“Pricewaterhouse Coopers” (PwC) xalqaro audit kompaniyasi tadqiqotiga koʻra, 2030-yilda sunʼiy intellekt texnologiyalarining global yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 15,7 trln dollarga yetishi mumkin. Jahon iqtisodiyotida SI ulushining bunday ortib borishi rivojlanayotgan mamlakatlarda sohani tizimli tatbiq etish, aholining bilim va koʻnikmalarini oshirish kabi masalalarni kun tartibiga qoʻymoqda. Yurtimizda ham SI siyosatini institutsional amalga oshirish, texnologiyaning aholi turli qatlami, ayniqsa yoshlarga toʻsiqsiz yetib borishini taʼminlash borasida muhim qadam tashlanayapti. Hozirgi raqamli transformatsiya zamonida yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, gʻoyaviy tarbiyasi faqat taʼlim tizimining ishi emas, balki davlatning axborot xavfsizligi, kadrlar tayyorlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim vazifasi sifatida koʻrilmoqda.

Oʻzbekistonda taʼlim tizimini isloh qilishda, yoshlarning cheksiz bilimlar manbaiga yoʻl topishida, ilm-fanning zamonaviy yutuqlari bilan hamnafas boʻlishida SI qoʻl kelishi shubhasiz. U shaxsga yoʻnaltirilgan individual taʼlim qamrovini kengaytirishda ham asqotadi. Masalan, UNICEF bilan hamkorlikda yurtimizda oʻqituvchilarning raqamli savodxonligi va koʻnikmalarini mustahkamlash boʻyicha turli sinov loyihalari amalga oshirib kelinmoqda.

Shu kunlarda bolalarga SIni oʻrgatishni maktab yoshidanoq boshlash tashabbusi ilgari surilayapti. 2025-yil sentyabr oyida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarining yuqori sinflariga SI boʻyicha darslar kiritilishi taʼkidlangan edi. Boshlangʻich sinflarda axborot texnologiyalari darsi oʻqitilishi hisobga olinsa, bitiruvchilar SIdan foydalanish uchun zarur texnologik qurilmalarni yetarlicha oʻzlashtirgan boʻladi. Shu tariqa maktab oʻquvchilari SI tadriji bilan hamohang ravishda oʻsib borish imkoniyatiga ega. Bu global texnologik poygada eng muhim potensial – yoshlar bilan munosib qatnashishga imkon berib, milliy manfaatlarimizga toʻliq javob beradi.

SI individual bilim olish, masofaviy oʻqish imkoniyatini kengaytirish va kelajakda oʻquvchiga oʻz yoʻlini topishga yordam beradi. Oʻquvchining qiziqishi, moyilligi va koʻnikmalari tahlil qilinib, shunga mos yoʻnalish va kasblar haqida maʼlumotlarni taqdim etish imkoniyati yaratiladi. Bu maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyada muhim ahamiyatga ega.

SIning yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga salbiy taʼsiri ham talaygina. Oʻquvchilar topshiriqlarni turli chatbotlardan (“ChatGPT”, “Grok”, “Gemini” kabilar) osongina yuklab olishi mumkin. Sunʼiy idrokning ommalashuvi mediasavodxonlikni muhim kompetensiyaga aylantirib yubordi. Endi maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya faqat “qadriyatlarni singdirish” emas, axborotni tekshirish, manipulyativ kontentni ajratish, shaxsiy “raqamli intizom”ni shakllantirish, SIning sunʼiyligidan ogohlikni ham oʻz ichiga oladi. Siyosiy fanlar doktori Sh.Paxrutdinovning fikricha, mediasaboqlar fanlar orasida “yashiringan” holda emas, mustaqil, tizimli oʻtilishi maqsadga muvofiq. Bu yoʻnalishda uzluksiz taʼlim tamoyilini qoʻllash dolzarb ahamiyatga ega. Boshlangʻich sinflarda mediasavodxonlik asoslari berilib, oʻquvchilarga axborotni tanqidiy baholash, ishonchli manbalarni aniqlash, axborot xavfsizligining dastlabki qoidalari oʻrgatilishi darkor. Oʻrta sinflarda mediasavodxonlik bilimdonlik darajasiga koʻtarilib, oʻquvchilar turli mediakanallar bilan ishlash, axborotni tahlil qilish, raqamli kontent yaratish koʻnikmalarini oʻzlashtirishlari kerak[1].

SI aks taʼsirining galdagisi – yoshlar neyrotarmoq algoritmlari taʼsirida faqat oʻz qarashlariga mos keluvchi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan “aks-sado xonalari”ga qamalib qolishi mumkin[2]. Bunda elektron qurilmalarga joylashgan algoritmlar foydalanuvchi soʻrovlari, qidiruviga asoslanib maʼlum bir qolip, filtr asosida maʼlumot taqdim etishni boshlaydi. Oqibatda SI algoritmlari menyuga nimani kiritsa, yoshlar oʻshani isteʼmol qilishga majbur boʻladi. Obyektiv haqiqatni koʻrishni istamaydi va real hayotdan uzoqlashib boradi.

Yoshlar va SI munosabatlarida imkoniyat bilan birga tengsizlik, axloqiy meʼyorlarning buzilishi xavfi ham bor. Texnologiyadan foydalana olishdagi tafovut ijtimoiy adolatsizlikka olib kelishi, SIdan axloqiy hisob-kitobsiz foydalanish qaytarib boʻlmas oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli SIni taʼlim-tarbiya jarayoniga kiritishda faqat texnologiya emas, balki ijtimoiy adolat va axloq mezonlariga koʻra ham ish tutish maqsadga muvofiq. Oʻzbekistonda SIni rivojlantirishda global texnologik yangiliklarni koʻr-koʻrona koʻchirmasdan milliy-madaniy kontekstdan, maʼnaviy-axloqiy mezonlardan kelib chiqish oʻrinli. Masalan, mahalliy SI chatboti loyihasi – “Bonu AGI” bunga yaqqol misol. Mazkur chatbot foydalanuvchining soʻrovlariga milliy madaniy xususiyatlarimizdan kelib chiqqan holda javob beradi. Bu tizimga Oʻzbekiston aholisining qanday muloqot qilishi, fikr yuritishi va savollarni qay yoʻsinda shakllantirishni yaxshiroq aks ettirish imkonini beradi. Albatta, bu hali boshlanishi. Endi shu turdagi oʻzbekona SI dasturlari sonini koʻpaytirish, borlarini esa uzluksiz mukammallashtirib borish muhim.

Qisqasi, Oʻzbekistonda SIni joriy etishda yoshlar taʼlim-tarbiyasini hisobga olib quyidagi tavsiyalar asosida ish koʻrilgani maʼqul deb hisoblaymiz.

Oʻqituvchi – asosiy shaxs. SI – yordamchi. Taʼlim jarayonida SIning keng qoʻllanishi oʻqituvchilarning oʻrnini egallab olish xavfini kuchaytiradi. Endi sunʼiy idrokni taʼlimda cheklashga ancha kech. Aksincha, SI bilan murosa qilib, unga oʻqituvchining yordamchisi ekani, insoniyatga xizmat qilishini taʼminlash zarur. Qanchalik aqlli va mukammal boʻlmasin, hayot-mamot masalasi boʻlgan taʼlim va tarbiyani hissiz algoritmlarga toʻligʻicha topshirib boʻlmaydi.

Mediamaʼrifat – zamon talabi. Sunʼiy tafakkur bilan bogʻliq xatarlar ortib borayotgan davrda mediasavodxonlik xavflarni kamaytirishi mumkin. Tarbiya jarayonida, oʻquv dasturlarida faktcheking darslari, manipulyatsiyani aniqlash, “axborot gigiyenasi”, “sunʼiy idrok qulligidan qochish” kabi amaliyotlar muhim. Bunda mediasavodxonlik turli fanlarda oz-ozdan oʻqitish shaklida emas, boshlangʻich sinflardan boshlab uzluksiz boʻlishi lozim.

Akademik halollik chegaralari belgilanishi kerak. SIning keng tarqalishi fonida plagiat va neyrotarmoqlar orqali matn yaratish amaliyoti kuchayib boradi. Shu bois taʼlimda uning “ruxsat etilgan sunʼiy ong yordami” (masalan, reja, tahrir, bibliografiya tuzish kabilar) va “taqiqlangan yordam” (matnni toʻliq yozdirib topshirish) kabi chegaralari aniq belgilanishi shart. Mazkur masala bugun dunyo ilm-fanining asosiy bahs mavzularidan biriga aylangan. “Intellektual vazifalarni neyrotarmoqqa yuklab qoʻyish” oʻquvchining aqliy salohiyatiga ham, akademik obroʻsiga ham birdek ziyon yetkazadi.

Axborot va maxfiylik – muhim masala. Yoshlarning SI bilan yaqinlashuvi tartibli amalga oshirilishi lozim. Sunʼiy ong asosida ishlovchi oʻyinchoqlar, raqamli qurilmalar va ilovalar orqali shaxsiy maʼlumotlarning yigʻilishi maxfiylikka tahdid soladi. Shu sababli tarbiyaviy platformalarda shaxsiy maʼlumotlar toʻplab borilishini kamaytirish, rozilik berishda ehtiyotkorlik, shaffoflik va xavfsizlik shartlariga amal qilgan maʼqul.

Qadriyatlarga yoʻnaltirilgan kontent tavsiyasi. SI asosida ishlovchi tavsiya algoritmlari kontentni “eng koʻp koʻrilgan”, “eng koʻp layk yiqqan” emas, maʼnaviy-maʼrifiy maqsadlarga xizmat qiluvchi (kitobxonlik, ilmni targʻib qiluvchi, tarixiy xotira, fuqarolik masʼuliyatini kuchaytiruvchi va boshqalar) kontentga ustuvorlikni berishi lozim.

Xullas, olim Richard Sasskind taʼkidlaganiday, SI haqida bir vaqtning oʻzida ham optimistik, ham pessimistik fikrda boʻlish mumkin. U qoʻsh tigʻli qilichga qiyoslanishi bejiz emas. Menimcha, eng maqbul yoʻl – oltin oʻrtaliqni, yaʼni muvozanatli pozitsiyani topmoq, asosiy tahdidlarni chetlab oʻtgan holda SIni insoniyat koriga xizmat ettirish haqida oqilona mushohada yuritmoqdir.

Avazbek SHERMATOV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti mustaqil tadqiqotchisi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026 yil 1-son.

“Sunʼiy intellekt chegarasi” maqolasi



[1] Shukritdin Paxrutdinov. Ustunlikka erishish omili. “Jadid” gazetasining 2026-yil 1-yanvar soni, № 1 (105), 5-bet.

[2] Gaurav Goswami. AI Echo Chambers: How Algorithms Shape Reality, Influence Democracy, and Fuel Misinformation. TechRxiv. February 26, 2025. https://doi.org/10.36227/techrxiv.174059950.03385147/v1.