Folklorshunos olim Shomirza Turdimov bilan suhbat
– Navroʻz bayramining yoshi hammani qiziqtiradi. Olimlar orasida Navroʻz uch ming-besh ming yillik tarixga ega deb, isbotiga qoyatoshlardagi suratlarni misol keltiradigan tadqiqotchilar ham bor. Yozma manbalarda ham uning qachon paydo boʻlgani toʻgʻrisida turli fikrlar uchraydi. Bu haqda siz nima deysiz?..
– Navroʻzni Odam ota va momo Havo haqidagi tasavvurlar singari qadimiy desak toʻgʻriroq boʻlardi. Inson avval kuzatgan, anglagan – quyosh qachon chiqadi, qay payt botadi; kun-tun qanday uzayib, qisqaradi. Bu anglamdan tashqari, qon xotirasida saqlanadigan bilim-koʻnikmalar ham bor. Yaʼni, inson ilhom orqali oladigan ulkan bilimga tegishli yaxlit xulosalar ham mavjud. Navroʻz insonning oʻzi anglab yetgan va unga anglatilgan bilimlar xulosasi, xotiralar majmuidir.
Tabiatda kun va tun teng keladigan paytlar bor. Ular yilda ikki marta takrorlanadi: biri koʻklamdagi, ikkinchisi kuzdagi tengkunlik, kunturar. Har kunturardan soʻng tabiat oʻzgaradi: koʻklamda uygʻonib, kuzda uyquga ketadi. Rumiy hazratlari qishni yigʻilish fasli, koʻklam va yozni sarf qilish davri degan. Bular bir-biri bilan bogʻliq va biri ikkinchisini toʻldiradi. Masalan: “bolasin ichida yotur onasi, tarbiya qilsa boʻlar bobolasi”[1] degani kabi bir-biridan tugʻiladigan tabiat hodisasi bular. Inson tabiatni shunday anglagan, koʻrgan, kuzatgan.
– Qadimda yil fasllari astronomik kuzatuvlar, tabiat belgilariga asoslanib ajratilgan. Quyoshning hamal burjiga kirishi, kun uzayib, nurning koʻpayishi, tabiatning jonlanishi kabi hodisalar Navroʻzning koinot va tabiat qonuniyatlariga hamohang joriy etilganidan darak beradi. Qish va yozni aniq belgilashda quyosh taqvimi qanchalik muhim oʻrin tutgan?
– Qadimgilarning hisobida yil ikkiga – yoz va qishga ajratilgan. Olti oy yoz, olti oy qish. Qish va yoz soʻzlari mohiyatida ham bor bu tushunchalar: quyoshli kunning uzayib, yoyilishi – YOZ atalgan. Aksincha, tunning choʻzilib, yorug‘ kunlar qisqarishi (qisilishi) – QISh deb bilingan. Odatda 22-martdan kun, 22-sentyabrdan boshlab tun uzayib boradi. Bularning orasida eng uzun kun va eng uzun tun bor. Quyoshdan kelayotgan nurning koʻpayishi eʼtiborga olinadigan uchta manzil: 22-dekabr, 21-mart va 22-iyun kunlari kunning chiqish nuqtalari – qoʻroʻtlari deyilgan. Quyosh chiquvchi va botuvchi manzillarning har birida quyoshga atalgan ibodatxonalar tiklangan.
Nurning kamayishi jihatidan hisoblanadigan vaqt nuqtalari qish hisobidagi manzillar deyilgan. Yurtimizda langar degan joylar bor – Langar ota, Nurota langari, Turkiston langari. Bu langarlar quyosh botadigan joy, yaʼni quyosh langar soladigan – quyosh toʻxtaydigan manzillar hisoblangan.
Bilamizki, oy taqvimi ham mavjud. Bu taqvim Qambar va Hulkar yulduzlari oy bilan toʻqinadigan vaqtlarga qarab tuzilgan. Toʻgʻal deb yuritiluvchi bu hisobga koʻra, Qambar toʻgʻal – yozgi olti oylikda oʻtgan, Hulkar toʻgʻal qishki olti oylikda kechgan. Birinchisida nishonlanuvchi bayram yozning boshlanishi – Navroʻz boʻlsa, ikkinchisi qishning boshi – 22-sentyabr kuniga toʻgʻri kelgan. Ilgari vaqtlarda uni somon bayram – somontoʻy deb atalgan.
Keyingi vaqtlarda uni nimagadir Mehrjon deb yuritishdi, ammo ommalashmadi. Xalq olqishlarida aytiladiki: “omonlik-somonlik, hech koʻrmaylik yomonlik”. Omonlik – tugʻilish bilan bogʻliq, somonlik-chi? Bu qishning kelishi somon – pishiqchilik, hosillarning yetilishi davri bilan belgilangan atama hisoblanadi. Xalq tasavvurida ekilgan urug‘ hamaldan keyin koʻkarsa, gullab, meva berib, kuzga yetib yana urugʻga aylangan. Shu tushunchalar taʼsirida yilboshi va somontoʻy timsollari paydo boʻlgan.
Yilboshi – Navroʻzning timsoli avvalo gul, baʼzan maysa. Maysa oʻsadi va kuzga borib donga aylanadi. Maysaning muqobilida kuz/qishning timsoli don turadi. Qoʻshiqda aytiladi:
Yomgʻir yogʻaloq,
Echki chaqaloq,
Boyning qizining
Qorni yumaloq.
Bu yerda boyning qizi kim? Echki nima? Aslida echki koʻklamning timsoli, uning muqobilida qishning timsoli boʻri turadi. Koʻkboʻri degan oʻyin bor, koʻpkari ham deyiladi. U qish mavsumida tashkil etiladi. Koʻpkari yozda oʻynalmaydi. Qoʻshiqda aytilgan boyning qizi – yer timsoli. Yerga urug‘ ekildi, lekin yomgʻir yogʻmayapti, chunki hali koʻklam yosh – echkining chaqaloqligi shundan. Koʻklam toʻliq amalga kirmadi. Yogʻingarchilik boshlanmayapti, agar yogʻingarchilik boʻlsa, urug‘ unadi, oʻsimlik oʻsadi va xalqning murodi hosil boʻladi deyilmoqda. Bu qoʻshiq koʻklamni ulugʻlovchi qoʻshiqdir.
Masalan, boychechak haqidagi qoʻshiqni koʻklamning madhi, madhiyasi deyish mumkin:
Boychechegim boylandi,
Qozon toʻla ayrondi,
Ayroningdan bermasang,
Qozon-tovogʻing vayrondi.
Boychechakni tutdilar,
Tut yogʻochga osdilar,
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Kim u – qilich bilan chopiladigan, baxmal bilan yopiladigan qahramon? Bular bari koʻklamda oʻtadigan marosimning taʼrifi, tavsifi. Boychechakning taʼrifi. Koʻklam kelganda, Navroʻz paytida, boychechak marosimi oʻtkazilgan. Bu marosimda har bir xonadonga boychechak koʻrsatilgan. Qoʻshiqda aytiladi:
Bota-bota boychechak,
Uyingizga chosh tilla,
Xudoyim oʻgʻil bersin,
Otginasi Rahmatilla.
Oʻtirib chiqing, oʻtirib chiqing,
Qozon-tovoqni toʻldirib chiqing.
Boychechakni olib kelganlarga uy egasi hadya bergan. Bu hadyalar yigʻilib, bitta qozonga solingan va “qozon toʻldi” marosimi oʻtkazilgan. Bu marosim koʻklamda yigʻilgan hadyalarning bitta qozonga tushganini bildiradi. Goʻyoki, xalqning yil avvalida keladigan rizq-nasibasi bir joyga yigʻilgan. Barcha hadyalar jamlanib, oʻyin-kulgu boshlangan. Xalq ikki guruhga – Yoz timsoli boʻlgan boychechaklar va Qish ramzi – boʻrilarga ajralgan. Boychechakchilar gullar bilan bezansa, boʻrilar telpaklariga quloq oʻrnatib qish kiyimini kiyib, oʻzaro ramziy jang qilgan. Oʻyin oxirida boychechaklar toʻpi – yoz toʻpi gʻalaba qilgan, boʻrilar – qish yengilgan.
Yana bir “Kichkina” nomli qoʻshiq bor: biyadanam kichkina, tuyadanam kichkina, oxirida tariqdanam kichkina deyiladi. Bu qishning yoʻq boʻlib ketishini, urugʻga aylanib, yerga kirishi va qayta uygʻonishga hozirlik koʻrishini ifodalaydi.
Keltirilgan qoʻshiqlar va marosim aytimlari magʻzida xalqimizning Yilboshi – Navroʻz haqidagi qadim qarashlari, odat va marosimlar tizimini koʻramiz. Unutilgan uzuvlarini qayta tiklash imkoni tugʻiladi. Ushbu qatorda syujeti bevosita oʻlib tiriluvchi tabiat haqidagi mifga tegishli “Goʻroʻgʻli” eposini keltirish lozim. Goʻroʻgʻli obrazi quyosh oʻgʻli sifatida yoz timsoli, uning muqobilida turgan Rayhon podsho esa qish timsoli boʻlib keladi. Bu avvalo qahramonlarning makoni tasvirida oydinlashadi.
Goʻroʻgʻli va Rayhon yashovchi hududlarni daryo ajratib turadi. Ularning makoni oʻz va oʻzga dunyo sifatida aniq belgilari bilan koʻrsatiladi. Gʻayritabiiy kuch vakillari daryoning narigi tomonida yashaydi. Oʻzga olam fuqarolari ayri tuyoqli deyiladi, yovvoyi sifatida baho oladi. Dostonda qahramonlar tasviri va kurashi magʻzida ham yoz bilan qish munosabatining izohi turibdi.
– Modomiki, dostonda Goʻroʻgʻli va Rayhon yoz va qish timsoli boʻlib kelar ekan, unda koʻklamga xos hovli-joylarni tozalash, mavsumiy sarishtalik marosimlari ham aks etganmi?
– Qadimda yiliga ikki marta marosimiy kir yuvilgan. Marosimni yurt hukmdorining oilasi boshlab bergan. Xuddi oʻlim marosimida mayitga tegishli narsalarning ommaviy yuvilgani kabi. Xalq yoz va qish mavsumiga ham jisman va ruhan tozarib oʻtishi lozim deb anglangan. Bu inson hayoti boshlanishi va tugashiga uyqash keladi. Oʻlib-tirilish nafaqat tabiatda, balki har bir insonda, jamiyatning barcha bosqichlarida ham roʻy beradi. Ommaviy kir yuvish marosimi sakral maʼno tashigan.
– Navroʻz qaysi paytdan boshlab bayram sifatida nishonlana boshlangan?
– Navroʻzni har xil davrlarga bogʻlashadi, uni maʼlum yil va davr bilan chegaralash mushkul. Bayram sifatida qachondan nishonlanganini taxmin qilish mumkin, xolos. Manbalarga murojaat qilsak, Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Rabgʻuziy, Beruniy va Alisher Navoiy asarlarida u haqda maʼlumotlar keltirilgan. Eng asosiysi, Koshgʻariy asarida “Qish bilan Yoz munozarasi” turibdi. Bu xalq marosimining sheʼriy shakli, qish bilan yozning badiiy koʻrinishda kelgan varianti. “Qish va Yoz munozarasi”da ikki soʻzamol, isteʼdodli ijrochi bir-biriga zid timsollarda gavdalanadi.
Qish bilan yoz toʻqnashdi,
Qingʻir (yomon) koʻz bilan bir-biriga qarashdi.
(Bir-birini) tutib olishga intilishdi,
(Bir-biridan) gʻolib kelishga tirishdi.
Yoz bilan qish qarama-qarshi boʻlishdi,
(Ularning har biri) maqtanish yoyini qurishdi.
Qoʻshin tuzib, (bir-birini) taʼqib qilishdi,
Oʻq otish uchun (bir-biriga) yaqinlashishdi.
(Natan Mallayev. Oʻzbek adabiyoti tarixi. T. 1993. 64-bet.)
Demak, odamlar orasida shunday marosim doimo boʻlgan va uning yozma shakli shuni koʻrsatadi. Ogʻzaki manbadan yozma manbaga keyinroq oʻtilishini hisobga olsak, bu marosim gen xotirada doimo yashab kelganligiga, Navroʻz bizning qon xotiramizda kelayotgan juda qadimiy bayram ekaniga amin boʻlamiz.
Qadimda ajdodlarimiz yilning qanday kelishini Navroʻz kuni kechadigan holatlar, belgilarni kuzatib bilish mumkin deb ishonishgan, irim qilib, eʼtibor qilishgan. Bizda hozir ham qoʻchqor, xoʻroz urishtiriladi. Bugun bu kurashlarning faqat shakli qoldi. Aslida bular qadimda Navroʻz marosimida yilning qanday kelishini fol koʻrish uchun qilingan amallar boʻlgan. Xitoy manbalarida “Fargʻonaning odamlari qiziq ekan, ikkiga boʻlinib olib, urishar ekan, keyin tuya, qoʻchqor, xoʻroz urishtirar ekan. Ularning urishganiga qarab, yilning qanday kelishini fol qilishar ekan” deb yozib qoldirilgan.
Xitoy sayyohlari qadimda kechgan boychechak marosimini kuzatishgan. Xalq ikkiga boʻlinib, bir tomon yoz, ikkinchi tomon qish boʻlib, goʻyoki ramziy jang qilganini koʻrishgan. Ammo uning mohiyatini tushunmasdan, shaklini qabul qilishgan va boricha yozib qoldirgan. Demak, bu xitoy manbasi uch yarim ming yillik tarixdan soʻzlayotgan boʻlsa, shuning oʻzini ham Navroʻzning qadimdan kelayotganini bildiruvchi dalil sifatida olsa boʻladi.
Yana bir muhim fakt Samarqandda oʻtadigan Navroʻz haqida. U yerda oltin qobiq oʻyinining tavsifi bor. Bunda xalq yupqa oltin tangani baland shox yoki yogʻochga ilib, oʻq uzishgan. Qaysi kishi oltin tangani ura olsa, gʻolib boʻlgan va bir kunlik Navroʻzning podshosi etib tayinlangan. Qobiq yupqa degani boʻlib, keyinchalik qovoq, qoboq shakliga oʻzgargan. Xalq baxshilari repertuarida “Oltin qoboq” degan doston ham bor. “Goʻroʻgʻli” turkumiga kiruvchi bu dostonda ham Navroʻzdagi kabi bellashuv uyushtiriladi. Albatta, shart doston mazmuniga uygʻun. Ammo Navroʻzdagi shartga koʻra, saylangan podsho bayramni tashkil qilishga masʼul boʻlgan. Qadimda Samarqandda oʻtkazilgan Navroʻz bayramida Navroʻz kirib kelishiga olti kun qolganda xalq ramziy ravishda “podsho”ning halok boʻlgan oʻgʻlining jasadini daladan izlashgan, yaʼni yer haydashgan va yettinchi kun uni topib, taxtga oʻtqazishgan. Bularning bari ramziy, albatta.
Ehtimol, Boychechak qoʻshigʻida kuylangan sahna: “Boychechakni tutdilar, Tut yogʻochga osdilar, Qilich bilan chopdilar, Baxmal bilan yopdilar. Qattiq yerdan qatalab chiqqan Boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan Boychechak” aynan ana shu tafsilotni aytayotgan boʻlishi ham mumkin.
– Turkiy xalqlarda quyosh va oy taqvimidan boshqa taqvimlar boʻlganmi?
– Xalqimiz orasida hozirgacha saqlanib qolgan dehqon va chorva hisobi deb yuritiluvchi ikki tartibdagi taqvim ham mavjud. Ular oʻzaro bir hafta yo sakkiz kunlik tafovutga ega boʻlib, biri dehqonlar orasida, ikkinchisi charvadorlar oʻrtasida amal qilgan. Yana “Toʻqson ogʻdi” va “Qantar ogʻdi” degan kun oʻlchamlari ham boʻlgan. Xalq qantar ogʻganda yerdan hovur koʻtariladi deb aytadi. “Qantar ogʻsa, qor turmas” degan maqol shundan. “Toʻqson ogʻganda toʻrgʻay qadam kun uzayadi, qantar ogʻganda qargʻa qadam kun uzayadi” deyiladi matalda. Qargʻa qadam toʻrgʻay odimdan ancha katta boʻlgani sabab kunlar ancha uzayib, xiyla isib qolgan. Shu paytdan dalaga qoʻsh chiqqan. Navroʻz arafasidagi birinchi ramziy qoʻshda “shox moylar” marosimi oʻtgan.
Yilning kelishi, nishonlanishi muqaddas taomlari bilan qadrli va totli kechadi. Yilboshida Navroʻz taomi – sumalak pishirilsa, Somontoʻy taomi halim yoki yorma. Sumalak undirilgan bugʻdoy maysasining shirasidan tayyorlanuvchi taom. Uning muqobilida qishning taomi – yorma yoki halimda urug‘ yanchilib, et bilan qoʻshib pishiriladi. Bu taomlar aynan ikki davrdagi ilik uzildi vaqtida inson taniga quvvat boʻlishi, darmondori vazifasini oʻtashi bilan ahamiyatlidir.
Aslida tabiat va inson uygʻun yashagan. Oʻsimliklar gullaydi, meva tugadi, hosil pishib yetiladi va yana daraxt barg tashlab, qish uyqusiga ketadi. Bu tabiatning bir holatdan ikkinchi holatga oʻtishi, shu kabi inson ham fasllarga uygʻun yashagan. Lekin bugungi kunda shu muvozanat buzilmoqda, hamma narsa aralashib ketdi. Muqaddas taomlar odatiy taomga aylanmoqda. Hozir sumalak yozda ham, qishda ham yeyilayapti, halim, osh deyarli har kunlik oddiy yemak oʻrnida.
Oʻlchamlar oʻzgarib ketdi, avvallar inson hammasini oʻrni-oʻrniga, joy-joyiga qoʻygan va tabiatga mos yashagan, ekologik buzilishlar boʻlmagan. Shu uchun ham Navroʻzning bizga oʻrgatadigan dastlabki sabogʻi insonni oʻzligiga qaytarishida bilinadi.
Agar inson oʻziga qaytmasa, tabiat ham, jamiyat ham izdan chiqib ketadi. “Neki koʻngilda kechar, tabiatga ham koʻchar” deyilgani kabi. Bu Yilboshi va Somontoʻyning bizga uqtiradigan eng katta sabogʻidir.
Jamila ASQAROVA suhbatlashdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Neki koʻngilda kechar, tabiatga ham koʻchar” maqolasi