Shaxsning mafkuraviy immunitetiga salbiy taʼsir koʻrsatish jarayoni manipulyatsiya deb ataladi. Manipulyatsiya botiniy parokandalikka olib keladi. U, ayniqsa, soxta diniy tashkilotlar, missionerlar va aqidaparast guruhlar faoliyatida yaqqol koʻzga tashlanadi. Bunda, avvalo, haqiqiy holatni yashirish yoki buzib koʻrsatish, tafakkurni nazorat etish orqali har qanday vazifa yoki topshiriqni bajaradigan, muayyan gʻoyaga tobe, oʻzligidan mahrum boʻlgan kimsalar shakllantiriladi.

XX asr ijtimoiy ongni boshqarish borasida burilish asri boʻldi. Bir vaqtning oʻzida millionlab odamlarni oʻz taʼsiriga olish imkonini beradigan yangi texnologiyalar vujudga keldi. Bundan unumli foydalanayotgan missionerlar ham inson ongini boshqarishda ilgari tasavvur etib boʻlmaydigan koʻlamda faoliyat yuritmoqda. Ular bir tomondan yoshlarni yoʻldan urishga bevosita harakat qilayotgan boʻlsa, boshqa tomondan esa ularga mediasanoat, yaʼni televideniye, radio, kinematografiya, ommaviy nashrlar, internet qoʻl kelmoqda. Endilikda minglab targʻibotchilarga zarurat qolmayotir.

Bugun asosiy axborot tashuvchi – ekran. AQShlik tadqiqotchi R.Makneyl qayd etganidek, omma ongini manipulyatsiya qilishda televideniye kabi tub burilish yasagan vosita yoʻqdir (www/kara-murza.ru/books/manipul/manipul5).

Televideniye haqiqat va yolgʻon chegarasini yoʻqqa chiqaradi. Yolgʻonning haqiqat sifatida uqtirilishi ham tomoshabinda shubha uygʻotmaydi. Negaki, televizor tomosha qilayotgan odam koʻpincha psixologik himoya signallarini oʻchirgan boʻladi.

Manipulyativ koʻrsatuvlarni uzoq vaqt tomosha qilgan odamlar unga shu qadar oʻrganib qoladiki, busiz ularda tajang kayfiyat vujudga keladi. Inson psixologiyasining shu kabi jihatlaridan foydalanish aksar manipulyativ metodlarning asosini tashkil qiladi. Teleefir davomida axborot tarqatishning bir necha usulidan foydalaniladi. Xususan, bir vaqtning oʻzida koʻrish va eshitish orqali axborot qabul qilinishi manipulyatsiya samarasini bir necha barobar oshiradi.

“Telemahsulot inson ruhiyatiga narkotik singari taʼsir qiladi, – deb yozadi professor Sergey Kara-Murza. – Shahar sivilizatsiyasi odami televizorga bogʻlanib qolgan. Bunda u oʻz erkinligini qisman yoʻqotadi, yaʼni ekran qarshisida axboriy ehtiyojlari taqozo etganidan ancha koʻp vaqt oʻtkazadi. Xuddi giyohvand singari buning oʻz ruhiyati va salomatligiga taʼsirini ongli baholayolmaydi (Кара-Мурза С. Манипуляция сознанием. Москва, “Эксмо”, 2003. Стр. 32).

Oynai jahonda mazmun-mohiyati jihatidan sharqona qadriyatlar, oʻzbekona urf-odatlar, din-u diyonatimizga toʻgʻri kelmaydigan film, multfilm va seriallar koʻpaygan. Statistik maʼlumotga koʻra, 18 yashar AQShlik kompyuter oʻyinlaridagi 40 mingga yaqin qotillik “muallifi”, kinofilmlar orqali 200 mingga yaqin zoʻravonlik shohidi boʻlar ekan (Азроянц Э. Глобализация: катастрофа или путь к развитию? Москва, “Новый век”, 2002. Стр.40). AQShda jinoyatchilarning 61 foizi teleqahramonlarga taqlid qilgan holda qonunlarni buzadi (Otamuratov S. Globallashuv: millatni asrash masʼuliyati. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2018. 123-bet).

Mashhur siyosatshunos Z.Bzejinskiyning yozishicha, “AQSh televizion dasturlari va filmlari dunyo bozorining deyarli toʻrtdan uch qismini, ommabop musiqasi esa eng yetakchi pogʻonani egallagan” (oʻsha manba,124-bet). Ushbu maʼlumot nima uchun missionerlar soʻnggi vaqtda mediamissionerlikka koʻproq eʼtibor qaratayotgani sababini oydinlashtiradi.

2006-yilda missionerlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan 118 ta film suratga olingan boʻlib, ular Hollivudda yaratilgan barcha filmlarning 41 foizini tashkil etadi (q.: Ochildiev A., Najmiddinov J. Missionerlik: mohiyat, maqsadlar, oqibatlar va oldini olish yoʻllari. Toshkent, 2013. 100-bet).

BBC News xabar berishicha, Niderlandiyada pedofillar huquqini himoya qiluvchi “Rahmdillik, erkinlik va rang-baranglik” nomli partiya roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ushbu harakat hayvonlar bilan jinsiy munosabat (zoofiliya) hamda bolalar pornografiyasini ham qonuniylashtirish taklifini kiritgan. Bunday jaholat va fahshni targʻib qiluvchi koʻrsatuvlar taʼsirida tomoshabinning feʼl-atvori, yurish-turishi, hayot va atrofdagilarga munosabati salbiy tomonga oʻzgarmaydi deb kim kafolat beradi? Aslida, bunday koʻrsatuvlarni efirga uzatishdan maqsad nima? Axir, ularni muntazam tomosha qilish tufayli mehr va hayo yoʻqolib, oʻrnini toshbagʻirlik, shafqatsizlik, fahsh hamda axloqsizlik egallashi muqarrar-ku.

Nafaqat chet el, hatto milliy telekanallarimiz orqali efirga uzatilayotgan mazmunan sayoz, gʻoyaviy buzuq Gʻarb serial va filmlari hayo, andisha kabi milliy tuygʻularni yemirmoqda. Ushbu seriallarning koʻpi qolipdan chiqqandek bir xil, bir-biridan bachkana, siyqa, soxta munosabatlar asosiga qurilgan. Aksarida zino, behayolik, buzuqlik, boylik, pul topish uchun hech narsadan qaytmaslik kabi illatlar ochiq-oydin targʻib qilinadi. Serial qahramonlari uchun muqaddas narsaning oʻzi yoʻq. Ular na dinni, na ota-onani, na insoniy qadriyatlarni hurmat qiladi. Eng dahshatlisi, behayo va buzuq filmlarni aksar xonadonlarda yosh bolalar, qizlar ham bemalol koʻrmoqda. Axloqsizlik, xudbinlik va individualizm gʻoyalarining hammabop “qadriyat” sifatida tiqishtirilishi esa maʼnaviyatni qashshoqlashtirib, “madaniy” gegemoniya oʻrnatish uchun qulay zamin yaratmoqda.

Mediamahsulotlarning ovoz, tasvir, matnni sinxron tarzda uzatish, tezkor maʼlumot yetkazish, auditoriyani jalb qilish singari xususiyatlari mediamissionerlikning qudratli manipulyativ mexanizm boʻlishini taʼminlayapti. Tushunchalar buzilishi bilan hurmat, iltimos va uzr maʼnolarini bildiruvchi soʻzlar oʻrnini haqoratli soʻzlar egallamoqda.

Shunday boʻlishiga qaramay, xalqimiz xorijiy teledasturlarni koʻrishda davom etyapti. Chunki aholining qiziqish va ehtiyojiga javob beradigan televizion dastur va koʻrsatuvlarni tayyorlashda muammo talaygina. Hatto yangilik dasturlari ham xalq ehtiyojini qondirmaydi. Aksincha, telekanallarimizda qimor elementlari mavjud boʻlgan koʻrsatuvlar koʻpaymoqda. Televideniye aslida mediabozor quroli emas, milliy tarbiya vositasi ekanini unutmaslik kerak. Shunday ekan, har bir teledasturga masʼuliyat bilan yondashish, ayrim koʻrsatuvlardan voz kechish, ularni teletomoshabin ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlash, tezkor va xolis axborot bilan xalq ishonchini qozonish zarur. Bu sohada faoliyat olib borayotgan masʼullar javobgarligini oshirish boʻyicha tegishli meʼyoriy hujjat qabul qilish lozim.

Koʻrsatuv ezgu hissiyot uygʻotishi, yoshlarga moʻljallangan dastur ularning yoshiga mos boʻlishi shart. Unda hayotiy va ibratli voqealar aks etmogʻi lozim. Chunki yoshlar beixtiyor oʻzini qahramon bilan solishtiradi, xayolan uning oʻrniga oʻzini qoʻyib koʻradi. Shuning uchun mohiyati jihatidan milliy maʼnaviyatimizga, texnik jihatdan zamon talabiga toʻgʻri keladigan telemahsulot tayyorlab, chetdan kelayotgan film, seriallarning oʻrnini toʻldirishimiz zarur. Zero, beozordek koʻringan reklama ham maʼnaviy oʻzakni qoʻporishning kuchli vositasi ekani gʻoyaga qarshi gʻoya bilan kurashish nechogʻli zarurligini anglatadi.

Pedagogika fanlari doktori, professor M.Quronov bunday yozadi: “Media – maʼnaviy mahsulotlarning virtual bozori. Bu bozorda hech kim molim yomon demaydi. Buzgʻunchi, jinoyatchi, johillar ham oʻz gʻoya-mahsulotini eng yaxshi deydi. Bu bozorda bunyodkorlik, taraqqiyot uchun zarur manbalar ham koʻp. Gap odamning ana shu virtual bozor taklif etayotgan mahsulotlarni xarid qilishda adashmasligida. Bugungi tilda aytganda, media madaniyatida (Quronov Q. Internet sodda yoshlarni qopqonga tushirish, mediafiribgarlik maydoni hamdir. http://vatandosh.uz/2014/0).

Alqissa, mediaxatarga qarshi kurashda har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etmogʻi zarur. Shundagina manipulyatsiyaning oldi olinadi.

Ergash AHMEDOV,

Toshkent Kimyo-texnologiya

instituti doktoranti

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 1-son.

“Ekran bolasi” maqolasi