Buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay”, deganlar.  Turli bilimlarni egallagan kishi maʼnaviy komillik sari boradi. Fuqarolari kengdunyoqarashli jamiyat milliy gʻoya atrofida birlashadi. Oʻzligini anglagan inson dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarga munosabat bildirishga qodir boʻladi.

Mustaqil ona yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. Ular turli dinga eʼtiqod qiluvchilarga boʻlinadi. Bu rang-baranglik mamlakatimiz madaniy qatlamlarining naqadar boyligidan darak beradi. Turli xalqlarning umumiy taraqqiyot yoʻlida ahil yashashi zamon talabidir.

Matbuotda diniy bagʻrikenglik, tolerantlik degan atamalarga duch kelamiz. Oʻzbekcha qilib aytganda, odamlar bir-biri bilan murosa qilib, kechirimli boʻlib, koʻnglini keng-moʻl ochib yashasa, olam guliston boʻladi, deganidir. Ulug‘ murabbiy Mir Alisher Navoiy shunday tarbiya beradilar: “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish”. Yaʼni, ey dunyo fuqarolari, hech qachon bir-biringiz bilan yovlashmang, doimo doʻstlik, ahillikda yashang. Shunda hayotingiz farovon, bogʻingiz guliston boʻladi. Mana shunday, Sharq donishmand shoir va adiblari kitoblarini oʻqigan sari koʻp savollarimizga javob topaveramiz.

Jaloliddin Rumiyning juda ibratli bayti bor:

Keldik elni joʻshib birlashtirgali,

Ajratibmas, qoʻshib sirlashtirgali.

Yaʼni, insoniyat bir-biri bilan jamiyat holida aralashib, birlashib yashash uchun yaratilgan. Har qanday milliy va diniy asosda ajratish Xudoga ham xush kelmaydi.

Tili bilan ish-amali bir boʻlgan Mavlono bobo vafot etganda musulmonlar bilan birga nasroniy yunonlar ham, yahudiy savdogarlar ham ogʻir qaygʻuga botgan ekan.

Tarix kitoblarini varaqlasak, qoraxoniy, gʻaznaviy, saljuqiy va temuriy sulolalar davrida juda koʻp xalqlar tili, dini, mazhabi har xil boʻlsa ham totuvlikda yashaganiga guvoh boʻlamiz. Xususan Xuroson davlati sultoni Husayn Boyqaro hukmdorlik yillarida tinchlik, obodonchilik avj olib, madaniyat jadal rivoj topgan. Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solgan temuriy podshoh Zahiriddin Muhammad Bobur mahalliy xalqlarning dini, urf-odatiga hurmat bilan qaragan. U oʻgʻillariga yozgan maktublarida hindlarning diniy qarashlari, marosimlariga qarshi chiqmaslikni uqtiradi.

Oilamizda kitobxonlik va tilsevarlik anʼanasi bor. Rahmatli bobom arabcha, fors-tojikcha soʻz, maqol va matallarni izohlab tushuntirib berardilar. Buvim xalq ashulalarini xirgoyi qilib, soʻzga mehr uygʻotganlar. Otam ham tilshunos, turk, fors-tojik, rus tillaridan badiiy tarjimalar qiladi. Oila muhiti sabab boʻlib men ham tilshunos boʻlish orzusidaman.

Oilada olgan saboqlarim universitetda oʻqish vaqtimda ham yordam beradi. Xoja Hofiz aytgan ekanki, ikki olam saodatini topay desang doʻstlarga mehr-muruvvatli, dushmanlarga kechirimli boʻl.

Oʻzbekiston xalq shoiri, zamondoshimiz Usmon Azim esa bir sheʼrida “dushmanlarim meni tushunmagan doʻstlarimdir” deydi. Mana koʻryapsizmi, xalqimiz tabiatan qanday bagʻrikeng, koʻngli osmondek ochiq xalq. Buyuk ajdodlarimizdan tabarruk meros boʻlib bizgacha yetib kelgan milliy va diniy qadriyatlarimizni yaxshi oʻrgansak, ularga munosib avlod boʻlish masʼuliyatini his qilamiz. Yoshlar bilimli boʻlsa, jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy jihatdan yuksaladi.

Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha “Harakatlar strategiyasi”da millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash vazifasi ham koʻrsatib oʻtilgandi. Yaqinda Rishton tumani Uchariq qishlogʻida Tojikiston hukumati homiyligida qurilgan “Kapalak” bolalar bogʻchasi ishga tushirildi. Bogʻcha peshtoqiga ikki qoʻshni davlat rahbarlarining suratlari oʻrnatildi. Ichkariga kirsangiz, Navoiy va Jomiy kabi bobolarimizning hikmatli soʻzlari yozilganini koʻrasiz.

Biz yangi Oʻzbekistonning maʼrifatli jamiyatini yaratish davriga, uchinchi Renessans davriga qadam qoʻymoqdamiz. Bu yoʻlda biz yoshlardan bilim, maʼrifat, kengdunyoqarash, bir necha xorijiy tillarni bilish talab qilinadi.

Mohiraxon NOSIROVA,

Fargʻona davlat universiteti filologiya

 fakulteti talabasi