Mart oyi — dunyo mamlakatlarida ayollar tarixi oyligi sifatida nishonlanadi. Unda gender tenglikka chaqiruvchi aksiyalar, zoʻravonlikka qarshi namoyishlar va ayollarni qadrlashga chorlovchi tadbirlar oʻtkaziladi. Bundan maqsad — ayollarning jahon tarixi va zamonaviy jamiyat rivojiga qoʻshgan hissasini taʼkidlashdan iborat. Mazkur oylik doirasida Oyina.uz ayollar liderlik qilayotgan va muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlar tajribasi bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda dunyo siyosatida ayollar yetakchiligi ortib bormoqda. Ilgari siyosat va davlat boshqaruvi asosan erkaklar hukmron boʻlgan soha sifatida qaralgan boʻlsa, bugun bu tasavvur asta-sekin oʻzgarib bormoqda. Turli davlatlarda ayollar nafaqat parlament va hukumatlarda faol ishtirok etib kelyapti, balki ularning yirik siyosiy qarorlarni qabul qiluvchi rahbar sifatida namoyon boʻlayotganini ham koʻrish mumkin. Bu jarayon jamiyatda muhim savolni yuzaga keltirmoqda:

Agar dunyoni ayollar boshqarsa, jamiyat va siyosatda qanday oʻzgarishlar yuz berishi mumkin?

Yevropa davlatlari bu savolga javob topish uchun muhim sinov maydoni boʻlib xizmat qiladi. Masalan, Angela Merkel Germaniyani 16 yil davomida boshqarib, iqtisodiy barqarorlik va siyosiy muvozanatni saqlab qolgan yetakchi sifatida tarixda qoldi. Shuningdek, Sanna Marin boshchiligidagi hukumat Finlyandiyada yosh va gender jihatdan muvozanatli siyosiy jamoa shakllanishining yorqin namunasidir. Bu kabi misollar mamlakatda ayol yetakchiligi – samaraliroq boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.

Koʻplab tadqiqotchilar ayollar rahbarligi ijtimoiy siyosat, taʼlim, sogʻliqni saqlash hamda gender tengligi kabi sohalarda muhim ijobiy oʻzgarishlarga olib kelishini taʼkidlamoqda. Xususan, tadqiqotchi Konstantina Manoli olib borgan tadqiqotlar natijalarida koʻpgina ayollar boshqaradigan davlatlar dunyoga oʻrnak qilib koʻrsatiladi. Shu sababli ham, ayollarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish masalasi xalqaro tashkilotlar va davlat siyosatida dolzarb masalalardan biriga aylangan. Ushbu maqolada Yevropa davlatlari tajribasi asosida ayollar yetakchiligining jamiyat va siyosiy boshqaruvga taʼsiri tahlil qilinib, ayol rahbarlik modeli qanday imkoniyatlar yaratishi mumkinligi koʻrib chiqiladi.

Baxtni qanday baholash mumkin?

Baxtni baholash va mamlakatlar orasidagi farqlarni aniqlashga nima taʼsir qilishi mumkinligi haqidagi savolga “Jahon baxt hisoboti” javob beradi. Jahon baxt hisoboti — bu shaxslarning hayotdan qoniqish darajasini oʻz-oʻzini baholash asosida tuzilgan yillik indeks va maqolalar toʻplami. Muammoli vaziyatlarda odamlarning biror narsaga tayana olishi, adolat, shaffoflik va minimal korrupsiya mavjudligi shaxsiy qadriyatlar va maqsadlarga muvofiq yashash imkoniyati, shuningdek ish va shaxsiy hayot muvozanatini taʼminlovchi siyosatlar va ular orqali shaxsiy va professional rivojlanish imkoniyatlari — mamlakatlarning baxt koʻrsatkichini belgilovchi omil sifatida sanaladi.

Ushbu koʻrsatkichlarni shakllantirishda esa hokimiyat va boshqaruv muhim rol oʻynaydi. Turli sohalarni qamrab oladigan va jamiyatning umumiy farovonligini ragʻbatlantiradigan siyosatlar baxtli jamiyatni yaratish va saqlash uchun zarurdir. Barqaror va ilgʻor fikrga ega hukumatlar odamlarni maʼnan kuchli qilib, ularga ijtimoiy yoki iqtisodiy maqom, yosh, etnik kelib chiqishi, diniy eʼtiqodi, jinsi yoki jinsiy orientatsiyasidan qatʼi nazar teng huquq va imkoniyatlar taqdim etadi.

Finlyandiya: yetakchilik kuchi

Sanna Marin boshchiligidagi Finlyandiya koalitsion hukumati gender tengligi va ilgʻor boshqaruv ramzi sifatida eʼtirofga sazovor boʻlgan. 2019–2023-yillarda Sanna Marin va uning koʻplab ayollardan iborat kabineti (jumladan, Katri Kulmuni, Maria Ohisalo, Li Andersson va Anna-Maja Henriksson) Finlyandiyani olti yil davomida dunyoning eng baxtli mamlakati sifatida reytingga kiritgan muhim siyosatlarni amalga oshirdi.

COVID-19 pandemiyasi, immigratsiya va iqtisodiy bosim kabi qiyinchiliklarga qaramay, Marin hukumati ilgʻor qadriyatlar va siyosatni rivojlantirishga sodiq qoldi. Eng birinchi oʻrinda ular oilalarni qoʻllab-quvvatlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab, 2020-yilda kuchga kiritilgan “Bolalarni parvarish qilish va taʼlim” milliy qonuni orqali har bir bolaga yuqori sifatli erta taʼlim imkoniyati taʼminlandi. Bu nafaqat bolalarning rivojlanishiga yordam beradi, balki ayollarning ham ishchi kuchi sifatida ishtirokini oshiradi.

2022-yilda joriy etilgan “Ota-ona nafaqasi tizimi” inklyuzivligi bilan eʼtirofga sazovor boʻldi. Bu tizim barcha ota-onalarga, jinsi yoki oilaviy tuzilishidan qatʼi nazar – yolgʻiz ota-onalarga teng imkoniyat yaratadi. Natijada, barcha ota-onalar farzandlarini tarbiyalashda teng ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi, ularning moliyaviy barqarorligi taʼminlandi. Ushbu islohotlar anʼanaviy gender normativlarga qarshi kurashib, ota-ona masʼuliyatini boʻlishishni ragʻbatlantiradi, bolalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi va ish-hayot muvozanatini yaxshilab, bu orqali jamiyat farovonligini oshiradi.

Bu davrda Finlyandiya iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha ham namuna boʻldi. 2022-yilda qabul qilingan “Iqlim toʻgʻrisidagi qonun” orqali 2035-yilga qadar karbon neytrallikka erishish maqsadi belgilandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va barqaror sanoat amaliyotlarini qoʻllash orqali Finlyandiya bugun iqlim faoliyatida yetakchilik qilmoqda.

Ushbu siyosat jamiyatda adolat va inklyuzivlik hissini yaratadi, bu esa aholi orasida, shuningdek, liderlarga boʻlgan ishonchni shakllantiradi.

Fin sanoat tarmoqlari anʼanaviy ravishda erkaklar va ayollar ustun boʻlgan kasblarga boʻlingan: ayollarning 66 foizi ayol rahbar yoki menejer qoʻl ostida ishlaydi, erkaklar orasida esa bu koʻrsatkich atigi 18 foizni tashkil etadi. Davlat sektorida ham ayol rahbarlar ancha koʻp: davlat xizmatchilarining 71 foizi ayol rahbarga ega. Xususiy sektorda esa bu koʻrsatkich 31 foizni tashkil qiladi.

Daniya: hayot ishdan ustun

Daniyaning yuqori darajali ijtimoiy ishonch va muvozanat koʻrsatkichlari, asosan, bosh vazir Mette Frederiksenning siyosatiga bogʻliq. 2019-yildan beri Frederiksen kollektiv farovonlik, tenglik va inklyuzivlikni ustuvor darajalovchi siyosatni ilgari surmoqda.