Ona tilimizda “yashamoq” soʻzining maʼnodoshlari koʻp. Chunonchi, “hayot kechirmoq”, “tirikchilik qilmoq”, “turmush kechirmoq”, “roʻzgʻor tebratmoq”, “kun koʻrmoq”, “istiqomat qilmoq” kabi soʻz birikmalari shu yoki shunga yaqin maʼnoni ifoda etadi. Lekin inson yashayotgan sharoit, uni oʻrab turgan ijtimoiy muhit yoki vaziyatga qarab, ushbu soʻz va iboralar oʻzgacha semantik urgʻuga, yaʼni maʼno qatlamlariga ham ega boʻlishi mumkin. Masalan, bundan 8–10 yil oldin oʻzimiz yashayotgan mahalla yoki qishlogʻimiz aholisi bilan kundalik hayot tashvishlari haqida suhbatlashsak, “Ha, endi amal-taqal qilib kun koʻrib yuribmiz-da, ilojimiz qancha”, deguvchilar koʻp boʻlardi. Oʻzbekona andisha pardasi bilan haqiqiy holat biroz yumshatib aytilgan bu soʻzlar zamirida turmushning nochorligi, yetishmovchilik va muammolar har qadamda uchrab turishi bilan bogʻliq dard-u hasrat mujassam edi.

Bugungi kunda-chi?

Endi ana shu odamlarning aksariyati “E, mana, insondek yashay boshladik, boʻlar ekan-ku, bechoraning ham yelkasiga oftob tegarkan-ku!” degan fikrni minnatdor boʻlib aytmoqda. Chindan ham oʻtgan gʻoyat qisqa davrda oddiy yurtdoshlarimiz hayotida keskin ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Ilgari yoʻlimizdagi hech qanday kuch bilan tebratib, qoʻporib boʻlmaydigandek tuyulgan qoyadek zil va ogʻir gʻovlar ulkan jasorat bilan dast koʻtarilib, uzoq-uzoqlarga uloqtirib tashlandi. Mamlakatimizda bundan yetti yil oldin boshlangan oʻzgarishlar shamoli xalqimiz hayoti va taraqqiyotiga xalaqit berib turgan barcha toʻsiqlarni yoʻlimizdan supurib tashlamoqda. Islohotlar har bir inson, oila va mahalla hayotiga jadal kirib bormoqda.

Holbuki, ilgari ham Konstitutsiyamiz, qonunlarimiz bor edi. Ularda har bir yurtdoshimizning fuqarolik huquqlari belgilab qoʻyilgan. Ana shu huquqlarni amalda taʼminlashi shart boʻlgan davlat va hokimiyat organlari ham mavjud edi. Lekin, afsuski, odamlarning oddiy fuqarolik huquqlari taʼminlanmasdi. Chunki xalqning tiynatidagi yangilikka intilish va tashabbus tuygʻusini ezib, majaqlab, odamlarni ogʻzini ochishga ham qoʻrqadigan qilib qoʻygan edik. Koʻpchiligimiz “Ha, endi mustaqil davlat qurish shunday boʻlar ekan-da”, deb bunday adolatsizliklarga koʻnikib ketgandik.

Nimasini aytasiz, olis shahar yoki qishloqdan poytaxtga kelgan oʻzbek farzandi oʻz yurtida erkin yurolmas, har qadamda “pasport nazorati” degan taʼqibga uchrar edi. Minglab odamlar yurtimizda tugʻilib va yashab, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlolmay armonda dunyodan oʻtib ketgani ham ayni haqiqat. Toshkent shahrida “propiska”dan oʻtish, uy-joy yoki mol-mulk sotib olishdan koʻra biror-bir xorijiy mamlakatga borib, odamdek yashash osonroq edi. Shuning uchun oʻz qadrini bilgan qancha mardum lash-lushini yigʻishtirib, muhojirlikni afzal bilgani ham hech kimga sir emas.

Davlat oʻz fuqarolariga ishonmas, tadbirkorlik va boshqa qonuniy faoliyatlar uchun imkoniyat yaratib berish u yoqda tursin, hatto qonuniy ishlab topgan pulini bankda chet el valyutasiga almashtirib olishiga yoʻl bermas edi.

Toshkent shahriga kirib kelishdagi nazorat postlarini ayting!

Bolalar bogʻchasi va uy-joy sohasidagi muammolarni ayting!

Bechora ota-onalarning oʻgʻil-qizlarini toʻqqizinchi sinfdan soʻng qaysi litsey va kollejga bersam ekan deb, dardini kimga aytishni bilmasdan, bosh changallab, izillab yurganlarini ayting!

Ishsizlik, xorijga mehnat migranti sifatida borish yoʻlidagi toʻsiqlar, davlat xizmati koʻrsatishdagi sansolarliklar, oliy oʻquv yurtiga kirishdagi har yili to yanvar oyiga qadar choʻziladigan boshi-keti yoʻq mashmashalar!..

E, qaysi birini aytasiz! Sanayversangiz, adogʻi koʻrinmaydi bu yaqin tarixning...

Qisqasi, har qadamda adolatsizlik, har eshikda inson shaʼnini kamsitib, yerga uradigan muhit hukmron edi.

Nahotki, shuncha muammolar bir necha yilga qolmasdan hal boʻlib ketgan boʻlsa!

Nahotki, yillar davomida haqiqat izlab ovora boʻlgan odamlarning koʻksiga shamol tegib, orzu-armonlari ushalayotgan boʻlsa!

Toʻgʻrisi, odam dafʼatan ishongisi kelmaydi. Boʻlayotgan islohot va yangiliklar bamisoli tushda kechayotgandek. Lekin bularning barchasi haqiqat, bugungi kunimizning real voqeligi, tush emas, aziz vatandosh, xotirjam boʻling!

Yaratganning oʻzi xalqimiz boshiga baxt qushini qoʻndirdi. Yillar davomida chigallashib ketgan qancha-qancha ogʻir muammolar hech qanday ijtimoiy larzalarsiz, janjal-toʻpolonlarsiz qisqa muddatda shu qadar muvaffaqiyatli hal etilgani chindan ham Allohning bizga koʻrsatgan cheksiz marhamati emasmi? Esingizdadir, yaqin-yaqingacha yuragimizda agar chuqur islohotlarni boshlasak, odamlarga demokratiya va erkinlik bersak, jamiyatda talatoʻp boshlanib ketmasmikan, degan qoʻrquv va hadik bor edi. Qoʻrquv esa yangilik va islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq. Xato qilishdan qoʻrqqan odam hech qachon oldinga qarab borolmaydi, biron-bir natijaga ham erisholmaydi. Xalqimiz juda topib aytganidek, “Toqqa chiqmasang, doʻlona qayda, jon chekmasang, jonona qayda?”

Keyingi yillardagi ulkan islohotlarimiz tajribasi bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: el-yurt bilan muloqot va maslahat qilib, har bir ish chuqur oʻylab, odamlar manfaatini koʻzlab amalga oshirilsa, demokratik islohotlar janjal va talatoʻplarga emas, aksincha, tinch hayotimizni, jamiyatdagi oʻzaro hurmat va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilar ekan. Ezgu maqsadlar bilan dadil oldinga borganni xalq ham, Yaratgan ham qoʻllab-quvvatlab, mardligi va jasoratiga yarasha yutuq va natijalar ato etar ekan. Biz bugun yangi Oʻzbekiston va Prezidentimiz misolida yurtimizda amalga oshirilayotgan olamshumul oʻzgarishlar hamda ularning hayotbaxsh samarasi asosida bu fikrga toʻla ishonch hosil qilib turibmiz.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar gʻoyat serqirra va keng koʻlamli boʻlib, ular haqida batafsil fikr yuritish, tub mohiyatini ochib berish uchun albatta oʻta zalvarli ilmiy kuzatish va tadqiqotlar olib borish lozim boʻladi. Lekin ularning asosiy maqsad va yoʻnalishlari bugungi kunda oddiy odamlarga ham maʼlum. Bular – inson va uning qadrini yuksak darajaga koʻtarish, barcha sohalarda milliy manfaatlarimizni taʼminlash, shu asosda millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir inson erkin va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekistonni barpo etishdan iborat.

Bunday olijanob maqsadlarga erishish mexanizmlari ham koʻpchilikka ayon: demokratiya va erkinlik siyosatini, dunyoga ochiqlik yoʻlini izchil davom ettirish, barcha sohalar rivojida ilm, ilm va yana bir bor ilm, yangilik va innovatsiyalarga tayanish, taʼlim sifatini oshirish, islohotlarni mahalla darajasiga tushirib, xalqqa yanada yaqinlashtirish va hokazo.

Biz keyingi yillarda turli sohalarda erishgan yutuq va natijalarimizni faqat statistik tahlil asosida qayd etishga oʻrganib qolganmiz. Aslida, har bir raqam ortida inson va uning hayoti, xalqning turmush darajasi mujassam ekaniga koʻp ham eʼtibor bermaymiz. Keling, baʼzi koʻrsatkichlarni aynan shu nuqtai nazardan yana bir bor tahlil chigʻirigʻidan oʻtkazib koʻraylik.

Agar 2016-yilda bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foiz boʻlgan boʻlsa, hozirgi vaqtda bu raqam 72 foizga yetdi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bogʻchaga qatnagan bola bilan bogʻchaga qatnamagan bola oʻrtasida, ularning jismoniy va aqliy rivojlanishi oʻrtasida katta farq bor. Xuddi shunday, ularning ota-onalari oʻrtasida ham hayotga, farzandlar tarbiyasiga qarashda, istiqbolini belgilashda sezilarli farq boʻladi. Chunki bogʻcha ilmiy asosda, aniq metodika boʻyicha tarbiya beradigan, bolaning jamiyatga, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga tayyor holda – ongli fuqaro va kerakli mutaxassis sifatida integratsiya boʻlishini taʼminlaydigan taʼlim-tarbiya tizimining boshlangʻich va eng muhim boʻgʻini. Bu tarbiya maktab tizimida yanada rivojlantiriladi va oliy taʼlim tizimida takomillashtirilib, mantiqiy yakuniga yetkaziladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimi tarmoqlari keskin kengaygani va ulardagi qamrov bir necha barobar ortgani tufayli yuqorida zikr etilgan farq bolalar oʻrtasida ham, ota-onalar oʻrtasida ham tobora kamayib boradi. Binobarin, jamiyatga, ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar jarayoniga integratsiya boʻladiganlar soni koʻpayadi, xalqning umumiy maqsadlar atrofidagi birligi, jipsligi kuchayadi.

Mana koʻryapsizmi, birgina maktabgacha taʼlim tizimidagi islohotlarning ijtimoiy ahamiyati qanchalik beqiyos. “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan shior asosida yurtimizda maktab taʼlimi ham tubdan yangilanmoqda. Ushbu tizimda qisqa muddatda qoʻshimcha ravishda 700 ming oʻquvchi oʻrni yaratilgani, butunlay yangi namunadagi 200 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab faoliyati yoʻlga qoʻyilgani farzandlarimiz uchun oʻquvchilik yillaridan boshlab taʼlim-tarbiya olishda oʻziga xos tanlash imkoniyatlari yaratib berilayotganidan dalolatdir. Bunday rang-baranglik, bir nechta variantlar mavjudligi sohada sogʻlom raqobat boʻlishi, taʼlim sifatining oshishida muhim ahamiyatga ega.

Yoshlarimiz kamolotida alohida oʻrin tutadigan oliy taʼlim tizimidagi holatni ham kechagi kun bilan mutlaqo solishtirib boʻlmaydi. Oʻrtadagi farq osmon bilan yercha desak, toʻgʻri boʻladi. Soʻnggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan bugun 38 foizga yetdi. Oliygohlar soni esa 77 tadan 210 taga, nodavlat institut va universitetlar esa 65 taga yetdi.

Ayniqsa, oliy taʼlim olish boʻyicha qizlarga alohida sharoitlar yaratib berilayotgani xalqimiz orzularining yana bir roʻyobidir. Chunki qizning bilimli va maʼrifatli boʻlishi u unib-oʻsgan, ertaga kelin boʻlib boradigan oilaning baxti. Bu – butun jamiyatning baxti. Nega deganda, ilm-maʼrifatli ona oʻz farzandlarini, albatta, jismoniy va maʼnaviy barkamol qilib, zamon talablari asosida tarbiyalaydi, roʻzgʻorini pok, fayzli va barakali saqlaydi, hayotda boʻlib turadigan qiyinchiliklar paytida ham umidsizlikka tushmasdan, har qanday masalaning huquqiy, moddiy va maʼnaviy yechimini topa oladi. Moliyaviy tomondan ham, maʼnaviy-ruhiy jihatdan ham mustaqil boʻlib, ayollik shaʼni va gʻururini asrab yashaydi.

Yana bir tomoni shundaki, qizlarning bilim va kasb-hunarlarni, chet tillarni oʻrganishiga bunday keng yoʻl ochayotganimiz biz barpo etayotgan jamiyatning maʼrifiy darajasi ortib borayotganini koʻrsatadi. Shuning oʻzi Uchinchi Renessans poydevoriga qoʻyilgan eng muhim va mustahkam gʻisht desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugungi kunda “obod mahalla”, “obod qishloq”, “mahallabay”, “xonadonbay”, “kambagʻallikni qisqartirish”, “mahalladagi yettilik” kabi tushunchalar xalqimizning qalbi va ongiga chuqur singib, yangi davr qadriyatlariga aylanib bormoqda. Yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasi, uning gʻoyaviy asoslari ana shunday qadriyatlarga tayanadi. Hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida keyingi yillarda erishgan yutuqlarni mustahkamlab, keng koʻlamli islohotlarimizni yangi bosqichga koʻtarish – zamon talabi. Shu bois, mamlakatimizda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib, uning doirasida ulkan amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Strategiyada 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 4 ming dollarga yetkazishdek yuksak marralar belgilandi. Albatta, turli tahdid va xatarlar, global muammolar ortib borayotgan hozirgi gʻoyat murakkab davrda oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishish oson boʻlmaydi. Buning uchun har bir yurtdoshimiz Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz kelajagi yoʻlida oʻz burchi va masʼuliyatini yanada chuqur anglab, zamon talablarini tushunib, avvalgidan bir necha hissa koʻp va samarali mehnat qilishi lozim.

Eng muhimi, bugungi tarixiy burilish pallasida milliy birlikni, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz”, degan soʻzlarida ham chuqur hikmat, ham barchamizga qaratilgan oʻtli daʼvat, murojaat mujassamdir. Demak, xalqimizning baxti, kelajagi va farovonligi, Vatanimiz mustaqilligi, uning dunyo maydonida mustahkam qoʻrgʻondek turishi va shon-shuhrati, avvalo, bizning birligimiz, hamjihatligimizga bogʻliq.

Birlik – bu eng katta imkoniyat, boylik va yutuq. Chunki aynan birlik tufayli tarqoq kuchlar, fikrlar, resurslar yagona maqsad sari safarbar etiladi. Aynan birlik tufayli kichik imkoniyatlar katta imkoniyatga, kichik natijalar katta natijalarga aylanadi. Aynan birlik tufayli har birimizning ishimiz va faoliyatimizdagi ayrim xato va kamchiliklar barham topadi. Xatoni tuzatish bu – behuda sarflanayotgan kuch va imkoniyatni foydali ishga yoʻnaltirib, hayotbaxsh resursga aylantirish, degani.

Albatta, hayotimizda hali kamchilik va muammolar koʻp. Eng tashvishli jihati – bugungi erkin va obod hayotni, uning bagʻridagi ulkan imkoniyatni hamma ham birdek qadrlayotgani yoʻq. Oramizda noshukurchilik qilib, boqimandalik kayfiyatiga berilgan, faqat davlatning qoʻliga qarab “Oy chiqsa ham, kun chiqsa ham menga boʻlsin”, deb oʻzining tor shaxsiy manfaati bilan yashaydiganlar ham, afsuski, kam emas. Milliy birlik va jipslikning buyuk qudrati shundaki, u ana shunday insof-u diyonat manzilidan uzoqlashgan odamlarni ham tarbiyalab, sogʻlom safga qaytaradi.

Soʻzimiz boshida alohida taʼkidlangan insondek munosib yashash masalasiga qaytaylik. Biz keyingi yillar davomida ana shunday hayotga oʻrgandik.

Endi tashvish va muammolarimizni davlat idoralarida kunlab, oylab navbatda turib, ming azobda bitirishdek achinarli holatlar yoʻq.

Endi maktab oʻquvchilari va talabalarni oʻqishdan qoldirib, paxta dalalariga majburan haydash yoʻq.

Endi tadbirkorlik yoʻlida, pok orzu-niyatlar yoʻlida ming xil hiyla-nayranglar yoʻq.

Bu yilning oʻzida mamlakatimizda yuzlab yangi uylar qurilmoqda. Demak, yurtdoshlarimiz uchun Vatanda “vatansizlik” muammosi yoʻq va endi hech qachon boʻlmaydi ham.

Umuman, qaysi jabhani olmang, dunyoda ozod va erkin yashayotgan mutaraqqiy xalqlarga xos hayot tarzi, talab va mezonlari bizning turmushimizga ham kirib kelayotganini koʻramiz. Barchamizning koʻksimizni togʻdek koʻtaradigan, gʻururimizga gʻurur qoʻshadigan ana shunday umidbaxsh jarayonlar bardavom boʻlishi, yanada kuchayib borishini, albatta, har birimiz istaymiz. Demak, hech qachon ortga qaytmasdan, shu yoʻldan qatʼiy olgʻa borishga barchamiz tayyormiz.

Shunday ekan, aziz vatandosh, keling, jonajon yurtimiz ravnaqi, buyuk maqsadlar ijrosi yoʻlida qoʻlni qoʻlga berib, birlashaylik! Birlashgan xalq va jamiyat oʻzining bunyodkorlik qudrati bilan qanday ulug‘ ishlarga qodir ekanini amalda yaqqol namoyon etib, har birimiz kelajak avlodlarga ezgu nom, ibratli hayot va maktab qoldiraylik.

Hech qachon unutmaylik: tog‘ jilgʻalaridek birlashsak, ulug‘ daryo, ulug‘ dengiz boʻlamiz!

Birlashsak, yutugʻimizga yutuq, imkoniyatimizga imkoniyat, qudratimizga qudrat qoʻshiladi!

Birlashsak, milliy irodamiz, kuch va salohiyatimizni toʻla namoyon etamiz!

Birlashsak, ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz!

Aziz vatandosh, keling, jonajon yurtimiz ravnaqi, buyuk maqsadlar ijrosi yoʻlida qoʻlni qoʻlga berib, birlashaylik! Birlashgan xalq va jamiyat oʻzining bunyodkorlik qudrati bilan qanday ulug‘ ishlarga qodir ekanini amalda yaqqol namoyon etib, har birimiz kelajak avlodlarga ezgu nom, ibratli hayot va maktab qoldiraylik.

“Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan shior asosida yurtimizda maktab taʼlimi ham tubdan yangilanmoqda. Ushbu tizimda qisqa muddatda qoʻshimcha ravishda 700 ming oʻquvchi oʻrni yaratilgani, butunlay yangi namunadagi 200 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab faoliyati yoʻlga qoʻyilgani farzandlarimiz uchun oʻquvchilik yillaridan boshlab taʼlim-tarbiya olishda oʻziga xos tanlash imkoniyatlari yaratib berilayotganidan dalolatdir.

Furqat JOʻRAQULOV,

Respublika Maʼnaviyat va

maʼrifat markazi

rahbarining

birinchi oʻrinbosari

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi,

2023 yil 12 oktabrm, 211-son.