XIV asr oxiri va XV asr boshlarida Yevrosiyo geosiyosiy xaritasi tubdan oʻzgardi. Sharqda Amir Temur qudratli markazlashgan imperiyani barpo etgan boʻlsa, Gʻarbda Usmoniylar davlati Yevropa ichkarisiga shiddatli yurishlar boshladi. Bu jarayon xalqaro munosabatlarning yangi tizimini yuzaga keltirdi. Sohibqironning Yevropa qirolliklari, xususan, Fransiya va Angliya bilan olib borgan maxfiy diplomatiyasi jahon diplomatiyasi tarixining eng yorqin, ammo yetarlicha ochilmagan sahifalaridan biridir.
Inqirozli davr va Yevropaning Sharqdan najot izlashi
Usmoniylar xavfi va Vizantiya inqirozi. Sulton Boyazid Yildirim Bolqonni boʻysundirib, 1396-yilgi Nikopol jangida Vengriya, Avstriya va Fransiya ritsarlaridan iborat salibchilar qoʻshinini tor-mor etdi. Vizantiya poytaxti Konstantinopol qattiq qamalga olindi.
“Yuz yillik urush” iskanjasida qolgan Fransiya va Angliya Vizantiyaga amaliy harbiy yordam bera olmas edi. Natijada, Yevropa saroylari Eron va Iroqni egallab, Usmoniylar chegarasiga yaqinlashib kelayotgan Amir Temur siymosida yagona qutqaruvchi kuchni koʻra boshladi.
Amir Temurning “Yetti yillik yurish” (1399–1404) doirasidagi harakatlari, jumladan Bagʻdod va Damashqning egallanishi Sulton Boyazidning Suriya va Misrga boʻlgan rejalarini yoʻqqa chiqardi. Fransiya qiroli Karl VI va Angliya qiroli Genrix IV Sohibqironga Usmoniylarni orqadan zarba bilan toʻxtatib qoladigan yagona strategik hamkor sifatida qaradilar.
Katolik cherkovi vositachiligi va maxfiy elchilik
Amir Temur xalqaro munosabatlarda “dushmanimning dushmani” tamoyiliga tayanib, Yaqin Sharq hamda Oʻrta yer dengizi havzasidagi katolik cherkovi va arxiyepiskoplari vositachiligidan unumli foydalandi.
Gʻarbiy Yevropadan kelgan katolik missioneri, Sultoniya arxiyepiskopi Ioann (Ioannes de Galonifontibus) Temuriylar saltanotidagi xristian diniga boʻlgan bagʻrikenglikni oʻz koʻzi bilan koʻrdi va ikki tomonlama aloqalarda bosh vositachiga aylandi.
Anqara jangidan bir necha oy oldin, 1402-yil boshida Amir Temur arxiyepiskop Ioann boshchiligidagi maxfiy elchilikni Parijga yoʻlladi. Maqsad – Fransiya qiroli Karl VI bilan ittifoq tuzish va uning harbiy-dengiz flotidan Oʻrta yer dengizida Usmoniylarga qarshi foydalanish edi.
Parij Milliy arxividagi nodir maktub va savdo hamkorligi
Parij Milliy arxivida saqlanayotgan Amir Temurning Karl VI ga yoʻllagan maktubi oʻsha davr xalqaro diplomatik tili boʻlgan fors-tojik tilida, nafis suls xatida, maxsus tayyorlangan ipak qogʻozga bitilgan. Sohibqiron unda oʻz yurishlari shaxsiy adovat emas, balki mintaqada xavfsizlik, xalqaro karvon yoʻllari erkinligi va adolatni tiklash maqsadida qilinayotganini bayon etgan.
Maktubda oʻrta asrlar iqtisodiy munosabatlarida ikki tomonlama eng koʻp qulaylik yaratish tamoyilining ilk namunasi ilgari surilgan:
“Siz oʻz savdogarlaringizni bizning oʻlkalarga yuboring, biz ularni xavfsizlik bilan taʼminlaymiz va ularga har tomonlama qulayliklar yaratamiz. Bizning savdogarlar ham Sizning oʻlkalaringizga borganda, ularga ham shunday munosabatda boʻlinsin”.
Tarixiy natija
Fransiya qirollik saroyi va oliy ritsarlari Nikopol jangidagi ogʻir magʻlubiyat alamini unutmagan holda, bu xabarni mislsiz quvonch bilan qabul qiladilar. Fransiya qiroli Karl VI oʻzining aqliy zaiflik xurujlaridan xoli boʻlgan qisqa xotirjamlik davrida, 1403-yil 15-iyunda Amir Temurning maktubiga rasmiy javob imzolaydi va Sohibqironni “Eng ulugʻvor, eng qudratli va eng gʻolib imperator” deb ataydi.
Amir Temur va Fransiya – savdo kafolatlari va huquqiy kelishuvlar
Fransiya qiroli Karl VI oʻz javob xatida Amir Temurning xristian savdogarlari va ziyoratchilariga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligidan cheksiz minnatdor ekanini bildiradi. Fransiya tomoni Sohibqiron taklif etgan savdo shartnomasini toʻliq maʼqullab, oʻz portlari (xususan, Marsel va kema qurish markazlari) Temuriy savdogarlar uchun doimo ochiq boʻlishini huquqiy jihatdan kafolatlaydi. Karl VI oʻz navbatida yirik sarmoyadorlar va savdogarlarni Samarqand, Sultoniya va Buxoro bozorlariga yuborishga tayyorligini maʼlum qiladi. Garchi uzoq masofa toʻgʻridan-toʻgʻri doimiy savdo aylanmasini biroz qiyinlashtirgan boʻlsa-da, bu xat ikki buyuk madaniyat oʻrtasidagi siyosiy va iqtisodiy ittifoqning rasmiy huquqiy hujjati sifatida tarixda qoldi.
XIV asr oxiridagi Angliya inqirozi va Sharqdan najot izlash
1399-yilda Richard II taxtdan agʻdarilib, hokimiyat tepasiga Genrix IV keladi. Yangi qirol oʻz legitimligini mustahkamlashi hamda “Yuz yillik urush” sharoitida Angliyaning xalqaro iqtisodiy mavqeyini tiklashi zarur edi.
Angliya iqtisodiyoti jun va mato eksportiga tayangan boʻlib, ingliz savdogarlari Yaqin Sharq bozorlariga intilardilar. Biroq Konstantinopolni qamal qilgan Sulton Boyazid Yildirim Gʻarbning Sharq bilan anʼanaviy savdo yoʻllarini toʻsib qoʻygan va ingliz kemalariga tazyiq oʻtkazayotgan edi.
Genrix IV Sharqda Usmoniylarni jilovlay oladigan yagona kuch Amir Temur ekanini anglaydi. London saroyi uchun bu ittifoq xristian dunyosini qutqarish bilan birga, ingliz tujjorlari uchun Buyuk Ipak yoʻlining eng boy shaharlariga xavfsiz savdo yoʻlagi ochish imkonini berardi.
London Davlat arxividagi yozishmalar
Amir Temur va Genrix IV oʻrtasidagi yozishmalar 1402-1403-yillarga toʻgʻri kelib, ularning asl nusxalari bugungi kunda London Davlat arxivida saqlanadi. Anqara jangidan bir necha oy avval yuborilgan ilk maktubida Sohibqiron Genrix IV ni taxtga chiqqani bilan tabriklab, oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni taklif etgan.
Amir Temur oʻz xatida xalqaro savdoning global xavfsizligini taʼminlash, har ikki davlat hududida chet ellik savdogarlarni qaroqchilik va zoʻravonliklardan huquqiy himoya qilish lozimligini alohida taʼkidlagan.
Genrix IV ning javob maktubi
1403-yil fevral oyida Genrix IV yoʻllagan javob maktubida Amir Temurning takliflari toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi:
“Biz ingliz savdogarlariga Sizning ulugʻvor saltanatingizga borish va u yerda erkin tijorat yuritishni buyuramiz. Oʻz navbatida, Sizning oʻlkalaringizdan keladigan barcha tujjorlar bizning qirollik portlarimizda eng yuqori darajadagi xavfsizlik va bojxona imtiyozlari bilan taʼminlanadi”.
Mazkur huquqiy kafolatlar uzoq masofadagi ikki qudratli davlat oʻrtasida oʻzaro ishonchga asoslangan mustahkam iqtisodiy-huquqiy poydevorni shakllantiradi.
Mironshoh Mirzo roli va Anqara jangining geosiyosiy ahamiyati
Temuriylarning Gʻarb mamlakatlari bilan olib borgan maxfiy diplomatiyasida Samarqanddagi markaziy hukumatdan tashqari, saltanatning gʻarbiy hududlari – Ozarboyjon, Iroq va Gʻarbiy Eronni boshqargan uchinchi oʻgʻil Mironshoh Mirzo ham faol ishtirok etdi. Sultoniya shahrini qarorgoh qilgan Mironshoh Mirzo Yevropadan kelgan elchilar va katolik missionerlarini birinchi boʻlib qabul qilib, ularni markazga yoʻnaltiruvchi muhim strategik vazifani bajargan.
Mironshoh Mirzo Rim papasi Bonifatsiy IX va Angliya qiroli Genrix IV bilan shaxsan yozishmalar olib borib, oʻzi boshqargan hududlardagi xristian monastirlari va savdo faktoriyalarining (jumladan, Genuya va Venetsiya nuqtalarining) daxlsizligini kafolatladi. Yevropa hujjatlarida u “Sultoniya va butun Fors oʻlkasining buyuk hukmdori” deb ehtirom qilingan.
1402-yilgi Anqara jangi va uning natijalari
1402-yil 28-iyulda yuz bergan Anqara jangi ikki yirik islom imperiyasining kurashidan tashqari, butun Yevrosiyoning geosiyosiy taqdirini belgilab berdi. Sulton Boyazid Yildirim Konstantinopol qamalini toʻxtatib, Sharqdan kelayotgan kuchga qarshi chiqishga majbur boʻldi.
Amir Temurning yuksak harbiy strategiyasi va intizomi evaziga Usmoniylar qoʻshini tor-mor etilib, Sulton Boyazid asirga olinadi. Bu gʻalaba Gʻarb dunyosini dahshatga solgan Usmoniylar imperiyasini uzoq muddatga zaiflashtiradi va farzandlari oʻrtasida taxt nizolarini keltirib chiqaradi.
Konstantinopolni muqarrar halokatdan saqlab qolgan Amir Temur Yevropa saroylarida “Xristian dunyosining xaloskori” sifatida eʼtirof etiladi. Parijdagi Notrdam soborida va London cherkovlarida Sohibqiron sharafiga maxsus minnatdorlik ibodatlari oʻtkaziladi.
Karl VI va Genrix IV Amir Temurga oʻzlarining minnatdorlikka toʻla maktublarini yoʻllab, savdo aloqalarini kengaytirish va doimiy elchilik munosabatlarini oʻrnatish istagini bildiradi.
Klavixo elchiligi va Samarqand sayohati
Anqara jangidan keyingi eng yirik diplomatik qadam Kastiliya va Leon qiroli Enriko III tomonidan yuborilgan Ruy Gonsales de Klavixo boshchiligidagi rasmiy elchilik missiyasi edi. 1403–1406-yillardagi mazkur safar davomida Klavixo Amir Temur tomonidan shaxsan qabul qilinadi. Uning “Samarqandga – Temur saroyiga sayohat kundaligi” asarida Temuriylar davlatining ichki hayoti, Samarqandning goʻzalligi va Yevropa elchilariga koʻrsatilgan yuksak ehtirom bayon etilgan.
Xulosa
XIV asr oxiri va XV asr boshlarida Amir Temurning Gʻarbiy Yevropa qirolliklari bilan olib borgan maxfiy diplomatiyasi jahon tarixidagi eng strategik qadamlardan biri boʻlgan. Sohibqironning Karl VI va Genrix IV bilan yozishmalari faqat harbiy-siyosiy hamkorlikni emas, balki savdogarlar xavfsizligini huquqiy kafolatlash va savdo yoʻlaklarini himoya qilish kabi ilk zamonaviy xalqaro tamoyillarga poydevor qoʻydi. Amir Temur va Yevropa qirollari oʻrtasidagi bu tarixiy tajriba bugungi kunda ham Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari bilan oʻzaro ishonch, iqtisodiy hamkorlik va teng huquqlilik prinsiplariga asoslangan aloqalarini rivojlantirishda muhim maʼnaviy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Sarvinoz MUSURMONOVA,
Iqtisodiyot va pedagogika universiteti tadqiqotchisi