Dunyo katta oʻrmon. Umumiy makonda umumiy va shaxsiy chegarani belgilab olish muhim. Chegara unutilgan joyda mavhumlik boshlanadi. Tafakkur esa aʼmol va qiyofamizni, maqsad va maslagimizni, ufqimizni ravshanlashtirib turadi. Ildizini his qilgan inson bugungi manzaralar oldida kelajak ogʻriqlarini tuyishi tayin. Oyina.uz muxbiri shoir Eshqobil Shukur bilan umumiy makondagi umumiy va shaxsiy burchlar haqida suhbat qurdi.
– Bozorga borgan odam puliga qarab narsa tanlaydi. Internet foydalanuvchisida bu qonuniyat oʻzgacharoq. Axborot ummoniga har qanday inson ham gʻarq boʻlishi mumkin. Bugungi manzara oldida koʻnglingizdan nimalar oʻtadi?
– Mirzo Bedilning “Koʻrinmagan suvga qoʻlingni yuvma” degan misrasi bor. Hozir aynan koʻrinmagan suvga qoʻl yuvish urf boʻldi. Shovqin-suron koʻp, sokin mulohaza yoʻq. Gap koʻp, fikr yoʻq. Holbuki, bir vagon gapdan koʻra bir chimdim fikr avlo. Shuning uchun oʻylab-netib oʻtirmay, duch kelgan narsaning izidan loʻkillab yugurib ketaverish, hovliqmalik, farosatsizlik avjga chiqyapti. Erkinlik boshqa, boshboshdoqlik boshqa, fikr boshqa, mahmadanagarchilik boshqa. Odamning dunyoga, umuman hamma narsaga munosabatini uning ichki madaniyati belgilab beradi. Aslan madaniyatli odam zulmatdan ham nur axtaradi, bundan mosuvolar esa har narsadan, jumladan, internetdan ham, illat, fisq-u fujur topadi.
XX asrda kino dunyoni zabt eta boshlaganida Gʻarb faylasuflaridan biri “Kino bizni koʻrishga oʻrgatdi, lekin qarashdan judo qildi”, degan edi (holbuki, oʻsha paytdagi filmlar hozirgidan koʻra ancha tuzuk boʻlgan). Darhaqiqat, koʻrish va qarash boshqa-boshqa tushuncha. Bir kunda ming-minglab narsalarni koʻramiz, lekin shundan bor-yoʻgʻi uch-toʻrttasiga qaraymiz. Qarashda dunyoqarash, fikr, ichki munosabat, hatto tuygʻu ishtirok etadi, koʻrishda esa unday emas. Dunyoning mashhur kinokompaniyalari Gabriel Garsia Markesga “Yuz yil yolgʻizlikda” romani asosida badiiy film ishlanishi uchun ruxsat maʼnosidagi bittagina “xoʻp” soʻzi uchun millionlab dollar vaʼda qilishganda adib, ehtimol, ayni koʻrish va qarash orasidagi tafovutni hisobga olib, “Yoʻq!” degandir.
Quyoshning chiqishi va botishini, dalalarni oppoq qor qoplaganini, osmonda porlagan yulduzlarni odam koʻrsa-yu, hech narsani his qilmasa, bu navbatdagi koʻrlikning bir turi emasmi? Avvalgi zamonda odamlarni qarashga emas, koʻrishga moslashtiradigan vosita bitta kino boʻlgan boʻlsa, bugun ularning hisobi yoʻq. Axborot ochkoʻzligi davrida qarash butunlay inqiroz girdobiga kirdi. Bugun qalbiy sezgi yemirilib boryapti.
Buning ustiga, internetda savodsizlik, ona tilimizga hurmatsizlik avjga minyapti. Baʼzi buyuklikka daʼvogarlarning otini toʻgʻri yozishi amri mahol. “Youtube”dagi bir soat-u qirq minutlik koʻrsatuvning sarlavhasiga qarang: “Internetni yogʻlatgan buxorolik qizaloq oila”. Shoʻrlik jumla, bechora til. Yogʻlash bilan yigʻlashning farqiga bormagan odam qanday qilib jurnalistlik yo blogerlik qila oladi? “Buxorolik qizaloq oila” deganini aytmaysizmi? Internet qanday yigʻlaydi axir? Afsuski, oʻzbek internet segmentida oʻzbek tiliga bu kabi hurmatsizliklar son mingta. Avval oʻqish-yozishni oʻrgan-da, keyin oʻrtaga chiq, ogʻayni, deydigan odam yoʻq.
“Nima boʻpti, shunga ota goʻri qozixonami, badxatlik bilan boʻlsa-da, aytadigan gapini amal-taqal qilib tushuntirsa boʻldi-da”, deguvchilar ham topiladi. Lekin bu hol minglab yoshlarning saviyasini, didini buzishi haqida oʻylashmaydi. Shu oʻrinda bir afsonani eslab oʻtish joiz. Urushda qahramon jangchi dushmandan yengiladi, bu magʻlubiyatga taqachi uning oti taqasiga bitta mixni kam urgani sabab boʻladi. Milliy tafakkurda ham baʼzan bitta kichik xato oʻsha urilmay qolgan mixday noxush oqibatga olib kelishi mumkin.
– Ilgari insonlarda andisha degan muhim parda boʻlgan. Boshqalarga imkon qadar shu parda ortidan koʻrinishga harakat qilingan. Atrofni kuzata turib, zamondoshlarimizning maʼnan yalangʻochlashib, maʼnan qashshoqlashib borayotganiga guvoh boʻlamiz. Sizga ham shunday tuyuladimi?
– Meni andisha tuygʻusi koʻp oʻylantiradi. Hozir bu tuygʻuning otini chappa qoʻyayotganlar bisyor. Biri “qoʻrqoq” desa, biri “nochor”, “ojiz” deydi. Ustidan kuladiganlar ham koʻp. Menga andisha eng mazlum tuygʻu boʻlib koʻrinadi. Uning gʻamgin holatini his etaman. Odamzot andishaga oʻz singlisiga qaraganday avaylab munosabat qilishi kerak. Yoʻqsa, koʻp narsadan judo boʻladi.
Munchalar maʼyussan singlim, Andisha,
Gʻamgin koʻzlaringda marjon-marjon yosh.
Lablaring pirpirab turar hamisha,
Ikki jahon aro bir joning talosh.
Shamoldagi shamday titrab turasan,
Maʼsuma koʻnglingda otashin ohlar.
Bilmam, qay mehrobga boshing urasan,
Ortingda taʼqiblar, oldingda chohlar.
Boshqa tuygʻular ham xatarda qolgan. Shuning uchun quruqlashish, soxtalashish, maʼnaviy yalangʻochlashish kuchayib boryapti. Qadimgi xitoyliklarning bir nasihati bor: “Ming yil soya boʻlib yurma-da, bir kun odam boʻl!” Insonni inson sifatida tutib turgan kuch tuygʻulardir. Chunki ular botinimizni xudo bilan bogʻlab turadi.
Men bu haqda, yaʼni tuygʻular halokati haqida sheʼr yozganman. Unda shunday satrlar bor:
Bu yoʻllar yastanar mangu koʻngilday,
Undan oʻtib borar qancha kuz, bahor.
Borar boshi egik aka-singilday,
Maʼyus qoʻl ushlashgan Nomus bilan Or.
Unda hodisalar toshib boradi,
Kimdir jonin bersa, kimdir olar jon.
Bu yoʻldan qaygadir shoshib boradi,
Bir gala it quvgan hokisor Vijdon.
Qadrdon tuygʻular Hayo va Iymon,
Oqibat, Qanoat, Diyonat, Gʻurur.
Bu koʻhna yoʻllardan borurlar qayon,
Har birin yuzida hovuch-hovuch nur.
Koʻrib qolganimda ularni har gal,
Otamni, onamni, bolam, singlimni,
Koʻrganday boʻlaman Abad va Azal
Yoʻllari ustida hayron koʻnglimni.
Baʼzan, yoʻq, baʼzan emas, koʻpincha samimiylik bilan mahmadanagarchilikning farqiga bormay qolyapmiz. Natijada kim koʻp laqqillasa, oʻshani hammadan aqlli deb oʻylayapmiz. Gʻavsul Aʼzam “Mening sukutimni anglamagan odam soʻzimni anglamaydi”, deb bekorga aytmagan.
– Davlatimiz rahbarining “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir”, degan eʼtirofi bor. Bugungi maʼnaviyatli inson deganda kimni tushunasiz, uning burchi nimalardan iborat?
– Men bu borada bobolarim va momolarimni eslayman. Bugun oʻylab qarasam, aslida ular haqiqiy maʼnaviyat targʻibotchilari boʻlishgan ekan. Qoyil qoladigan jihati shundaki, ular maʼnaviyat haqida koʻp gapirmay, bizga maʼnaviyatni singdirgan, Vatan haqida maʼruza qilmay, Vatan tuygʻusini singdirgan. Suvga, Yerga, Elga, oʻtmishga, hayotga qanday qarash kerakligini, uyat va andisha nima, nomus va or nima, bularni oʻzlarining amallari, xatti-harakatlari bilan asta-sekin qon-qonimizga singdirib borgan. Bu donishmandona usul. Bugungi maʼnaviyat targʻibotchisi maʼnaviyatni qizil va quruq, baqiroq soʻzga aylantirib qoʻyishdan saqlanishi kerak. Maʼnaviyat uning ichidagi dardi boʻlishi kerak. Dardki, bolasiga vasiyatday oʻtadigan dard. Dardki, hayotining maʼnosiga aylangan dard. Maʼnaviyat haqida gapirilayotganda uch xil holat koʻrinish beryapti: samimiylik, befarqlik, mahmadanagarchilik. Hamma gap xuddi shu samimiyatda.
Yana bir narsani aytib oʻtishni istardim. XXI asrga kelib, vatan haqidagi qarashlar ham globallashyapti, joʻnlashyapti. Daraxtlarning ildizlari oʻzlari bilan. Odamlarning ildizlari qabristonda. Ota-bobolari, qarindosh-urugʻlari yotgan joyda. Qishlogʻim qabristoniga ziyoratga borganimda oʻz ildizlarimni his etaman. Bu narsa Vatan tushunchasining muhim bir qismidir. Bugungi kunda urchib ketayotgan “Qayerda yashash yaxshi boʻlsa, maishat yaxshi boʻlsa, oʻsha yer Vataning” degan mulohaza haqida oʻylaganimda shu gaplar koʻnglimga keladi. Buni zamonaviy qarash deguvchilar ham bor. Yoʻq, bu zamonaviylik emas, xoinlik bu!
– “Bobosoʻz izidan” kitobingiz maʼnaviy bisotimizga katta meros boʻlib qoʻshildi. Tilimiz qaygʻusi boʻlganki, shu mavzuga qoʻl urgansiz. Mustaqillikka erishganimizga oʻttiz yildan oshdi, mamlakatimiz iqtisodiy jihatdan oʻnglanib oldi, lekin bu borada qashshoqlashib borishimizga nimalar sabab deb oʻylaysiz? Bugun ham ona tilimiz uchun koʻngildagidek gʻamxoʻrlik qilyapmizmi?
– “Bobosoʻz izidan”, bu – mening iztirobim. Ancha oldinroq tilimiz gʻariblashib ketayotganini sezganman. Xususan, yoshlar tili quruq va hissiz holga tushib, joʻnlashib qolgan. Na rang bor, na joziba? Ilgariyam aytganman, yana ming marta qaytarib aytishga tayyorman, bitta soʻz yo maqolning yaralishi uchun ming yillar kerak boʻlgan, uni yoʻqotish uchun esa hozir oʻn yil kifoya qiladi. Tanangizga bir oʻylab koʻring, bir necha ming yillar davomida yigʻilgan xazinalarni bir necha oʻn yilda boy berish... bu nima degani? Minglab qadimiy soʻz va iboralarni jimgina goʻrga tiqib ketaveramizmi? Ona tili uchun kurash bu – millat uchun kurash, Vatan uchun kurashdir. Ona tilining holati qanday boʻlsa, xalqning ham, Vatanning ham holi shunday boʻladi.
Gʻarb taʼsiri oʻzaro suhbatlarimizga ham shiddat bilan kirib keldi. Buni birgina misol bilan koʻrsatib oʻtishim mumkin. Masalan, chet el kinolarida, kitoblarida favqulodda holatda ham, boʻlar-boʻlmas vaqtda ham, hatto qoqilib ketganda ham “Jin ursin” iborasini qoʻllaydilar. Bizda esa bunday vaqtlarda odatda “Yo, Xudo!” deyishadi. Muhim farqimizni koʻrsatadigan holat bu! Ammo keyingi paytlari kundalik muomalamizda kino va seriallar taʼsirida “jin ursin” iborasi juda faollashib ketdi. Ajdodlarimiz baʼzi iboralarni irim qilib tilga olishmagan. Lekin shu irimda ham madaniyat va niyat boʻlganini payqash qiyin emas. Bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin.
– Adabiyot maydonida koʻpdan beri favqulodda holat oldidagi jimlik hukm surayotganday, ammo hech narsa “sodir” boʻlmayapti. Oʻquvchining didi oʻsib ketdimi yoki chinakam hayratlantiruvchi asarlar yaratilmayaptimi?
– Oʻqilmayapti. Yaxshi kitoblar yozilyapti, oʻqilmayapti. Oʻqilmagandan keyin durdona ham ochilmaydi. Bizning yoshligimizda bilmasvoylar ham oʻqirdi. Buning ustiga, internet didsizlikni kuchaytirib yubordi. Tilla bilan tezakning farqiga bormaydigan odamlar urchib ketyapti. Xohlagan odam xohlagan tuturiqsiz narsasini sheʼr deb, hikoya, roman deb eʼlon qilaveradi. Natijada saviyasiz chapakvozlar koʻpayadi va ular Abdulla Oripov bilan joʻqivoyning farqiga borolmaydi. Ikkisini bitta shohsupada deb bilish farosatning uyi kuygani emasmi? Katta adabiyotning paydo boʻlishi uchun katta oʻquvchilar ham kerak.
– Adabiyotga katta ovoz bilan kirib kelgan isteʼdodlar keyinchalik oy botgandek dunyoga singib ketyapti. Yoʻlning oxirigacha borishga ularga nima xalal beryapti yoki ustoz ijodkorlar bajargan qaysi shartlarni uddalolmayapti?
– Eng qiyini shu – yoʻlning oxirigacha borish. 1980-yillarda biz 50 dan ortiq ijodkor yoshlar hayqirib maydonga kirib kelganmiz. Bugun qarasang, 4-5 kishi qolibdi. Pushkin aytganiday: “Har xil yoʻllar bilan ketdik biz bu hayotda”. Umr boʻyi davom etadigan jarayon bu. Har kun ishga borib ishlab kelishday faqat aqlning oʻzi bilan bitadigan ish emas. Koʻngil va muhabbat bilan bogʻliq jarayon. Isteʼdodning joni – muhabbatdir!
– Barcha sanʼat turlari bitta ildizga – folklorga borib birlashadi. Xalq ogʻzaki ijodining bugungi qadri, oʻrni Sizni qoniqtiradimi? Folklorsiz hayot nimalardan mahrum boʻladi?
– Suv uch xil shaklda: suyuq, bug‘ va muz koʻrinishida namoyon boʻladi. Uch xil holatida ham goʻzaldir. Menimcha, bunga sabab suvning mohiyati goʻzalligidir. Hamma narsada mohiyat goʻzal boʻldimi, bas, har qanday tarzda goʻzal boʻladi. Rayhonning hatto oʻligi ham, chirigi ham xushboʻy, chunki u jannati deb yozganimda ayni shuni nazarda tutganman.
Xalq ogʻzaki ijodi ham shu suvga oʻxshaydi. Hamisha, har qanday holatda mohiyati goʻzal. Folklorsiz hayot ildizsiz daraxtday gap. Buni birgina alla misolida koʻrishimiz mumkin. Beshikda singdirilgan alla odamga tobutiga qadar ruhan hamrohlik qiladi.
– Atrofdagi muammo, ogʻriqlar ijodkorning qalbini uygʻotib turadi. Bugungi qalam ahlining aʼmoli nimalar boʻlishi kerak?
Hammaning koʻzi toshga aylanganda ham, shoirning koʻzida yosh turadi. Bu mening keyingi yillarda kelgan xulosalarimdan biri. Aslida ham shunday boʻlishi kerak. Siz aytayotgan aʼmollar oʻsha koʻzdagi yosh bilan, dard va iztirob, inson va dunyo muammolari bilan bogʻliq. Rumiy aytganiday: “Dard boʻlmasa, Iso tugʻilmas edi”. Suhbatimizni Bedil bilan boshladik, Bedil bilan tugataylik. Mirzo Bedil yozgan: “Bugʻdoydan soʻradim: Nega hamisha koʻzing yumuq? Bugʻdoy dedi: Ne qilayki, koʻzimni ochsam, qoshimda tegirmon koʻrinsa...” Bu hikmat meni mudom oʻylantiradi. Dunyoning oʻzi shu-da! Men ayni daqiqalarda yumuq koʻzlar va ularning qarshisida turgan buyuk tegirmonni tasavvur qilyapman.
Nargiza ODINAYEVA,
Oyina.uz