Xalqlarning madaniy merosi qazilma javohirdek gap, uning adogʻi va chegarasi yoʻq. Har qanday millat mana shu javohirlarni sayqallab olmosga aylantira olishi kerak. Ushbu vazifaning amaldagi ifodasi sifatida baholangan, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatining “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi yakunlandi.
5-8-noyabr kunlari Samarqand shahridagi Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasi hududida boʻlib oʻtgan kongress bevosita Oʻzbekiston hukumatining koʻmagida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Madaniy meros agentligi, Kinematografiya agentligi, UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, IRSIKA, TURKSOY singari mahalliy hamda xorijiy idoralar va tashkilotlar hamkorligida tashkil qilindi. Taʼkidlash lozimki, Kongress tadbirlariga ERIELL Group neft-servis guruhi homiylik qildi.
Kongressda dunyoning 40 mamlakatidan 300 dan ortiq olimlar, ekspertlar, yirik muzey va kutubxona rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tashrif buyurishdi. Ahamiyatlisi, ilk bor kongressga turkiy tilli davlatlarning yetakchi kino va media tashkilotlari rahbarlari ham taklif etildi.
Tadbir jami 4 kunni qamrab oldi. Oyina.uz har bir kun bilan sizni qisqacha tanishtiradi.
5-noyabr
Mehmonlar kutib olindi. Oʻzaro tanishuvlar, Samarqand nafasi, sayyohlik majmuasidagi yorqin muhit, anʼanaviy atributlar oʻz-oʻzidan milliy namoyishlarga ulanib ketdi. Kongressning birinchi kunida asosan Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashi va boshqaruv yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish qator qutlov soʻzlari bilan ochildi va birinchi ish kuni rejalari eʼlon qilindi.
Rejaga muvofiq, kongress ishtirokchilari quyidagi 5 ta panelga boʻlindi:
- “Butunjahon jamiyati loyihalarida Sharq qoʻlyozma merosi durdonalari”;
- “Oʻzbekiston Arxeologiya va meʼmoriy yodgorliklari: oʻrganish va saqlash masalalari;
- “Kino va media olami: merosga yangicha nigoh”;
- “Jahon kolleksiyalarida oʻzbek to‘plamlari” noshirlik loyihasi;
- “Kelajak uchun meros”.
Panellarga ajratilgan konferensiyalarning boshlanish vaqti, manzili va mazmun-mohiyati xususida maʼlumotlar berilgach, kunni madaniy va tarixiy mazmundagi koʻrgazmalar yakunlab berdi.


6-noyabr
Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatining “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi rasman ochildi. Boshqaruv raisi Firdavs Abduxoliqov kirish nutqida eʼtirof etdiki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev buyuk merosimizni asrash, oʻrganish va targʻib qilish gʻoyasining asoschisi va tashabbuskori.
Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik, Oʻzbekiston xalqining madaniy merosini oʻrganish, saqlash va targʻib etish borasidagi siyosati va bevosita koʻmagi natijasida yuzaga kelgan, deydi Firdavs Abduxoliqov.
Kun davomida xalqaro kongressning ilmiy qismida “Butunjahon jamiyati loyihalarida Sharq qoʻlyozma merosi durdonalari”, “Oʻzbekiston Arxeologiya va meʼmoriy yodgorliklari: oʻrganish va saqlash masalalari, “Kino va media olami: merosga yangicha nigoh” mavzulariga asoslangan konferensiyalar boʻlib oʻtdi.
Konferensiyalar doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidan 10 ta yangi kitob taqdim etilishi rejalashtirilgan edi.
Rejaga muvofiq, Oʻzbekiston tarixiga oid obrazlar galereyasi jamlangan “Oʻzbekiston qoʻlyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar” noyob kitob-albomi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Albomdan oʻrta asrlarda musulmon dunyosiga oid Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan sulolalar – Somoniylardan tortib, Boburiylargacha boʻlgan davr vakillari, sanʼat, fan va adabiyot namoyandalari hamda boshqa tarixiy qahramonlar oʻrin oldi.
Maʼlumot uchun, “Oʻzbekiston qoʻlyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar” kitob-albomi Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati loyihasi doirasida chop etilmoqda. Nashr XIII–XVIII asrlarda ishlangan 300 ga yaqin rangli miniatyurani qamrab olgan. Unda Somoniylar, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Boburiylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar sulolalariga mansub 80 dan ziyod hukmdor, shahzoda va malikalar, 20 dan ziyod shoir, olim, mutafakkir va rassomlar tasvirlarini uchratish mumkin.
Nashr ustida ishlash jarayonida koʻpgina tarixiy shaxslar suratlari turli muzeylar (Vashingtondagi Frir galereyasi, Nyu-York Metropoliten muzeyi, Baltimor Sanʼat muzeyi, Britaniya kutubxonasi, Edinburg universiteti kutubxonasi, Shahzoda Ogʻaxon kolleksiyasi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Rossiya FA Sharq qoʻlyozmalari instituti, Toʻpqopi saroy-muzeyi, Misr Milliy kutubxonasi va hokazolar)dan izlab topildi. Oʻndan ortiq mamlakatlarning 30 ga yaqin muzey va kutubxonalari bilan bogʻlanildi hamda chop etish huquqi qoʻlga kiritildi.
“Kino va media olami: merosga yangicha nigoh” mavzusidagi anjumanda TURKSOY mamlakatlari vakillari: Xoʻjaquli Narliyev, Orxan Fikretogʻlu, Bayrammuhamed Bayrammuhamedov va boshqalar soʻzga chiqdi. Shuningdek, Turk dunyosi mamlakatlari kino tashkilotlari rahbarlarining uchrashuvi yakunlari sarhisob qilindi hamda turkiy dunyo mamlakatlari oʻrtasida kino ishlab chiqarish sohasida birlashishning yangi mexanizmlari muhokama qilindi.
Anjuman doirasida TURKSOY davlatlari kinochilar ittifoqini yaratishga oid kelishuv memorandumi imzolandi. Kelishuvga binoan kelgusida Toshkent, Nukus va Buxoro shaharlarida animatsion maktablar ochiladigan boʻldi.
Kun iliq taassurotlar hamda yangidan yangi maʼlumotlarga boy ruhiyatda yakunlandi.



7-noyabr
Kongressning uchinchi kunida ham olimlarning tadqiqotlari hamda turli taqdimotlar jadallashib bordi. Xususan, “Jahon kolleksiyalarida oʻzbek toʻplamlari” noshirlik loyihasi hamda “Kelajak uchun meros” panellarida konferensiyalar davom etdi.
Konferensiyalarda xalqaro va mahalliy olimlarimizning 120 ga yaqin maʼruzalari tinglandi hamda bir-biridan qiziq va ahamiyatli yangiliklar eʼlon qilindi.
Turkmaniston Davlat muzeyi direktori Meretgeldi Choriyevning soʻzlariga koʻra, muzey fondida 19-asr oxiri va 20-asr boshlariga oid ayollar zargarlik buyumlarining toʻliq toʻplamini aks ettiruvchi oltin bilan qoplangan kumushdan yasalgan rang-barang zargarlik buyumlari saqlanmoqda. Toʻplam taqdimoti kongressning “Jahon kolleksiyalarida oʻzbek toʻplamlari” noshirlik loyihasi doirasida boʻlib oʻtdi.
Aynan mana shu konferensiyada Korfu orolidagi Osiyo sanʼati muzeyi direktori Despina Zernioti oʻz muzeyida janubiy Oʻzbekiston hududiga tegishli boʻlgan Gandhara sanʼati namunalari saqlanayotganini ham maʼlum qildi.
“Sh.Marjoniy” nomidagi fond jamgʻarmasining toʻqimachilik va qoʻlyozmalar kolleksiyasi kuratori Galina Lasikova esa fondga qarashli Shayx Orif Ozodiy va yosh Mirzo Ulugʻbek tasvirlangan noyob miniatyura haqida soʻzlab berdi. Bu haqida oldinroq maqola ham eʼlon qilgan edik.
Umuman, kongress mana shunday topilmalarga boy tarzda oʻtdi. Konferensiyada ishtirok etayotgan ozarbayjonlik olima, tarix fanlari doktori Mahfuza Zeylanovaning fikriga koʻra, bu kongress doirasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, jamlangan oʻzbek madaniy merosining holatini “juda qimmatli natija” deyish mumkin. Barcha turkiy xalqlar uchun zarur boʻlgan ushbu loyiha uchun Oʻzbekiston prezidentidan, oʻzbek olimlaridan, oʻzbek xalqidan minnatdorman. Sababi biz turkiy xalqlarning birlashgan qardosh oilasi aʼzolarimiz. Oʻzbeklar tomonidan amalga oshirilgan loyiha biz uchun oʻrnakdir. Bu toʻplangan oʻzbek merosining bir qismi esa Ozarbayjon va boshqa turkiy xalqlarga ham tegishli, deydi olima.
Uzluksiz davom etayotgan ilmiy konferensiyalarda olimlar oʻzlarining tadqiqot rejalari bilan ham oʻrtoqlashdilar. Fransiyadagi Temuriylar assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressand kongress doirasida oʻz fikrini bildirib oʻtdi:
“Oʻzbekiston boy madaniy merosga ega, yaqinda Samarqandga kelgan Fransiya prezidenti bu diyor haqida juda iliq taassurotlar bilan ketdi. Umuman, davlatlarimiz oʻrtasida madaniy maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishga doim eʼtibor qaratganmiz, lekin shu paytgacha madaniy aloqalarimiz bugungidek rivojlanish choʻqqisiga chiqmagan edi. Bizning assotsiatsiyamiz Temuriylar tarixi boʻyicha juda koʻplab kitoblar nashr etgan. Yaqinda butun jahon hamjamiyati bilan birga uni alohida kitob-albom tarzida nashr etish rejalarimiz bor”.



Nihoyat, maʼruzalar tinglab boʻlingach, hamma olimlar oʻz tadqiqotlaridan mamnun kayfiyatda taqdirlash marosimiga toʻplandilar.
Maʼlumot uchun, konferensiyalar doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidan 61–70 jilddan iborat 10 ta yangi kitob taqdimoti oʻtkazildi. Maʼlum qilindiki, Ozarbayjon, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya (shu jumladan Tatariston), Turkiyadagi Oʻzbekiston madaniy merosi toʻplamlariga bagʻishlangan ushbu kitob-albomlar kutubxonalarga bepul taqdim etiladi.
Shuningdek, Butunjahon jamiyatining boshqa noshirlik loyihalari – “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar”, “Klavixo: Samarqanddagi Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406)”, “Rishton kulolchiligi”, “Oʻzbekiston sanʼati durdonalari”, “Orol va Amu boʻylarida: qoraqalpoq sanʼati”, “Badiiy atamalar ensiklopediyasi” albomlari, shuningdek, “Bezak ensiklopediyasi” mavzulariga bagʻishlangan rejalardagi nashrlar, “Oʻzbekiston gilamlari”, “114 Qurʼon”, “Sharqning 100 nodir qoʻlyozmasi” loyihalari ham kongress ishtirokchilariga taqdim etildi.
Nufuzli anjuman joʻshqin, sermazmun va koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Kongress nihoyasida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov ishtirok etgan olimlarga va umuman, kongress jamoasiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Uning fikriga koʻra, Kongressga ilk marotaba turkiy tilli davlatlarning yetakchi kino va media tashkilotlari rahbarlari ham taklif etildi. Ilm-fan va media olami oʻrtasidagi bu hamkorlik kelgusida xalqimiz, ayniqsa yosh avlodning bilim va koʻnikmalarini oshirishda muhim oʻrin tutadi.



8-noyabr
Kongressning soʻnggi kunida eng ahamiyatli jarayon 300 dan ziyod sharqshunos olimlarning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan murojaati boʻldi.
“Biz jahon ilmiy hamjamiyati uchun nihoyatda muhim boʻlgan forumlar, kongresslar va koʻrgazmalarni oʻtkazish uchun keng imkoniyat yaratganingiz uchun sizga chuqur minnatdorlik bildiramiz”, – deyiladi murojaatnomada.



Soʻnggi kun doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand boʻylab maxsus ekskursiya tashkil etildi.
Xulosa qilib aytganda, bir guruh olimlarning faoliyati yana bir muhim va tarixiy jarayon bilan boyidi. Ishonamizki, bunday kongresslar ilm va madaniy meros rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.
Sirojiddin Rustamov tayyorladi,
Oyina.uz