan bir do‘stining hovlisiga yuboradi. U odam, qizning shoira bo‘lsa ham hali yosh ekanini ko‘rib, ikkilanadi:

 – Bu holingizda borib kirolmassiz. Bironta qari xotin qiyofasida borib ko‘rsangiz, – dedi.

 Jahonoyi qari kampir kiyimlarini kiyib, eski paranji yopinib o‘rdaga boradi. Uni kiritmaydilar. So‘ngra u “Zaboningni” deya boshlangan g‘azalidan mana bu ikki yo‘lni yozib shoirlar majlisiga kiritadi:

 “Meni “Latakhuli” deb mahrum etma bog‘bon ahli,

Azal degoni bag‘rim qonini to‘kkan bu gulzora”.

 Shundan so‘ng uni shoirlar majlisiga kiritadilar, Faqat u yerda uning qari kampir emas, yosh bir juvon ekani bilingandan keyin, biror “fitna” chiqmasin deb bo‘lsa kerak, uni darhol saroy ichkariligiga kiritib yuboradilar. Shu bo‘yicha Jahonoyi Umarxon saroyida qolib ketadi va so‘ngroq “Jahon otin” deb shuhrat chiqaradi”.

 Cho‘lpon mashhur “Anor” chistonining yaratilish tarixiga ham alohida to‘xtalib, uning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan hayotiy voqea, ijtimoiy muhit bilan bog‘liq davrni ham aytib o‘tadi:

 “...Jahon otinga bir kun, dasturxon ustida anorni ko‘rsatib, shu to‘g‘rida bir narsa demakni iltimos qilg‘anlar. Jahon otin o‘sha minutning o‘zida anor to‘g‘risida to‘rt yo‘llik bir she’r yozgan. Badehago‘lik yo‘li bilan yozilgan bu to‘rt yo‘llik bayt anorni qanday go‘zal va san’atkorona tasvir qiladi:

 “Bu na gumbazdir, eshigi tuynugidan yo‘q nishon,

Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdir makon,

Sindirib gumbazni qizlar holidan olsam xabar:

Yuzlariga parda tortig‘liq, tururlar bag‘ri qon”.

 “Yuzlariga parda tortilgan “qizlarning” bag‘rlari qon” bo‘lganini aytgan, saroy cho‘riqizlarining ohi-zorini tasvirlab beradi”.

 Cho‘lpon, shuningdek, 1914-yil 13-dekabrda “Sadoi Farg‘ona” gazetasining 94-sonida chop etilgan “Til bilmaganlik xosiyati” nomli maqolasida Petrograddagi Obuxovskiy kasalxonasida yarador bo‘lgan bir turkman haqida yozar ekan, uning o‘limisababini o‘z tilidan boshqa tilni bilmasligida ko‘radi. Bu orqali shoir til bilmaslik ba’zan hayot-mamot masalasiga aylanib qolishini uqtiradi:

 “...Kasalxonada yotganda holi og‘irlashgandan keyin harakat qilib, imo-ishora ilan bir narsa anglatmoqchi bo‘lgan, turkmancha ham so‘zlab qaragan, lekin kasalxonada turkmancha biladurgan hech bir kishi yo‘qligi uchun aning maqsudini bila olmaganlar.

 Kasalxona idorasi “Вечерня время” gazetasi orqali xalqqa murojaat etub, turkmancha biladurg‘an topilib kelguncha bechora turkmanni umri vafo qilmay olamdan o‘tgan. Til bilmaslik “xosiyat”idan bechora o‘zining dunyodagi vasiyatlarini anglatolmay, ojizlik holda dunyodan rihlat qilgan”.

 Shoirning yana bir achchiq mavzusi xalq orasida eski kitoblar savdosining yo‘qligi masalasidir. Shu yo‘lda A.Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, N.Alimuhammedov, S.Siddiqlar birgalikda “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1935-yil 27-may sonida “Eski kitoblar savdosini qo‘lga olaylik” maqolasini chop etadi. Parcha:

 “...Jumhuriyatimizning turli burchaklarida, har kimlarning qo‘lida bekinib, ortiqcha matax bo‘lib yotgan qimmatli asarlar juda ko‘p. Bular egasini topolmay chang-tuproq orasida ko‘milib yotadi. Holbuki, kundan kunga soni o‘sib turgan ilmiy xodimlarimiz uchun ular juda kerak. Undan tashqari, saviyasi o‘sib, madaniy darajasi ko‘tarilib turgan omma ham yangi va eski kitoblarga talabgor”.

 Maqolada Turkistondagi ayanchli hol Ittifoqning boshqa qismlari bilan taqqoslanadi:

 “...Chunonchi, Moskvada nuqul eski kitoblar olib sotilaturgan o‘nlarcha davlat magazinlari bor. Bizda ham eski kitoblar boyligining zo‘r ekaniga qaramay, butun O‘zbekistonda loaqal bir kioska ham yo‘q. Shuning uchun bu ish allaqanday savodsiz odamlar, to‘g‘risi chayqovchilar qo‘lida qolib kelmoqda”.

 Aslida Cho‘lpon o‘zining ilg‘or safdoshlari, do‘stlari qatori jamiyatni yuksaltiruvchi turli yo‘nalishlarning ochilishiga xayrixoh edi. Shoirning “Ko‘mak” ishlari” maqolasi “Farg‘ona” gazetasining 1924-yil 31-yanvar sonida chop etilib, unda bugunimizda ham muhim sanalgan masala, “Hozirliq qurslari” (Tayyorlov kurslari) va “Xotun-qizlar uchun savod qurslari” ochilishiga rag‘bat bildiriladi. Maqolalarda “Ko‘mak”ning harakati bilan yaqinda 30 kishilik “hozirliq kurslari” ochilgani, “o‘rta va oliy maktablarning kelgusi tahsillari uchun talabalar hozirlanmoqchi ekani, bu masala ijroqo‘mda tasdiqlangani aytiladi.

 Cho‘lpon tomonidan matbuotda bunday xabar va maqolalar tez-tez bosilib turgan. Ularning qamrovi keng va o‘ta muhim. “Tilimizning ishlanishi”, “Yozuvchilarimiz Chirchiq qurilishida”, “Katta maktab egasi”, “Ish vaqti – ishlash vaqti”, “Andijonda yangi bonk”, “Qaysi jinni”, “Madrasalarimiz ahvoli”, “Ruhimiz o‘lmasun”, “Muttahid frontimizning birinchi vazifalari”, “Millat masalasi”, “Mahkamalarni tubjoylashtirish”, “Vaqf ishlari”, “Tirnoq orasidan kir izlanmasun”, “Shaharni yoritish ishlari” va shu kabi yuzlab masalalardagi chiqishlari uning millat g‘am-tashvishi, dardi bilan qanchalik bog‘langanidan dalolat beradi.

 

Bobur Elmurodov,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori