Oila — muqaddas qoʻrgʻon. U jamiyatimizning  tayanchi, poydevori.  Oila har bir xalqning davomiyligini, milliy qadriyatlarini asrab qoluvchi, yangi avlodni dunyoga keltirib, barkamol insonni tarbiyalavchi maskandir.

Oila boshi ota boʻlsa, ona uning tinchligini taʼminlovchi, mehr-muhabbat ulashuvchi muhtarama zotdir. Vatan ostonadan boshlanadi. Demak, Vatanga muhabbat oilada shakllanadi. Odamning odamdek yashashi uchun mehr kerak, muhabbat kerak. Bu muhabbatni unga, avvalo, ona beradi. Zero, insonni hayvondan, parrandayu darrandalardan farqlab turuvchi jihat ham uning qalb degan gavhari borligidadir. Baxtli oilalar bir-birining qalbidagi mana shu gavharni koʻra biladilar, uni asraydilar, qadrlaydilar.

Ming afsuski, hayotimiz farovonlashib, odamlarning yashash sharoiti yengillashgan sari oilalarda ajrimlar koʻpayib boryapti. Bunday noxush holatlarning 80 foizi ayollarning oʻz xonadonida qadr koʻrmayotgani, muttasil kamsitilayotgani, haqoratlanayotgani, kaltaklanayotgani tufayli yuz bermoqda. Ularni asrab-avaylash, haq-huquqini taʼminlash, ayrim hollarda hayotini saqlab qolish uchun ajrim qarorlari qabul qilinmoqda. Masalaga chuqurroq yondashsak, ajrimlarning koʻpchiligiga oʻz uy-roʻzgʻorini moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaydigan, ahli ayolini moddiy va maʼnaviy qoʻllamaydigan, farzandlariga gʻamxoʻrlik qilishni xohlamaydigan erkaklar sabab boʻlayotganini koʻramiz.

Sharq xalqlari otaga nihoyatda katta hurmat bilan qaragan, uni eʼzozlagan, oilaning poydevori, shohi, tarbiya maktabining ustozi deb bilgan va undan faxrlangan. Otalar ham, albatta, shunga munosib boʻlishgan.

Inson ham bir buyuk qalʼadir. Agar u nurasa, oʻz ichidan yemirilib nuraydi. Inson degan murakkab qalʼaning, eng avvalo poydevori mustahkam boʻlmogʻi zarur. Insonni inson sifatida shakillantiradigan poydevor — bu tarbiyadir.  Oʻgʻil bola uchun tarbiyaning boshlangʻich nuqtasi ota ibratidan boshlanadi. Mard erkaklarga xos vatanparvarlik, mehnatsevarlik, halollik singari fazilatlar, dangasaligu ikkiyuzlamachilik kabi illatlarga murosasizlik oilada otalar ibrati orqali singdiriladi.

Oilada ayol mehru shafqat bulogʻi boʻlishi bilan birga, oʻzi ham mehrga, muruvvatga zor zaifa hisoblanadi.  Ayolni gulga oʻxshatishadi. Ayolni quyoshga oʻxshatishadi. Ayolni toshni yorib chiqqan maysaga qiyoslashadi. Ammo, afsuski, “ayol” soʻzi yoniga shu oʻxshatishlarni aslo yaqinlashtirmaydigan erkaklar ham bor. Ular ayolning qalbi borligini unutgan insonlar.

 Paygʻambarimiz (s.a.v.) sahobalarga qarab: “Allohning nazdida  sizlarning eng yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshilaringizdir”, deganlari rivoyat qilinadi. Bu ulug‘ haqiqatni tan olmaganlarni kim deb atash mumkin?

Ayol haqida gapirayotganimizda, ayol haqida yozayotganimizda, ayolni tasvirlayotganimizda, avvalo, uning ona ekanini unutmasligimiz kerak. Agar aytayotgan gapimiz biror bir ayolga kaltak boʻlib tushsa, yozayotgan yozuvimiz biror bir ayol boshiga magʻzava boʻlib toʻkilsa, chizayotgan tasvirimiz ayolni sharmanda qilishga xizmat qilsa, voz kechish kerak bunday ishdan.

“Onasini sevmagan, bolasini ham sevmaydi”, “Onasi qoshimda, bolasi boshimda” degan gaplar bor. Odam ayolini sevmasa, oʻziniki boʻlsa-da, bolasini ham sevmasligiga koʻp bor guvoh boʻldik. Bu muhabbatsizlikning borar yoʻli tumanli va gumonlikim, adashtirmasdan qoʻymaydi. 

Ajrashayotgan ota oʻzining pushti kamaridan boʻlgan farzandlarni dunyoga keltirib, ularga tunlari bedor oq sut bergan ayol — Allohning omonati ekanini yoddan chiqargan erkakdir. U erkak aslo oʻylamaydi, qaygʻurmaydiki, bolalari bilan koʻchaga haydalayotgan  bechora ayol kechga borib qay goʻshadan qoʻnim topadi, bu goʻdaklar nima yeb, nima ichadi, sovuqdan, issiqdan, yetti yod begonalarning qahridan qanday himoyalanadi? Ayoli, bolalari bir shirin taomga zor, eshikma-eshik yurgan erkakning tomogʻidan qanday yegulik oʻtadiyu, koʻziga qanday uyqu keladi?

Jamiyatimizda bunchalar bagʻritosh insonlar qanday va qachon paydo boʻldi?  Albatta ilmsizlikdan, johillikdandir. Ilmsizlik qayerdan paydo boʻladi? Kitobdan, gazetadan, jurnallardan yiroqlashishdan paydo boʻladi. Yomonlardan oʻrnak olishdan paydo boʻladi. Deyarli har kuni televideniye ekranlarida, xususiy kanallarda, ijtimoiy tarmoqlarda roʻzgʻorning gʻori oldida tishini-tishiga qoʻyib chidayotgan, borini oshirib, yoʻgʻini yashirib yashayotgan oilali, farzandli ayolni goh janjalkash qaynona, goh bevafo xotin, goh yengiltak kelin qiyofasida gavdalantirayotgan seriallardan boshlanadi, ayolga nisbatan noinsoniy munosabatlar.

Shunday seriallarga ssenariy yozib beradigan bir “ijodkor”dan nima uchun bunchalar bachkana narsalarni yozayotganini soʻradim. Uning aytishicha, tarbiyaga oid, qadriyatlarni ulugʻlovchi, vatanparvarlik kabi tushunchalarga yoʻgʻrilgan ssenariylar koʻp tomoshabin yigʻmas ekan. Ssenariyda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan voqealar sodir boʻlsa — tomoshabinlar “Voy, shunaqa ham boʻlarkanmi?”, “Ayol boʻla turib, shunaqa qiladimi? Ayollar shunaqami?” deb, qayta-qayta koʻrsalar, serialchilarning tili bilan aytganda, qanchalik koʻp “prosmotr yigʻsa” — daromad shuncha katta boʻlar ekan. Tanish qalamkash, ssenariylarni gonorar — qoʻshimcha daromad uchun yozayotganini aytdi. Bitta ssenariysi uchun 800 ming soʻm olar ekan. Bir oyda 4 ta yozsa 2 million 400 ming soʻm qoʻliga tegar ekan.

Ekranlarda namoyish etilayotgan ssenariy mualliflari derli hech kim tanimaydigan yozuvchilar. Surishtirsam, koʻpchiligi yozgan ssenariysi “prosmotr” yigʻishi uchun oʻzbek ayoliga uning tushiga ham kirmagan vahshiyliklar, behayoliklarni yopishtirib, ayolni makkora, yengiltak, oʻgʻri, nomussiz, harom nafsi uchun hech narsadan qaytmaydigan zot qiyofasida tasvirlab berishga tayyor ekan.

Aktyorlar esa bir kuniga 500 mingdan 1 milliongacha, bir haftada 3 milliongacha, agar bosh rollarda chiqsa, bundan ham koʻproq pul olar ekan. Teleseriallarda juda katta daromad kanal, rejissyor va uning ijodiy gruppasiga tegishli boʻlar ekan. Demak, biz bir guruh kinochilarning choʻntagini deb, ayol obrazining kamsitilishiga, haqoratlanishiga tomoshabin boʻlib turibmiz. Natijada erkaklarda ayol zotiga nisbatan bepisandlik, hatto nafrat hissini oʻygʻotadigan seriallar koʻpayib ketdi. Bolam-chaqam deb, tinkasi qurib ishlab kelayotgan ayolga mehr koʻrsatib, quvvat boʻlish oʻrniga, uni oʻtdan olib suvga, suvdan olib oʻtga tashlab, yengiltaklikda ayblab, ruhini sindiradigan erkaklar hisobiga ajrimlar koʻpaymoqda.

 Odamlar dasturxon yonida, dam olish soatlarida, hatto mehmon chaqirib, mehmonga borganda ham bir-biri bilan seriallarda koʻrgan ajabtovur vahshiyliklar haqida gaplashadigan, bahslashadigan, oqibatda ayol zoti shunaqa deb xulosa chiqaradigan boʻlishdi. Bu seriallar oilalarning buzilishiga, odamlarning bir-biridan uzoqlashishiga, erkaklarning ayollarni yomon koʻrishiga, ulardan nafratlanishiga olib kelmoqda.

Bu seriallar irodasi zaif odamlarning ichki dunyosiga hujum qilmoqda. Ularda ichki xotirjamlik yoʻqoldi. Ularning ruhida betartiblik, algʻov-dalgʻov boshlandi. Koʻpincha ajrashayotgan erkak nima xohlayotganini oʻzi ham tushunmaydi. Ajrashgandan keyin qanday yashashini ham aytib berolmaydi. Ruhidagi betartiblik uning hayotini ostin-ustin qilib yuboradi. U xotinidan, baxtsizligidan,  shikoyat qiladi. Bu omadsizliklarda yolgʻiz xotinini aybdor deb biladi. Atrofida uning fikrini maʼqullovchilar ham topiladi. Aslida, aziz oilasidan ajrashayotganda, erkakni “qoʻltigʻiga puflab”, “ajrash, ajrash” deya, qaysarligini qoʻllovchilardan birortasi baxtsiz kunlarda uning yonida qolmaydi. Aksincha, bir necha kun oʻtib, uning oʻzini ahmoqqa chiqaradi. “Farishtadek ayolidan, guldek farzandlaridan ajrashib, xor boʻlib yurishini koʻring” deya, ustidan kulishadi.    

 Ekranda tasvirlanayotgan har qanday illyuziyalar ayolga nisbatan hurmatsizlik keltirib chiqarishining oʻziyoq jamiyatda jaholat oshishiga olib kelmoqda. Bu mantiqsiz seriallar dahshatli ofat kabidir! Bir nechta serialchilarni moddiy boyitayotgan bunday namoyishlar buzgʻunchi jodugar kabi baxtli oilalarga tajovuz qilib, koʻpincha yovuz niyatiga yetmoqda. Bu yerda unga insonning ilmsizligi, zaif nuqtai nazari, savodi haminqadarligi qoʻl kelmoqda. Oilani baxtsiz qiladigan, onalar va bolalarga befarq boʻladigan johil qarashlarni yengish qiyin emas. Buning uchun xalqni maʼrifat bilan tarbiyalash, kerakli kitoblarni oʻqishini taʼminlash va betuturiq seriallar namoyishini toʻxtatish kerak.

Asosan, seriallar inson qalbining eng tub qatlamlariga borib taqalib, undagi mehr tushunchasini qahrga, hayoni behayolikka,  bardoshni betoqatlikka, qanoatni jizzakilikka almashtirishga xizmat qilmoqda. 

Inson ichki dunyosining buzilishi zulmatga boshlaydi. Erning ichki dunyosidagi jarlikka eng birinchi boʻlib uning ayoli va bolalari qulaydi. Va  bu oʻpqon bora-bora erkakning oʻzini ham komiga tortadi.

Toki bunday seriallar namoyishi barham topmas ekan, tomoshabinning  ichki dunyosidagi betartiblik, boshboshdoqlik yoʻqolmas ekan, inson insoniylikdan yiroqlashaveradi. Oilalarda baxtsizlik, behalovatlik, umidsizlik, tarkidunyochilik koʻpayadi. Ogoh boʻlaylik, bu seriallar har kun xonadonimizga bostirib kirmoqda, oramizda yashamoqda. Bizga qarshi yuzma-yuz turibdi...  Bu ertaga baxt va baxtsizlik, hayot va mamotning toʻqnashuvi boʻladi. Bu seriallar davom etar ekan, oldimizda qattiq va ogʻir imtihonlar bor.

Bugun pul uchun oqibatini oʻylamasdan har qanday serialni suratga olishga tayyor usha “ijodkorlar”ga bir savolimiz bor: siz Sharq ayolining tabarruk boshiga Gʻarb behayoliklari haqidagi tuhmat magʻzavalarini agʻdarishni qachon bas qilasiz? Oʻz manfaatingiz yoʻlida aql, qalb, sevgi va sadoqatga tayanadigan AYoL degan ulug‘ nomni beqadr qilishga nima haqqingiz bor?

Har bir ayol qalbida  onalargagina berilgan muqaddas qadriyatlar yashaydi. Unutmaylik!

 

Zulfiya MOʻMINOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi.