“Nomukammal insoniyat na oʻzidan quyidagilarni, na oʻzidan ustunlarni seva oladi” – “Eljernonga atalgan gullar” asari tahlili

 

         “Sening zulmatingdan mening yorugʻligim yaxshi deb kim aytdi?”

“Eljernonga atalgan gullar” asaridan

 

Baxt inson intilishlarining markazida turadi. Ammo nimaga shunday: baʼzida jamiyat eʼtirof etmaguncha, unga ega ekanimizni anglayvermaymiz? Yoshi 32 ga borgan, arzimas pul evaziga novvoyxonada pol artuvchi boʻlib ishlaydigan aqlan zaif yigit Charli Gordon, qaysidir maʼnoda, mana shunday odamlardan biri edi...

 

Amerikalik adib va adabiyotshunos Deniel Kiz (1927–2014) Nyu-Yorkning Bruklin shaharchasida tugʻilgan. Savdogar dengizchi, tahririyatda badiiy muharrir, maktabda oʻqituvchi, Ohayo unversitetida professor boʻlgan. 2000-yili Ohayo universiteti tomonidan “Xizmat koʻrsatgan professor” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Deniel Kiz 87 yillik umri davomida 8 ta asar yozadi. Bugun sizni ulardan eng mashhuri – “Eljernonga atalgan gullar” asari bilan tanishtirmoqchimiz. Muallif uni dastlab hikoya tarzida yozadi va oʻn toʻrt yil mobaynida hayotidagi voqealar bilan boyitib boradi. Asarning “Hyugo” hamda “Nebula” adabiy mukofotlariga loyiq koʻrilib, Amerikaning adabiyot boʻyicha maktab darsliklari dasturiga kiritilgani bejiz emas albatta...

 

Asar Charli Gordonning qaydlari bilan boshlanadi. Insonlarning fikrlash darajasini jarrohlik yordamida oʻstirish ustida izlanayotgan shifokorlar unga kechinmalarini yozib borishni tavsiya qilishadi. Ular kunlik qayd-hisobotlarni bir-biri bilan solishtirish natijasida Charlining jarrohlikdan keyinga aqliy oʻsishni kuzatmoqchi edilar. Amaliyotning bosh miya jarrohligi tarixida insonda ilk bor qoʻllanilayotgani, oldin Eljernon laqabli sichqonchada sinab koʻrilganidan kitobxon Charlining qaydlarini oʻqish mobaynida xabardor boʻladi. Soddadillik bilan yozib borilayotgan ushbu kechinmalardan oʻquvchi keyinroq yana bir narsani tushunadi. Yaʼni, operatsiya uchun nega aynan Charli tanlangani! Axir Charli nogiron boʻlib tugʻilgani uchun ota-onasi voz kechgan, atrofini esa uni shaxs – inson sifatida qabul qilmaydigan odamlar oʻrab olgandi. Bir soʻz bilan aytganda, Charli oʻz tevaragidagilar, hatto qaltis tajriba amaliyotiga qoʻl urayotgan shifokorlarning oʻzi uchun ham Eljernondan – laboratoriyadagi sichqonchadan farq qilmasdi.

 

Ammo bu vaqtda Charlining oʻzi hali hayot va odamlar haqida mutlaqo boʻlak tasavvurda edi. Uning birgina maqsadi aqlli boʻlish, hamma qatori qahva ustida siyosat, kino va adabiyot borasida gaplashib oʻtirish, bu bilan oʻz doʻstlarini xursand qilish. U oʻziga bunday imkoniyatni beradigan jarrohlik amaliyotiga tanlab olishayotgani uchun shifokorlardan minnatdor boʻlar, tajriba quyonchasiga tenglashtirilayotganini esa mutlaqo tushunmasdi. Qafasda oʻsgan qush mushukning dushman ekanini bilmagani kabi, uning tor va toza tasavvuri ham firib va gʻaraz degan tushunchalardan xoli edi. Oʻz hisobotida novvoyxonada birga ishlaydigan sheriklari uni bir safar qahvaxonaga olib borib, ishda polni qanday artishini koʻrsatib berishini soʻraganlari, keyin stolning ustiga chiqib oʻynab berishni talab qilganlari, soʻng yomgʻir yogʻayotganini tekshirib kelish uchun koʻchaga chiqarib yuborib, qaytgunicha ketib qolganlarini yozar ekan, bu kabi munosabatlarga azbaroyi koʻnikkanidan, u oʻzini bundan ortiqrogʻiga munosib emas deb bilardi. Bularni doʻstlarining erkalashi, eʼtibori deb tushunar, oʻzining noshudligidan esa kuyinardi. Tez orada aqliy salohiyati oshsa, mazkur holdan doʻstlarining judayam xursand boʻlishini, oʻshanda ularning hozirgidan ham koʻproq yaxshi koʻrib qolishi mumkinligini orzu qilardi. “Agar ustingdan kulishlariga yoʻl qoʻyib bersang, sening doʻstlaring koʻp boʻladi” – bu aqlan zaif Charlining maʼnaviy tuban jamiyat ustidan chiqargan begʻaraz (va dono!) xulosasi edi...

 

Shunday qilib, bir qancha tekshiruv va ilmiy tajribalardan soʻng shifokorlar oʻta qaltis ishga – Charli bilan bogʻliq jarrohlik amaliyotiga qoʻl uradi. Amaliyot ijobiy natijalarini namoyon qila boshlaydi – oradan maʼlum kunlar oʻtib, Charlining aqliy darajasi yaxshi tomonga oʻzgarayotgani seziladi. “Charli, deydi bir kuni unga oʻzi oʻqiydigan omilar maktabi tarbiyachisi Kinan xonim. – Agar keyinchalik, yaʼni koʻp narsalarni oʻrganib olganingdan soʻng baʼzi odamlar oʻzing oʻylaganday yaxshi emasligini tushunsang, xafa boʻlma. Yaxshisi, bunga eʼtibor ham berma. Yaratgan senga qolganlardan kamroq narsa bergan boʻlsa ham, aslida sen ulardan foydaliroq ishlar qilyapsan...”

 

Ha, Kinan xonim haq boʻlib chiqadi. Charlining aqliy darajasi qanchalik yaxshilanib, odamlarning harakatlari ortidagi maqsadni tushungani sari, yashashi ham shunchalik qiyinlasha boradi. Oʻtmish bilan bogʻlik xotiralari tiklanishi barobarida qalbida ogʻriq, iztiroblar paydo boʻla boshlaydi. Shunday xotiralarning birida bolakay Charli uyining qaysidir xonasidan chiqayotgan chaqaloqning – singlisining yigʻisini eshitadi. Uni borib koʻrgisi, nimadir qilib ovutgisi keladi. Bu xonaga kirish u uchun taqiqlangan boʻlishiga qaramay, ovoz eshitilayotgan xonaga kirib, chinqirib yigʻlayotgan chaqaloqning yuziga ajablangancha tikilib qoladi. Shu vaqt toʻsatdan kelib qolgan onasi esa “Singlingga nima qilmoqchi eding?! Unga yaqinlashma demaganmidim!” deya uni kaltaklashga tushib ketadi. Bolakay Charli qaltirab-qunishar, qoʻrqqanidan dahshatga tushar, onasiga oʻzining yomon niyati yoʻqligini tushuntirish u yoqda tursin, ortiq bunday qilmasligina aytishga ham qurbi yetmasdi...

 

Oʻtmishi bilan bogʻliq shu kabi xotiralarini ongida tiklagan Charli nihoyat bir achchiq haqiqatni anglaydi. Bolaligidan hech kim unga inson sifatida munosabatda boʻlmagan! Shu kunga qadar hali biror kimsa, hech qachon uning tuygʻulari va istaklari bilan hisoblashmagan. Boshidanoq hamma unga sichqon yoki bir temir-tersak sifatida qaragan.  Oʻzi yaqin doʻst deb hisoblagan, bunga juda ishongan odamlari ham, shunchaki ustunlik hissi, aniqrogʻi – uning ustidan kulish, undan aqlliroq ekanini his etish lazzati sababli u bilan yaqin boʻlgan. “Gʻazab va shubha,  deb aytadi rivojlanishning tuygʻular bilan bogʻliq bosqichiga yetgan Charli bular haqida, –  men oʻzimni qurshab turgan olamga nisbatan ilk bora his qilgan tuygʻu boʻlib qoldi...”

 

Charli oldin qanchalik omi boʻlgan boʻlsa, endi shunchalik aqli oʻtkirlashib borardi. Chet tillarini, har xil ilmiy tushunchalarni qisqa muddatda oʻzlashtirib olardi. Undagi bu oʻzgarishlarni esa birinchilardan boʻlib oʻzi bilan birga ishlaydigan novvoyxona ishchilari payqaydi va buni qabul qila olishmaydi. Kechagina aqlan zaif boʻlgan Charlining bugungi aqliy ustunligi hamkasblarida hasad va adovat uygʻotadi. “Charlini ishdan haydang, deb talab qilishadi ular novvoyxona xoʻjayinining oldiga borib, – novvoyxonada yo u qolsin, yo biz qolaylik!”. Oʻtmishda Charlining marhum togʻasiga –  oʻzining yaqin doʻstiga jiyanini sirayam ishsiz qoldirmaslikka vaʼda bergan, shu paytgacha soʻzi ustidan chiqib kelayotgan novvoyxona xoʻjayini ham, endi negadir yangi aqllining yonini olishni istamaydi. Charlidan uzr soʻrab, uni ishdan boʻshatishga qaror qiladi...

 

Charli pulsiz, yo yeguliksiz koʻchada qolmaydi. U oʻzi ustida olib borilayotgan ilmiy tajriba homiylari tomonidan moddiy taʼminlangan edi. Biroq qachonlardir omiligi uchun kamsitgan, tahqirlagan odamlar endi daholigi uchun yuz oʻgirayotgani Charlini tushkun oʻylar girdobiga choʻktiradi. Bu nomukammal insoniyat na oʻzidan quyidagilarni, na oʻzidan ustunlarni seva olmasligini koʻrib dunyo koʻzlariga zimiston boʻladi.  “Xotiralarim dengiziga botib borar ekanman, ruhiy muammolarni aqliy muammolar kabi osonlikcha yechib boʻlmasligini tobora koʻproq anglayapman”, deya nadomat qiladi.

 

Asarning oxirgi boblarida shifokorlar Charlini Chikagoga – ilmiy tajribalar borasida oʻtkazilayotgan simpoziumga olib borishadi. Bundan koʻzlangan maqsad soha mutaxassislarini “Charli-Eljernon” tajribasi bilan tanishtirish, neyroxirurgiyadagi ulkan muvaffaqiyatni ommaga maʼlum qilish edi. Yoʻlda shifokorlar sichqoncha Eljernonning oxirgi paytda oʻzini juda yomon tutayotgani, kun boʻyi tajriba mashqlarini bajarmay uyasida yotayotgani, baʼzan mashqlarni bajarganda ham, buning evaziga beriladigan yegulikdan voz kechayotganini gapiradi. Tajriba mualliflari – doktor Shtraus bilan doktor Nemur Eljernonning bu ishidan qancha koʻp tashvishlansa, sichqonni boshqalardan koʻproq anglayotgan, hatto oʻz tanasi bilan his etayotgan Charli shoʻrlikka shunchalik achinadi. Ogʻriqlari avj olib, oʻzining omilik paytlarini qoʻmsaydi...

 

Simpoziumda endilikda aqliy salohiyati Charlidan bir necha barobar past boʻlgan professorlar unga goʻyoki bir eksponatday muomalada boʻladi. Ular Charli haqida “Charli-Eljernon” yoki “Eljernon-Charli” amaliyoti deya gapiradi. Uning shu paytgacha oʻzi haqida yozgan barcha hisobot-qaydlari va sichqoncha Eljernon bilan birgalikda olib borgan tajbira mashqlarining video tasvirlari jamoatchilikka havola etiladi. Simpozium ishtirokchilari Charlining shaxs sifatida haqoratlanayotganini xayollariga ham keltirishmas edi. 

 

Simpozium soʻnggida tajribaning umumiy xulosasi va ahamiyatini tushuntirib berish uchun professor Nemur soʻzga chiqadi. “Biz tabiatning yana bir xatosini toʻgʻrilab, nuqsonsiz, qusursiz odam yaratdik, deydi u maʼruzasida. – Bizning oldimizga kelishdan oldin Charli Gordon katta shaharda yolgʻiz oʻzi, doʻstlarsiz, qarindoshlarsiz, toʻkis hayot kechirish uchun muhim boʻlgan aqliy salohiyatsiz yashardi. Uning na oʻtmishi, na hoziri va na kelajakka boʻlgan ishonchi bor edi. Qisqasi, Charli Gordon hech kim edi...” Simpoziumning qolgan barcha ishtirokchilari ham bu borada professor Nemur bilan bir xil fikrda ekaniga shubha yoʻq edi, albatta. Bu soʻzlarni tinglab yurak-bagʻri tilka-pora boʻlayotgan Charli “Men ham insonman! Men ham shaxsman! Mening ham oʻtmishim, ota-onam bor edi! Operatsiya stoliga yotishdan oldin ham odam edim axir!..” deb hayqirgisi, hoʻngrab yigʻlagisi kelardi...

 

Falsafaga boy mazkur asar Charli Gordonning keyinchalik “Charli-Eljernon” tajribasini amaliyotga joriy qilishga toʻsqinlik qiluvchi ilmiy kamchilikni asoslashi va bu tajribaning fojiiy jihatlarini oʻz umri misolida koʻrsatib berishi bilan yakun topadi. Biroq asarning men aytib ulgurmagan voqealari, maʼlum qilmagan jihatlari hali koʻp. Buni oʻquvchi kitobni mutolaa qilish jarayonida oʻzi tushunib, amin boʻladi degan umiddaman.

 

 

Asardan iqtiboslar

 

“Qancha teran tushlar koʻrar, xotiralarim dengiziga botib borar ekanman, ruhiy muammolarni aqliy muammolar kabi osonlik bilan yechib boʻlmasligini his etayapman”.

 

***

“Sogʻlom bolalar juda tez ulgʻayib, oʻzlarini katta qilganlarni unutishadi... va ularni tark etishadi...”

 

***

“Yuqori AyKyu hayotda eng muhimi emas. Insoniy tuygʻularsiz bilim bir teyinga qimmat!”

 

                                                                                         Bayram ALI