Oʻz vaqtida xavfsiz harakatlanish, qayta ishlanadigan yoqilgʻidan foydalanish, shaharning turli hududlarini qamrab olish va aholining barcha qatlami, shuningdek imkoniyati cheklanganlar uchun ham sharoitga ega boʻlish. Eng qulay jamoat transportlari yana qanday sifatlarga ega boʻlishi kerak? Qaysi shaharlardagi jamoat transport tizimini eng yaxshi deya eʼtirof etish mumkin?
Berlin, Germaniya
Germaniyaning Berlin shahri avtobus, metropoliten (U-Bahn), yerosti poyezdlari (S-Bahn), ommaviy velosiped hamda paromlarni oʻz ichiga olgan samarali jamoat transport tizimi bilan mashhur. Tizim shu qadar mukammal oʻylanganki, barcha transportlar bir-biri bilan chambarchas bogʻliq – ular shaharning katta tumanlari bilan kichik aholi punktlarini birlashtirib, yoʻlovchilarning istalgan manzilga, hatto shahar atrofidagi hududlarga ham tirbandliksiz yetib borishini taʼminlaydi. Va bunda infratuzilma muhim ahamiyat kasb etadi.
Berlin jamoat transportlari kun-u tun xizmat koʻrsatadi. Ularining shaxsiy transportlardan ustunligi Berlin mobillik qonuni bilan mustahkamlangan.
Berlin transportlari yoʻlovchilarga turli tariflarni taqdim etadi. Chipta narxlari amal qilish muddati, yoʻlovchilar soni va transportga velosiped bilan birga chiqish imkoniyatiga koʻra farqlanadi. Biletlarni avtobus salonlarida, shuningdek, istalgan stansiyadagi avtomatlardan sotib olish mumkin.
Praga, Chexiya
Praga – Yevropaning eng mashhur jamoat transporti tizimiga ega shaharlaridan biri. Metro, tramvay va avtobuslarning ideal kombinatsiyasiga ega bu shahar qulay transport tarmogʻini tashkil etgan. Ayniqsa, tramvay – Pragadagi jamoat transportlari belgisiga aylanib, u nafaqat harakatlanish vositasi, balki noyob madaniy tajriba ham sanaladi. Metro va tramvay stansiyalari imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun qulay shaklda ishlab chiqilgan.
Sayohat narxlari hududlarga qarab belgilanadi. Chiptalar oldindan sotib olinib, transportga chiqishda tasdiqlanishi zarur. Praga shahri ichida harakatlanish uchun yoʻl masofasidan qatʼiy nazar 1 xil summa toʻlanadi. Shahardan tashqarida esa sayohat vaqti va hududlar soniga qarab narx belgilanadi. Biroq bolalar aravachasi yoki hayvonlar bilan transportdan foydalanish narxlari biroz farq qiladi. Velosiped va changʻilar uchun qoʻshimcha pul toʻlanmaydi, faqat ular metro poyezdining birinchi yo oxirgi vagonidan joy olishi zarur. 6 yoshgacha boʻlgan bolalar transportlardan bepul foydalanishi mumkin.
Yoʻl chiptalari jamoat transportlarining barcha yoʻnalishlariga amal qiladi. Jamoat transportlari uchun 30, 90 daqiqa, 24 yoki 72 soat uchun moʻljallangan chiptalardan tashqari, oylik va yillik yoʻl kartalari ham bor. Metrolarda turniketlar yoʻq, chiptalar nazorati stansiya ichida va poyezdlarda nazoratchilar tomonidan tekshiriladi.
Tokio, Yaponiya