Hal qiluvchi kuch, ertamiz egalari, bizning avlodlarimiz – katta avlod yoshlar haqida shunday sifatlar bilan gapiradi. Yoshlar-chi?  Erta egalari boʻlish uchun tayyormi? Nimalar haqida oʻylashadi? Kelajak orzulari, bugun uchun rejalari qanaqa?

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh yoshlar “ota-onalari orzu qilgan serchiqim toʻylardan”, “eskirgan stereotiplardan” noligan,  “zamonaviy bilimlar olishni”, “erkin boʻlishni” xohlashini, “ota-ona bilganni farzand bilmaydi, ota-ona farzandi uchun eng yaxshi narsani beradi” degan tushunchalar bugungi kun yoshlari uchun toʻgʻri kelmasligini taʼkidlaydi.

100 yil oldin yashagan jadid bobolarimiz yoshlarning bu qarashlari, fikrlari borasida nimalar degan? Qanday javob qaytargan boʻlar edi? Quyida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan chop etilgan jadid bobolarimizning mitti kitobchalarini Oʻzbekiston Milliy universiteti talaba yoshlari mutolaa qilib, oʻz savollariga qanday javob olganini bilib olamiz.

Asilbek Turgʻunov:

– Mahmudxoʻja Behbudiyning “Yoshlargʻa murojaat”  kichik toʻplamini oʻqib chiqdim. Toʻgʻrisi, hayron qoldim. Men doim “Yoshi kattalar bizni tushunishi qiyin, zamonaviy fikrlamaydi”, deb hisoblardim. Lekin kitob orqali 100 yil oldingi bobolarimizning qarashlarini oʻqib, koʻp savollarimga javob oldim. Behbudiy ota-onalarga qarata, kelayotgan zamonga mos tarzda bolalaringizga ilm va fan oʻrgating, deqlb. Hozirda koʻp yoshlarning IT, chet tillarini oʻrganishga qiziqishi baland, sababi bu zamon talabi. Zamonga qarab sohalarga qiziqish ham oʻzgarib bormoqda.

Aksar doʻstlarimning ota-onasi oʻgʻlining orzu-havasini koʻrish deganda unga dabdabali toʻy qilib berishni tushunadi. Men orzu-havas deganda zamonaviy bilimlarni egallab, oʻz shaxsiy biznesim, qoʻlimda mablagʻim boʻlishini, dunyo koʻrishni tushunaman. Jadid bobomiz ham oʻgʻil toʻyiga sarf etadigan “aqchalar”ni ilm yoʻliga sarf eting, oʻgʻlingizga ilm va tarbiya meros qolsin, deydilar.  Chunki, menimcha ota-onaning orzusi ham ilmli va tarbiyali farzand boʻlishi kerak, faqatgina savlat toʻkib oʻtirgan kuyov, tillaga burkangan kelin emas.  

Behbudiy ilk teatrni tashkil qilgan, bepul kutubxona, ziyo maskanlari... Shularni oʻqib, oʻylab qoldim. Meni bugun ketayotgan, borayotgan manzilim qayer? Universitetda oʻqiyapman, nimalardir oʻrganyapman, ijtimoiy tarmoqlarda faolman... Lekin qay biri meni haqiqiy inson darajasiga olib chiqadi? Shu haqida fikrlay boshladim...

Behbudiy nazaricha, maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmaydi, zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq kerak. Binobarin, jadid bobomiz millat ahvoli uchun bir oyna kerak, unda oʻz qabohati-yu malohatini koʻra olsin, deya qaygʻurgan va “Padarkush” sahnalarda qoʻyila boshlagan. “Padarkush” fojiasi hozir ham dolzarb. Men oʻylaymanki, bugun ham kitob ushlamagan qoʻllar ota-onasini qaysidir maʼnoda pichoqsiz “soʻyadigan” ishlar qilmoqda.

“Millatni kemiruvchi illatlar” maqolasi juda yoqdi. Behbudiy toʻy va azani shunday illat qatoriga qoʻshgan. Oradan 100 yil oʻtsa ham bu fikrlarning birontasi eskirmagan. Oʻylaymanki, bu kitobchani oʻqib chiqqach, yoshlar “Behbudiy” bilan juda yaxshi  til topishishlari, fikrdoshga aylanishlari mumkin. Masalan, endi meni koʻp masalalarda “chat”lasha oladigan doʻstim bor.

Shahlo Yoʻldoshboyeva:

– Moʻjazgina bu kitob qoʻlimga tushganidan juda xursandman. Jadidlar hayotiga qiziqaman, shu sabab kitobni tilla topgandek quvonch bilan oʻqidim. 

Ibratning ota-onasi Junaydullaxoʻja va Huribibi davrining oʻqimishli kishilaridan boʻlgan. Uning onasi Huribibi maktabdor boʻlib, faqat yodlatish bilan cheklanmay, qizlarga yozishni, husnixatni ham oʻrgatgan. Ibratning oʻzi ham birinchi ustozi onasi ekanligini koʻp bora taʼkidlagan. 

Men ingliz tilini yaxshi bilaman, til boʻyicha bilimlarimni yana koʻtarish uchun doim harakat qilaman, oʻqiyman. Hozir IELTS imtihonlariga tayyorlanmoqdaman. Buning uchun barcha sharoitlarim bor. Lekin Ibratning hayot yoʻlini oʻqib chiqib, agar Ibrat hozir tirik boʻlganda, bunaqa imtihonlarga tayyorlashda dunyoda yetakchi boʻlardi, deb oʻylab qoldim. Chunki oʻz davrida koʻp adabiyot va lugʻatlar yetishmasligini koʻrgan Isʼhoqxon Ibrat bu talabni qondirishga harakat qilgan. Masalan, uning “Lugʻati sittati alsina” lugʻatini yaratib, ikki jildda taqdim yetgani millat oldida katta xizmatlaridan biridir.. Lugʻat olti tillik, oʻzbekcha soʻzlar arab, fors, turk, hind va rus tillaridagi tarjimasini oʻzida jamlagan. 

Jadidlar hayotini oʻrganishni oʻz vazifam deb bilaman. Yaqin kunlarda bu masala boʻyicha ham bir qator mavzularni olib chiqmoqchiman. Har bir oʻzbek, albatta jadidlar haqida bilishi, oʻrganishi shart. Davr oʻzgaraveradi, millat taraqqiy etishi uchun esa, albatta,  har bir avlod jadid boʻlishi kerak.

Robiya Abdugʻofurova:

– Bir xalqning yuksalishi, taraqqiy etishi uchun unga yetakchi(lar) kerak. Rivojlanish yoʻlida xalqqa yoʻl koʻrsatadigan, zulmatda nur boʻladigan oydinlarga doim ehtiyoj sezilgan. Jadidlarning shiorini bilasizmi? Ularning shiori “Jasorat. Maʼrifat. Fidoiylik” edi. Xalq maʼrifatini yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy ongini oʻstirish, qaramlikdan chiqib mustaqillikka erishish kabi bir qator ishlarni oʻzlariga maqsad qilib olishgan edi. Ana shunday oydinlardan biri Munnavar qori Abdurashidxonovdir.

Munavvar qorining menga eng koʻp taʼsir qilgan hikoyasi bu “Qanday qullik tushdi”dir. Unda muallif xalqlar qanday qilib qaram boʻlib qolishgani, oʻz erkinini qanday qoʻldan boy bergani obrazli tarzda oddiy usul bilan yoritib berilgan. Bu uni oʻquvchiga tushunishiga qiyinchilik tugʻdirmaydi, eng asosiysi esa mohiyatni anglashiga sabab boʻladi. Maʼrifatparvar bobomiz yana shunday deydi:

Yoving kimdir, bilasanmi?

Nodonlikdir, yalqovlikdir,

Yovga qarshi kurashmaslik –

Qoʻrqoqlikdir, anqovlikdir!

Hozir yoshlarda baʼzan yalqovlik, dangasalik ustunlik qilib, maqsadlariga, orzulariga yetishida toʻsiq boʻladi. Bobomiz bu illatni yoʻq qilish uchun kurashmaslikni — qoʻrqoqlik, demoqda. Munavvar Qori Abdurashidxonovning “Xitobnomasi” biz yoshlar uchun yaxshi ustoz vazifasini oʻtashiga ishonaman.

Nodirbek Erkinov:

– Abdulla Avloniyning “Soʻylasang soʻyla yaxshi soʻzlardin” nomi ostidagi kitobni oʻqib chiqdim. Avloniy faoliyati bilan taʼlim jarayonida tanishgan edik. Lekin bu safar maʼrifatparvar bobomizning maqolalari, fikrlaridagi iqtiboslarni katta hayojon bilan oʻqidim. Har soʻzda, nasihatda oʻzim va tengdoshlarim koʻz oldimda gavdalandi.

Hozir ijtimoiy tarmoqda, doʻstlar davrasida, baʼzan hazil, baʼzan chin deb oʻylamay koʻp gaplarni aytib yuboramiz. Internet olami-ku, hozir “soʻzlar qabristoniga” aylanib boʻlgan. U yerda ona tilimizdagi chiroyli soʻzlarni buzib yozish hayratlanarli boʻlmay qolgan. Bobomiz:

“Soʻylasang soʻyla yaxshi soʻzlardan,

Yoʻqsa jim turmoqing erur yaxshi”,

deb xitob qiladi.

Avloniy jism, fikr va axloq tarbiyasi haqida gapirar ekan, ular oʻzaro bir-biri bilan bogʻliqligini anglab yetdim. Masalan, jismini nopok narsalardan (ichish, chekish va b.) saqlamagan insonning fikri ham tiniq, mazmunli boʻlishi qiyin. Ruh, fikri pok inson bilan axloq haqida gaplashish oʻrinli. 

Tan olish kerak, biz hammasi tez boʻlishini istaymiz, nasihat baʼzan yoqmaydi. Lekin men quyidagi satrlarni oʻqib, ancha xushyor tortdim:

Nasihat boʻlsa xoli gar gʻarazdan

Ach(ch)ig‘ doru kabi saqlar marazdan.

Haqiqatan ham, oʻrinli, foydali nasihat odamga toʻgʻri yoʻl topishga, ortiqcha vaqt sarflash, zararlardan saqlanishga koʻmak berar ekan. Men bu kitobchani qayta-qayta oʻqib chiqmoqchiman. Chunki kitob orqali Avloniy bobomiz bizga demoqchi boʻlganlarini hali yaxshilab anglab olishimiz, magʻzini chaqishimiz lozim ekan.

Nasibaxon Ahrorxoʻjayeva:

– Fitratning “Najot yoʻli” kitobini oʻqib chiqdim. Eng katta olgan taassurotim – Fitratning yoshlarni ilm olishga, yurt qaygʻusi bilan yashashga, harakatdan toʻxtamaslikka chorlashi boʻldi. 

Tengdoshlarimiz orasida ijtimoiy tarmoqlardan turli motivatorlarni eshitish hozir “moda”. Lekin biz uchun 100 yil oldin yashagan Fitratning gʻoyalari, sheʼrlari juda katta motivatsiya vazifasini bajara olar ekan. Qarang, Fitrat “Oʻgut” sheʼrida shunday demoqda:

Turma – yugur, tinma — tirish, bukilma — yuksal, 

Hurkma — kirish, qoʻrqma – yopish, yoʻrilma — qoʻzgʻal.

Bugun koʻp yoshlar kattalarni oldiga borib maqsadim, orzularim, fikrimni aytsam, ular baribir tushunmaydi, degan hadik bilan yashaydi. Fitrat esa “qoʻrqma – yopish”, demoqda. Yaʼni, maqsad uchun shubhalanib, qoʻrqib, ikkilanib turmasdan dadil qadam tashlashga undamoqda. Yana shunday satrlari bor:

Yel yoʻlini toʻsib turgan eski bulutlarni

Yondirib qoʻy, yirtib tashla, barchasin yoʻq et.

Toʻgʻrisi, shu kitobchadagi har bir soʻz men uchun bugun ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab seminarlar qilayotgan, onlayn kurslarini qimmatga pullayotgan “motivator”lardan ming karra ustun taʼsir kuchiga ega boʻldi.

U “Ogʻir yigit, sening goʻzal, nurli koʻzingda, Bu millatning saodatin, baxtin oʻqudim”, deydi. Baʼzan bunday soʻzlarni  “patriot”likmi deb, kulguga olishga odatlangan edik. Lekin oʻylab qarasak, chet elga ketamizmi, boshqa elda oʻqiymizmi – farqi yoʻq, baribir ota-onamiz tomon talpinamiz. Qayerda boʻlmaylik “Millating nima?”, “Kimlardansan?” deb soʻrashadi. Shunday ekan, bu millat, bu vatan egasi sifatida bugun har bir harakatimizni maqsadga, maqsadlarimizni amalga aylantirishimiz lozim. Bunda bizga jadid bobolarimiz bosib oʻtgan yoʻl katta maktab vazifasini oʻtaydi.

Sitora BARLIBOYEVA yozib oldi.