Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yarim asrdan ziyod vaqt (1968-yil) mobaynida xalqimizga maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy yoʻnalishda xizmat qilib kelmoqda. Ushbu dargoh bir vaqtning oʻzida ham ilmiy-tadqiqot muassasasi, ham madaniy-maʼrifiy maskandir.

Muzey binosining oʻzi oʻtgan asrning 30–40-yillarida bunyod etilgan noyob meʼmoriy yodgorlik sanaladi. Maskanning joylashuvi ham oʻziga xos ramziy maʼnoga ega: buyuk mutafakkir nomi bilan ataluvchi shohkoʻcha (1938-yilda nom berilgan), Alisher Navoiy metro bekati va Adabiyot muzeyi birlashib, yaxlit tarixiy-madaniy muhitni hosil qiladi. Shuningdek, muzeyda noyob qoʻlyozmalar, toshbosma asarlar hamda yozuvchi va shoirlarning boy arxivi saqlanadi. Quyida esa muzeyning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri – betakror devoriy suratlar haqida toʻxtalib oʻtamiz.

Chingiz Ahmarov. Navoiy lirikasiga monumental dekaratsiya. 

Muzeyning ikkinchi qavati toʻligʻicha Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan. Buyuk shoir merosini tasviriy sanʼat orqali aks ettiruvchi “Navoiy lirikasi” zali bu borada alohida ahamiyat kasb etadi. Mashhur musavvir Chingiz Ahmarov (1912–1994) tomonidan ishlangan devoriy suratlarda gʻazallarda kuylangan goʻzal mahbuba siymosi tasvirlangan boʻlib, ular tomoshabinda estetik zavq uygʻotadi.

Temur Saʼdullayev. “Xamsa” zaliga ishlangan devoriy surat Navoiyning “Farhod va Shirin” illyustiratsiya.

Bundan tashqari, har bir surat yuqorisiga shoir va xattot Charxiy domla (1900–1979) tomonidan Navoiy gʻazallarining matlaʼsi nafis nastaʼliq xatida bitilgan. Xattotlik sanʼati va tasviriy goʻzallikning bunday garmoniyasi tomoshabinni sehrlab qoʻyadi, Navoiy sheʼriyati haqida teran va yaxlit tasavvur uygʻotadi.

Buyuk shoirning XV asr adabiyotining yirik namoyandasi Abdurahmon Jomiy bilan adabiy hamkorligi va doʻstligini aks ettiruvchi muzey ashyolari orasida Chingiz Ahmarov va uning shogirdi Alisher Shomurodov hamkorlikda yaratgan devoriy sopol panno alohida oʻrin tutadi. Ushbu sanʼat asari har ikki adib oʻrtasidagi ijodiy aloqalarni koʻrsatuvchi yorqin lavha hamda nafis tasviriy sanʼat namunasidir. Shuningdek, musavvir Chingiz Ahmarov tomonidan Alisher Navoiyning tavallud va vafot sanasi aks ettirilgan devoriy panno ham mavjud boʻlib, uning oʻxshashi keyinchalik Alisher Navoiy nomli metro bekati devorlariga ham ishlangan.

Chingiz Ahmarov va shogirdi Alisher Shomurodov. Jomiy asarlariga sopol pano. 

Alisher Navoiy ijodiy merosini yorituvchi “Xamsa” zalida muzey rassomi Temur Saʼdullayev qalamiga mansub beshta devoriy surat oʻrin olgan. Ushbu asarlar shoir dostonlari syujetlari asosida yaratilib, tomoshabinga epopeya mazmuni haqida toʻliq tasavvur beradi. Zaldan “Xamsa”ning turli yillarda nashr etilgan noyob nusxalari, ilmiy tadqiqotlar hamda toshbosma kitoblar joy olgan boʻlib, ular ziyoratchilarga asar haqida keng va har tomonlama maʼlumot ulashadi.

Chingiz Ahmarov. Devoriy panno. Alisher Navoiyning tavallud va vafot sanasi tasvirlangan.

Muzeyning ikkinchi va uchinchi qavatlari oraligʻidagi maxsus zal Zahiriddin Mirzo Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan. Zalning yogʻochdan ishlangan hind uslubidagi toqi-shifti oʻta nafis bezatilgan boʻlib, uning tevaragiga muzey ilmiy xodimi, xattot Toʻxtamurod Zufarov tomonidan Bobur ruboiylari arab yozuvida husnixat bilan bitilgan. Bu yerdagi tasviriy sanʼat namunalari shoirning boy merosini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.