2024-yilgi Parij Olimpiadasi chempioni Qozogʻistonning Aqtau shahrida oʻtkazilayotgan xalqaro musobaqada barcha raqiblarini ippon bahosi bilan magʻlub etdi.
17-oktyabr kuni dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Olimpiada va Osiyo chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibi, Jahon chempionati sovrindori Diyora Keldiyorova (-52 kg) Qozogʻistonning Aqtau shahrida oʻtkazilayotgan xalqaro turnirda oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Ikki yarim yillik tanaffusdan soʻng tatamiga qaytgan Keldiyorova final bahsida ozarbayjonlik Farida Mirzayevani muddatidan oldin magʻlub etib, musobaqa gʻolibiga aylandi.
Oʻzbekistonlik dzyudochi turnir davomida oʻzi ishtirok etgan barcha bellashuvlarda raqiblarini ippon bahosi bilan magʻlub etdi. Ushbu gʻalaba Keldiyorovaga jahon reytingi uchun 100 ochko taqdim etdi.
Maʼlumot uchun, Diyora Keldiyorova 2024-yil 28-iyul kuni Parij Olimpiadasida ayollar oʻrtasida -52 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritgan. Olimpiya oʻyinlaridagi gʻalabasidan keyin farzandli boʻlgani sababli sportchi musobaqalarda tanaffus qilgan va shu vaqt ichida bir qator yirik turnirlarni oʻtkazib yuborgan.