Ayni paytda Shavkat Mirziyoyev yoqilgʻi-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari oʻtgan yillarda energetika loyihalarini tayyorlash va investorlar bilan ishlash boʻyicha katta tajriba toʻplanganini qayd etdi. Endi hamkorlikning yangi bosqichiga oʻtiladi: har bir investitsiya yangi quvvat yaratish bilan birga taʼminot ishonchliligini oshirishi va yoʻqotishlarni kamaytirishi kerak.
2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratish maqsad qilingan. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmi 129 mlrd kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetadi.
Taʼkidlanishicha, energiya saqlash loyihalari uchun qonunchilikda yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha 10 yillik imtiyozlar belgilangan. Ularni qoʻllashdagi turlicha talqinlarga barham berish uchun imtiyozlar akkumulyator yoki quyosh paneli joylashgan maydon bilan birga zarur podstansiya, boshqaruv binosi va yordamchi infratuzilmaga ham tegishli ekani Soliq kodeksida aniq koʻrsatiladi.
Taqsimlash tarmoqlarida xususiy sektor ishtiroki ham kengaytiriladi. Samarqandda boshlangan yondashuvni Jizzax va Toshkent viloyatlarida davom ettirish rejalashtirilgan. Maqsad – elektr yoʻqotishlarini kamaytirish va isteʼmolchilarga xizmat sifatini yaxshilash.
“Eng arzon energiya – tejalgan energiya”, dedi Prezident. Ijtimoiy soha obyektlari va suv xoʻjaligidagi nasos stansiyalarini energiya tejamkor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishga xususiy sarmoya jalb etiladi. Investorlar tejalgan energiya va karbon kreditlar hisobidan daromad olishi mumkin boʻladi.