Sanʼat asarlari, janrlari asosan maʼlum bir bosimlar natijasida paydo boʻladi. Dunyoni katta tezlikda, yangicha toʻlqini bilan bosib olgan jaz ham dastlab ana shunday qismat bilan tugʻilgan edi. Jazni qayerda eshitmang, uni soʻz bilan taʼriflashdan koʻra, ritmidan tanib olish osonroqdir. Quloqlarga esh bo‘lgan ana shunday o‘zgacha janr bu. Bilasiz, jangda eng soʻnggi kuch va qurol gʻalaba uchun asrab turiladi. “Pianinochi haqida afsona” filmini eslang; unda bosh qahramon bilan ijro mahoratida bahslashgan qora tanli pianistning so‘nggi daqiqalarda qo‘llagan quroli – jaz edi. Bu misolni bejizga keltirmadim.

“Qullar qoʻshigʻi” qachon ozod boʻldi?

Jaz (inglizcha: jazz) – professional musiqa turi, zamonaviy ommabop, estrada musiqasining asosiy uslubiy manbalaridan biri. Uning oʻziga xosligi shundaki, qatʼiy shakl-u shamoyilga ega emas va qoliplardan deyarli tashqarida. Jaz koʻpritmliligi (ritmik erkinlik) va badihagoʻyligi bilan xarakterlidir. Shuning uchun ham u tez ommalashgan edi. Unga taʼrif berishda mashhur jaz namoyandalari ham turlicha yondashadilar, sababini esa yuqorida taʼkidlab oʻtdik.

Jazz vatani – AQShning janubi, xususan, Yangi Orlean shahri hisoblanadi. Ushbu uslub XIX asr oxiri XX asr boshlarida Afrika va Yevropa madaniyatlari taʼsirida shakllangan. Paxta plantatsiyalarida ishlash uchun Afrikadan Amerikaga olib kelingan ruhoniy qullar diniy matnlarni qarsak chalish va oyoqlarida ritm hosil qilish bilan kuylashadi hamda qavmdoshlarini ham shu yoʻsinda ergashtiradilar. Afrika etno-musiqasi murakkab poliritmlari va “barabanlar xori” bilan xarakterlanardi. Ammo qullar oʻzlari bilan Yangi Dunyoga hech qanday musiqa asboblarini olib keta olmagan edilar. Shu sababdan ular hayajonga yoʻgʻrilgan intonatsiya va tabiiy ritmlarni hosil qilishda qarsak va oyoqdan foydalandilar. Sanʼat turlarining sinkretizmi musiqa ijodining tabiatiga taʼsir qiladi – u mustaqil harakat qilmaydi, balki raqs, plastika, ibodat va qiroat bilan uygʻunlashadi. Oʻz navbatida, Yevropa musiqasi bu sintezga katta hissa qoʻshdi: yetakchi ovozli melodik konstruksiyalar, lad standartlari, garmonik imkoniyatlar va boshqalarni misol keltirishimiz mumkin. Umuman olganda, afrikancha emotsionallik va intuitiv tamoyillar Yevropa ratsionalizmi bilan toʻqnashdi.

Yangi janr sifatida jaz Yangi Orlean koʻchalarida keng yoyila boshladi. Improvizatsiya qilingan musiqa yakkaxon, masalan, pianinoda yoki saksafonda, keyinchalik kichik ansambllarda (guruh cholgʻu asboblari joʻrligida) ijro etilgan. Dastlab, ana shu ansambl qatnashchilari yaratgan va oʻzlari ijro etgan asarlar jaz yoki “jazband” deb atalgan.

Musiqiy improvizatsiya jazning barcha turlarida mavjud bо‘lgan asosiy xususiyatlardan biridir. Ijrochilar о‘z-о‘zidan musiqa yaratadilar – hech qachon oldindan о‘ylamaydilar va mashq qilmaydilar. Jaz improvizatsiya, tajriba hamda alohida mahorat talab qiladi. Musiqa rivoji va muvafaqqiyati faqat musiqachining ijro vaqtidagi ishtiyoqiga bogʻliq. Zotan, uni ijro etgan har bir ijrochi oʻz asarini yaratadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu turdagi musiqa yaratish Afrika xalqlaridan jazga о‘tgan. Afrikaliklar notalar va repetitsiya haqida hech qanday tasavvurga ega bо‘lmagani uchun bir-biriga faqat uning ohangini va mavzusini yodlash orqali uzatishgan. Bunda har bir yangi musiqachi allaqachon bir xil musiqani yangi usulda ijro etishi mumkin edi. Jaz uslubining ikkinchi muhim xususiyati ritmdir. Chunki doimiy pulsatsiya musiqaga jonlilik, о‘yin zavqi – joʻshqinlik baxsh etadi. Yevropa madaniyatidan jaz musiqaning ohangdorligini meros qilib oldi. Ritm va improvizatsiyaning yumshoq musiqa bilan uygʻunligi jazni gʻayrioddiy tovushlar bilan boyitdi.

“Jazz” jargon soʻzmi yoki purmaʼno atama?

Musiqiy ijrochilikning yangi uslubi dastlab “Jass” deb, keyin esa “Jasz” tarzida yoziladi, 1918-yildan boshlabgina о‘zining hozirgi “Jazz” kо‘rinishiga ega bо‘ldi. Shunisi ajablanarliki, ilk bor tan olingan jaz musiqachilari oq tanlilar edi. 1917-yilning 26-fevralida “Viktor” firmasining Nyu-Yorkdagi studiyasida Yangi Orleanlik beshta oq tanli musiqachisi о‘zlarining birinchi jaz grammaplastinkasini yozadilar. Ushbu audio-yozuv paydo bо‘lguniga qadar jaz musiqa folklori bо‘lib qolavergan.

“Jazz” soʻzi birinchi marta 1912-yil 2-aprelda “Los Angeles Times” gazetasi musiqiy kontekstida emas, balki beysbol harakati tavsifida paydo boʻldi. 1913-yil 5-aprelda “Scoop” gazetasida ushbu atamaning kelib chiqishi haqida turli xil farazlardan iborat maqola chop etildi.

Musiqashunoslar “Jazz” soʻzining kelib chiqishi haqida koʻplab nazariyalarni ilgari surdilar. Ular orasida hatto “jazz” – afro-amerikancha jargondan kelib chiqqan degan taxminlar ham bor edi. Shunday qilib, eng mashhur va ishonarli gipotezalarga koʻra, u fransuzcha “jaser” – “suhbatlashish”, arabcha “jazib” – “jalb etish” soʻzlariga, shuningdek, afrika xalqlarining zarbli cholgʻusi “jayza barabanlari” nomiga koʻra asoslanadi.

Erkin jazning birinchi ijrochilari musiqa yaratishda mutlaqo erkin bо‘lish maqsadida ritmdan butunlay voz kechdilar. Shu sababli jazdagi yangi yо‘nalish uzoq vaqt davomida tan olinmadi. Ritm zarbli cholgʻular bilan taʼminlandi. Tarixiy jihatdan jaz oltita asosiy manbadan asl nusxada olingan sintezdir. Bularga quyidagilar kiradi:

1.      Gʻarbiy Afrika ritmlari;

2.      Mehnat qoʻshiqlari (dala hayqiriqlari);

3.      Diniy qoʻshiqlar;

4.      Dunyoviy qoʻshiqlar (blyuzlar);

5.      Oʻtgan asrlardagi Shimoliy Amerika xalq musiqasi;

6.      Koʻcha cholgʻu asboblari musiqasi.

Hozirda zamonaviy jazning tarmoqlari juda koʻp. Ularning tub negizida turuvchi asosiy qatlamlarni keltirib oʻtamiz. Balki taqqoslab, eshitib koʻrarsiz:

Anʼanaviy jaz. Anʼanaviy jaz XX asr boshlarida juda mashhur boʻlgan koʻcha orkestrlari musiqasidan paydo boʻlgan. Davrning eng muhim – 9–15 kishilik kichik jaz ansamllarining paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Bu yoʻnalishning eng yorqin vakili va asoschisi bu – Lui Armstrong. Anʼanaviy jaz guruhi banjo sozining barqaror, trubaning yetakchi pozitsiyasi va klarnetning yorqin ishtiroki bilan ajralib turadi. Keyinchalik bu cholgʻularning oxirgi ikkitasi asosiy oʻrinni saksafonga boʻshatib beradi. “Qul qoʻshiqlari”ning baʼzilari keyinchalik jaz xitiga aylandi, masalan, Lui Armstrong tomonidan ijro etilgan mashhur “Go Down Moses”. 1900-yildan eʼtiboran sayr kemalarida Yangi Orlean orkestrlari chiqishlar qila boshladilarki, ularning musiqasi yо‘lovchilar uchun yoqimli kо‘ngilochar shouga aylanib qoladi. Shunday orkestrlarning birida Lui Armstrongning bо‘lajak rafiqasi, birinchi jaz pianinochisi Lil Xardin о‘z faoliyatini boshlagan.