Endi noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni sifatida nishonlanishi mumkin. Qonunchilik palatasi majlisida buni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasi bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish kiritish nazarda tutilgan.

Amaldagi qonundagi “Tibbiyot xodimlari” degan soʻzlar “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari” degan soʻzlar bilan almashtiriladi. Shu tariqa, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadigan kasb bayrami farmatsevtika sohasi xodimlarini ham qamrab olishi nazarda tutilmoqda.

Majlisda qayd etilishicha, soʻnggi yillarda mamlakatda farmatsevtika sohasi jadal rivojlanmoqda. Hozirda Oʻzbekistonda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, mamlakatda 504 ta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona mavjud.

Mazkur oʻzgartirish “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarda qoʻllaniladigan tushunchalar bilan uygʻunlikni taʼminlaydi.

Qonunning qabul qilinishi farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.