Xonliklar boshqaruvi davrida Qoʻqon eng oxirgi (1709-yilda) tuzilgan va chorRossiyasi tomonidan eng birinchi bosib olingan xonlik (1876-yilda) boʻlsa-da, aslida hududi, siyosiy va harbiy salohiyati, qoʻshin tuzilishi boʻyicha boshqalaridan ajralib turgan.

Qoʻqon xonligi asoschisi Shohruxbiy davridan boshlab xonlik chegaralarini kengaytirishda avvalo qoʻshin kuchiga tayanilgan. Qoʻshin soni 20 ming kishiga yetgan Abdurahimbiy davri (1725-yil)da Xoʻjand qalʼasi qoʻlga kiritiladi. Olimxon davrida (1798–1810-yillar) togʻli tojiklar va boshqa millat vakillaridan iborat muntazam qoʻshin tuzilgan. Olimxon 1805-yilda oʻqotar qurollar bilan qurollangan 10 ming kishilik qoʻshinga ega boʻlgan. Bu qoʻshin keyinchalik xonlik qoʻshinining zarbdor kuchiga aylandi. “Mukammal tarixi Fargʻona” asarida “...Olimxon har yerdan bahodir yigitlarni toʻplab, muborizlar boʻlsa topdirib kelib, ularga inʼom-u ehsonlar qilib oʻz xizmatiga oldi, gala bahodir nomi bilan lashkar jam ayladi. U qoʻshinini ikki toifaga boʻlgan edi. Biri tojikiya, ikkinchisi sartiya. Jamoati tojikiya va shugʻnoniy va badaxshoniy va koʻhistoniylar qattiq jonbozlik koʻrsatar edilar. Chunki xon bularga koʻp inʼom-u ehson qilar edi...” maʼlumoti keltiriladi va bu xonlikning muntazam armiyaga egaligidan dalolat beradi.

Madalixon hukmronligi davrida ham harbiy sohada qator ishlar amalga oshirilgan. Buxoro-Qoʻqon urushi xonlik qoʻshiniga oʻz taʼsirini koʻrsatgan boʻlsa-da, Sheralixon davrida harbiy qudratni qaytadan tiklashga erishildi. U yordamchi harbiy boʻlinmalar sonini koʻpaytirdi. Undan keyingi Xudoyorxon davrida Istambuldan miltiq sotib olish va toʻplar sonini koʻpaytirish ishlari amalga oshirildi. Natijada qoʻshindagi askarlar soni koʻpaydi – Xudoyorxon boshqa millat vakillarini ham jalb qilgan. Shu yillarda toʻpchilar boʻlinmasi ilk marotaba rasman tashkil topgan. Bu qoʻshin asosan chegara punktlaridagi qalʼalarda saqlangan.

Xonlik qoʻshini tarkibida piyoda askarlar boʻlinmasi mavjud boʻlsa-da, asosiy qismini otliq askarlar tashkil etgan. Harbiy safarbarlik vaqtida harbiy xizmatga yaroqli barcha erkaklar jalb qilingan. Har bir hududdan qanchadan askar safarbar qilinishi Xonlik boshqaruv hukumati tomonidan belgilab qoʻyilgan. Qoʻshin tarkibiga doimiy xizmatga olish tartibi shu qoida asosida amalga oshirilsa-da, ayrim vaziyatlarda merosiy tarzda, otadan oʻgʻilga oʻtganligini koʻrish mumkin. Yaʼni, sarboz jang vaqtida halok boʻlsa, qurol-yarogʻi va oʻrni uning oʻgʻliga, agar oʻgʻli boʻlmasa, yaqin qarindoshlariga berilgan. Qoʻqon xonligida eng yuqori harbiy mansab mingboshi lavozimi Olimxon davrida joriy qilingan boʻlib, xondan keyingi asosiy shaxs hisoblangan. Oliy bosh qoʻmondon vazifasini bajargan mingboshi harbiy yurishlarda “amirilashkar” unvonini ham olgan. Viloyatlardagi harbiy kuchlarga esa qushbegi bosh boʻlgan (tarixiy manbalarda ularning soni 4 ta boʻlgan deyiladi).

Qoʻqon xonligidagi harbiy mansablar 3 toifaga boʻlingan:

Ø    Oliy darajadagi mansablarga: mingboshi, amirilashkar, qushbegi, botirboshi, vali (noib), qalʼabon, qoʻrboshi, yovar, toʻpchiboshi, toʻqsoba, ponsodboshi;

Ø    Oʻrta darajali harbiy mansablarga: yuzboshi, ellikboshi, dahboshi, qorovulbegi;

Ø    Quyi darajadagi harbiy mansablarga: askar, sarboz, navkar, mergan, mahram, botur, jazoilchi, toʻpchi, qoʻrchi va qorovullar kirgan.

Qoʻshin safida nogʻorachi, surnaychi, tugʻchi (bayroqdor) kabilar ham xizmat qilgan. Ellikboshidan mingboshigacha boʻlgan harbiy lavozimdagi amaldorlar xizmatlariga mulozim olgan. Ponsadboshidan yuqori mansabdagi harbiylarga yana mirzolar va munshiylar ham xizmat qilgan. Muhim harbiy mansablardan yana biri “yovar” boʻlib, u xon va uning oilasi xavfsizligini taʼminlovchi soqchilar va xon gvardiyasi boshligʻi hisoblangan. Chet ellik elchilar xavfsizligini taʼminlash ham ularning vazifasiga kirgan. Shu sababli “yovar” mansabiga eng ishonchli odamlar tayinlangan. Ularning aksariyati bolaligidan tarbiya qilingan. Xudoyorxon davrida mazkur gvardiya harbiylarining soni 400 tani tashkil etgani haqida maʼlumotlar bor.

Xonlikdagi harbiy lavozimlar va ularning vazifalari:

Ø    Amirlashkar – amir ul-umarodan keyingi mansab. Qoʻqon xonligida mingboshi harbiy unvonining vazifalari, darajasi amirlashkarlikka teng boʻlgan;

Ø    Mingboshi – maʼmur sifatida ming nafar otliq askar beradigan mulkning hokimi. Mingboshi harbiy yurishlar vaqtida qoʻshinni boshqarib, lashkarboshi unvonini olgan;

Ø    Botirboshi – botir bahodirlar boshligʻi. Besh yuz kishidan koʻp lashkarga boshchilik qilgan. Viloyatlarda botirboshi harbiy va qoʻshin ishlariga masʼul edi;

Ø    Qushbegi – harbiy qoʻshinning boshligʻi. Bu mansab yurish va jang vaqtlarida berilib, uning egasi mingboshi unvonini olishga daʼvogarlik qilgan hamda alohida viloyatga ham hokim boʻlishi mumkin edi;

Ø    Voli (voliy) – tobe etilgan viloyat va tumanlarda xonning oʻrinbosari. Viloyatlarda lashkar unga itoat etgan hamda u viloyatning harbiy-maʼmuriy ishlariga boshchilik qilgan;

Ø    Qalʼabon (kutvol) – Qoʻqon xonligining chegeralarida joylashgan qalʼa va istehkomlarining hokimi boʻlib, shu hududlarning harbiy-maʼmuriy, xiroj va boj olish ishlariga javobgar boʻlgan. Qalʼabon vazifasiga dodxohdan qushbegigacha boʻlgan shaxslar tayinlangan;

Ø    Qoʻrboshi – qoʻrxona, yaʼni aslahaxona boshligʻi, xon va mingboshiga itoat etgan. Qoʻrboshi qoʻrxona, miltiqxona, toʻpxonalarga boshchilik qilib, xomashyo topib kelishdan tortib to tayyor mahsulot ishlab chiqarish va ularni xon qaroriga binoan tarqatib berish jarayonigacha javobgar boʻlgan;

Ø    Toʻpchiboshi – toʻpchilar, zambarakchilar guruhi boshligʻi;

Ø    Toʻqsabo – oʻzlarining tugʻiga ega boʻlgan harbiy guruhning boshligʻi;

Ø    Ponsadboshi – besh yuz nafar askardan iborat guruh rahbari;

Ø    Yuzboshi – yuz kishilik harbiy dasta boshligʻi;

Ø    Panjohboshi – ellikboshi, ellik nafarli harbiy guruh boshligʻi;

Ø    Dahboshi – oʻn kishilik harbiy guruh boshligʻi;

Ø    Qorovulbegi – soqchilar va qorovullar boshligʻi;

Qoʻshindagi muhim boʻlinmalardan yana biri merganlar boʻlinmasi boʻlib, ular tanlov asosida saralab olingan. Harbiylarni tayyorlash uchun maxsus oʻquv yurtlari boʻlmaganligi sababli ayrim hollarda harbiy mansablar merosiy boʻlgan. Biroq, oʻgʻil harbiy xizmatni albatta quyi mansabdan boshlagan.

Xonlikdagi lashkarlar taʼminoti davlat tomonidan taʼminlangan. Tarixiy asarlarda yozilishicha xon xizmatiga kirayotgan har bir kishi ot, ot abzali bilan taʼminlangan. Safarga chiqish oldidan yuzboshi 2 tilla, ellikboshi 1,5 tilla, askarlar 1 tilladan pul olgan. Harbiy xizmatdagilarga yil davomida davlat pul yoki natura tarzida mahsulot berib turgan. Jumladan, yuzboshi 175 soʻm, ellikboshi 98 soʻm, oʻnboshi 68 soʻm, oddiy askarlar 43 soʻm kumush tanga olgan. 1851-yilda Qoʻqon yuzboshilari 80 pud bugʻdoy, 240 pud joʻxori, kiyim-kechaklar, 2 ta qoʻy, choy va 1 tilla-yu 4 tanga maosh olgani manbaalarda keltirilgan.

Zavqibek MAHMUDOV,

Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti