Tahririyatimizga oʻquvchilarimizdan turli mavzular va yoʻnalishda savollar keladi. Ularning orasida eng koʻp berilganlari yaʼni homiladorlik va tugʻish taʼtili boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Mehnatga haq toʻlash va mehnat standartlari boshqarmasi boshligʻi Laziz QARShIYEVdan maʼlumot oldik.
— Bola parvarishi uchun “dekret taʼtili” nima, taʼtilga chiqish tartibi qanday?
— Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga asosan ayolga ikki xil taʼtil beriladi. Homiladorlik va tugʻish taʼtili, oddiy qilib aytganda “dekret taʼtili” hamda homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili.
— Homiladorlik va tugʻish nafaqasini toʻlash tartibi haqida ham toʻxtalsangiz?
— Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqani tayinlash va toʻlash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos boʻladi. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqasi budjet tashkilotlari tomonidan — mehnat haqi jamgʻarmasiga ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan — foyda soligʻini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
2022 yilning sentabr oyidan boshlab budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasiga asosan oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan ayollarga Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan homiladorlik va tugʻish nafaqasining qismi toʻlab berilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Homiladorlik va tugʻish nafaqasining Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadigan qismi (keyingi oʻrinlarda – nafaqa) minimal isteʼmol xarajatlarining 4 baravari miqdorida tayinlanadi. Hozirgi kunda bu 1 994 228 soʻmni tashkil qiladi.
Homiladorlik va tugʻish taʼtiliga chiqish uchun fuqarolarga tibbiyot muassasasi (oilaviy poliklinika, tugʻruq muassasasi, qishloq vrachlik punkti) tomonidan homiladorlik va tugʻish boʻyicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Shundan soʻng tibbiyot muassasasining masʼul xodimi (hamshirasi) tomonidan ushbu varaqadagi maʼlumotlar “Tibbiyot” axborot tizimiga kiritiladi. “Tibbiyot” axborot tizimi ayolning maʼlumotlarini “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga yoʻnaltiradi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi fuqaroning rasmiy bandligi va ish staji hamda mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarini avtomatik ravishda aniqlaydi hamda belgilangan mezonlarga mos kelganda homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlaydi. Nafaqa tayinlanganligi haqida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ayolning telefoniga SMS xabar yuboriladi.
Ayolning nomiga ochilgan, faol holatdagi bank plastik kartasi mavjud boʻlsa, nafaqa oʻsha bank kartasiga oʻtkazib (toʻlab) beriladi.
Agar bank plastik kartasi mavjud boʻlmasa, SMSda yashash joyidagi AT “Xalq banki”ning filialiga murojaat etishi koʻrsatiladi. Murojaatga asosan homiladorlik va tugʻish nafaqasi naqd pul koʻrinishida toʻlab beriladi.
— Xodimlarning homiladorlik va tugʻish taʼtili (dekret)ga chiqish tartiblari qanday?
— Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq ayolga tugʻruqqacha yetmish kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tugʻish taʼtili beriladi.
Bunda, homiladorlik va tugʻish taʼtili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tugʻruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qatʼi nazar, toʻliq beriladi.
— Shunday toifadagi xodimlarga qanday imtiyoz va qulayliklar yaratilgan?
— Mehnat kodeksiga muvofiq homilador ayollar va onalarga bir qancha imtiyozlar mavjud.
Jumladan, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq toʻlash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik mehnat taʼtili, ularning xohishiga koʻra, tegishincha homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin beriladi.
Homilador ayollarni yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bolani parvarishlash taʼtilidan foydalanayotgan xodimga yillik mehnat taʼtili, uning xohishiga koʻra, bola parvarishlash taʼtilidan oldin yoxud undan keyin beriladi.
Homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili beriladi.
Bolani parvarishlash taʼtili vaqtida toʻliqsiz ish vaqti shartlari asosida yoki ish beruvchi bilan kelishuv boʻyicha uyda ishlashi mumkin.
Bolani parvarishlash taʼtillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
Ikki yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri oʻttiz minutdan kam boʻlmagan davomiylikda boʻlishi lozim.
— Imtiyozlar va qulayliklar nodavlat va davlat tashkilotlarida ishlaydigan barcha xodimlar uchun bir xil tatbiq etiladimi?
— Yuqorida keltirilgan imtiyozlar Mehnat kodeksida keltirilgan boʻlib, nodavlat va davlat tashkilotlari uchun bir xilda amal qiladi.
— Nodavlat tashkilotda ishlaydiganlarga ham “dekret” puli berilsa, tartibi va miqdori davlat tashkilotlaridagi kabi boʻladimi?
— Mehnat kodeksining 404-moddasiga asosan homiladorlik va tugʻish taʼtilidagi xodimga oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlanadi.
Bu tartib xodim budjet tashkiloti yoki budjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotda band boʻlishidan qatʼiy nazar amal qiladi.
Faqatgina, hozirgi kunda budjet tashkiloti hisoblanmagan yuridik shaxslarda band ayollarga qonunchilik bilan belgilangan homiladorlik va tugʻish nafaqasining qismi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlab berilmoqda. Qolgan qismi oʻrnatilgan tartibda ish beruvchisi tomonidan qoplanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 sentabrdagi 515-sonli qaroriga koʻra, xususiy korxonalarda, yuridik shaxslarda 6 oy uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan ayollarga dekret puli isteʼmol xarajatlarini 4 baravari miqdorida budjet hisobidan toʻlab berishi nazarda tutilgan. Ortiq qismini ish beruvchilar toʻlashi mumkin. Bu miqdor hozirgi kunda sal kam 2 million soʻm hisoblanadi.
Bola parvarishi uchun nafaqa miqdori esa hozirgi kunda mehnatga haq toʻlash miqdorining 60 foizi, yaʼni 588 ming soʻmni tashkil etadi.
Xayrulla ABDURAHMONOV tayyorladi.
Oyina.uz