Siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla joʻrayev bilan suhbat
– Narzulla aka, Siz siyosatshunos olim sifatida davlat boshqaruvi tizimi, hokimiyat “anatomiyasi”ni koʻp yillardan buyon tadqiq etib kelasiz. Shu bois, ijozat bersangiz, asosan siyosat mavzusi tegrasida suhbatlashsak.
Xalqimizning siyosiy savodxonligi asta-sekin oshib boryapti. Ayniqsa, soʻnggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar qirq quloqli qozondek qaynagan: yurtdoshlarimiz jamiyatdagi norasoliklarga dadil-dangal munosabat bildirayotir. Lekin mutaraqqiy dunyo bilan muqoyasa etilsa, chinakam siyosiy faol xalqqa aylandik demoqqa istihola qiladi kishi. Millat, mamlakat istiqbolida taqdirulamal ahamiyat kasb etgan siyosiy masalalarga aralashgimiz kelmaydi. Maqol-u matallarimizda ham shunga ishora bordek: “Och qornim – tinch qulogʻim”, “Oʻynashmagin arbob bilan…”, “Devorning ham qulogʻi bor”, “Faqir kishi panada”, “Kattalar nima desa shu”... Siyosatdan yiroqligimiz, ehtiyotkorligimizni koʻrib, odamzodni “siyosiy mavjudot” deb atagan Muallimi avval (Arastu) adashganmikan degan xayolga borasiz. Sizningcha, xalqimizning siyosatga hadeb bosh suqavermasligi sababi nimada? Haqsoʻz adib Sharof Boshbekov taʼbiri bilan aytganda, nega “dunyoga chinqirib kelsak-da, shivirlab yashamoq”ni afzal bilamiz?
– Savolingizdagi bir ibora diqqatimni tortdi: “hokimiyat anatomiyasi”. Chiroyli ibora ekan. Kasbim taqozosiga koʻra imkon qadar hokimiyat anatomiyasini oʻrgandim, oʻrganyapman. Ilmiy va siyosiy tushuncha sifatida u koʻp zamonlardan beri tadqiq etiladi. Hatto miloddan avvalgi davrda yashagan yunon, xitoy allomalari, jumladan, Sharq donishmandlari bu masalada koʻp va xoʻb mushohada yuritgan. Demoqchimanki, velosipedni qayta kashf etishimizga hojat yoʻq.
Hokimiyatni inson boshqaradi. Nazarimda, hamma muammo ana shunda. Inson – mubham olam. Unga hech kim, hech qachon tugal taʼrif bera olmaydi. Chunki har bir davrning oʻz odami, oʻz dunyoqarashi, kutilmagan talablari, qonuniyatlari bor.
Dunyo tez oʻzgarmoqda. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlar oqimi biz kutgandan koʻra shiddatkor, poʻrtanali. Bu, oʻz-oʻzidan, inson va jamiyat, uning istiqboli borasida jiddiyroq oʻylashni taqozo etadi. Toʻgʻri taʼkidladingiz, keyingi yillarda xalqimizning siyosiy savodxonligi oshib boryapti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga munosabat faollashib, befarqlik kamaymoqda. “Qirqquloq qozonlar” ham qaynayotir. Biroq mohiyatan qaraganda, ahvol quvonarli emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarning aksari yuzaki ayyuhannoslar, mayda maishiy muammolar, ikir-chikir masalalar atrofidagi qiyl-u qollardan iborat. Jamiyatni tubdan isloh qilish, davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida joʻyali, konstruktiv takliflarni koʻrmayapman. Mazmun-mohiyatni teran anglagan holda, jiddiy muammolarga ogʻir-vazminlik bilan yechim topish istagi bormi? Afsuski, sogʻlom aqldan uzoq, hissiyotga tayangan chiqishlar koʻproq. Bunday chiqishlarning jamoatchilik fikrini oʻzgartirib, odamlarni davlatning strategik maqsadlaridan chalgʻitgani chatoq.
Yana boshqa bir toifa zamondoshlarimiz befarqlik, loqaydlik kayfiyatida. Siz sanagan maqollarda xalqning maʼnaviy qiyofasi, intellektual salohiyati, aqliy darajasini koʻramiz. Bu naqllar ayni shu kunlarimiz uchun aytilgandek. “Bersang yeyman, bermasang oʻlaman”, “Olma pish, ogʻzimga tush” deb yashayotganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Vaholanki, keng miqyosli islohotlarning natijasi aholi tafakkuri, odamlar dunyoqarashi bilan bogʻliq.
Jamiyatda modernizatsiya jarayoni chuqurlashayotgan, tub islohotlar amalga oshirilayotgan zamonda davlat taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqadi. Parlament huquqiy asoslarni yaratadi. Ijro hokimiyati uni amalga oshirmoqqa bel bogʻlaydi. Lekin strategiya, dasturlarni hayotga tatbiq etadigan asosiy kuch – xalq. Xalqimizning koʻpdan-koʻp fazilatlarini tan olgan va hurmat qilgan holda aytishim kerakki, ana shu ulkan maqsadlarni roʻyobga chiqarishda ichki ragʻbat, qalb uygʻoqligi, ruhiy quvvat va tashabbus yetishmayotgandek. Negadir jamiyat va davlat ishiga daxldorlik hissi sust.
Yoʻq, Arastu bobo adashmagan, inson butun mohiyati bilan siyosiy mavjudot, ijtimoiy hodisa. Hatto islomda ham bu jihat oʻziga xos tarzda talqin etilgan. Olloh Qurʼoni karimda “Biz sizni mukarram qilib yaratdik”, deydi. Mukarramlik nimada? Azizlik nimada? Moʻtabarlik-chi? Muazzam olamni, jumladan, turfa xil jonzotlarni yaratgan Olloh faqat odamgagina aql-tafakkur, his-tuygʻu berdi, oʻz hayotini oʻzi yoʻlga qoʻyish, oʻz saodatini oʻzi yaratish qobiliyatini ato etdi. Biz nodir inʼomdan, noyob imkoniyatdan foydalana olyapmizmi? Juda ogʻriqli savol bu! Ana shu haqiqatni yuragidan his etgan marhum adibimiz Sharof Boshbekov “dunyoga chinqirib kelsak-da, shivirlab yashash”imizdan iztirob chekib oʻtdi. Bu, aslida, hammamizning iztirobimiz.
Bugungi davr har bir fuqarodan, u kim boʻlishi, kasb-u kori, millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, qalb va ruhiyat uygʻoqligini talab etayotir. Yer yuzi boʻylab axloqsizlik, maʼnaviy qashshoqlik vabo kabi tarqalmoqda. “Insoniyatning XX asrdagi buyuk fojiasi – uning qadriyatlardan uzoqlashganida”, deya muqarrar inqirozdan ogohlantirdi BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish. Axloqiy tanazzul, maʼnaviy inqiroz avj olgan davrda inson oʻzini oʻzi asrash instinktini kuchaytirmogʻi lozim. Har bir odam oʻzini oʻzi asrasa, illatlarini jilovlab, xulqini kamolga yetkazish yoʻlidan borsa, millatni saqlab qolish mumkin boʻladi.
Jahon tajribasi bizni sergaklikka undashi kerak. Amerikalik olim Patrik Byukenen Gʻarb tamaddunining intihosi yaqin, bu inqirozning ildizi axloqsizlikka borib taqaladi, deydi. Mashhur davlat va siyosat arbobi Henri Kissenjer esa sovet tajribasini nazarda tutib, “Bizda erkak va ayolning birgalikda yashash ehtiyoji bor – ularda oila degan qadriyat bor. Bizda shahvoniy ehtiyoj bor – ularda muhabbat bor. Afsuski, biz ana shu insoniyat qoʻriqxonasiga ham daxl etdik”, deydi. Bizning hayotimizga ham axloqsizlik, maʼnaviy qashshoqlik, xudbinlik, yengiltaklik, yana talay maʼsiyatlar kirib kelmoqda. Bu hol umummilliy fojia oʻlaroq qabul qilinishi, isloh uchun oqilona choralar koʻrilishi kerak.
Buyuk olmon faylasufi Fridrix Nitshe “Gʻolibona oʻl!” degan edi. Inson bosib oʻtgan umr yoʻlidan minnatdor holda oʻlishi uchun gʻolibona yashashi lozim. Demak, ikir-chikirlar, fisq-u fasodlardan ustun kelib, umrni, aql-zakovatni umummilliy manfaatni himoya qilishga safarbar etmoq kerak. Fitnakor neʼmatlar, nashʼu namolar, pastkashliklar, riyokorliklar, boylik, amal, shon-shuhratdan oʻzni ustun qoʻyib yashash uchun esa odamda oriyat, nafsoniyat, ichki gʻurur mustahkam boʻlmogʻi darkor. Oʻzbekning faylasuf shoiri Eshqobil Shukur “Men orsiz yashashdan qoʻrqaman juda, / Men qattiq qoʻrqaman orsiz oʻlimdan”, deb yozadi. Bu dardli faryod har bir qalbi uygʻoq ziyolini teran mushohadaga toldirishi aniq.
Bir qarashda gʻoyatda goʻzal, badastir hayot kechiryapmiz. Ammo ochiq nigoh bilan qaralsa, insonning aziz va mukarramlik maqomiga dog‘ boʻluvchi illatlar girdobida ekanimiz koʻrinadi. Qalbimizning kemtikligi, ruhiyatimizning majruhligi, oʻzimizni inson sifatida toʻla-toʻkis idrok etolmayotganimiz oqibati bu...
– Davlat boshqaruv nizomi mudom yangilanishda, ammo asrlar oʻtsa-da, oʻzgarmaydigan sobit qoidalar bor. Italyan mutafakkiri Nikkolo Makiavelli “Hukmdor” asarida siyosiy yetakchilar, arboblarni omma nafrati va gʻazabiga giriftor boʻlish xataridan ogohlantirarkan, eng ishonchli, eng mustahkam qoʻrgʻon xalq muhabbati ekanini uqtiradi. Bugun ham siyosat ahli uchun birlamchi omil raiyat mehr-muhabbatini qozonish boʻlmogʻi lozim.
Mamlakatimizda rahbar kadrlarning yangi avlodi shakllanmoqda. Chet elda tahsil koʻrgan, bir necha ajnabiy tilda biyron gapiradigan, tafakkur va tadabbur koʻlami keng arboblarimiz koʻpayayotgani quvonarli, albatta. Ammo davlatimiz rahbari yuritayotgan islohotlar mohiyatini anglay olmayotgan, xalq muhabbati emas, nafratiga “noil” boʻlayotgan ishboshilar ham talaygina. Shu toifa hokimlardan biri mushtumzoʻrlik qilsa, boshqasi qoʻl ostidagilarni soʻkib-haqoratlaydi. Oyogʻi yerdan uzilgan amaldorlarning nomashru xatti-harakatlari sabab goho Oʻzbekiston nomi jahon matbuotida salbiy boʻyoqda tasvirlanayotgani chandon afsuslanarlidir. Zamon oʻzgarsa-da, baʼzi rahbarlarimizning tafakkuri, tutumlari oʻzgarmayotgani boisi ne? Rahbar kadrlarning bilimi, savodxonligini oshiradigan imijmeykerlik kabi zamonaviy yoʻnalishlar nega bizda haligacha shakllanmagan?
– Davlatchilik – ming yillar mobaynida bir maromda, sokin oʻzanda hukm surib kelayotgan sobit mexanizm emas. U har bir davrning ehtiyojlari, maʼnaviy-axloqiy talablari, intellektual imkoniyatlariga hamohang, uygʻundir. Bugun biz barpo etayotgan jamiyat, biz yaratayotgan tarix ham bizning aqlimiz mahsuli. Uning illatlari-yu fazilatlari, nuqsonlari-yu yutuqlari barchamizniki. Zotan, bunyodkor ham, binokor ham hammamiz – men, siz, boshqalar...
Albatta, Makiavellining davlatchilik va siyosiy yetakchilar haqidagi fikrlari hech qachon qiymatini yoʻqotmaydi. Lekin ularni aniq makonda, konkret zamonda joriy etishda oʻsha davr odamlari dunyoqarashi, maʼnaviy-axloqiy ehtiyojlarini nazarda tutmoq kerak boʻladi. Darhaqiqat, xalq muhabbati, ishonchi va eʼtirofi siyosiy yetakchi maqom-martabasi, obro‘-eʼtiborini belgilaydi. Zamonaviy davlatchiligimizda ham bu talab inobatga olingan. “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan aqidaning oʻzi koʻp jihatlarni oydinlashtiradi. Biroq hayot – hayot-da. Ideal jamiyat hech qachon boʻlmagan, bundan keyin ham boʻlmaydi. Bu orzuning roʻyobga chiqishi ham har qanday jamiyatning quruvchisi boʻlgan odamlarning feʼl-atvori, axloqi, ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashiga bogʻliqdir.
Toʻgʻri taʼkidladingiz, davlat boshqaruvida xorijda oʻqib dunyo tajribasini oʻrgangan, chet tillarni puxta oʻzlashtirgan rahbar kadrlarimiz koʻpaydi. Ammo ayrim holatlarda ularda hayotiy tajriba yetishmasligi, milliy axloqiy meʼyorlar, maʼnaviy mezonlardan begonalik koʻzga tashlanmoqda. Boz ustiga, boshqaruv salohiyati, sharqona donishmandlik, oʻzbekona tafakkur va andisha yetishmayotir. Afsuski, bu vaqt va tajriba bilan bogʻliq boʻlgan oʻtkinchi masala emas. Xususan, oʻrta va quyi boʻgʻin boshqaruv tizimida muammolar koʻp. Quyushqondan chiqish, soʻkinish, yoqalashish, axloqqa zid muomala-munosabatlar roʻy bermoqda.
Tajribadan maʼlum, mansabdor unga yuklangan lavozimga munosib boʻlmasa, oʻziga ham, oʻzgalarga ham azob berib ishlaydi, muammo tugʻilganda ruhiy muvozanatini yoʻqotadi, oqibatda baqir-chaqir, soʻkinish, ur-toʻpolonlar yuzaga keladi. Ayrim yosh kadrlar lavozim yukini koʻtara olish yoki olmaslik haqida oʻylash layoqatidan-da mahrum. Mutaxassisligi, kasb-kori va tajribasidan qatʼi nazar, istalgan lavozimni taklif qilsangiz, oʻylamay-netmay ishlashga shaylik izhor etadi. Dangalini aytganda, biz oʻz darajamizni bilmaymiz, oʻzimizga xolis va haqqoniy baho bera olmaymiz. Bunga xudbinlik, manfaatparastlik, amalparastlik, shon-shuhrat, kibr-u havo illatlari toʻsqinlik qiladi.
Odamzodning tabiati qiziq: mudom oʻz imkoniyati, qobiliyati va bilim darajasidan ziyod neʼmatlarni xohlaydi. Koʻzlagan lavozimiga munosibmi, yoʻqmi, buni oʻylamaydi. Lavozimni egallagach, birdan donoga aylanadi, oʻzini hammadan aqlli deb bila boshlaydi. Muammo tugʻilganda, uning yechimini topolmagach esa, doʻq-poʻpisaga oʻtadi. Fikr bildirganlarni yoqtirmaydi, haqini talab qilganlar bilan yoqalashadi. Bu hol rahbar shaxsning oʻz lavozimiga munosib emasligidan kelib chiqadi.
Demak, hozirgi sharoitda kadrlar bilan ishlash, har tomonlama yetuk boshqaruvchilar zaxirasini shakllantirishga ehtiyoj katta. Toʻgʻri, davlat bu illatlarga qarshi kurashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Biroq rahbar kadrlarning savodxonligini oshirish, imijmeykerlik singari zamonaviy yoʻnalishlarga eʼtiborni yanada kuchaytirishni hayotning oʻzi taqozo qilmoqda. Yaqinda men Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshida tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubi aʼzolari bilan uchrashdim. Bilishimcha, bir necha oʻn ming yoshlar orasidan onlayn sinovlar, savol-javoblar orqali saralab olingan yigit-qizlar ushbu klubda boshqaruv bobida tajriba orttirmoqda. Yigit-qizlarning ishtiyoqi zoʻrligi, qalbi uygʻoqligi, fikrati tozaligi, aqli butunligidan ham quvondim, ham umidlandim. Bu – jamiyatimizning, davlatimizning yorug‘ kelajagidan nishona. Biroq koʻngilda xavotir ham yoʻq emas. Ular maʼlum bir lavozimni egallagach, byurokratik toʻsiqlar, xudbin va munofiq mulozimlar qurboniga aylanib, olmosday tovlanib turgan qalblari chilparchin boʻlmasmikan?..
Lider deganda biz tuman, shahar, viloyat, mamlakat rahbari yo siyosiy partiyalar raislarinigina tushunmasligimiz kerak. Har bir sohaning oʻz yetakchisi boʻlishi darkor. Har bir kishi oʻz ish joyi, kasb-korining peshqadami boʻlmogʻi lozim. Shu tariqa turli daraja, soha va boʻgʻindagi liderlar, tashkilotchilar, tashabbuskorlar jamiyatini quramiz. “Oʻzing oʻzingning hokiming boʻl” deb oʻgit bergan edi Nitshe. Mustaqil fikrli kishilardan iborat jamiyat, davlat ham chin maʼnoda mustaqil boʻladi.
Liderlar qancha koʻp boʻlsa, kadrlar zaxirasi boy boʻlsa, tanlash imkoniyati kengayadi. Baʼzan nomzodning mutaxassisligi, bosib oʻtgan yoʻli, kasbiy va boshqaruv tajribasiga qaramay lavozimga qoʻyilyapti. Bu esa talay muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Har qanday mutaxassis idora, muassasa, tuman, shahar yo viloyat boshqaruvida maʼlum darajada qatnashadi. Lekin bir achchiq haqiqat bor: har qanday mutaxassisdan rahbar chiqishi mumkindir, ammo har qanday rahbardan chinakam arbob chiqmaydi.
– Gʻarblik olimlar Daron Ajamoʻgʻli va Jeyms Robinson qalamiga mansub “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” degan salmoqli tadqiqotda farovonlik va kambagʻallik ildizlari xususida bahs yuritilgan. Keng tarqalgan ilmiy qarashga koʻra, jugʻrofiy joylashuv, iqlim, tabiiy boyliklar hamda madaniy mansublik mamlakatlar farovonligi, xalqlarning toʻkis, toʻkin hayotini kafolatlovchi omillar sanaladi. D.Ajamoʻgʻli va J.Robinson bu nuqtai nazarni rad etib, taraqqiyot birinchi galda inklyuziv iqtisodiy va siyosiy insitutlarga bogʻliq ekanini taʼkidlaydi. Ayrim xalqaro tashkilotlar, ekspertlar Oʻzbekistonda siyosiy-institutsional islohotlar oʻtkazish zarur deya tavsiya berayotir. Sizningcha, siyosiy institutlarimiz takomili yoʻlida qanday chora-tadbirlar koʻrmoq kerak?
– “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobini oʻqiganman. Mualliflarning fikr-mulohazalari ham ilmiy-nazariy asosga, ham amaliy ahamiyatga ega ekani bilan qimmatli. Bu masala avval ham talay olimlar tomonidan tadqiq qilingan, xilma-xil xulosalar ilgari surilgan. Jumladan, Karl Marks jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch iqtisod deb hisoblasa, Sharl Monteskyo tabiiy geografik muhit deydi. Zigmund Freyd nazdida esa jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch – libido, xohish-istak, mayldir.
Jamiyat ravnaqida iqtisod muhim oʻrin tutishini inkor etib boʻlmaydi. Choʻntagingizda pulingiz boʻlmasa, durust kiyinolmaysiz, bolalaringizni oʻqitolmaysiz, ularga kitob olib berolmaysiz (oʻzi bolalarimizga kitob olib beryapmizmi?). Toparmon-tutarmon boʻlsangiz, hayotingiz toʻkis, farovon kechadi. Ammo gap faqat moddiy neʼmatlarda emas-da. Yon-atrofimizda moddiy jihatdan boy-u, maʼnan qashshoq odamlar kammi? Hashamatli uylarda yashab, qimmatbaho mashinalarda yuradigan, toʻy uchun million-million sarflaydigan, ammo kasalmand qoʻshnisiga bittagina dori olib berishga yaramayotgan kimsalar yoʻqmi?..
Monteskyo nazariyasiga muvofiq, geografik omil jamiyat hayotida katta rol oʻynaydigan boʻlsa, Yaponiya, Shvetsiya singari davlatlar qanday qilib turmush darajasi boʻyicha dunyoda yetakchi oʻringa chiqdi? Binobarin, ular aql, fan-texnika taraqqiyoti orqali yuksak natijalarga erishmoqda.
Freydning libidoga ustuvor oʻrin berishi ham munozara uygʻotmay qoʻymaydi. Bu telba koʻngil nimalarni istamaydi?! Odamga mutlaq erkinlik, cheksiz ixtiyor berilsa, u qay koʻchalarga kirmaydi deysiz! Jinoyatlar, turli gʻayriqonuniy harakatlar, axloqsizliklar bunga yaqqol misoldir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev gʻoyalariga koʻra, jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch – maʼnaviyat, yuksak axloq. Har bir inson oʻzini oʻzi isloh qilsa, kuch-gʻayratini bunyodkorlikka yoʻnaltirsa, qalb daʼvati ila yashasa – jamiyat ham ravnaq topadi. Iqtisod ham, xohish-istak ham, jugʻrofiy joylashuv ham axloqiy qadriyatlarsiz zaif va kuchsizdir. Shuning uchun ham “barkamol inson”, “barkamol avlod” gʻoyasi hech qachon oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi. Yangicha tafakkur, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar egasi boʻlgan avlodni tarbiyalash – uzluksizlik, tadrijiylikni taqozo etadigan, qalb, ong, ruhiyat bilan bogʻliq boʻlgan murakkab jarayon. Biz qiyin boʻlsa-da, ana shu yoʻlni tanlab toʻgʻri qildik.
Xulosamni aytsam, taraqqiyotning asosi – axloq, tanazzulning boisi – axloqsizlik. Millatni uygʻotuvchi, ragʻbatlantiruvchi, safarbarlik hissini uygʻotuvchi kuch – maʼnaviyat. Boshqa narsa emas!
– 2016-yili mamlakatimizda siyosiy oʻzgarishlar roʻy berdi, Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi platforma bilan hokimiyatga keldi. Zamon evrilgach, “qahramon” toʻnini kiyib kechagi kunni qoralashga tushgan, hatto oʻzidan jabrdiyda yasamoqqa uringan arboblarimiz haqida ham fikringizni bilsak. Holbuki, ular birinchi maʼmuriyat davrida ham davralarning toʻrida boʻlgani koʻpchilikning yodidan chiqqani yoʻq. Buni siyosiy buqalamunlik deymizmi, tovusdek turlanish-tuslanishmi!.. Xoʻsh, kechagi kunni bu tariqa rad etish taraqqiyot talabimi yoki yashash uchun kurash usulimi?
– Ikkiyuzlamachilik, vaziyatga qarab turlanib-tuslanib turish milliy mentalitetimizga xos desam, oʻzim mansub boʻlgan millatni kamsitgan, haqorat qilgan boʻlaman. Bundan Xudo asrasin. Lekin peshonamizning shoʻri shundaki, bunday buqalamun odamlar oramizda oz emas. Koʻrinishidan tuppa-tuzuk, savlatidan ot hurkadigan, vajohati olamning tirgagi kabi odamlarning oʻzini har koʻyga solishi kishini oʻylantirib qoʻyadi.
2017-yildan keyin jamiyat hayotida ham, davlatchiligimizda ham jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi. Bu tabiiy hol. Har bir davlat rahbari oʻz xarakteri, feʼl-atvori, dunyoqarashi, maqsadlariga koʻra siyosiy tizimni isloh qiladi, yangi taraqqiyot yoʻllarini izlaydi. Oʻzgarish pallasida esa kimlardir oʻzini sadoqatli koʻrsatmoq uchun oʻtmishga tosh otishga tushadi.
Boya ham aytdim, tarixni el-ulus yaratadi. Davlat ham xalqning umumiy dunyoqarashi, maʼnaviy-axloqiy quvvati asosida vujudga keladi. Ammo uni bir kishi boshqaradi.
Buyuk arab olimi Ibn Xaldun davlat – xalq maʼnaviy irodasining, ichki dinamik quvvatining inʼikosi, degan gʻoyani ilgari surgan. Allomaning fikricha, davlatning qudrati raiyatning aqliy salohiyati, maʼrifatlilik darajasiga bogʻliq. Ibn Xaldun buni “asabiya” soʻzi bilan ifoda etadi. Demak, xalq qanday boʻlsa, davlat ham shunday boʻladi.
Oʻtmishni qoralab, oʻzini jabrdiyda qilib koʻrsatadiganlar buni anglagisi kelmaydi. Ular bugunini, hozirgi manfaatini oʻylaydi, xolos. Vaholanki, bu bilan oʻzimizga tosh otayotganimiz, illatlarimizni olamga doston qilayotganimiz, oʻzimizni oʻzimiz sharmandai sharmisor etayotganimizni tushunmaymiz. Yaqin oʻtmishimizda xatolar, kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan, albatta. Axir, inson tabiatan xatokordir. Ne-ne donishmand-u allomalar, avliyo-yu azkiyolar ham adashgan, yanglishgan. Ana shu nuqtai nazardan biz tarixga birbutun hodisa sifatida qarashimiz, uni butun kamchiliklari-yu yutuqlari bilan, illatlari-yu fazilatlari bilan yaxlit holda tahlil qilishimiz kerak.
Amir Temur jahon tarixiga ulug‘ sarkarda va odil hukmdor sifatida kirgan. “Bir oʻspirin bola bir lagan tillani boshiga qoʻyib, mamlakatimning bu burchagidan narigi burchagiga piyoda olib oʻtsa, birov qoʻl choʻzmaydigan odil saltanat qurdim”, degan edi Sohibqiron. Mana, sizga, bugungi ibora bilan aytganda, erkin fuqarolik jamiyati, kafolatlangan inson huquqlari! Ibn Xaldun shahodatiga koʻra, dunyo davlatchiligi Amir Temur saltanatidek yetuk davlatchilikni koʻrmagan. Biroq ulug‘ bobomiz ayrim hollarda oʻta shafqatsizlik qilgani, hukmfarmolik bobida goho keskinliklardan qaytmaganini yaxshi bilamiz.
Tarixiy haqiqat shuki, Amir Temur dunyo taqdiri bilan bogʻliq boʻlgan, Mashriq-u Magʻribni birlashtirishdek buyuk missiyani bajardi. Ulkan insonparvar imperiya barpo etib, islom tamaddunini yangi bosqichga koʻtardi.
Fransiya tarixida buyuk burilish yasagan Sharl de Goll, Turkiyada respublikaga asos solgan va uni taraqqiyot yoʻliga olib chiqqan Mustafo Kamol Otaturk qanchadan-qancha qurbonliklarga yoʻl qoʻygan, kezi kelganda terror usullaridan foydalangan. Lekin ularning har ikkovi xalq, millat tarixida yangi sahifa ochgan siyosiy yetakchilar sifatida eʼzozlanadi. Yaʼni ularning inson sifatida yoʻl qoʻygan xato, kamchiliklari millat oldidagi tarixiy xizmatini inkor etmaydi.
Oradan yillar oʻtadi. Vaqti kelib bugungi kunga baho beradigan boʻlsak, yana oʻzimiz oʻzimizdan illat izlab, ayyuhannos solamizmi?! “Bu ishlardan men chetda edim, oʻsha vaqtda men kurasha olmaganman, munosabat bildirishning iloji yoʻq edi” deya iddao qilamizmi?!
Albatta, kechagi kunga odilona tahlil, xolisona tanqid nigohi bilan qarash, kamchiliklar va xatolardan xulosa chiqarish taraqqiyot talabi. Biroq oʻtmishni qoralab, oʻzimizni oqlash insofdan emas. Shaxs sifatida shakllanmagan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega boʻlmagan, maʼnaviy-ruhiy jihatdan zaif odamlarga xos usul bu. Biz oʻtmish bilan kelajak orasidagi koʻprikmiz. Alhol, moziy bilan mustaqbal oʻrtasida jarlik paydo qilmaylik!
Mashhur shoir Rasul Hamzatov “Mening Dogʻistonim” asariga otasi Hamzat sadasaning “Sen oʻtmishga toʻpponchadan oʻq otsang, kelajak seni zambarakdan toʻpga tutadi” degan gapini epigraf qilgan. Butun asarda bir hovuchgina xalq oʻtmishiga buyuk hurmat, ajdodlarga ehtirom, vatan va millatga sadoqat tuygʻulari yorqin namoyon boʻladi. Biz esa... Ana shunday holatlarda buyuk zamondoshimiz Abdulla Oripovning “Qachon xalq boʻlasan, ey sen, olomon!” degan hasratli nidosini eslayman. Baʼzan esa, shakkoklik boʻlsa ham, oʻzi millatmizmi, yoʻqmi yo olomondan xalqqa aylanayotgan palladamizmi hali degan iztirobli oʻylarga boradi odam.
– Shoir Matnazar Abdulhakimning “Arz” degan sheʼri bor. Unda bayon etilishicha, karvonsaroyda tilla toʻla xurjunini oʻgʻirlatib qoʻygan musofir xon huzuriga borib arzihol qiladi. Xon koʻmak berish oʻrniga arzgoʻyning oʻzini ayblamoqqa tushadi. Muallif hukmdor bilan musofir suhbatini bunday tasvirlaydi:
– Shunchalik ham qattiq uxlaysanmi, gʻofil!
Qilasan-a yana uyalmay hasrat.
– Bir qoshiq qonimdan oʻting-u, lekin
Sizni uygʻoqmikan debman, onhazrat.
Tanbehdan saboq chiqargan xon musofirga minnatdorlik bildiradi, saroyda mehmon qilib, oʻgʻirlangan xurjunini ham topib beradi. Ibratli rivoyat-a, shunday emasmi? Darvoqe, oʻzingiz ham “Agar ogoh sen...” degan kitobingizda siyosiy arbob uchun uygʻoqlik, ogohlik birlamchi fazilat ekanini taʼkidlab yozgansiz-ku. Bugun ham el-ulus davlat boshqaruvi idoralari, ayniqsa, qonunchilik boʻgʻini vakillaridan ana shunday jonsaraklik, bedorlik va tiyraklikni talab qilmoqda. Xabaringiz bor, “joʻjani sanash” fursati ham yaqinlashyapti: 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligi uchun saylov boʻlib oʻtadi. Vakolat muddatini yakunlayotgan deputatlarimiz elektorat ishonchini oqlay oldimi? Deputatlikning tuz-namagini totgan siyosatdon sifatida aytsangiz, parlamentimiz qachon chinakam “Xalq uyi”ga aylanadi?
– Xalq hokimiyatchiligi tamoyiliga muvofiq oliy vakillik organi boʻlgan parlament oʻz kuch-qudrati, keng vakolat va imkoniyatlarini namoyon eta bilmogʻi lozim. Elektorat ishonch bildirgan vakillar oʻzini faollarning faoli, fidoyilarning fidoyisi, jonkuyarlarning jonkuyari sifatida koʻrsatishi kerak.
Men ham maʼlum muddat (2000–2004-yillar) parlamentda faoliyat yuritganman. Oʻsha kezlar qulogʻimga chalingan bir gap hamon esimda. Oliy Majlis markaziy apparatida doimiy faoliyat yuritadigan xodimlardan biri “Oldingi chaqiriqdagi deputatlar sizlardan koʻra yaxshiroq ishlagan edi”, degan edi. Keyingi chaqiriqdagilar davrida yana shu gap takrorlanibdi. Mantiqan oʻylab qaralsa, parlament faoliyati yildan-yilga susayib bormoqda, degan xulosaga kelish mumkin. Buning uchun kimnidir ayblash, kimnidir javobgar qilish, menimcha, toʻgʻri emas. Bu, aslida, jamiyatning yalpi savodxonlik darajasi, intellektual salohiyati inʼikosi.
Ayni choqda, parlament faoliyati takomillashib, deputat va senatorlarning javobgarligi oshib bormoqda. Masalan, biz ishlagan davrda birorta ham vazir yoki hokim Oliy Majlis minbarida hisobot bermas edi. Hozir esa bir qator vazirlar tik oyoqda xalq vakillarining savollariga javob qaytarmoqda. Lekin taʼkidlaganingizdek, parlamentimiz hali chinakamiga “Xalq uyi”ga aylangani yoʻq. Vakillarimizda dadillik, oshkoralik, shijoat, qatʼiyat yetishmayapti. Ayrim vaqtlarda mayda masalalar atrofidagi munozaralarga guvoh boʻlamiz. Baʼzan kurakda turmaydigan takliflar ilgari suriladi. Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda haqli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
– Ilm, ijod ahlining siyosat ila mashgʻul boʻlmogʻi – Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Ogahiy kabi ulugʻlarimizdan meros anʼana. Siz ham bir muddat Oʻzbekiston Prezidenti davlat maslahatchisi boʻlib ishlagansiz. Jurnalimizning 2008-yil 1-sonida talay yil masʼul lavozimlarda saʼy-koʻshish koʻrsatgan adib Murod Muhammad Doʻst bilan suhbat chop etilgan edi. Oʻshanda Murod ogʻamiz ijodkorning masʼul lavozimda ishlashi yutuqmi yo yutqiziqmi degan mazmundagi savolga javoban “Orttirgan hikmatim shuki, bir muddat siyosatga aralashib, keyin chetga chiqqan odam “men toza edim” deb aytsa, unga ishonmaslik kerak”, degan edi. Narzulla aka, davlat rahbari qabatida, mamlakat oliy devonida ishlab Siz qanday hikmat orttirdingiz?
– Chindan ham, azaldan olimlar, ijod ahli saltanat boshqaruvi, davlat ijtimoiy-siyosiy strategiyasini belgilashda ishtirok etgan. Buni ijobiy hodisa deb bilaman. Taniqli yozuvchimiz Murod Muhammad Doʻst haq gapni aytgan ekan. Katta dargohda ishladingmi, saltanatning barcha yutuq va kamchiliklariga teppa-teng sheriksan. Har qancha bahonalarni roʻkach qilma, baribir oʻzingni oqlayolmaysan...
Murod aka “chetga chiqqan odam” deb, menimcha, oʻzini nazarda tutgan. Yozuvchi – olam ichra oʻz betakror olamiga ega boʻlgan shaxs. Bu bilan rasmiy idoradan boʻshab, ijodga qaytganini nazarda tutgandir. Biroq men kasbim va ilmiy faoliyatim sabab oʻzimni chetga chiqqan odamman deya olmayman. Maʼlum yillar davlat boshqaruvida bevosita ishtirok etgan boʻlsam, hozir bilvosita qatnashyapman. Ilgari vazifam rasmiy edi, hozir esa norasmiy tarzda, jamoatchilik asosida. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yoʻllanmasi bilan tumanma-tuman, mahallama-mahalla kezib yuribman. Turli nufuzli idoralar, tashkilotlar, muassasalar dolzarb masalalarda maʼruza oʻqishga taklif qiladi. Sirasi, hozirgi islohotlar jarayonida ham faol ishtirok etyapman.
Bugun topgan hikmatim shu: ishim yurishsa quvonaman, yurishmasa xafa boʻlmayman. Shaxsiy hayotimni fisq-u fasodga toʻla dunyodan chetda tutaman. Kimdir buni ojizlik deb oʻylashi mumkin. Aslida, bu ichki iroda, maʼnaviy quvvat! Mening hech kimga daʼvom yoʻq. Shunday taqdirni ravo koʻrgani uchun Ollohga beadad shukr aytib yashayotirman.
Sobirjon YOQUBOV
suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Bir yon maʼsiyat, bir yon maʼsumiyat” maqolasi