Soʻzimiz avvalida ayrim raqamlarga eʼtibor qaratsak: 2023-yilda dunyo boʻyicha har soniyada 8,4 nafar kishi turli ijtimoiy tarmoqlarga obuna boʻlgan. Yil davomida ularning soni 5,6 foizga oʻsib, 266 million nafarga koʻpaygan. Hozir yer yuzida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 5,04 milliard nafardan ziyod. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bir kunda oʻrtacha 2 soat-u 23 daqiqa vaqtini internet uchun sarflaydi. Agar bu raqamlarning umumiy yigʻindisi hisob-kitob qilinsa, 2024-yilda insoniyat 500 million yil vaqtini turli ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazar ekan. 

Ha, internet, ijtimoiy tarmoq va mobil telefonlar allaqachon odamlar hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Biznes, ishlab chiqarish, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, axborot almashinuvi kabi qator sohalarni oʻrgimchak toʻrisiz tasavvur qilish mushkul. Hatto yurish-turishimiz, yeb-ichishimiz, kiyinishimiz, eng muhimi, dunyoqarashimiz shakllanishini ham internet belgilab berayotir. Kunda, kunora yangi texnologiyalar yaratilayotgan shiddatli davrda oqimga qarshi suzish, har qadamda oʻzingni ihotalab yashashing imkonsiz.

Diqqat bilan qarasangiz, biz ham dunyo ahli singari oʻrgimchak toʻri ichra yashamoqdamiz. Goʻyo keng dunyo oʻrgimchak iniga aylanib qolganday, hamma tomonni koʻzga koʻrinmas toʻr qoplagan. Lekin bu jarayonni oʻrgimchak toʻri emas, bilim va imkoniyat manbai sifatida koʻrsa ham boʻladi. Faqat kimga qanday?

Ikki yil burungi maʼlumotga koʻra, Oʻzbekiston aholisining internetdan foydalanuvchilari soni 31 million nafar boʻlib, ularning 29,5 millioni mobil telefon orqali mazkur xizmatdan foydalanadi. Xoʻsh, yurtdoshlarimiz internetdan qanday foydalanmoqda?

Tanganing  ikki tomoni boʻlgani singari, internetning ham yaxshi va yomon tomonlari bor. Undan qanday maqsadda foydalanish har bir insonning oʻziga bogʻliq. Shoir aytganiday “hikmat izlaganga hikmat, gʻurbat izlaganga gʻurbatdir dunyo”. Internet ham kimdir hikmat topsa, kimdir gʻurbat topadigan dunyoga aylandi. Internetning uzogʻimizni yaqin, ogʻirimizni yengil, koʻp yumushlarimizni qoʻlimizdan olgan dastyor sifatidagi yaxshi imkoniyatlarini inkor etmay, ayrim yurtdoshlarimizning kaltabinligi, saviyasizligi, nosogʻlom fikr yuritishi sababli milliy tafakkur va maʼnaviy hayotimizni botqoqqa tortishda vosita boʻlib qolayotganini aytib oʻtish oʻrinli. Shuning uchun biz bu maqolamizda koʻproq  xatarli, xavotirli jihatlar haqida toʻxtalmoqchimiz. Maqsadimiz – ogohlik.

Koʻp hollarda odamlarimiz, yaʼni katta-kichik yurtdoshlarimizning qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarib qoʻyayotganiga guvoh boʻlayapmiz. Har holda ijtimoiy tarmoqlarda xalqimizning turli qatlami vakillari tomonidan yozilayotgan, foto va video koʻrinishida joylayotgan bachkana va didsiz axborotlar shunday xulosaga kelishimizga asos boʻla oladi. Keling, quyida ana shunday baʼzi misollarni tahlil qilib koʻraylik.

“Youtube” tarmogʻida 509 mingdan ortiq obunachiga ega bir kanalda yurtimizda anchagina taniqli boʻlgan xonanda bilan uyushtirilgan suhbatga eʼtibor qarataylik:

– Oilangiz haqida gaplashsak? – kanal nomini familiyasi bilan atagan boshlovchi xonim savol soʻraydi.

– Hozirgi kunda oilam yoʻq, – deb javob beradi yolgʻondakam boʻlsa-da afsuslanishni xayoliga keltirmayotgan haligi xonanda.

– Ajrashgansiz? Agar sir boʻlmasa, ayting-chi, necha marta turmush qurgansiz oʻzi? Bolalarim koʻp deb doim gapirib yurasiz.

– Sanab koʻrishim kerak! Chunki dabdurustddan bu savolga javob berishim qiyin. Aslida toʻgʻrisi ham shu. Allohdan yashirmagan, bandasidan yashirarmidim?

Xonandaning javoblarini eshitib boshlovchi kulib qoʻyadi.

– Hamma bolalaringizni oʻzingiz yuz foiz taʼminlaysizmi?

– Ikki bolamga aliment toʻlayman. Bir qizim Germaniyada yashaydi. Hozir 19 yoshda. Shu kungacha unga biror nima qilib berdim deb katta gapirolmayman.

– Oʻsha qizingiz birinchi turmushingizdan, shundaymi?

– Ha, shunday. Onasi bilan ajrashganmiz. Ikkinchi turmushimdan esa uch nafar farzandim bor. Ularning issiq-sovugʻidan xabardor boʻlib turish boʻynimda. Uchinchi va toʻrtinchi turmushimdan ham bir nafardan oʻgʻlim bor. Ularga aliment toʻlayman. Beshinchi turmushimdan yana bir qizim bor. Uning hol-ahvolidan xabar olib turaman. Oltinchi turmushimdan yana bir nafar oʻgʻil farzand bor. Onda-sonda koʻrishib turishimizni aytmasam, ochigʻi, mutlaqo xabarlashmaymiz.

– Oʻgʻlingiz bilanmi?

– Ha.

– Hozir oʻsha oʻgʻlingiz necha yosh?

– Bilmadim. Ikki yosh boʻldimikan-a?..

Yo tavba! Ellikka kirgan odamning gaplariga qarang-a! Fojeali taqdiri haqida hech xijolatsiz, uyalmasdan, goʻyo bir ishni doʻndirib qoʻygan qahramonday mardonavor gapirib oʻtiribdi. Hayotidagi xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarish oʻrniga qilgan ishidan mamnunday. Olti marta uylanganidan masrurday! Hayotning oq-u qorasini koʻrgan odam ommaga shu gaplarni tortinmay aytib tursa, hali hayot qozonida qaynab koʻrmagan yoshlarimizdan nimani kutish mumkin?

Afsuski, bunday holat birinchisi ham, oxirgisi ham emas. Sal ilgari yana bir ashulachi besh nafar xotini, 15 nafar farzandi borligini aytib maqtangan edi. Boshqa bir yallachi umrida umuman kitob oʻqimaganidan faxrlanib gapirib chiqdi. El ichida taniqli boʻlgan bir tadbirkor esa maktabda “ikki”chi boʻlganini tan oldi.

Afsuski, soʻnggi paytlarda bu shakl va mazmundagi gurunglar internetning oʻzbek segmentida juda koʻpayib ketdi. Har kim ogʻziga kelgan gapni oʻylamay-netmay gapirib yotibdi. Kimdir eʼtiroz bildirguday boʻlsa, soʻz erkinligini pesh qilib darrov ogʻzingizga uradi. Ohanjamaga oʻch yurtdoshlarimiz esa bilib-bilmay, gapning maʼnisiga yetmay, ularning piligiga moy quyish bilan band. Bunday qora tashviqot ertaga farzandlarimizning kelajagiga salbiy taʼsir qilishi haqida hech kim oʻylayotgani yoʻq. Maʼlumki, omma azal-azaldan mashhur, taniqli kishilarning hayoti, ular haqidagi maʼlumotlarga qiziqadi. Koʻp hollarda ularning ibratli ishlaridan, yurish-turishidan, oʻrni kelsa, xatolaridan xulosa chiqargan odamlar yomondan yaxshilikka, oʻgʻrilikdan toʻgʻrilikka oʻtgan. Bugun odamlarimiz mashhurlardan nimalarini oʻrganishi mumkin? Qayta-qayta xotin olishnimi? Farzandlar holidan xabar olmaslik va ularning tarbiyasi bilan shugʻullanmasliknimi?

Oʻzbek xalqi mudom oilani muqaddas sanab kelgan. Oilaning mustahkamligi, farovonligi yoʻlida ne-ne mashaqqat va sinovlarga dosh bergan. Oʻrni kelsa, ayolning yoki erkakning aybi, xato va kamchiliklari yashirilgan. Taajjubki, hozir er-xotin tinmasdan aybni bir-biriga agʻdaradi, yetmaganiga butun ommaning oldiga chiqib, bir-birini yer bilan yakson qiladi. “Ursang eti, gapirsang beti qotadi” deganlariday, internet tarmogʻida kun sayin urchib borayotgan bunday bemaza va tuturuqsiz videolar boshqa oilalar muhitiga u yoki bu darajada salbiy taʼsir koʻrsatishi aniq. Oʻzi shundoq ham yurtimizda muammoli oilalar koʻpayib ketayapti. Oʻzbekistonda 9 milliondan ortiq oila bor. Yiliga 250–300 ming yangi oila qurilmoqda. Ammo shu bilan birga, har yili oʻrtacha 45–49 ming oila buzilib, ajrashib ketayapti. Shuncha oilaning barbod boʻlishi butun jamiyatga taʼsir qiladi.

Internet olamidagi yana bir mavzu katta-kichikning eʼtiborini jalb etdi. Gap shundaki, bir yosh futbolchining ayoli “Youtube” tarmogʻidagi bir kanalga intervyu berib, qaynotasini unga shilqimlik qilganlikda aybladi. Ana koʻring-da tomoshani. Avvaliga oʻzbek segmentidagi barcha saytlar, kanallar, boringki, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham oʻz sahifalariga bu xabarni yashin tezligida joylab, shov-shuv koʻtarib yubordi. Soʻngra turli guruh va davralarda muhokamalar boshlanib ketdi. Kimdir kelinchakning tarafini olib iddao qilsa, boshqa birov hali oʻzbek erkaklarining or-nomusi oʻlmagan deb qaynota tomonda turib baqir-chaqirni boshlab yubordi. Qisqasi, yuz minglab yurtdoshlarimiz ikki-uch kun ana shu video bilan ovora boʻlib yashadi.

Oradan toʻrt-besh kun oʻtib, loyqa suvlar tinganday edi. Ammo kutilmaganda yana hammasi qaytadan boshlandi. Oʻsha videoni internetga joylagan kishilar bu safar har ikki tomonning mazkur voqeaga munosabatini eʼlon qildi. Tabiiyki, hech kim aybdor emas, tomonlar bir-biriga tosh otish bilan ovora. Xullas, boshi-oxiri yoʻq “dedi-dedi”lar.

Uch kun ichida ikki yuz ellik ming odam koʻrgan bunday videolar oʻzbek jamiyati uchun yarashmaydi, albatta. Ikkovora gurungda ham tilga olish uyat boʻladigan bunday mavzularning ommaviy efirga tarqatilishi yaxshilik alomati emas. Asta-sekin yuqumli tus olib, ommalashib borayotgan bunday illatlar borib-borib milliy qadriyatlarimiz, milliy ongimiz va madaniyatimizning ich-ichidan yemirishi mumkin. Millat tafakkuriga yot gʻoyalarni, “ommaviy madaniyat” niqobidagi boʻlmagʻur hayot tarzini, Gʻarbning oʻzini-da dovdiratib qoʻyayotgan gʻarbona buzgʻunchi odatlarni turmush tarzimizga singdirib yuborishi ehtimol. Galdagi misoldan ham  xavotirimiz nechogʻli oʻrinli ekanini anglasa boʻladi.

Besh-olti oy ilgari turli ijtimoiy tarmoqlarda dilni xira qiladigan bir video tarqaldi. Oʻzganing uyiga kirib, shkafga berkinib olgan begona yigit ushlab olinib, toʻrt-beshta kishi tomonidan tergalgan holat tasviri jamoatchilikda gʻazab uygʻotdi. Kutilmaganda esa...

Oradan koʻp fursat oʻtmay birovning uyiga koʻz olaytirgich oʻsha yigit kutilmaganda ayrim befarosat yurtdoshlarimiz tomonidan salkam qahramon darajasiga koʻtarib yuborildi. Dastlab bir bloger u bilan hamkorlikda videorolik olib, sotiladigan uyni reklama qildi. Soʻngra boshqa odamlar ham uning ismini qoʻshib, misoli birovning uyiga yashirincha kirib olgandek boʻlib oʻnlab, balki yuzlab videolar tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatdi. Ular orasida oʻzbek ayol va qizlarining ham borligi juda achinarli.

Ha, bugun gazeta-jurnallar, kitoblarni bir chetga qoʻya turaylik,  koʻpchilik televizor ham koʻrmay qoʻydi. Chunki odamlar tafakkur qilishga, fikr yuritishga erinib qoldi. Yengil-yelpi, arzon-garov mahsulotlarning xaridoriga aylandi. Hayotning maʼnosini ijtimoiy tarmoqlardagi bachkana, saviyasiz, didsiz turli audio va videolar bilan oʻlchaydigan boʻldi. Hatto tadbirkorlar koʻproq foyda olish ilinjida mahsulotini oʻshalarga reklama qildirayapti. Pulning hidini olgan ayrim bloger va vaynerlar moyli mijozni qoʻldan boy bermaslik payida qoʻlidan kelgancha tayini yoʻq videolar olib, odamlarning eʼtiborini tortishga urinmoqda. Oqibatda na mantiqqa, na axloq-odob mezonlariga toʻgʻri keladigan, qoʻpol qilib aytganda odam jirkanadigan “ijod mahsullari” ommalashmoqda. Ayrim videolarda millatning ustidan kulish, mahalliychilik qilish, hatto qishloq odamlarini ovsar qilib tasvirlash tez-tez uchrab turibdi. Bu haqda taniqli rejissyor Jahongir Ahmadov ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida kuyinib fikr bildirdi:

“Odamlarni ovsar, landavur, ahmoq, jinni, qoloq, omi, befarosat, savodsiz qilib koʻrsatmoqchi boʻlishsa, nega boshiga doʻppi kiydirib qoʻyishadi?! Bironta turkning milliy boshkiyimini kiyvolib qiyshanglayotganini koʻrganmisiz? Men hatto qozoq, qirgʻiz qardoshlarimizning ham bunday qilishganini koʻrmaganman.

Yigitlar, doʻppi oʻzbek millati uchun shunchaki boshkiyim emas, bu qadriyat! Aqlni yigʻib olish kerak!”.

Ijtimoiy tarmoqlardagi yana bir ogʻriqli masalalardan biri – oxirgi vaqtlarda hissiyotni junbishga keltiruvchi dorilar reklamasi hamda er-xotin munosabatlariga burnini suqib, ularga aql oʻrgatuvchilar toifasi koʻpayib ketdi. Hadeganda qarshingizdan chiqib keladigan bu reklamalarda taniqli artistlar ishtirok etayotgani biroz gʻalati. Bir filmda muallim, boshqasida oqsoqol rolini oʻynaydigan kishilarning shu mahsulotni ichsangiz undoq boʻlib ketasiz, bundoq natijaga erishasiz deb turishini, ochigʻi, hazm qilish qiyin. Ularning kuyib-pishib bu dorilarni reklama qilishini koʻrgan odam Oʻzbekistonda birorta sogʻlom erkak va ayol qolmabdi degan xayolga boradi. Vaholanki, oʻtgan yili qaysidir xorijiy tashkilot bu borada oʻzbeklarda muammo yoʻq deya hisobot bergan edi.

Qisqasi, internetning oʻzbek segmentidagi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib baraka topish qiyin. Tosh bosadigan chiqishlar barmoq bilan sanarli. Misollarda keltirilgan kabi “asar”lar ommaga yoqqani bilan millatning kelajagi, yurt ravnaqi uchun foydasiz. Qaytanga, odamlarning didini, saviyasini oʻldirmoqda. Kimdir istamasang internet yoki ijtimoiy tarmoqlardan nari tur deyishi turgan gap. Lekin yosh-u qarining qoʻlida mobil telefoni boʻlgan hozirgi zamonda bu imkonsiz. Yaxshisi, har birimiz tafakkur qilib, oʻzimiz, bolalarimiz taqdiri uchun xulosa chiqaraylik. Aytib oʻtganimizday, internet va ijtimoiy tarmoqlardan gʻurbat yo illat emas,  hikmat topsa ham boʻladi.

Azim ROʻZIYEV

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.