Shu kunlarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining “Fonus” loyihasi doirasida suratga olingan 4 ta qisqa metrajli filmlar namoyishi boʻlib oʻtdi. Jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, muammolar, milliy gʻurur, turkiy birdamlik haqida hikoya qiluvchi “Chegara”, “Ichan Qalʼa”, “Qoʻshnilar” va “Fonus” filmlari tomoshabinlarda turlicha mulohazalarni uygʻotdi.  Oyina.uz ushbu qisqa metrajli filmlar haqida bildirilgan fikrlarni bir joyga jamladi.

 

Iqbol QOʻSHSHAYEVA, sanʼatshunos:

“Fonus” – bu shunchaki qisqa metrajli filmlar toʻplami emas. Bu Maʼnaviyat va maʼrifat markazi haqida yillar davomida shakllangan dogmatik tasavvurlarni sindiradigan badiiy-ijtimoiy daʼvodir. Kerakli daʼvo!   Anʼanaviy targʻibot – voizlikning ham oʻrni yoʻq emas. Ammo kino sanʼati orqali xalq qalbiga yoʻl topish – targʻibotning eng samarali, eng ishonchli va eng barqaror shakli ekani, shubhasiz.

 “Chegara”, “Ichan Qalʼa”, “Qoʻshnilar” va “Fonus” filmlarining har biri mafkuraviy ildizga ega. Shokir Xoliqovning loyihaga jalb etilgani juda toʻgʻri qaror boʻlgan. Xoliqov gʻoyani insoniy dard va ichki samimiyat bilan yetkazadi, balandparvoz pafos yoʻq – oʻy bor, savol bor, javobni hissiyotga gʻarq boʻlgan tomoshabinning oʻzi izlaydi.

“Chegara” filmida mustaqillikdan keyingi ilk maʼmuriyat siyosati badiiy idrok etilgan boʻlsa, “Fonus” filmi paxta qulligi orqali sovet tizimi siyosatini ochib beradi va taʼlimsiz Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyib boʻlmasligi gʻoyasini sof insoniy hislar bilan ifodalaydi.

“Qoʻshnilar” filmida geosiyosiy masalalar maishiy hayot fonida tabiiy aks etgan. Ijodiy guruhning bu qadamiga alohida rahmat aytaman.  Darvoqe, film finalidagi yangi uy fonini kimdir Yangi Oʻzbekiston ramzi deb qabul qilar, yana kimdir Yangi Turkiston – kelgusidagi Buyuk Osiyo deb talqin qilar… Orzuga ayb yoʻq!

“Ichan Qalʼa” esa tomoshabinni oʻtkir savollar qarshisida qoldiradi: qonun inson uchunmi yoki inson qonun uchunmi? Qonunlar insonga yordam berish uchun yaratiladimi yoki uning hayotini yanada murakkablashtirish uchunmi?

Toʻrt film – toʻrt dard. Har biri mafkuraviy ildizdan oʻsgan, ijtimoiy hayot sahnida kechinilgan iztirob. Va har biri – zulmat ichida yoʻl izlayotgan inson uchun yoqilgan alohida fonus.

Dadaxon MUHAMMADIY, shoir:

Buyurma asarni hafsala bilan, samimiy yozsa boʻladi. Vatan haqida ayuhannos solmasdan ham gapirish mumkin. Yurtni sevishingni iddao qilmasdan ham aytsa boʻladi. Buyurtma kinoni ham did bilan, koʻngilga yetib boradigan qilib tasvirga olish mumkin. Albatta, qip-qizil boʻlishi shart emas. Kecha rejissyor doʻstimiz Shokir Xoliqovning 4 ta qisqa metrajli filmlari premyerasida boʻldik. Shokir oʻz yoʻlini allaqachon topdi, oʻziga xosligini yaratdi: uning kinolarida odamlardan koʻra detallar, tasvirlar, nigohlar, holatlar gapiradi. "Chegara" filmidagi kechinmalarni boshidan oʻtkazgan qirgʻizistonlik oʻzbeklardan, andijonlik doʻstlarimizdan eshitganman. "Ichan qalʼa" filmidagi holatni koʻrib ichim ezildi. Bir odamga emas, yoʻlini yoʻqotib qoʻygan qancha odamlarga... "Qoʻshnilar"da yashirilgan (aslida yashirilmagan) majozlarni koʻrib, sezib, his qilib, boshimizdan oʻtkazib oʻtiribmiz. Hali bu millatning qanchadan-qancha "Fonus"larga ehtiyoji borligini "Fonus" filmini koʻrib his qildim. Yigʻladim. Premyeradan chiqqach rejissyorga biroz "dakki" ham berdik. Kinolarni bu qadar taʼsirli ishlayvermang, deb. Gapimiz boshidagi gap – gap: agar buyurtma filmlarni shu qadar samimiy, tabiiy, ishonarli ishlash mumkin ekan, bu albatta davom etishi kerak...

 

 Qozoqboy YOʻLDOSH, adabiyotshunos:

"Fonus" menga yoqdi. U koʻruvchining koʻngliga yoqilgan chiroq kabi taʼsir qiladi. Koʻrsatilgan toʻrt kino ham samimiy va astoydil ishlangan. Ayniqsa, "Chegara", "Fonus" koʻngillarni zabt etarlik boʻlgan. Bugungi odamga empatiya – oʻzgaga koʻngildosh boʻlish yetishmaydi. Kinolar ayni shu xususiyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Baraka topinglar!

 Gulmira MUSAJONOVA, jurnalist

Bir necha kundan beri Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining  “Fonus” loyihasi doirasida suratga olingan qisqa metrajli filmlarning taʼsirida  yuribman. Tadbirga yoʻl olganimda  bunday samimiy, toza, tirik filmlarni koʻraman, deb oʻylamagandim. Ochigʻi, kutmagandim. Negaki, maʼnaviyat targʻibotchilari haqida koʻpchiligimizda maʼlum fikr, tushuncha shakllangan. Uzr. Ammo aynan shu loyiha ijodkorlari miyamdagi bu fikrni sindirib tashlashdi. Qoyil. 

“Chegara”, “Ichan Qalʼa”, “Qoʻshnilar”, “Fonus”. Filmlar aynan shunday ketma-ketlikda  namoyish qilindi. Va bu bejiz emasdek tuyuldi menga. Baxtli, tinch yashash va istagan paytida yaqinlarini koʻrish  imkonidan ham mahrum boʻlgan oddiy insonlar taqdiri.... “Chegara”da hudud, yer resurslari, dunyoga ustun boʻlish uchun kurashlar – global miqyosdagi siyosiy oʻyinlarning qoʻrqinchli taʼsirini bir oila hayoti misolida koʻramiz.

“Ichan Qalʼa” – ehtimol, bilib-bilmasdan qilingan xato oqibatida izdan chiqqan hayotni tiklash uchun kurashayotgan fuqaroning tizim oldidagi  ojizligi, oilasiga yana bosh boʻlishga intilayotgan inson qismati. Ota-ona  bolasiga suyanchiq, tog‘ boʻladi. Lekin, farzand  ham ota-onasi uchun tirgak boʻla olishi mumkin. Ota-onalar yoshi katta boʻlgani uchungina haq boʻlavermaydi.  Ular ham  nimalarnidir notoʻgʻri qilishadi, adashishadi.   Oqibatda  oʻzi,  baʼzida butun jamiyat  boshi berk koʻchaga kirib qoladi.  Ana shunday paytda  yosh avlod   ham   ularning   qoʻlidan tutib,  toʻgʻri yoʻl –  kelajak sari boshlay oladi. Faqat ichimizdagi oʻzak, oʻzlik kabi maʼnaviy  “qalʼalar”imiz mustahkam boʻlsin.

Sobiq shoʻro tuzumi  turli millat vakillarini bitta “uy”ga majburan kiritgan. “Uy” bizga yoqadimi, yoʻqmi, bu ularni qiziqtirmasdi. Oʻsha “uy”da  kun koʻrishga mahkum edik. Ha, mahkum edik!  Yillar oʻtib, uyning poydevori chiriy boshladi. Endi unda ortiq yashab boʻlmaydi. Uy egalari ham  koʻchishga allaqachon tayyor. Faqat avtomat ovozini eslatadigan yoqimsiz shovqin taʼmirlash boʻlayotganini bildiradi – Volodya ismli ishchi qulash arafasida turgan  uyni taʼmirlayapti.  Ammo poydevori moʻrt, endi hech ham tiklab boʻlmaydigan uyni zoʻrma-zoʻraki saqlab qolishga hojat yoʻq! Filmning finali ham maʼnoli. Zora.... “Qoʻshnilar” filmidagi har bir kadr, har bir soʻz, har bir harakat bejiz emas.  Har birida maʼno, tag-maʼno, ishora, fikr bor.

Rejissyor Bahodir Yoʻldoshevning “Spektaklni oʻqish kerak”, degan  gapini koʻpchilik biladi. Filmni ham oʻqisa boʻladi! Oʻqish kerak! Albatta, agar oʻqishga arziydigan fikr boʻlsa. Loyiha doirasida suratga olingan filmlar esa nafaqat tomosha qiladigan, balki oʻqiladigan fillar. Masalan, “Fonus” ham. Oʻqituvchi oʻquvchilarga shunchaki taʼlim, tarbiya bermaydi. U millatning kelajagini oʻstiradi. Kasbi oldidagi masʼuliyat, bu, avvalambor, millat, kelajak oldidagi masʼuliyatdir. Oʻqituvchi Shaxslarni tarbiyalaydi, shakllantiradi. Hatto, agar buning uchun butun  tuzumga yolgʻiz oʻzi  qarshi  chiqishiga toʻgʻri kelsa ham...

Loyiha atrofida jam boʻlgan ijodkorlar siz bilan inson dardi, jamiyat ogʻriqlari va geosiyosiy muammolar haqida ochiq fikrlashish tarafdori.  Filmlarni tomosha qilarkansiz, ularning haqiqiy sanʼat va “qip-qizil” targʻibot-tashviqot oʻrtasidagi chegara, meʼyorni saqlashga urinishganini sezasiz. Demak, ijodkorlar oʻz ishiga nafaqat masʼuliyat, balki vijdon bilan ham yondashgan. Bugungi kunda esa bu har qachongidan ham ahamiyatli, muhim. Shokir Xoliqov nafaqat kinoning alifbosini biladigan isteʼdodli rejissyor, balki Shaxs hamdir. Ijodda esa bu juda muhim. Sanʼatni shaxslar yaratadi. Oʻzgartiradi. Yangilik kiritadi. Filmning har bir sahnasi, har bir kadri ustida koʻp bahs-munozara qilingani, puxta oʻylangani sezilib turibdi. Aks holda, biz soxta, sunʼiy – bir marta koʻriladigan navbatdagi kinomahsulotni tomosha qilishga majbur boʻlardik.

Ijodkorlardan qahramonlarning dardini his qilish, fikrlash imkonini berishganidan minnatdorman. Ular men – tomoshabin bilan kino tilida gaplashishdi. Filmlarda men dardning, fikrning, sanʼatning ovozini eshitdim. Bu ovozga ishondim. Uni sogʻingan ekanman. Qisqa metrajli filmlari orqali katta fikrlarni aytishga uringan “Fonus”chilarimizda   maʼrifat gʻoyalari bilan yashagan, teatr sanʼatidan unumli foydalangan  jadid  bobolarimizning  izdoshlarini koʻrdim. Muhimi – ularda shoʻro tuzumi davrida yashagan avlodga xos boʻlgan qoʻrquv yoʻq. Demak, qon-tomirigacha singib ketgan hadikdan, qoʻrquvdan millat halos boʻla boshlabdi. Shu jasorat davomiy boʻlib, “Fonus” loyihasi mayoqqa aylanishini istardim.

Feruza XAYRULLAYEVA, jurnalist:

Biror tarixiy voqelikni fakt bilan tushuntirib berish mumkin, ammo shu jarayon ortida turgan fojealar inson iztiroblari bilan koʻrsatib berilsa-chi? “Chegara”da ayni shunday qilinadi – taqdir sabab qoʻshni davlatga palaxmon toshidek otilgan ayolning ilojsizligi, ota-onaning siyosiy vaziyat sabab yoʻl qarash bilan oʻtayotgan umri… Dunyodagi eng katta fojia bu – erksizlik, u qanday koʻrinishda boʻlmasin, qanday atalmasin, ogʻriq beradi. Juda nozik mavzu nozik tuygʻularda tasvirlangani, nozik chegara bosib oʻtilmagani sabab badingizga urmaydi film, yaltiroq filmga aylanib qolmaydi. Qanchalik qiyin boʻlmasin rejissyor buning uddasidan chiqolgan, nazarimda. Boshqa ijodkor bu mavzuni yo butunlay qizil yo butunlay qora ranglarda bergan boʻlardi balki(Harholda shunaqalarniyam koʻryapmiz bus-butun katta filmlarda).

“Ichan qalʼa” – bor boʻyi bilan Inson haqidagi, insonga tasalli, insonni tushunish haqdagi film. Biznes maqsadida buzib yuborilgan uy – Ichan qalʼa. Borgan sari nurab borayotgan, loqaydlik, nafsning qurboniga aylanib qolayozgan odam – Ichan qalʼa. Oʻzini oʻnglash uchun kurashayotgan, kelajak avlodga yetishishni istayotgan ota – Ichan qalʼa. Filmda ham tarix, ham egasining ruhiy ahvoli, ham jamiyatning holini tasvirlash esa eski mashinaning gardaniga yuklangan… Bu film faqatgina qamoqdan chiqqach, jamiyat tomonidan itqitib yuboril(adi)gan insonning iztiroblari haqida emas, unda boshqa ijtimoiy muammolarimiz ham kino tilida berib ketilganini koʻrish mumkin. Faqat rejissyorga vaqt kamlik qilgandek, balki kartina toʻliq metrajli boʻlganda yanayam koʻproq gap aytardi bizga…

“Qoʻshnilar” – toʻrttala film ichida avvaliga eng gʻalati tuyilgani, keyin eng yoqqani(gʻoya tomondan ham) boʻldi. Oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik yashayotgan eski uy va unda erta-yu kech tirillatib, bir nimalarni buzishga harakat qilayotgan Valodya. Mazmunni tushunib yetdingiz, allaqachon. Bilasizmi, rejissyor ogʻriqlarimizni, muammoli nuqtalarimizni shunday teran biladiki, qoʻshnilar birlashishi uchun biri kasal boʻlishi, kamiga suv ham oʻchishi kerak... Tushunganga yaxshi film, yanayam tushunganga yaxshi gʻoya, yaxshi dars!

 “Fonus”. Faqat 1-oktyabr sanasida eslanadigan, hayotimizga asl yorugʻlikni, nurni beruvchi ustozlar haqidagi samimiy kartina. Oʻqituvchining qadri haqida yuzta tadbir oʻtkazib gapirgandan, bitta shunaqa film olgan oʻn karra foydaliroq aslida. Ha, film boshqa shu mavzudagi kinolar qolipida, syujetida olingandek. Lekin keyin undagi ramzlar, dialoglar oʻzgachaligi ham koʻrinadi. Ayniqsa, yakun. Va aytishim kerakki, “Fonus” faqatgina oʻqituvchilar haqidagi kartina emas. Chunki har bir maktabga, har bir qishloqqa, har bir shaharga, har bir jamiyatga Alisher muallimlar kerak.

Xullas, “Fonus” loyihasi doirasida premyera qilingan toʻrtta qisqa metrajli filmni shunchaki navbatdagi ish, buyurtma deyolmayman. Umid qilamanki, loyiha toʻxtamaydi, aksincha, toʻliq metrajli filmlarniyam koʻramiz loyiha doirasida. Chunki kino bu shunchaki sanʼat emas…

 

Shahnoza NAZAROVA, filologiya fanlari doktori, dotsent:

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan qishning ayozli 23-yanvarida Milliy kino sanʼat saroyida qisqa metrajli filmlar namoyishi boʻlib oʻtdi. Tomoshabinlarga toʻrtta film taqdim etildi: “Chegara”, “Ichanqalʼa”, “Qoʻshnilar”, “Fonus”.  Tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan koʻplab yaxshi loyihalardan xabardorman. U yerdagi maslakdoshlar bilan targʻibot shakllari, usullarini yangilash, yangi qiyofalarni kashf etish, targʻibotning ishonchli yoʻllarini amaliyotga targʻib etish haqida koʻp soʻzlashganmiz. Anʼanaviy maʼruzalar, vaʼzxonlik zamoni oʻtdi. Eski va yangi imkoniyatlarni farqlay oladigan, milliy manfaatlarga nomusdek qaraydigan bir avlod yetishib kelishi uchun bu ishlarni ishonch zaminiga qurish kerak.

Mazkur loyiha ana shunday ishlardan biri boʻlibdi. Garchi bu filmlarning baʼzilarida syujetda noqislik, yonib turgan yakunning yoʻqligi, operatorlik ishidagi ayrim kamchiliklar koʻzga tashlansa-da, yosh ijodiy jamoa oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, ramzlar tilida soʻzlashni istaydi. Ular insoniy tanazzul va milliy mahdudlik chegaralarini yorib oʻtishni istaydi. Tasvirlarda qayta-qayta koʻrsatilgan – puturdan ketgan manzillarga nur, kimsasizlarga – ishonch beradi, muhimi, oʻylab koʻrishga va harakatga undaydi, deya umid qilaman.