Farzandingiz chizgan ilk suratlarni eslay olasizmi, oʻzingiznikinichi? Ularda nimalar tasvirlangandi? Oʻsha rasmlar muallifining ruhiy holatini tarjima qilib berishi mumkinligini bilasizmi? Bu maqola aynan shu haqda.
Rasm chizish jarayoni bolalarga oʻz fikrlarini, his-tuygʻularini va tajribalarini tasvirlash imkonini beradi, bu esa ularning ruhiy holatini tushunishda muhim maʼlumot manbai boʻlib xizmat qiladi. Shu bois, bolalar chizgan rasmlarga asoslangan psixologik tahlil nafaqat diagnostika, balki davolash va profilaktika jarayonlarida ham muhim oʻrin tutadi.
Psixologlarning taʼkidlashicha, bolalar chizgan rasmlardan ularning ruhiy holatini aniqlashning turli tahlil usullari mavjud. Bu usullar asosan ranglar, shakllar va figuralarni oʻrganishga qaratilgan. Masalan, ranglar tanlovi bolaning kayfiyati, hissiy holatini koʻrsatishi mumkin.
Agar bola rasmida koʻp miqdorda qizil rangdan foydalanayotgan boʻlsa, bu uning ichki bezovtaligi, agressiyasi yoki kuchli his-tuygʻularini bildirishi mumkin. Aksincha, koʻk va yashil ranglar osoyishtalik va tinchlik holatini ifodalaydi. Toʻq ranglardan foydalanish tushkunlikni ifodalasa, faqat bitta rangdan foydalanish cheklanganlik yoki oʻzini ifoda etishdagi muammolarni anglatadi.
Shuningdek, rasmda ishlatilgan shakllar va ularning joylashuvi ham psixologik maʼnoga ega. Masalan, chizilgan figuralarning kattaligi, ularning qogʻozda joylashuvi, chizilgan odamlarning koʻrinishi yoki holati bolaning oʻzini qanday his qilayotganini koʻrsatishi mumkin.
Agar bola oʻzining rasmida oʻzini juda kichik hajmda yoki mavhum chizmalar orqali tasvirlasa, bu uning oʻziga boʻlgan ishonchsizligini yoki oʻzini qadrlamasligini koʻrsatadi. Masalan, bir bola oʻz portretida yuzini aniq chizmay, faqat kichik doira qilib chizsa, bu uning oʻz qobigʻiga oʻralib olganini anglatishi ehtimoldan holi emas.
Psixologiyada bolalar uchun moʻljallangan “Inson rasmi” metodi diagnostikada keng qoʻllaniladi. Ushbu testda bola odam suratini chizadi va psixologlar tasvirdagi tana aʼzolari – bosh, qoʻllar, oyoqlar, yuz ifodasi kabi elementlarni tahlil qiladi.
- Agar bola boshni juda katta chizsa, bu uning aqlli va gʻoyalar bilan bandligini bildiradi.
- Agar qoʻllar yoki oyoqlar ancha kichik yoki chizilmagan boʻlsa, bolaning harakat erkinligi yoki ijtimoiy munosabatlariga daxl qilinayotgan boʻlishi mumkin. Katta qoʻllar esa yo faollikni, yo tajovuzkorlikni bildiradi.
- Yuz ifodasining yoʻqligi yoki juda sodda chizilishi esa bola oʻzini tushkun yoki befarq his qilayotganidan darak beradi.
- Juda katta yoki oʻtkir koʻzlar – qoʻrquv, xavotir belgisi.
Baʼzan rasmdagi boʻsh joylar yoki chizilmagan qismlar ham muhim signal boʻlib, bolaning ichki muammolari haqida maʼlumot berishi mumkin. Masalan:
Oila aʼzolarini tasvirlashdagi psixologik maʼnolar
Bolalar oʻz oilasini suratda ifodalaganda har bir aʼzoning tasviri – ular orasidagi munosabatlar; joylashuvi esa bolaning oila haqidagi his-tuygʻulari, xavfsizlik hissi va ijtimoiy holatini aks ettiradi. Masalan:
1. Oila aʼzolari tasviri kattaligi va joylashuvi
- Agar bola ota yoki onani juda katta qilib chizsa, bu uning ularga boʻlgan hurmati yoki ularga bogʻliqligini va oʻsha odamning oiladagi bola tasavvuridagi oʻrnini koʻrsatadi.
- Aksincha, agar ota yoki ona kichik yoki rasmda uncha aniq tasvirlanmagan boʻlsa, bu oʻsha oilada bolaga juda kam eʼtibor qaratilayotganini anglatadi.
- Oila aʼzolarining rasmda bir-biriga yaqin yoki uzoqda joylashuvi ular orasidagi hissiy yaqinlik yoki sovuqlik haqida ishora beradi.
2. Yuz ifodasi va tana tili
- Agar bola oila aʼzolarini baxtli, kulayotgan yoki bir-biriga qarab turgan holatda chizsa, bu oilada iliq va sogʻlom munosabatlar mavjudligini anglatadi.
- Agar rasmda odamlarning yuzlari koʻrsatilmagan yoki yuz ifodasi tushkun boʻlsa, bola oiladagi ziddiyatlar yoki tushkunlikni sezayotgan boʻlishi mumkin.
3. Muayyan aʼzolarning yoʻqligi yoki chetga surilishi
- Baʼzan bola rasmda biror oila aʼzosini chizmaslik yoki ularni eng chekkada tasvirlashi – oʻsha shaxs bilan bola oʻrtasidagi munosabatlarda muammolar borligini koʻrsatadi.
4. Qoʻllar va tana harakati
- Qoʻl berib turish, bir-birini quchoqlash iliq munosabatlar belgisi. Orqasiga yashirilgan yoki belga qoʻyilgan qoʻllar esa sovuqlik yoki ziddiyat belgilari boʻlishi mumkin.
Shakllarning psixologik maʼnosi
1. Doira (aylana) – butunlik, himoyalanganlik, tinchlik va xavfsizlikni anglatadi. Bola oʻzini himoyalangan, qulay va osoyishta his qilayotganida koʻpincha doira yoki yumaloq shakllarni chizadi. Masalan, doira ichida oila aʼzolarini tasvirlash ularning bir-biriga yaqinligi va oilaviy bogʻliqlikni bildiradi.
2. Toʻgʻri toʻrtburchak (kvadrat, toʻrtburchak) – qatʼiylik, tartib, barqarorlik va chegaralarni anglatadi. Bola oʻz hayotida tartib va xavfsizlikni istasa yoki tartibli muhitda boʻlsa, toʻrtburchak shakllarni koʻproq chizishi mumkin. Biroq oʻtkir burchakli shakllar boladagi gʻashlik yoki tushkunlikni koʻrsatishi ham mumkin.
3. Uchburchak – energiya, qaror qabul qilish va baʼzida agressiya ramzi sifatida qaraladi. Bola uchburchak shaklni chizganda, u oʻzining ichki kuchini yoki hayotdagi ziddiyatlarni ifodalaydi.
4. Chiziqlar
- Vertikal chiziqlar – kuch, qatʼiyat, maqsadga intilish belgisi.
- Gorizontal chiziqlar – tinchlik, barqarorlik va passivlikni ifodalaydi.
- Qiyshiq yoki egri-bugri chiziqlar – bezovtalik yoki ichki qarama-qarshilikni koʻrsatadi.
Tabiat tasviridagi ruhiy holat maʼnolari
Bolalar koʻpincha oʻz his-tuygʻularini va atrofdagi dunyoni tabiat tasviri orqali ifodalaydi. Buning qaysi biri va qanday chizilganligi bolaning oilaviy munosabatlari, ruhiy holati va ichki dunyosini anglashda yordam beradi. Masalan:
1. Daraxt
- Katta va sogʻlom daraxt: Bu ota-ona yoki oilaning barqarorligi, bolaga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va himoyani anglatadi.
- Quruq, yorilgan yoki kichik daraxt: Bola oiladagi muammolar yoki qarama-qarshiliklarni his qilayotganidan dalolat.
- Daraxtni ildizlari bilan tasvirlash: Bu bolaning oʻzini oilaga bogʻliq his qilishini yoki oiladagi xavfsizlik darajasini bildiradi.
Shuningdek, daraxtlar yashil, sogʻlom boʻlsa, tabiatga bogʻliqlik, sogʻlom rivojlanish belgisi. Qurigan, qulab tushgan daraxtlar esa hissiy charchoq, tashvish belgisi boʻlishi mumkin.
2. Quyosh va bulutlar
- Quyosh: Yorqin, katta va iliq quyosh bola oilada iliq munosabatlarni, xavfsizlik va quvonchni his qilayotganini bildiradi. Quyosh, asosan, bolaning ona bilan aloqasini bilishda muhim detaldir. Agar quyosh markazda yorqin va porloq holda tasvirlansa, bu bolaning ona bilan munosabati yaxshi ekanidan, ona bolasini mehr va xavsizlik bilan taʼminlayotganini bildiradi. Porloq nurlar quyoshga bogʻlangan boʻlsa, bola onasiga qattiq bogʻlanganini, nurlar uziq holda tasvirlansa, bolaning onasi bilan munosabatlarida uzilishlar borligini, ona mehri va eʼtiboriga toʻymay qolayotganini anglatadi.
Agar quyosh chekkada yoki togʻlar (bulutlar) orasida tasvirlangan boʻlsa, bolaning hayotida ona degan shaxs nomigagina mavjudligi, ish-turmush tashvishlari bilan ona bolasiga vaqt ajratolmayotganidan dalolat.
- Bulutlar, yomgʻir yoki qorongʻi osmon: Bu orqali bola ichki bezovtaligi, tushkunligi yoki oilaviy muammolar borligini ifodalayotgan boʻlishi mumkin.
3. Gul va boshqa oʻsimliklar
- Gullar: Koʻpincha baxt, oʻsish va rivojlanishni ifodalaydi. Agar gullar rang-barang va yorqin boʻlsa, bu bolaning oʻzini baxtli va himoyalangan his qilayotganini bildiradi.
- Soʻligan yoki xunuk gullar: Bola ruhiy yoki oilaviy tushkunlikni sezayotganini koʻrsatadi.
4. Uy tasviri
- Odatda, uy ota siymosi bilan bogʻlangani uchun katta va pishiq uy oilada otaning oʻrni mustahkam ekanidan dalolat beradi. Xunuk va xaroba uy bolaga ota mehri yetishmayotganini bildiradi.
- Uyning derazalari ochiq va eshik bilan tasvirlansa, bu bola munosabatlarga ochiqlik, mehr va xavfsizlikni his qilayotganidan darak.
- Uy eshik-derazasiz tasvirlansa, yolgʻizlik va tashqi dunyodan himoyalanganlik belgisi.
- Uyda tutun, yongʻin, qora bulutlar boʻlsa, bu zoʻravonlik, qoʻrquv, xavotir belgisi boʻlishi mumkin.
5. Tabiat elementlarining joylashuvi va umumiy kompozitsiya
- Agar bola rasmida tabiat elementi (daraxt, quyosh) alohida, markazda joylashgan boʻlsa, bu uning ota-onaga yoki oilaviy muhitga boʻlgan eʼtiborini bildiradi.
- Agar tabiat elementlari rasmning chetida yoki kichik hajmda chizilgan boʻlsa, bola oʻzini oilaviy munosabatlardan ajratilgan yoki chetda his qilayotgan boʻlishi mumkin.
Demak, chizmalarda ifodalangan ranglar, shakllar, obrazlar va tafsilotlar orqali bola oʻz his-tuygʻulari, qoʻrquvlari, quvonchlari hamda orzularini anglatar ekan, psixologlar va pedagoglar uchun bu rasmlar “muallif” bilan muloqot qilish, uni yaxshiroq tushunish va kerak boʻlsa, oʻz vaqtida yordam koʻrsatish imkonini beradi. Shunday ekan, bolalar chizgan rasmlarga befarq boʻlmaslik, balki ularni tahlil qilish va tushunishga intilish har bir ota-ona va tarbiyachining muhim vazifasidir.
Ziyoda TURDIBOYEVA