Surxondaryoda yurganimizda bir toʻyga kirib qoldik. Toʻyning avj pallasiga borib qolibmiz. Davradagi devday bir mast odam oʻrtada qoʻshiq aytayotgan bechora xonandaga nuqul

“Toʻylar muborak, ey yori jonim,

Toʻyona boʻlsin tan birla jonim”

degan qoʻshiqni aytasan, aytganda ham faqat shu ikki qatorini aytasan” deb majburlar edi. Xonanda ham nima qilsin, ne boʻlsa boʻlsin, baloga qolmay deb qoʻshiqning shu joyini qayta-qayta aytib turar edi. Har qoʻshiq aytilganda mast dev oʻng qoʻlini koʻtarib bir muqom qilib, toʻygan xoʻrozday qichqirib qoʻyardi.

Mahalla oqsoqoli ziyoli odam ekan, hazillashib bizga shunday deb qoldi: “Oʻzi bu surbet qishloqdagi hamma toʻyga boradi, hamma toʻyda shu “Toʻyona boʻlsin tan birla jonim” degan qoʻshiqni qayta-qayta ayttiradi, lekin hech bir toʻyda toʻy egasiga bir soʻm ham toʻyona qilmaydi. Bu nodonga “Sening taning bilan joningning birovga keragi yoʻq, oʻliging ham, tiriging ham bir balo, undan koʻra oʻn ming soʻm toʻyona qil, nomard!” deydigan odam yoʻq”.

Baʼzan vatan va vatanparvarlik haqida davralarda balandparvoz, soxta gaplarni toʻtiqushday qaytarayotgan ayrim kimsalarni koʻrganimda, birovning toʻyiga borib, bir soʻm toʻyona qilmaydigan, lekin yeb-ichib, mast boʻlib, tan bilan jonni toʻyona qilish haqidagi qoʻshiqni qayta-qayta ayttirib, hammani bezor qiladigan oʻsha odam esimga tushadi. Vatan haqida gapirganda hayo va andisha zarur. Vatan bizning maqtovimizga ham, olqishlarimizga ham zor emas, unga mehrimizning oʻzi yetadi. Eʼtiqod bilan bogʻliq katta tuygʻular haqida gapirganda qanchalar ehtiyot boʻlamiz, birdan hushyor tortib, oʻylab gapiramiz. Vatan haqida soʻz ketganda ham eng muqaddas narsa haqida gapirayotganday vijdonga suyanib soʻzlash kerak. Boʻlmasa, jim turgan maʼqul.

Dunyo oʻzgarayapti. Qadriyatlarga, elga, yurtga munosabatlar ham shiddat bilan oʻzgarib borayapti. Ilgarilari odamlar “kindik qonim toʻkilgan tuproq”, “ota-bobolarimning xoki yotgan yer”, “koʻz ochib koʻrganim”, “soʻng manzilim” kabi iboralarni boshqacha aytishgan, muhimi, boshqacha anglashgan. Bugungilar uchun bu gaplar qanday qimmatga ega, buni ularning oʻzlari biladi. Hayotda oʻzgarmasligi kerak boʻlgan azaliy tutumlar ham bor-ku desangiz, bir zumda konservatorga chiqasiz-qoʻyasiz. Lekin har qanday oʻzgarishning zimnida xalq ming yillar mobaynida shakllantirgan asl mohiyat yotishi kerak.

Yaqinda “Bi-bi-si”ning bir filmini koʻrdim. Bu film sivilizatsiyadan yiroq Himolay togʻi choʻqqilarida yuradigan koʻchmanchilar hayoti haqida. Kimsasiz togʻlarda, televizor, internet, telefon yoʻq joylarda yashaydigan Karma degan odam “Dunyo keskin oʻzgarayapti. Shuning uchun men bolalarimning taqdiridan qattiq tashvishdaman” deb xavotirini bildirdi. Kimsasiz Himolay choʻqqilarida yurgan odam shunday desa, ulkan shahardagi odam nima desin?

Bugungi dunyo haqida oʻylaganingda ajab bir holga tushasan. Ajabligi shundaki, bunday aqlli dunyoni tarix koʻrmagan, shuning barobarida, bunday nodon dunyoni ham hali tarix koʻrmagan. Bu dunyoda Yerdan bir necha ming yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan yulduzning ogʻirligini kimlardir bir xonada oʻtirib aniqlab berayapti. Yana shu dunyoda, Kaliforniyada shifokorlar endi ota-onaning roziligisiz bolaning jinsini oʻzgartirish operatsiyasini oʻtkazishi mumkin deyapti AQSh kongressi aʼzosi. Bu donolik va ahmoqlikning gibridi emasmi? Bashariyat tarixida hali donolik va ahmoqlikning nikohi qayd etilmagan edi-ku. Insoniyat daholarining hammasi nodonlikni, ahmoqlikni qattiq qoralagan. Iso paygʻambar “Oʻlikni tiriltirishga kuchim yetdi, ammo ahmoqni tuzatishga kuchim yetmadi” degan.  Mirzo Bedil “Nodon bilan bir soat suhbatda boʻlgandan koʻra yuz yil zindonda oʻtirgan yaxshi” deydi. Gyote “Faol nodonlikdan koʻra qoʻrqinchliroq narsa yoʻq. Juda ustalik bilan tasvirlansa-da, bemaʼnilik avval taajjub, keyin nafrat uygʻotadi” degan. Bu gaplar ming yillar oldin aytilgan boʻlsa-da, aslida bugungi zamonning gapi.

Odamlarni ahmoq qilish oson. Baʼzan bittagina teleoʻyin bilan ham koʻpchilikni xohlagancha ahmoq qilib, ming maqomga yoʻrgʻalatib tashlasa  boʻladi. Odamlarni aqlli, farosatli qilish qiyin. Jamiyatning butun muammosi shunda. Dunyoda olomonchilik kayfiyati kundan-kun avj olib borayapti. Bu kayfiyat barcha xalqlarga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qoʻymadi. Yaqinda yurtimizda qilingan katta bir ixtironi internetga qoʻyishibdi va uning yoniga bozorda ikki xotin bir-birining sochini yulib, yuzini tirnab urishayotgan janjalini qoʻyishibdi. Natija qanday boʻlarkin deb shunday tajriba qilib koʻrishgan-da. Qarangki, bir hafta ichida olimlar ixtirosi  haqidagi lavhani 5 ming kishi, xotinlarning mushtlashuvini esa 2,5 million kishi tomosha qilgan. Buni qanday tushunasiz, zamondosh? Qanday izohlaysiz? Bizga qay biri muhim, vatandosh? Odam bu savollarni berishga uyalasan.

Biz qator-qator xalqlar madaniyatining koʻz oldimizda mislsiz yemirilishlariga guvoh boʻlayapmiz. Abdulla Oripov taʼbiri bilan aytganda “qasrlar kapalak qanotiday uchib ketayapti”. Katta avlodlar bilan kichik avlodlar oʻrtasida xitoy devori paydo boʻlmoqda. Ota va oʻgʻil, ona va qiz bir-birlarini umuman tushunmay qolayapti. Hatto oʻzaro yovlashish hollari ham bor. Andisha, ibo, xijolat, uyat kabi tutumlar qanday toptalishini koʻrayapmiz. Hozir odamlarga ikki kishining mehr va samimiyat bilan bir-birini alqab turgani emas, aksincha, bir-birini soʻkib, yoqa yirtishayotgani, hatto bir-birini ayovsiz doʻpposlayotgani qiziq. Shuni tomosha qilsa, shuni tarqatsa, shundan zavqlansa... Shular endi bayroqdor boʻladimi, shularga maydon berib qoʻyiladimi? Ijtimoiy tarmoqlarda illatlarni fosh qilayotgan, kirdikorlarni ochib tashlayotgan, haqiqatga, vatanga xizmat qilayotgan qalamdorlar bor. Lekin yolgʻon-yashiq, oldi-qochdi, fitnalar bilan shugʻullanib yurganlar, oʻzlari illatga aylanganlar ulardan koʻra bir necha oʻn barobar koʻproq.

Farosatsizlik, fahmsizlik, didsizlik, bemaʼnilik juda xunuk narsalar. Bunday illatlar yonidan oʻtayotganda “Menga nima? Oʻzining shoʻriga shoʻrvasi toʻkilib yuraveradi-da!” deb beparvo oʻtish ham mumkin. Lekin bu narsalar yuqumli, yuqumliligini toʻylarda toʻda-toʻda boʻlib olib sharmandalarcha oʻyinga tushayotgan odamlar holidan ham bilsa boʻladi. “Qovun qovundan rang oladi” degan maqol bor. Bu illatlar ommaviylashib boraversa, oxiri millat  ruhiyatini buzmaydimi? Shoir Imant Ziyedonisning bir sheʼrida shunday alamli satrlar  bor:

Xotin erga, er xotinga mos,

Ikkisi baravar burun qoqarlar.

Hademay ulardan, xudo xohlasa,

Tugʻilib qoladi choʻchqaboqarlar.

Internetda bir xabarga koʻzim tushib qoldi. Qabristonda goʻrlarning raqamini belgilab beradigan odamning aytishicha, undan bir kishi otasi oʻlganda “707 raqamini sotib olish imkoni bormi?” deb soʻrabdi. Nima, 707 raqami jannat eshigining kodi boʻlib qoldimi? Soxta obro‘, koʻpik havaslar,  oʻz-oʻzini koʻz-koʻz qilishlar... bulardan qanday naf bor? Qirq kunda qiyigʻi chiqib qoladi-ku. Bu xabardan sal oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda qariyalar uyidagi otaxonning intervyusi tarqaldi. Unda shunday bir gap bor: “Otasini, onasini bu yerga tashlab ketganlar bor, tirik insonlar, oʻshalar biror marta ham xabar olishmaydi. Oʻlib qolsa, koʻmib yuboraveringlar deb telefondan aytib qoʻyishadi...”. Ikki holda ham maʼnaviy tubanlikni koʻramiz.

Bularning hammasi insonlardagi ichki maʼrifat inqirozining natijasidir. Jahonda ahli fikrning tashvish va xavotiri shundan. Eng katta urushlar ong olamida sodir boʻlmoqda. Agar bugungi dunyo oʻz maʼnaviyatini  va maʼrifatini himoya qilib qololsa, hamma narsasini himoya qilib qola oladi. Aksincha boʻlsa, hamma narsasini boy beradi. Bu oddiy aksiomaday gap. Holbuki, 2022-yilda global yillik harbiy xarajat 3,7 foizga oshib, 2,24 trillion dollarga yetdi. Bu – rekord koʻrsatkich. Agar dunyo  harbiy  emas, maʼrifiy sohaga shuncha pulni sarflasa nima boʻlardi? Olam guliston boʻlib ketmasmidi? Urushlar, nizolar haqida gap-soʻzga oʻrin ham qolmasmidi...

Maʼlumotlarga koʻra, tabiatdagi eng katta yoʻqotishlar keyingi 50 yilda roʻy bergan. Jumladan, barcha yirik baliqlarning 90 foizi, dunyo oʻrmonlarining 70 foizi, qush turlarining 25 foizi va 40 mingdan ortiq koʻl boy berilgan. Dunyo tabiatidagi bunday global yoʻqotishlar koʻp jihatdan odamzotning maʼnaviyatidagi yoʻqotishlar bilan chambarchas bogʻliqdir.

Bu gaplarning maqola boshida belgilangan mavzu – vatan va vatanparvarlikka nima aloqasi bor deyishingiz mumkin. Gap shundaki, dunyo “katta qishloq”qa aylanib boʻldi. Deylik, Amerikaning qaysidir manzilida maxfiy holatda boshlangan bir ishning taʼsiri Himolay choʻqqilarida kezib yurgan oʻsha koʻchmanchi Karmagacha yoki Bobotogʻda yurgan choʻpongacha besh sekundda yetib boradi. Bir paytlar kapitalizm va sotsializmga boʻlingan dunyo bugun aql va nodonlik orasidagi qilkoʻprik ustida chayqalib turibdi. Kim qaysi tomonga qadam tashlaydi, bu uning oʻziga bogʻliq. Qaysi yurt  maʼrifatning, qaysi jaholatning etagini tutadi bu ham ularning ixtiyorida. Shu bois yuqorida tashvishli jihatlar haqida koʻp gapirgan boʻlsak, oʻquvchilarimiz buni toʻgʻri tushunsinlar. Zero, mening zaif joyim – mening oʻzimdir. Men oʻsha joyda yashiringan boʻlaman. Odamning zaif joyida uning dardi yashiringan boʻladi. Buyuk yapon adibi Akutagava aytganiday, Axillesning nozik joyi uning tovonidir. Shuning uchun Axillesni faqat tovonidan oʻldirish mumkin boʻlgan. Axillesning tovonini bilmasdan Axillesning kim ekanini bilib boʻlmaydi. Bitta odamga taalluqli gap baʼzan butun xalqqa taalluqli boʻladi. Demak, eng zaif  nuqtamizni bilmasak oʻzimizni bilmaymiz, himoyani qayerdan boshlashimizni ham bilmaymiz. Yutuqlar haqida koʻp gapiramiz, shuning havosida koʻpincha zaif tomonimizni unutib qoʻyamiz. Dunyoni qaqshatayotgan maʼnaviy tanazzullar oʻz xurujini xuddi oʻsha zaif nuqtadan boshlashi tayin.

Forobiy “Fozil odamlar shahri” risolasini maʼrifatli jamiyat orzusida bitgan. Bugungi tahdidlarga toʻla, murakkab davrda maʼrifatli jamiyat qurish oson boʻlmaydi.

Odam tabiatan bemaʼnilikka, jozibador aldamchi gʻoyalarga beriluvchan boʻladi. Dunyodagi makkor mafkuralar bundan ustalik bilan foydalanadi. Olamning qaysidir kavaklarida, toʻr toʻqiyotgan oʻrgimchakday bolalarni yoʻldan ozdiruvchi, ong va ruhni bulgʻovchi manfur gʻoyalarni ishlab chiqib, yana saxovatpesha valineʼmat timsolida koʻrinish beradigan, dunyoni buzish ishtiyoqida har qanday tubanlikdan qaytmaydigan maʼrifat kushandalari bisyor. Ularning gʻoya va mafkuralariga har qadamda duch kelasiz. Hiylagar mafkura shunday kuchki, boshingni silab, joningni oladi, manglayingdan oʻpayotib, qoningni ichadi. Stalin oʻlganda momom faryod koʻtarib, “Endi nima qilamiz?” deb yigʻlagan ekan. Holbuki, uning eng yaqinlarini, hatto erini Stalin qatagʻon qilgan. Mafkuraning kuchi va oʻyinlarini koʻrayapsizmi? Bu soddagina mushtipar aka-ukalari va erining qotili timsolida xaloskor valineʼmatni koʻrib, tagʻin uning oʻlimi uchun dod solib yigʻlayapti. Shunday ekan, bostirib kelayotgan yot mafkuralarga, qoʻynimizga kirib olayotgan hiylagar gʻoyalarga qanday qilib befarq qaraymiz?

* * *

Katta shaharlar hayotini kuzata turib, oʻyga tolaman. Qishloqlar uyoqda tursin, olis-olis ovloqlar ham shaharlashayapti. Bir qarashda bu juda yaxshi. Sharoit, imkoniyat oʻzgaradi, hammasi zamonaviylashadi. Yaqin-yovuqni taraqqiyot oʻz mevalaridan bahramand etadi. Lekin bu jarayonda elning maʼnaviy qiyofasi yoʻqolib borishini sezmay qolamiz. Har qanday shaharlashish mehr-u oqibatni, asl ildizlarni boy berish evaziga amalga oshmasligi kerak.  Baʼzida choʻllarda, keng yaylovlarda har-har joyda bitta uyga duch kelasiz. Baʼzi uylarning orasidagi masofa besh-olti kilometr keladi. Menga baʼzan bitta koʻpqavatli uyda, bitta yoʻlakda, bitta qavatda yonma-yon yashayotgan begona qoʻshnilardan koʻra yaylovlardagi tarqoq qoʻshnilar bir-biriga yaqinday tuyuladi. Ular bir-biridan yaxshi xabardor. Bir kuni “Afrosiyob” poyezdida ikki yosh yigit bilan Samarqanddan Toshkentgacha kichik stol atrofida yuzma-yuz oʻtirib keldik. Shuncha vaqt orasida oramizda oltmish santimetrlik stol yonida yonma-yon oʻtirib keldig-u, gaplashmadik. Gaplashmaganimiz ham mayli, na salom boʻldi, na xayr. Bir soʻz ham yoʻq. Axir biz odamlarmiz-ku. Bir elning farzandlarimiz-ku.

* * *

Oʻtgan yili  Argentina plyajlaridan birida oʻttizta oʻlik kit topildi. Bu ham nimagadir muhim ishoraday tuyuladi. Xudo va tabiatning ishorasiday... Shu fojiaviy ishoradan soʻng bu yil Himolayda toʻrt yuz yilda bir marta gullaydigan tabiat guli – Maha molu gulladi. Bu daraxtning gullashi ehtimol insoniyat uchun chaqiriqdir. Himoya va najotga muhtoj goʻzallik va maʼrifatning “Hali biz bormiz!” degan chaqirigʻidir.

Eshqobil SHUKUR

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Megapolisdan Himolay choʻqqisigacha yoxud

aql va nodonlik  qilkoʻprigida” maqolasi