1. Breket (ing. bracket) – odam tishlarining toʻgʻri oʻsishi va tekis boʻlishiga yordam beradigan tibbiy jihoz.
2. Dedlayn (ing. deadline) – biror vazifa, loyiha yoki hisobotning oxirgi muddati.
3. Kriptovalyuta (ing. cryptocurrency) – faqat internetda mavjud boʻlgan, markazlashmagan, hukumat yoki banklar nazorat qilmaydigan raqamli (virtual) valyuta.
4. Penablok (lot. spūma) – sement, qum, suv va maxsus koʻpikli vosita aralashmasidan tayyorlanadigan gʻisht koʻrinishidagi yengil, issiqlikni yaxshi saqlaydigan qurilish materiali.
5. Penya (lot. poena) – moliyaviy majburiyatlar oʻz vaqtida bajarilmagani uchun qoʻllanadigan iqtisodiy jazo.
6. Probel (rus. belыy) – matnda qatorlar, soʻzlar va harflar orasida qoladigan boʻshliq.
7. Revansh (frans. revanche) – urush va oʻyindagi magʻlubiyat uchun olinajak oʻch yoki qasos.
8. Reels (ing. reel) – ijtimoiy tarmoqlardagi uzunligi oltmish soniyadan oshmaydigan videolar.
9. Hostel (lot. hospes) – oshxona, hammom va xonasi umumiy boʻlgan vaqtinchalik arzon mehmonxona (yotoqxona).
10. Emoji (yapon. 絵, 文字) – elektron yozishmalarda tuygʻu, holat va maʼnoni ifodalovchi hissiyotli belgilar.
Filologiya fanlari nomzodi, shoir Abduvohid HAYIT
Avvalo bu mavzuda ikki ogʻiz soʻzim:
Globallashuv davrida yashayapmiz. Bu shunday davrki, har tomondan har soniyada yuzlab yot soʻzlar suqilib kirishga harakat qiladi. Ular begona oʻtga oʻxshaydi, lugʻatimizdan joy olish uchun baʼzan oʻnlab oʻz soʻzlarimizni siqib chiqarib, tilimizda ildiz otadi. Kimdir “nima qilibdi, qancha koʻp yangi soʻz qoʻshilsa, nutqimiz shuncha boy boʻladi” deyishi mumkin. Albatta, tildan tilga soʻzlarning oʻtishi azaldan bor hodisa, uni inkor qilib boʻlmaydi. Ammo boshqa tillardan soʻzlarning kirib kelishida ham muayyan chegara, meʼyor boʻlishi shart. Bu jarayonda meʼyor buzilsa, til yamoq tushgan matoga oʻxshab qoladi, tilga eʼtiborsizlik qilsak, bu yamoqlar tilimizni butunlay qoplab, asl qiyofasini buzib qoʻyishi ham mumkin. Shu bois bugun til himoyasida qattiqroq turish kerak.
Til qotib qolgan narsa emas, u mingyilliklar davomida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan. Ayni paytda esa bu jarayon tezlashdi, shuning uchun har kuni yogʻilib kelayotgan xalqaro soʻz va tushunchalarni shunchaki qabul qilish emas, imkon qadar ularning muqobillarini yaratishga harakat qilmogʻimiz zarur. Bu borada imkoniyatlarimiz juda keng, faqat undan foydalana olsak boʻlgani.
Va tavsiyalarim:
1. Breket – tasavvur qiling, agar bu jihozga umuman nom berilmagan boʻlsa, oʻzbekcha soʻzlar bilan uni qanday tushuntirgan boʻlardik: “tishlarni tortib turadigan sim, moslama”. Turk qardoshlarimiz shu mantiqdan kelib chiqqan shekilli, uni “diş teli”, yaʼni “tish simi” deyishadi. Lekin hozir bu jihozning faqat sim emas, shaffof qolip va boshqa xillari ham bor. Yaʼni, “breket” jihozning yagona baynalmilal nomi emas. Shundan kelib chiqib, uni oʻzbek tilida ham bir emas, bir necha nomlar bilan atash mumkin. Misol uchun “tishsim”, “ortodontik bogʻich”, “tish toʻgʻrilash moslamasi”, “shaffof qolip” va hokazo.
2. Dedlayn – soʻngmuhlat.
3. Kriptovalyuta – hozir inglizcha “digital” yoki ruscha “sifrovoy” soʻzi oʻrnida bizda “raqamli” soʻzi ishlatilayapti. Shunga koʻra bu soʻzni oʻzbek tilida “raqamli pul birligi”, “raqamli pul” deyish toʻgʻri deb oʻylayman. Agar “raqam” oʻrnida “son” soʻzi ishlatilib, “sonli pul” deyilsa, yana ham oʻzbekcharoq boʻlardi (turkchada “virtual” maʼnosida “sanal” soʻzi ishlatiladi), ammo oʻzbek tilida “raqamli”ga koʻnikildi.
4. Penoblok – oʻzbek tilida “gʻovak”, “gʻalvirak” kabi ajoyib soʻzlarimiz bor. “Gʻovak yogʻoch”, “gʻovak tosh”, “gʻovak yer”... Shu bois ruscha “penoblok”ni oʻzbek tilida bemalol “gʻovakgʻisht” deyishimiz mumkin.
5. Penya – “moliyaviy jarima”, qanday jarimaligi tagmatndan anglashilsa, shunchaki “jarima” deb qoʻllash ham mumkin menimcha.
6. Probel – oʻzbek tilida “boʻsh joy”, “boʻshliq” degan maʼqul, chunki koʻpgina tillar, misol uchun ingliz (space), fransuz (espase ) tillarida ham shu tarzda ishlatiladi.
7. Revansh – fransuzcha revanche soʻzi “oʻch”, “qasos” maʼnolarini bildiradi. Ammo boshqa tillarda siyosat va sportga oid atama sifatida ishlatilgani uchun unga muqobil sifatida bizdagi “oʻch”, “qasos” soʻzlarini qoʻllab boʻlmaydi. Atama sifatida u XIX asrning yetmishinchi yillarida Fransiyada revanshizm siyosiy harakatining paydo boʻlishi bilan shakllana boshlagan. Bu siyosiy harakatning maqsadi Fransiya – Prussiya urushida Olmoniyaga oʻtib qolgan Fransiya yerlarini qaytarib olish boʻlgan. Keyinchalik revanshizm boshqa mintaqalarga ham koʻchgan va koʻpincha bosqinchilik maʼnosini ifodalagan.
Menimcha, oʻzbek tilida “revansh” soʻzi maʼnolarini toʻla ifodalaydigan yaxlit atama shaklidagi muqobilni topish qiyin. Oʻylaymanki, uni “majburan” tilimizga kiritishga ham hojat yoʻq. Shu bois oʻzbek tilida jumladagi maʼnodan kelib chiqib “revansh” oʻrnida “qayta bellashuv”, “qaytarib olish”, “qasos”, “oʻch” kabi turli soʻz va iboralardan foydalanish maqsadga muvofiq.
8. Reels – menimcha, “Tik-Tok” kabi bu soʻzni ham tarjimasiz qabul qilishga toʻgʻri keladi.
9. Hostel – ilgari mehmon qabul qilinadigan xona va maxsus binolar “qoʻnoqxona” deyilgan. Hozir mehmonxona deganda muhtasham binolarni koʻz oldimizga keltiramiz, qoʻnoqxona esa nisbatan kichikroq hostel yoki motelga maʼno jihatidan mos keladi. Kelajakda Oʻzbekistonda sayohatchilar oqimi ortgani sari, oʻylaymanki, bu kabi kichik qoʻnimgohlar ham koʻpayib boradi. Agar ularni “qoʻnoqxona” yoki “qoʻnoquy” desak, bu bilan unut boʻlayotgan soʻzimizni isteʼmolga qaytargan boʻlardik.
10. Emoji – emoji.
Bayram ALI tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasi