Oʻzbekistonda Qurbon hayiti 27-may sanasida keng nishonlanadi va shu munosabat bilan ketma-ket besh kun dam olish mumkin boʻladi. 2026-yilda rasmiy bayram kunlari munosabati bilan qoʻshimcha dam olish kunlarini belgilash hamda dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisidagi prezident farmoniga koʻra, ish haftasining turidan qatʼi nazar barcha xodimlar uchun 28-may – payshanba va 29-may – juma kunlari qoʻshimcha dam olish kuni etib belgilandi. Olti kunlik ish haftasida faoliyat yuritadigan xodimlar esa 30-may – shanba kuni ham dam oladi.
Uzoq davom etadigan bayram taʼtili koʻpchilik uchun nafaqat hordiq chiqarish, balki muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish, tarixiy va diniy maskanlarga sayohat uyushtirish uchun ham qulay imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, mamlakatning turli hududlarida joylashgan ziyoratgohlar Qurbon hayiti kunlarida yanada fayzli boʻladi.
Dam olish kunlarida qaysi ziyoratgohlarga tashrif buyurish mumkin? Bugun ana shunday maskanlar haqida soʻz yuritamiz.
1. “Islom Sivilizatsiya markazi” (Toshkent)
Mamlakatimizning boy ilmiy va madaniy merosini dunyoga tanituvchi, “Oltin asr” (Birinchi va Ikkinchi Renessans) davri yutuqlarini zamonaviy taraqqiyot bilan bogʻlovchi eng yirik xalqaro ilmiy-maʼrifiy majmuadir. Markazni tashkil etish tashabbusi birinchi marta 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida hamda mamlakat ichidagi qarorlar bilan ilgari surilgan. Qurilish ishlari 2018-yilda boshlanib, 2026-yil mart oyida majmuaning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Markaz qariyb 10 gektar maydonni egallaydi. Binoning uzunligi 161 metr, eni 118 metr boʻlib, markaziy gumbazining balandligi 65 metrga yetadi. Majmua oʻz koʻlami tufayli "Eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi" sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Shuningdek, nufuzli Prix Versailles xalqaro meʼmorchilik mukofoti tomonidan 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatidan joy olgan.
“Islom Sivilizatsiya markazi” bugungi kunda islom dinini faqat maʼrifat, ezgulik va ilm-fan dini sifatida dunyoga namoyon etuvchi global maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtamoqda.
2. “Imom Buxoriy” majmuasi (Samarqand)
Islom olamining eng buyuk muhaddisi (hadis ilmi sultoni) Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy mangu qoʻnim topgan, nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon dunyosining eng tabarruk va muqaddas ziyoratgohlaridan biridir. Majmua Samarqand viloyati, Payariq tumanidagi Xartang qishlogʻida joylashgan. Prezident tashabbusi bilan 2021–2025-yillarda majmuada global miqyosdagi tubdan qayta qurish va kengaytirish ishlari olib borildi. Bugungi kunda u zamonaviy islom arxitekturasining eng muhtasham namunalaridan biriga aylangan.
Majmua oʻzining ulugʻvor meʼmoriy uslubi bilan hayratga soladi – tarkibida bir vaqtning oʻzida 10 000 nafardan ziyod ziyoratchini sigʻdira oladigan ulkan va muhtasham jome masjidi barpo etilgan. Markaziy qismida allomaning maqbarasi joylashib, oʻziga xos sharqona gumbaz, milliy ganchkorlik va koshinchilik sanʼatining nodir namunalari bilan bezatilgan. Maqbara ostida allomaning asl qabri joylashgan ziyoratxona mavjud. Majmua hovlisi milliy oʻymakorlik uslubdagi yogʻoch ustunlari bilan bezatilgan ayvonlar bilan oʻralgan.
3. “Shohizinda” ziyoratgohi (Samarqand)
Samarqand shahrining eng qadimiy, betakror va sirli meʼmoriy yodgorliklaridan biri boʻlib, u islom olamida muqaddas qadamjo va jahon madaniy merosining eng nodir durdonasi sifatida eʼtirof etilgan. “Shohizinda” ansambli Afrosiyob tepaligi janubida joylashgan qabristondagi maqbaralardan hamda masjid, minora va madrasadan iborat. Kompleks quyi, oʻrta va yuqori guruh obidalariga boʻlinadi. Ularni mashhur qadimiy zinapoya bogʻlab turadi.
Majmua oʻzining moviy, havorang va firuza tusli koshinlari, gʻishtlari hamda betakror terakotasi bilan mashhur. Ushbu obida “Samarqandning moviy gumbazlari” ramzi hisoblanadi.
“Shohizinda” UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Qurbon hayiti kabi muqaddas bayramlarda ziyoratgoh maʼnaviy poklanish, oʻtganlar haqiga duo qilish va qadimiy islom madaniyatidan bahramand boʻlish uchun eng asosiy maskanlardan biriga aylanadi.
4. “Hazrati Imom” majmuasi (Toshkent)
Toshkentning diniy yodgorliklaridan biri – aholi orasida Hastimom nomi bilan mashhur “Hazrati Imom” ansamblidir. Maydon poytaxtning eski shahar hududi orqasida joylashgan boʻlib, u 1966-yildagi kuchli zilziladan omon qolgan. Majmua olim va din arbobi, birinchi toshkentlik imom Kaffol ash Shoshiy dafn etilgan joyda qurilib, u Tillashayx masjidi, Abu Bakr Kaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi va Imom al-Buxoriy Islom institutidan iborat. “Hazrati Imom” majmuasining dunyo tamaddunidagi oʻrni bebahodir. Moʻyi Muborak madrasasi binosida bugungi kunda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi joylashgan. Ushbu xazina markazida UNESCOning “Jahon xotirasi” roʻyxatiga kiritilgan, VII asrga oid eng qadimiy va asl qoʻlyozma – Usmon Qurʼoni (Usmon musʼhafi) saqlanadi. Katta oʻlchamdagi kiyik terisiga bitilgan ushbu nodir qoʻlyozmani koʻrish uchun har yili dunyoning turli chekkasidan millionlab sayyohlar tashrif buyuradi.
5. “Zangiota” majmuasi (Toshkent viloyati)
Majmua Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan boʻlib, XII asr oxiri, XIII asr boshlarida yashab oʻtgan ulug‘ mutasavvif olim, tasavvuf piri Oyxoʻja ibn Toshxoʻja (Zangi ota) qabri atrofida shakllangan. U kishi Xoja Ahmad Yassaviy tariqatining munosib davomchisi va beshinchi muridi boʻlgan. Tarixiy manbalarga koʻra, majmuaning dastlabki poydevori XIV asr oxirida Amir Temur tomonidan qoʻyilgan. Sohibqiron Yassaviyga maqbara qurishdan avval, tushida berilgan ishoraga tayanib, Zangi otaning qabrini obod qilgan. Majmua qurilishini 1420-yilda uning nabirasi Mirzo Ulugʻbek yakunlagan boʻlib, bugungi kungacha saqlanib qolgan muhtasham peshtoq ham uning davriga oiddir.
6. “Hakim Termiziy” majmuasi (Surxondaryo)
“Hakim Termiziy” maqbarasi – Termizdagi maʼmoriy yodgorlik. Maqbarada buyuk islom arbobi, turli falsafiy va diniy asarlar muallifi, darveshlar jamoasining yaratuvchisi Abu Abdulloh ibn Hasan ibn Bashir al-Hakimiy at-Termiziy maqbarada dafn etilgan. Majmua asrlar davomida, ayniqsa Temuriylar davrida bir necha bor kengaytirilib, jome masjidi, qorixona, maqbara va chuqur yer osti chillaxonalari bilan boyitilgan. Afsonalarga koʻra, hatto Chingizxon ham ushbu binoning muqaddasligi va ginalarga xos mahobatidan hayratlanib, oʻz qoʻshiniga unga zarar yetkazmaslikni buyurgan. Prezident topshirig‘i bilan, majmuada keng koʻlamli ilmiy restavratsiya va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maqbaraning ichki qismi Surxondaryo milliy naqshinkorlik anʼanalari hamda zamonaviy islom meʼmorchiligi uslublarini uygʻunlashtirgan holda toʻliq taʼmirlanib, muqaddas Qurʼon oyatlari bitildi. Ziyoratchilar uchun yoʻllar, yoʻlaklar hamda milliy uslubdagi yozgi ayvonchalar qayta tiklanib, hudud toʻliq koʻkalamzorlashtirildi. Majmua qoshida allomaning ilmiy xazinasini tadqiq qiluvchi markaz va muzey faoliyat yuritmoqda.
7. “Imom Moturidiy” majmuasi (Samarqand)
Majmua Samarqand shahrining eng tabarruk va chuqur falsafiy-ma’naviy ahamiyatga ega ziyoratgohlaridan biri bo‘lib, Samarqand shahrining markaziy qismida, qadimiy Chokardiza qabristoni hududida joylashgan. Sobiq ittifoq davrida butunlay vayron qilinib, ustiga turar joy binolari qurib tashlangan bu tabarruk qadamjo mustaqillik yillarida qayta tiklandi. Allomaning hijriy hisobdagi 1130-yillik tavalludi munosabati bilan 2000-yilda bu yerda muhtasham yodgorlik majmuasi barpo etildi. Keyingi yillarda, xususan, islom maʼrifatini keng targʻib qilish doirasida majmua hududi yanada obod qilindi.
Majmua markazida balandligi 12 metr boʻlgan mahobatli maqbara qad rostlagan. Uning poydevori kvadrat shaklda boʻlib, tepasi sirkorlik san’ati asosida ishlangan qoʻshgumbaz bilan yopilgan. Gumbazning tashqi tomoni moviy va firuza rangli koshinlar bilan bezatilgan. Maqbara devorlariga va gumbaz ostiga arab alifbosining suls hamda kufiy xatlari bilan Qurʼoni karim oyatlari va Imom Moturidiyning hikmatli soʻzlari oltin suvi yuritib bitilgan. Ichki ganchkorlik naqshlari nihoyatda nozik va nafis ishlangan.
Majmua hududida faqat Imom Moturidiy emas, balki IX–XII asrlarda yashagan 200 dan ortiq islom ulamolari, faqihlar va muhaddislarning qabrtoshlari ham tartibga keltirilib, muzeylashtirilgan. Soʻnggi yillarda majmua atrofidagi infratuzilma butkul yangilandi. Ziyoratchilar uchun qulay piyodalar yoʻlaklari, yashil xiyobonlar va tungi yoritish tizimlari oʻrnatildi. Bugungi kunda Moturidiy majmuasi islom dunyosida eʼtiqod sofligini oʻrganish va ziyorat turizmining eng muhim markazlaridan biri sanaladi.
8. “Xoja Ahror” majmuasi (Samarqand)
Majmua Samarqand shahrining janubiy chekkasida joylashgan boʻlib, XV asrdan shakllana boshlagan. Xoja Ahror oʻz davrida nafaqat maʼnaviy pir, balki temuriy sultonlar oʻrtasidagi oʻzaro urushlarga barham bergan, xalqni ogʻir soliqlardan xolos etgan qudratli siyosiy arbob ham boʻlgan. 1490-yilda vafot etgach, uning qabri atrofida muqaddas ziyoratgoh barpo etilgan. Keyingi asrlarda, xususan, XVII asrda Buxoro xonligining nufuzli shaxslari tomonidan majmua tarkibida muhtasham madrasa va jome masjidi qurilib, yirik meʼmoriy ansambl holiga keltirilgan.
Majmua bir nechta qadimiy va goʻzal obidalarning uygʻunligidan iborat: markazda alloma va uning yaqinlari dafn etilgan oq va kulrang marmarli qabrtoshlar majmuasi joylashgan. Xoja Ahrorning qabrtoshi suls xatidagi arabcha yozuvlar va nozik oʻymakorlik naqshlari bilan bezatilgan. Majmua hovlisida qadimiy hovuz va bir necha asrlik ulkan chinorlar mavjud.
9. “Bahouddin Naqshband” majmuasi (Buxoro)
Islom olamidagi eng mashhur va nufuzli tasavvuf tariqatlaridan biri – Naqshbandiya asoschisi Xoja Bahouddin Naqshband mangu qoʻnim topgan, Buxoro viloyatining eng muqaddas va ulugʻvor qadamjosidir. Majmua Buxoro tumanidagi Qasri Orifon (sobiq Qasri Hinduvon) qishlogʻida joylashgan boʻlib, XIV asrdan buyon shakllanib kelmoqda. Tasavvufning “Dil ba yoru, dast ba kor” (“Koʻngling Allohda, qoʻling mehnatda boʻlsin”) degan buyuk gʻoyasini ilgari surgan.
Yodgorlik XVI asrda Shayboniylar davrida ilk bor yirik ansambl holiga keltirilgan. Majmua bir nechta qadimiy va oʻzaro uygʻunlashgan meʼmoriy obidalardan iborat: Markaziy qismda Bahouddin Naqshbandning qabrlari ustiga oʻrnatilgan kulrang marmarli dahma hamda uning atrofidagi nafis oʻymakorlik panjaralari joylashgan. Majmua tarkibidagi qadimiy masjidlar milliy ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligi va shift naqshlarining betakror namunasidir.
10. “Pir Siddiq” ziyoratgohi (Fargʻona)
Fargʻona viloyati, Margʻilon shahrida joylashgan ushbu ziyoratgoh XVII asr oʻrtalarida qurilgan. Buxoro xoni Subhonqulixon hukmronligi davrida Pur Siddiq mozoriga vaqf yerlari ajratgan edi. “Pur Siddiq” ziyoratgohi va shu nomdagi masjid va madrasa uchun Pur Siddiq, Toʻqsoba mahallasidagi doʻkonlar, Toshloq, Oq ariq, Varzak, Zarkent, Qaqir, Boyiston qishloqlaridagi yerlar vaqf mulkiga olingan boʻlib, ulardan yer soligʻi olinmagan. Bu haqda Qoʻqon xonlari Madalixon, Xudoyorxon tomonidan Puri Siddiq ziyoratgohi mutavalliylargaga maxsus yorliqlar berilgan.
Margʻilonliklar orasida “Pir Siddiq” maqbarasi nomi bilan bogʻliq quyidagicha afsona ham mavjud. Unga koʻra, bir kuni avliyo Pir Siddiq uni taʼqib qilayotgan dushmanlardan qochib, bir gʻorning ichiga yashirinadi. Shunda kaptarlar bu gʻorning ogʻziga oʻz inlarini qurib, gʻorga kiradigan yoʻlni yopadilar. Pir Siddiqni taʼqib qilib, gʻorgacha kelgan dushmanlar gʻor ogʻzida kaptarlar uya qurib yashayotganini koʻrib, “bu yerda odamzod boʻlishi mumkin emas, boʻlmasa, kaptarlar bunday tinch oʻtirmagan boʻlardi”, – deb bu yerdan joʻnab ketiadi. Kaptarlar shunday harakatlari bilan Pir Siddiqni dushmanlardan qutqarib qolgan ekan.
“Pur Siddiq” (Kaptarxona) majmuasi maqbara, masjid, kaptarxona, minora va darvozaxonadan iborat boʻlgan. Majmuadagi kaptarxona binosi masjid binosi bilan deyarli bir vaqtda, yaʼni XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan. “Pur” soʻzi “oʻgʻil” va “toʻla”, “koʻp” maʼnosini bildiradi.
11. “Pahlavon Mahmud” ziyoratgohi (Xorazm)
Xiva shahridagi eng ulugʻvor meʼmoriy durdona, chuqur falsafiy va ruhiy ahamiyatga ega muqaddas qadamjo hamda butun Xorazm vohasining eng tabarruk ziyoratgohidir. Majmua Xivaning qadimiy qismi – Ichan-qalʼa markazida joylashgan boʻlib, XIII–XIV asrlarda yashab oʻtgan Xiva xalqi qahramoni, mashhur shoir, faylasuf, poʻstindoʻz usta va tengsiz kurashchi Pahlavon Mahmud (1247–1326) qabri atrofida shakllangan. XIV asrda uning kichik maqbarasi atrofida boshlangan qurilishlar, keyinchalik (ayniqsa, XIX asrda Muhammad Rahimxon I va Olloqulixon davrida) Xiva xonlarining rasmiy dahmasiga aylantirilib, ulkan majmua holiga keltirilgan.
“Pahlavon Mahmud” majmuasi Xiva meʼmorchilik maktabining eng yuqori va mukammal choʻqqisi hisoblanadi. Majmuada soʻnggi yillarda yirik restavratsiya ishlari amalga oshirilib, noyob mayolika naqshlari va Pahlavon Mahmud qoʻlyozmalari xalqaro restavratorlar bilan hamkorlikda 3D formatda hujjatlashtirildi va asliga zarar yetkazmagan holda qayta tiklandi. UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatidagi ushbu maskan ziyoratchilar uchun tun-u kun ochiq.
12. “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi
2025-yil 1-apreldagi Prezident qarori bilan Margʻilon shahrida “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi barpo etildi. Milliy meʼmorchilik anʼanalari, Margʻilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uygʻunlashgan ushbu majmua qadim shahar ichidagi shaharchadir. 35 gektar maydonni egallagan majmuada mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat koʻrsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan.
Buyuk alloma Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilish majmuaning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “Oʻtkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uygʻunlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.
13. “Arda Xiva” turistik majmuasi
Urganchdan Xiva tomon atigi 4 kilometr masofada yangi shaharcha joylashgan. Diqqat bilan qaralganda uning koʻrinishi kichraytirilgan shaklda Xivaning oʻzini eslatadi. Bu yangi “Arda Xiva” turistik majmuasi bo‘lib, Mahalliy aholi uni allaqachon Xivaning yoʻldosh shahri deb atay boshlagan. Majmua Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2024-yilning kuzida qurib bitkazilgan.
Majmuaning oʻziga xos “Arda Xiva”, yaʼni “port shahri” deb tarjima qilinadigan nomi, uning joylashgan oʻrnidan kelib chiqqan. Bir vaqtlar bu yerda, Xiva yaqinida Amudaryo oʻzani oʻtgan, hatto bu oʻzan Kaspiy dengiziga quyilgan, degan maʼlumotlar ham bor. Bugungi kunda Amudaryodan bu yerda bir nechta yirik koʻllar qolgan. Ulardan biri 150 gektar maydonni egallagan. Mahalliy tarixchilarning taʼkidlashicha, Gʻovik koʻli qadimgi hunarmandlar maskani boʻlgan, aynan shu yerdan Ichan qalʼa yodgorliklarini qurish uchun loy olib kelingan.