Respublika Ichki ishlar vazirligida ayni kunda ulug‘ maʼrifatparvar shoir va adibimiz Abdulhamid Choʻlponning “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik, Barcha kuchni xalq ichidan olaylik!” degan mashhur daʼvatiga amalga qilgan holda, ichki ishlar xodimlarini xalq bilan yaqinlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-sonli qarori Ichki ishlar vazirligi tizimi oldiga ham maʼnaviy-maʼrifiy ishlar natijadorligini oshirish va sohadagi ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirish orqali ishlarni yangi bosqichga koʻtarish hamda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning sogʻlomligi va barqarorligini taʼminlash vazifasini qoʻydi. Qarorga asosan Ichki ishlar vaziri tomonidan 2021-yil 21-oktyabrda “Ichki ishlar organlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 400-sonli buyrugʻi qabul qilindi.

Tizimning har bir tarmoq xizmatlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha alohida masʼul xodimlar birkitildi. Shaxsiy tarkibning maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida “Maʼnaviyat oyligi”, “Uch avlod uchrashuvi” kabi tadbirlar, turli koʻrik-tanlovlar konsert dasturlarini oʻtkazish, joylardagi maʼrifat zallarini qayta taʼminlashga, har bir ichki ishlar idorasida “Vatanparvarlik burchaklari” tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, 2021-yilning 1-iyunidan joriy yilning 1-iyuniga qadar ichki ishlar organlari tizimidagi 1429 nafar rahbar-xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy hamda kasbiy bilim va malakalari oshirildi. “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi”, “Namunali maʼnaviyat va maʼrifat xonasi”, “Eng yaxshi kutubxona”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi” va “Eng yaxshi profilaktika inspektori” kabi 50 ga yaqin turdagi koʻrik-tanlovlar oʻtkazildi.
Vazirlik tomonidan kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Ichki ishlar xodimlari albatta oʻqishi kerak boʻlgan 39 ta kitob roʻyxati tuzilib, har bir xodimning oʻz shaxsiy kutubxonasi tashkil etildi. Ayni paytda 23 000 nafardan ortiq xodimning shaxsiy kutubxonasi va kitob javoni mavjud. Umumiy kitoblar fondi esa 776 362 dona boʻlib, bu shaxsiy tarkibga nisbatan har bir xodimga 10–11 dona adabiyotlar toʻgʻri kelishini anglatadi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining kitobga boʻlgan yuksak mehrining ifodasi sifatida, vazirlik binosi oldidagi xiyobonda “Ichki ishlar organlarining kitobxon oilasi” haykali oʻrnatildi. (Haykalda oʻrindiqda kitob oʻqib oʻtirgan mayor va uning bir qiz va bir oʻgʻil farzandlari hamda turmush oʻrtogʻi timsoli tasvirlangan.)

Shaxsiy tarkibning maʼnaviy-maʼrifiy bilim saviyasini oshirish maqsadida, ichki ishlar organlarida 2021-yilning 1-iyunidan joriy yilning 1-iyun kuniga qadar 52 ta mavzu boʻyicha 14 798 marta “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari” oʻtkazildi. Yarim yillik yakuni boʻyicha xodimlardan mavzularni qanday oʻzlashtirganliklari yuzasidan sinov imtihonlari olindi. Ichki ishlar organlari xodimlarining xalq orasidagi nufuzini oshirish maqsadida ular faoliyatini kino va teatr sanʼati vositasida yoritishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Respublika Kinematografiya agentligi, “Oʻzbektelefilm” kinostudiyasi va bir qator xususiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda ichki ishlar organlarining faoliyati bilan bogʻliq 10 ga yaqin badiiy filmlar, teleseriallar hamda qisqa metrajli film va videoroliklar tasvirga olinib, teleekranlarda namoyish etildi. Oʻttiz qismdan iborat “Tuzoq”, “Nafs”, “Qoʻriqxona”, “Jinoyat jazosiz qolmaydi”, “Izquvar-2” kabi seriallar, “Afv” badiiy filmi shular jumlasidandir. “Maʼnaviyat oyligi” tadbirlari doirasida 1443 ta targʻib etuvchi material va bannerlar joylashtirildi. Shaxsiy tarkib oʻrtasida 944 ta turli davra suhbatlari va uchrashuvlar, 751 ta turli koʻrik-tanlovlar, jumladan, 321 ta “Sanʼatda havaskor isteʼdodlar” jamoalari ishtirokida tadbirlar, 611 ta konsert-tomoshalari oʻtkazildi. Shuningdek, oʻzaro hamkorlik memorandiumi imzolangan hamkor idora va tashkilotlar bilan 894 ta tadbirlar, 298 ta brifing, 862 ta kitob yarmarkalari tashkil etildi. Bundan tashqari, ichki ishlar xodimlarining 1907 marta muzeylarga, 1305 marta tarixiy obʼyekt va qadamjolarga, 485 marta teatrlarga tashriflari uyushtirildi.
Tizimda koʻp yillar samarali xizmat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan ichki ishlar faxriylarining koʻp yillik ish tajribalarini oʻrganish maqsadida, isteʼfodagi faxriylar, xodimlar va IIV taʼlim muassasalari tinglovchilari oʻrtasida 561 marta “Uch avlod” uchrashuvlari oʻtkazildi. Oʻtkazilgan barcha maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borildi.
Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi jahon veb-makonida oʻzining rasmiy resurslariga ega boʻlib, vazirlikning rasmiy 22 ta veb-sayti hamda ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarda 70 dan ortiq rasmiy sahifalari mavjud. Mazkur veb-resurslar orqali IIVning Axborot xizmatlari tomonidan 2021-yil 1-iyunidan 2022-yil 1-iyunigacha ommaviy axborot vositalarida jami 149 789 ta xabar, maqola va axborotlar yoritildi, interchiqishlar qilindi. 603 marta press-tadbirlar oʻtkazilib, IIV rahbariyati tomonidan OAVda 2 269 marotaba chiqishlar tashkil etildi. Shuningdek, vazirlikning rasmiy nashrlari – “Postda”, “Na postu“ gazetalari va “Qalqon”, “Shit” jurnallari orqali tizim faoliyatidagi yangiliklar va islohotlarga oid jami 1715 ta maqola chop etildi.
Maʼlumki, Prezidentimiz 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlarini oʻtkazish belgilangan hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-iyundagi 97-son majlisi bayoni bilan tanlovni tashkil etish va oʻtkazish yuzasidan vazifalar belgilanib, Maxsus komissiya tarkibi va tanlov Nizomi tasdiqlangan edi.
.png)
Tanlovni oʻtkazish jarayonida Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi faoliyatining samarali yoʻlga qoʻyilganligi, Maʼnaviyat va maʼrifat maskani tashkil etilgani, maʼnaviyat boʻlinmalarining moddiy-texnik bazasi holati, har bir hududning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish va samaradorligini oshirish borasida shakllangan oʻziga xos tajriba, yoshlar siyosati va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar uchun masʼul rahbarlar faoliyati tahlili, gazeta va jurnallarga obuna holati, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda yoshlar qamrovi kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratgan tuman-shahar hamda vazirlik va idoralarning faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Amalga oshirilgan bu kabi ijobiy ishlar samarasi oʻlaroq, joriy yilda oʻtkazilgan “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Ichki ishlar vazirligi 92,5 ball toʻplab 1-oʻringa munosib koʻrildi. Albatta, sohada maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari kelgusida ham izchil ravishda davom ettiriladi. Vazirlik ish tajribasini yanada rivojlantirish va ommalashtirish borasida ustuvor masalalarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Maqsadimiz – ichki ishlar organlari faoliyati shaffofligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida kompleks chora-tadbirlar qoʻllash hamda yuzaga kelgan vaziyat haqida aholini oʻz vaqtida xabardor qilish, shu bilan birga, ichki ishlar organlari tizimidagi rahbar-xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy hamda kasbiy malakalarini muntazam ravishda oshirib borish kabi asosiy burch va vazifalardan iboratdir. Ayni paytda shaxsiy tarkib oʻziga bildirilgan el-yurt ishonchini oqlash maqsadida kechayu-kunduz samarali faoliyat koʻrsatmoqda.
Avazbek INOMOV,
Respublika IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi