“Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining yuzaga kelishi
“Bir belbog‘, bir yoʻl” nomli Xitoy tashabbusining yuzaga kelishi 2013-yilda hokimiyatga kelgan amaldagi XXR raisi Shi Jinping (习近平) ismi bilan bogʻliqdir. Ushbu tashabbus quyidagi vaziyatda paydo boʻlgan:
1) Iqtisodiy rivojlanishda, jumladan yoshlarni chet ellarda oʻqitib zamonaviy texnika va elektronika sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlash muammosini hal qilishda[1] XXR katta yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Shu asosda turli mahsulot va asbob-uskunalar, jumladan, kiyim-kechak, zamonaviy elektron apparaturalar ishlab chiqarish boʻyicha dunyo fabrikasiga aylangan XXR hukumatining “Xalqaro sahnaga chiqish” yoki “Tashqaraga qarab yurish” strategiyasi ijobiy natija bera boshlagan [Sidikova M. 12. 19–21];
2) Xitoy “shyaokang” (小康)[2] deb nomlangan jamiyat hayotini oʻrta hol darajaga yetkazish programmasini amalga oshirishning soʻnggi davriga yetib kelgan;
3) Mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportining va zarur boʻlgan turli xomashyo, yoqilgʻilar importining oʻsishi yuqori darajaga yetgan;
4) Xorijiy valyutalar zaxirasi[3] koʻpaygani hisobiga XXR kapital eksport qiluvchi davlatga aylangan va global iqtisodiy krizis paytidan foydalanib talaygina Yevropa kompaniyalarining aksiyalarini va qarzlarini sotib olishni faollashtirgan;
5) Yoqilgʻilar isteʼmolining yil sayin oshib borishi, yoqilgʻi tanqisligi kuchaya boshlagani tufayli mamlakatdagi ishlab chiqarish surʼatini 8% dan pasaytirmay ushlab turish xavf ostida qolishi;
6) Yoqilgʻilar import qilish masalasida XXRning RFga bogʻliligi kuchayib bordi;
7) Ijtimoiy hayot darajasining koʻtarilishi, ishchi kuchining tadrijiy holda qimmatlashishi mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning tannarxi oshishiga sabab boʻldi. Bu esa jahon bozorlarida Xitoyning eksport mollari raqobatbardoshligiga salbiy taʼsir qila boshladi. Natijada buning oldini olish, jumladan, Yevropaga va boshqa olis mamlakatlarga mahsulot eksport qilish logistikasini takomillashtirish, masofani qisqartirish va eng qulay marshrutlarini ochish zaruriyati tugʻildi;
8) Xitoy bilan Yevropa va Yaqin sharq oraligʻidagi eng qisqa va qulay boʻlgan tarixiy karvon yoʻli yoʻnalishi, yaʼni Qashqardan Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston va shimoliy Eron orqali oʻtadigan temir yoʻl yoʻlagini ochish rejasi koʻpdan beri amalga oshmay keldi. Lekin Xitoy hukumati uchun bu rejaning dolzarbligi oshdi;
9) Afrika bozorlaridan va tabiiy boyligidan foydalanish zaruriyati kuchaydi. Bu zaruriyat yirik davlat boʻlmish RF hududidan oʻtmaydigan tarixiy Buyuk ipak yoʻlini zamonaviy yoʻlga aylantirish rejasining ahamiyatini oshirdi;
10) Ishlab chiqarishning koʻpayishi va havoga turli zararli gazlarning tarqalishi, ichki daryo va kanallar suvlarining ifloslanishi, turli chiqindilarning koʻpayishi tufayli mamlakatning ekologiya holati yomonlashdi. Bu holatni tuzatish maqsadida amalga oshirilgan harakatlar kutilgan natija bermagani hukumatni yangi chora-tadbirlar izlashga majbur qildi;
11) Davlat oldida eksport miqdorini kamaytirmaslik uchun turli kontinentlardan yangi bozorlar topish, Xitoy kapitalini unumli ishlatish uchun yangi maydon izlash, xorijiy aloqalarni yana ham kengaytirish vazifalari koʻndalang turdi;
12) Xitoy mollarini turli kontinentlarga yetkazish maqsadida dengiz va yer yuzidagi oson va foydali logistika yoʻllarini ochish va zamonaviylashtirish zaruriyati oshdi;
13) XXR uchun AQSh dollariga hamda yevroga bogʻliklikdan chiqish maqsadida Xitoy yuanini xalqaro valyutaga aylantirish va xorijiy mamlakatlar bilan olib borilayotgan savdo aloqalarining aksariyat qismini shu valyutada amalga oshirish zaruriyati tugʻildi;
14) Iqtisodiy islohotlarning chorak asrlik samarasi Gʻarb madaniyatiga zid tarbiyalangan ayrim XXR rahbarlarida Xitoyni dunyodagi eng yirik va qudratli davlatga aylantirish gʻoyasini paydo qildi. Bu gʻoya “Xitoy orzusi” (“Chjungo men”) deb oʻrtaga tashlandi va uning amalga oshadigan vaqti shu yuz yillikning oʻrtasi, XXR tashkil topganligining 100 yilligi deb belgilandi.
2013-yil sentabrida Qozogʻistonning Nazarbayev nomidagi universitetida soʻzlagan nutqida XXR raisi Si Jinping ilk bor “Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbog‘” (“Sichou chjilu jingji day” 丝绸之路经济带)ni shakllantirish Xitoyning buyuk orzusidir” deb aytgan. Oradan koʻp oʻtmay ushbu fikr Indoneziyada taʼkidlab oʻtilgan.
Oʻz maʼruzasida “Xitoy orzusi” degan tushunchaga izoh berar ekan, XXR rahbari “mamlakatlarning siyosatini yaqinlashtirish, yoʻllarni ochiqlash, tovarlarning va mablagʻlarning erkin harakatlanishini taʼminlash, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish asosida iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish va buning uchun zarur boʻlgan hududni kenggaytirish yotadi” deb aytgan [Ma Yuan. 2014: 6.].
Si Jinpinning bu soʻzidan keyin XXRda “Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻi”ning mazmun-mohiyati va istiqboli haqida jadallik bilan tantanali turli tadbirlar va keng koʻlamli xalqaro konferensiyalar oʻtkazildi.
Masalan, 2013-yil 28-noyabrida Urumchi shahrida Buyuk ipak yoʻliga aloqador 7 xorijiy davlat vakillari ishtirokida ilmiy-texnikaviy hamkorlikka bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazilgan. Ushbu anjuman “Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻi”ni shakllantirishga, uning foydali tomonlari va istiqboliga bagʻishlangan. [Ma Yuan. 2014: 136-137].
2014-yil may oyida Sian shahrida Buyuk ipak yoʻliga bagʻishlangan 18-xalqaro anjuman, XXRning sharqiy va gʻarbiy mintaqalari hamkorligi natijalariga oid koʻrgazma, savdo-investitsion xalqaro yarmarkasi kabi tadbirlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlar “Birgalikda Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻini shakllantirish – mintaqalararo hamkorlikni va rivojlanishni kuchaytirishning zaminidir” degan shior ostida oʻtkazilgan [Ma Yuan. 2014: 159].
2014-yil 26-27-iyun kunlari Urumchi shahrida “Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbog‘ – qatnashuvchilari uchun birgalikda iqtisodiy rivojlanish, daromaddan teng foydalanish va ravnaq topishga yangi imkoniyat yaratish” nomli xalqaro anjuman oʻtkazildi[4].
2014-yil sentabr oyida “Buyuk ipak yoʻlidagi shaharlar boshliqlarining IX xalqaro anjumani – Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbog‘ shaharlarining birgalikda rivojlanishi – 1014” nomli anjuman oʻtkazildi. Unga 25 ta mamlakatdan 48 ta shahar vakillari taklif etildi.
XXR rahbariyati “Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻni shakllantirish”ni matbuotda va ommaviy axborot vositalarida keng tashviq qilishga katta eʼtibor berdi.
Shu sohada qilingan ishlar qatorida “Shin sichou chjilu – chungshin kayshi de lyuycheng” (“Yangi ipak yoʻli – yangi sayohat vositasi”) nomli qisqacha izohlar bilan taʼminlangan katta formatdagi rangli fotoalbom nashr etilganini aytish mumkin. Bahosi 198 yuan boʻlgan ushbu albom xorijda keng tarqatildi. XXRga tashrif buyurgan mehmonlarga taqdim etiladigan muhim sovgʻalardan biriga aylantirildi.
Albom muallifi Ma Yun “Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻi tarixning yangi sahifasini ochadi, xalqlarning oʻzaro hamkorlik qilishi va yoʻllardan teng huquqli asosda foydalanishiga yangi sharoit yaratdi” deb taʼkidlagan [Ma Yuan. 2014: 6].
Yirik davlatlar manfaati, maqsadlari va siyosiy-iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqib masalaga yondoshilsa, Ma Yunning fikriga qoʻshilish mumkin. Lekin Xitoy tarixida bunday “teng huquqli munosabat” misollarini topish qiyin. Ushbu mamlakat birlikka kelib qudrat topganida, unga hukmron boʻlgan imperatorlar oʻzlarini Osmonning yer yuzidagi vakili va yer yuzidagi barcha yurtlarning egasi deb bilishgan. Xalqaro munosabatlarda oʻzga yurtlar elchilari olib kelgan sovgʻalarni itoatkorlik belgisi, oʻzlarining javoban bergan sovgʻalarini ularga koʻrsatgan himmat deb bilishgan. Ayni zamondagi xalqaro munosabatlarda ham yirik davlat bilan kichik davlatlar orasida amalga oshirilayotgan aloqalarda, barcha masalalarda “teng huquqli munosabat” boʻlayapti va boʻladi deb aytish amrimahol. Chunki bunga, birinchi navbatda, ularning iqtisodiy, moliyaviy va texnikaviy imkoniyatlarining bir xil boʻlmasligi taʼsir etadi.
Tilga olib oʻtilgan tadbirlar amalga oshirib boʻlingandan keyin, koʻp oʻtmay XXR rahbari Shi Jinping “Bir belbog‘, bir yoʻl” (i-day i-lu / yi-dai yi-lu / 一带一路) tashabbusini oʻrtaga qoʻydi. Amalda bu avval olgʻa surilgan “Ipak yoʻli iqtisodiy belbog‘”ni shakllantirish siyosatining davomi hisoblanadi. Lekin yangi tashabbus ancha takomillashtirilgan va Pekinning strategik maqsad va uzoq muddatli rejalarini oʻz ichiga olgan. Uni turlicha talqin qilish mumkin, ammo uning negizida yotgan asl maʼnoni bilib olish qiyin. Oʻz davrida Mao Szedun ham Xitoy bilimdonlarining anʼanalariga binoan, oʻz maqsadlarini sirli soʻzlar bilan shior yoki tashabbus shaklida ifodalashni yaxshi koʻrgan. Shu soʻzlardan biri “Dungfeng yadao Shifeng” (“Dongfeng yadao Xifeng” 东风压倒西风) boʻlgan. Soʻzma soʻz tarjima qilganda u “Sharq shamoli Gʻarb shamolini bosib ketadi” degan maʼnoni anglatgan. Lekin uning zaminida kelajakda Xitoy Gʻarbiy davlatlardan oʻzib ustunlikni egallaydi, degan maʼno yashirilgan.
Qadimgi xitoy donishmandlari odam oʻz faoliyatida haqiqiy maqsadni sir saqlashi kerak, oʻzidan boshqa inson bilmasligi kerak deb taʼkidlab oʻtgan. Lekin ular bu fikrni toʻgʻridan toʻgʻri aytmay, 4 ta iyeroglif bilan “man Tyan guoxay” (瞞天過海 – “dengizni kechib oʻtmoqchi boʻlsang, buni Tangriga ham bildirmay qil”) deb ifodalashgan. Bu soʻz qadimiy Xitoy siyosatchilari va bilimdonlari tomonidan bitilgan “San shi lyu ji” (三十六计 – “36 strategiya” yoki “36 reja”) asarida keltirilgan birinchi uqum hisoblanadi [Stefan.1999: 5].
“Bir belbog‘, bir yoʻl” soʻzining lugʻaviy maʼnosi
Xitoy iyerogliflarining lugʻaviy maʼnolaridan kelib chiqqanda, yaʼni Shi Jinping ilgari surgan tashabbusda ikki marta ishlatitilgan yi (yi 一) soʻzi bir, yagona, day (dai带) – belbog‘, kamar, lenta, sharf, lu (lu 路) – yoʻl, qoida maʼnolarini bildiradi. Yuzaki qaraganda, bu soʻzlar tashabbusning asl maʼnosini bildirmaydi. Shunga qaramay, bu tashabbus turli mamlakatlar vakillari tilida jaranglaydigan boʻldi. Xitoyliklar XXRning tashqi siyosati va aloqalari doirasidagi barcha harakatlarini shu 4 ta soʻzdan iborat tashabbus bilan bogʻlashadi.
Sinchkovlik bilan bunga bir nazar tashlansa, odamda bu sirli soʻzlar bilan ifodalangan tashabbus zaminida qanday maʼno va maqsadlar yotibdi degan savol tugʻiladi. Koʻrsatilgan uchta iyerogliflarning lugʻaviy maʼnosidan, falsafiy anʼanalaridan, shu asrning oʻrtalariga amalga oshirilajak iqtisodiy programmasi, yaʼni “Xitoy orzusi” mazmunidan va XXRning soʻnggi davrida olib borayotgan ichki va tashqi siyosatidan kelib chiqqanda, ushbu davlat rahbariyatining tashabbusi zaminida “Xitoy manfaatlariga xizmat qiladigan global iqtisodiy hudud shakllantirish” degan maʼno yotganligini anglab olish mumkin. Maʼlumki, “Xitoy orzusi” – XXRning 100 yilligiga jahon miqyosida ushbu mamlakat eng qudratli davlatga aylanishi, uning mollari, pullari, texnikasi va ishchi kuchi erkin harakat qila oladigan yangi iqtisodiy hududni yuzaga keltirishdan iborat.
Ayrim oʻzbekistonliklar nutqida va oʻzbek tilli matbuotlarida ushbu tashabbusning tarjimasini “Bir makon, bir yoʻl” shaklida ishlatish hollari uchrab turadi. Oʻzbekcha makon soʻzi arabchadan kelib chiqqan boʻlib, u turar joy, yashash joyi, hudud, maskan, vatan, daraja, martaba manosida ishlatiladi [Oʻzbek tili. 206. Jild 2. 531]. Xitoycha day (dai带) soʻzini maʼlum bir sharoitda qoida maʼnosida ham ishlatish mumkin. Shulardan kelib chiqib “yiday, yilu” tashabbusiga taʼrif berilsa, u “yagona hududda yagona qoida” degan jumboqli tushunchani beradi. Bu XXR rahbari olgʻa surgan tashabbusning asl maʼnosiga toʻgʻri kelmaydi.
Atoqli xitoy olimi va “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining faol tashviqotchisi Vang Yivey (Wang Yiwei王义桅)ning tushuntirishiga koʻra, ushbu soʻzdagi yi (yi 一) iyeroglifi “boylik, doimiy koʻpaytirish”, day (dai 带) – “boylikni Xitoy modeli asosida odillik bilan teng boʻlish”, lu (lu 路) esa XXI asrda – barcha mamlakatlarni Xitoy modeli yoʻlidan yurishga qiziqtirish va yordam koʻrsatishdan iborat [Vang Yivey. 2016: 157].
Internet maʼlumotlarida yozilishicha, XXR rahbari Shi Jinpingning “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi ilk bor Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yining nutqida aytilgan. Soʻng u rasmiy siyosiy hujjatlarda, jumladan “XXRning 2015-yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasi”, “Hukumat xizmati haqida” kabi maʼruzalar matnida aks ettirilgan. Soʻng ushbu tashabbus davlat programmasi sifatida XXR yangi hukumatining muhim va dolzarb vazifalari qatoriga kiritilgan [Wikipedia. Poyas i put].
“Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining paydo boʻlishiga sabab boʻlgan omillar
Xitoy matbuotida XXR rahbari tashabbusining yuzaga kelish sababi quyidagi faktorlarga bogʻliqligi aytiladi:
1) ushbu tashabbus doirasiga dunyo aholisining 63% va iqtisodiy hajmi 21 trln AQSh dollariga teng va nihoyatda boy tabiiy boylikka ega boʻlgan hududni oʻz ichiga oladi, bu esa katta imkoniyat;
2) xalqaro hamkorlikning yangi modelini yaratish, Xitoy yordamida mavjud mintaqaviy ikki tomonlama va koʻp tomonlama munosabatlar tuzilmalari faoliyatini yaxshilash uchun munosib yoʻl topish zaruriyatining yuzaga kelishi;
3) mazkur tashabbus “iqtisodiy omillarning erkin va tartibli harakatlanishini taʼminlashga, tabiiy boyliklarni unumli ishlatish, bozor munosabatlari doirasidagi hamkorliklarni kengaytirish va chuqurlashtirish, ragʻbatlantirish usuli bilan “Buyuk ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻi” doirasiga kiradigan mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy harakatlarini koordinatsiya qilish zaruriyatining oshib borishi;
4) mintaqaviy aloqalarni kengaytirish va boyitish, birgalikda mintaqaviy munosabatlarning yangi qurilmasini barpo etish, uning doirasida barcha mamlakatlar rivojini teng huquqli va foydani teng boʻlish asosini yaratish zaruriyatining yuzaga kelishi [Vang Yivey. 2016: 157].
“Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining paydo boʻlish sababini Vang Yivey quyidagi holatlar bilan asoslaydi:
1) “Xitoy islohotlari insoniyatning yangi yutugʻi sifatida namoyon boʻldi” [Vang Yivey. 2016: 9];
2) “Xitoydagi ichki munosabatlarni takomillashtirish, aholida yakdillikni shakllantirish, fuqorolarning bir-birini anglash va tushunish onggini oshirish” ishlarining yakuniga yetishi;
3) Xitoy uchun ochiq boʻlgan “yangi dunyoni shakllantirish uchun asos yaratish vaqti yetib kelganligi” [Vang Yivey. 2016: 19];
4) Sung sulolasi (960–1279) hukmronligi davridan keyin jahon miqyosidagi iqtisodiy markaz Sharqdan Gʻarbga koʻchganligi, ayni paytda esa buning teskarisi boʻlayotganligi va 2025-yilda iqtisodiy rivojlanishning markazi toʻlaligicha Gʻarbdan Sharqga koʻchib oʻtishi aniq boʻlib qolganligi;
5) XXI asrning dastlabgi 10 yili Xitoy uchun eng tez surʼatda rivojlanish davri boʻlgani jahonda nafaqat iqtisodiy markazning, balki siyosiy markazning Gʻarbdan Sharqqa koʻchishining namoyon boʻlishi va bu jarayonda asosiy ogʻirlik Xitoy zimmasiga tushayotganligi;
6) Xitoy mollari, mablagʻi va ishchi kuchining erkin harakatda boʻlish zaruriyati oshib borishidir [Vang Yivey. 2016: 9].
Ablat XOʻJAYEV,
tarix fanlari doktori
[1] Masalan, 2005-yilning oʻrtaliriga qadar 400 ming nafar xitoy yoshlari rivojlangan davlatlarda talim olgan, shulardan 160 ming kishi vataniga qaytgan [Shazamanov Sh. 2014. 71 Shazamanov Sh. 2014. 71]. Qolganlar xorijda turli tashkilotlarda ishlab Xitoy uchun oʻz hissasini qoʻshgan.
[2] Soʻzma soʻz tarjima qilganda “shyaokang” (小康) atamasi sogʻlomlikning pastki darajasi maʼnosini anglatadi.
[3] 2012-yilda XXRning valyuta zaxirasi 3.5 trilion AQSh dollarini tashkil etgan [Sharapov A. 2014. 17].
[4] Xitoy tilida ushbu anjuman nomi “Sichou zhilu jingji dai – gongjian gongxiang gongying gongrong dexin jiyu” (丝绸之路经济带 – 共建共享与共赢共荣的新机遇), inglpiz tilida esa “The Silk Roud Economik Belt: An Opportunity tu Work, Share, Prosper and Succeed Together” deb yozilgan [Ma Yuan. 2014: 174].