Nodirbek Abdusattorov Javohir Sindarovning isteʼdodi, uning muvaffaqiyatlari va bu natijalar oʻziga qanday taʼsir qilgani haqida soʻzlab berdi.

“Biz uning salohiyatini yaxshi bilamiz. Javohir nihoyatda isteʼdodli, hatto mendan ham isteʼdodliroq. 2021–2022-yillargacha u shaxmatga unchalik koʻp vaqt ajratmasdi, boshqa ishlar bilan ham shugʻullanardi”, dedi u.

Abdusattorov hamyurtini hatto shaxmat tarixidagi eng isteʼdodli besh nafar shaxmatchining bittasi ekanini aytib, yuqori baho berdi.

“Menimcha, u shaxmat tarixidagi eng isteʼdodli besh shaxmatchidan biri. Kasparov va boshqa buyuk shaxmatchilar qatorida. Isteʼdod jihatidan ulardan aslo qolishmaydi. Shunchaki, u uzoq vaqt oʻz salohiyatini toʻliq namoyon eta olmadi va biroz soyada qolib ketdi”, dedi Abdusattorov.

Nodirbek, shuningdek, Sindarovning muvaffaqiyatlari unga ham katta turtki berganini taʼkidladi.

“2022-yilda men birinchi boʻlib 2700 reyting marrasidan oʻtdim. 2025-yilgacha reyting boʻyicha kuchli shaxmatchilar qatorida edim. Lekin Nomzodlar turniriga chiqa olmadim. Avvaliga yoshligim, keyinchalik tajribam yetishmagani bunga toʻsqinlik qildi.

Koʻp yillar davomida men Javohirdan bir qadam oldinda edim. Endi esa u mendan oʻzib ketdi va bu marraga birinchi boʻlib erishdi.

Uning ketma-ket gʻalabalari menga ikkinchi nafas berdi. Javohir buning uddasidan chiqish mumkinligini koʻrsatdi, yoʻl ochib berdi va oʻzimga boʻlgan ishonchimni oshirdi.

Endi u oldinda, men esa uning ortidan ketyapman”, dedi Nodirbek Abdusattorov.