Birinchi farzandim tugʻilgan payt doʻstim bilan Qoʻqonda birinchi va yagona internet-kafe ochib, bir necha oy oʻzim administrator boʻlib yurgizib, bir ukamizni administratorlikka qoldirib Toshkentga qaytib kelgan vaqtim edi.

Bu yerda bekor yurmaslik uchun ish qidira boshladim. Oʻsha paytlarda “Частный сектор”, “Ташкентская неделя” degan eʼlon gazetalari boʻlardi. Gazetada eʼlon berish biznesi oʻziga xos qiziq biznes edi. Bu haqda ham yoshlarga biror kun aytib berarman.

Xullas, gazetadan ish eʼlonlarini qaradim. “Ofisda ish” degan eʼlonlardan biriga qoʻngʻiroq qildim. “Ofisda ishlash sizga yoqadimi? Yoqsa, falon kuni falon soatda falon joyga keling. Falonchi orqali keldim, deb ayting”, dedi bir ayol.

Aytilgan kun aytilgan vaqtda aytilgan joyga bordim. Anchagina odam yigʻilgan ekan. Navbat bilan chaqira boshlashdi. Navbatim keldi, men bilan telefonda gaplashgan opani topdim. Nima ishligini soʻrasam, “Herbalife”, dedi. Hafsalam pir boʻldi. Chunki oʻsha paytlarda Herbalife qonuniy taʼqibdan qochib, koʻp martalab nomini oʻzgartirib (Xuddi hozirgi Beverlee nomini Beleever ga alishtirgani kabi) yurgan va tarmoqli marketingligi maʼlum boʻlib ulgurgan kompaniya edi.

Kayfiyatim tushib ketganini koʻrgan opa Herbalife haqidagi gaplarning hammasi bo‘htonligini aytib, kompaniya prezentatsiyasini koʻrish uchun sal naridagi kattaroq zalga taklif qildi. (Zalga kirish pulli ekan. Ishga kirsa ham, kirmasa ham kelganlardan pul olib qolish uchun shu vaziyatdan-da foydalanishgan ekan shovvozlar.)

Yonimda soʻm yoʻq, valyuta almashtirishga ulgurmagandim. Opaning oʻzi men uchun pul toʻlab yubordi. Qolganlar pul toʻlab kirdi. Prezentatsiya boshlandi.

Shu prezentatsiya shaklini keyinchalik deyarli har bir bioqoʻshimcha sotadigan tarmoqli marketingchilarda kuzatdim.

Bittasi chiqadi, oʻz hikoyasini aytadi. Hikoyasiga koʻra, deyarli oʻlim yoqasidagi kasal Herbalife mahsulotlarini ichib tuzalgan va oʻzida kuzatilgan ijobiy natijani boshqalarga ham yetkazishni oʻz burchi qilib belgilab olgan boʻladi. Ekranda oʻsha notiqning avvalgi 150 kg lik, bir ahvoldagi rasmi va hozirgi holati taqqoslanadi.

Hayron boʻlgan joyim, 10 tacha notiq chiqqan boʻlsa, ularning barchasida aynan bir xil hikoya takrorlandi. Hammasi bir oʻlimdan qolgan, hammasi 100–150 kg boʻlgan, hammasi Herbalife ning “sehrli” mahsulotlari bilan goʻzal hayotga qaytgan. (Ichimdan bularga nahotki birorta sogʻlom odam ishga kelmagan boʻlsa, degan gap oʻtdi).

Insonning ichini choynak bilan taqqoslashdi. Choynakka tinimsiz choy quyilib, boʻshatilavergandan keyin choynakning ichi qorayib ketishini, uni maxsus ximikat bilan tozalamasa boʻlmasligini aytib, “sizlarning ichingiz ham shunday boʻlib yotibdi, Herbalife buni tozalaydi, boʻlmasa bir necha yilda bizning avvalgi holimizga tushib qolishinglar ham hech gap emas”, deyishdi.

Undan keyin ekranda Jennifer Lopes, Maykl Jekson kabi dunyo miqyosidagi yulduzlar ishtirok etgan bazmlar namoyish etildi. “Bu bazm va bayramlar bizning falon darajadagi direktorlarimiz uchun tashkillashtirilgan. Siz ham shular davrasida boʻlishingiz mumkin”, degan gaplar bilan yigʻilganlarni hayajonlantirishdi.

Bularning hammasi mohirona tanlangan soʻzlar, skriptlar va psixologik tryuklar bilan amalga oshirildiki, yigʻilganlarning koʻpchiligi taʼsirlanmay qolmadi.

Nyu Yorkdagi bazm orzusida, hayolida millionerga aylanib ulgurgan davradagi insonlarga avval oʻzlari mahsulotlardan bir kurs foydalanishi, keyin boshqalarga sotishi uchun taxminan 300 dollarlik mahsulot  taklif qilindi.

Bir tadbirda qoʻrqitish ham, yolgʻon misollar, oʻrinsiz taqqoslar ham, insonning orzu-havasi bilan oʻynashish ham, yolgʻon vaʼdalar ham boʻldi.

Tarmoq marketingi nima, piramida usulidagi sotuv nimaligini bilmagan, biror joyda ishlamagan soddalar koʻpchilik edi. Bir nechtasi oʻsha kungi tadbir qurboniga aylanishdi.

Tadbirdan keyin chiqib ketayotganimda haligi opa “kompaniyamizga qoʻshilasizmi?” dedi. Rad javobini berdim. Bir oz bahslashdik, meni ishontira olmadi va men ketdim.

Oradan yillar oʻtdi. Mehmonxonada ishlab yurgan davrimda bir notanish kompaniya konferens-zalni ijaraga oldi. Tadbirdan xabar olish uchun zalga borganimda oʻsha tanish “sobiq kasallar”ni koʻrdim. Zalni ijaraga olgan kompaniya oʻsha Herbalife ning yangi ochilgan firmasi boʻlib chiqdi. Oʻsha opani yana koʻrdim. Bizga birinchi uchrashuvda boyib ketishimiz uchun aytilgan muddat allaqachon oʻtib ketgan boʻlsa-da, biz mabodo ishga kirgan boʻlganimizda bizdan yuqorida turgan boʻlishi kerak boʻlgan oʻsha “sobiq kasallar” hali ham hayotda aytarli bir narsaga erishmagan, hali ham boshqalarni aldab yurgan edi.

Keyinchalik Herbalife yopilib ketdi. Hozir yangi nom bilan ishlayaptimi, yoʻqmi, bilmayman. Bulardan boshqa-boshqa yana bir qancha tarmoqli marketinglar paydo boʻlib, yoʻqoldi. Hozir ham bir nechtasi turli yangi nomlar va boshqa mahsulotlar bilan faoliyat koʻrsatishmoqda. Shulardan biri Beverli.

Tarmoqli marketingda mahsulot muhim emas. Ish prinsipi har qanday mahsulotni vosita sifatida tanlab, undan tarmoqli sotish usuli yaratish va har doim piramidaning eng pastki qatlami hisobidan yuqoridagilarga manfaat keltirishdir. Mahsulot biror bioqoʻshimcha, biror texnika yoki suv filtri ham boʻlishi mumkin. Muhimi, hamma joyda sotilmaydigan biror mahsulot boʻlsa boʻldi. Keyin uning reklamasiga katta pul tikiladi va piramida qurish boshlanadi.

Pastki qatlam yo soddalik bilan qarmoqqa ilinadi yoki maqsadli ravishda oʻzidan keyingi odamlarni koʻpaytirib, oʻzi piramidaning yuqorirogʻiga chiqib olib, pastdagilar hisobidan foyda koʻrishni avvaldan koʻzlab ishga qoʻshiladi. Birinchi toifadagilarni sodda, goʻllar desak, ikkinchi toifadagilarni insofsiz, deb atash toʻgʻri boʻlsa kerak.

Tarmoqqa yangi qoʻshilgan odamning savdosidan uni tarmoqqa qoʻshgan odam va undan ham tepadagilar foyda koʻrib turadigan bizneslarning barchasi tarmoqli marketingdir.

Baʼzilar “tarmoqli marketing bu piramida emas” deyishadi. Moliyaviy piramida va tarmoqli marketingdagi piramida usulidagi faoliyatning farqi shuki, moliyaviy piramidada mahsulot boʻlmaydi. Mahsulot oʻrnida “qimmatli qogʻoz” yoki biror kompaniyaning aksiyasi boʻlishi mumkin. Tarmoqli marketingda esa mahsulotdan foydalaniladi.

Tarmoqli marketing biznesiga qoʻshilib qolish xuddi qimorda yutqizishga oʻxshaydi. Qimorda yutqizgan odam yutqizgan pulini qayta qoʻlga kiritish uchun jonini berib harakat qilgani kabi tarmoqli marketingga boshida bir necha yuzlab dollar pul tikkan odamlar ham sarmoyasiga kuyib qolishni istamaydi. Shu yoʻlda, kerak boʻlsa, eng yaqinlarini ham tarmoqqa aʼzo qiladi.

“Bir zumda oʻz biznesingizga ega boʻling! Falon darajadagi direktorga aylanib, Dubayda maza qilib dam olib yuring!” degan balandparvoz gaplarga aldanmang. Tarmoqli marketing oʻljasiga aylanmang va yaqinlaringizni ularning domiga tortmang.

Albatta, bu maqola shu ishlarga aralashib qolganlarga yoqmaydi. Izohlarda tabiiy ravishda eʼtirozlar bildirishlari mumkin. Men sizlarni tushunaman. Pulingiz kuygan. Bu vaziyatdan chiqib ketishingiz kerak. Yoki boshqalarni oʻzingizning izingizdan tortib, ularning ustidan foyda koʻrish sizga maʼquldir. Ammo, bu yoʻl toʻgʻri yoʻl emas!

Turklarda “Zararning qayeridan ortga qaytsang ham – foyda” degan maqol bor. Zararni boshlab qoʻygan boʻlsangiz, undan keyingi zararga qarab ketavermang. Toʻxtang. Agar boshlamagan boʻlsangiz, zararni boshlamasdan avval toʻxtang! Aqlingizni ishlating. Yaqinlaringizni ogohlantiring!

Dilshod ODILOV