Istiqlol – avlodlardan avlodlarga asrab-avaylab yetkaziladigan buyuk qadriyatlar ichida eng moʻtabari, eng muhtarami. Yillar oʻtgani sari uning qadrini, oʻrnini yanada koʻproq his qilaveramiz. Yurtimizda bayram shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda ushbu ayyomning ahamiyati, turmushimizdagi aksi xususida turli fikrlar aytilmoqda. Oyina.uz ana shu mulohazalardan ayrimlarini bir joyga jamladi.

Shuhrat Latipov,

“Latipov” blogi asoschisi

Jamiyat ham kuchli boʻlishi muhim...

Hozir Daron Ajemoʻgʻli va Jeyms Robinsonning “Tor yoʻlak” kitobini oʻqiyapman. Ular erkinlikni jamiyat bir marta erishib, keyin undan shunchaki foydalanib yashayveradigan holat sifatida tasvirlamaydi.

Erkinlik juda tor yoʻlak ichida mavjud boʻladi – kuchli davlat va kuchli jamiyat bir-birini doimiy ravishda muvozanatda ushlab turgan joyda.

Zaif davlat xavfsizlikni, qonun ustuvorligini va barcha uchun teng qoidalarni taʼminlay olmaydi. Ammo jamiyatdan ancha kuchli boʻlib ketgan davlat asta-sekin uning erkinligini cheklay boshlaydi.

Kitobda qiziq bir metafora bor – “Qizil Qirolicha effekti”. Bu nom “Alisa sehrli oyna ortida” asaridan olingan: unda Qizil Qirolicha hech boʻlmasa oʻz joyingda qolish uchun ham bor kuching bilan yugurish kerakligini aytadi.

Shuning uchun mualliflar bu jarayonni cheksiz poygaga qiyoslaydi: davlat oʻz institutlarini kuchaytiradi – jamiyat ham yanada yetuk, uyushgan va talabchan boʻlib borishi kerak. Jamiyat kuchaysa, davlat ham samaraliroq va hisobdor boʻlishga majbur boʻladi.

Menimcha, mustaqillikka ham taxminan shunday qarash kerak. 1991-yil 31-avgustda Oʻzbekiston davlat mustaqilligini eʼlon qildi. Bu jamiyatga oʻz kelajagini mustaqil belgilash uchun katta imkoniyat berdi.

Mustaqillik va erkinlikka erishgandan keyin ham ular uchun har kuni kurashish, ularni kuchli institutlar, mustaqil sud, erkin matbuot va raqobatbardosh iqtisodiyot orqali mustahkamlab borish kerak. Noqulay savollarni berish huquqi va fuqarolarning davlat qarorlariga taʼsir koʻrsatish imkoniyati boʻlishi zarur.

Oʻzbekistonga kuchli davlat kerak. Davlatimiz tobora kuchayib bormoqda va hozircha bu poygada jamiyatdan ancha oldinda ketmoqda, istiqbolda esa haddan tashqari kuchayib, despotik tus olish xavfini yaratadi. Menimcha, endi jamiyat ham kuchliroq boʻlishi – davlatni cheklashga koʻproq qodir boʻlishi muhim. Bu davlatning oʻzi uchun ham foydali boʻladi, chunki unga xatolardan qochishga yordam beradi.

Mustaqillik bayrami muborak, Oʻzbekiston.

 Firuz Allayev,
Asaxiy.uz internet-doʻkoni asoschisi va rahbari

Kamchilikni tuzatishga urinish ham – vatanparvarlik

Bugun mustaqillik kuni. 35ga kirdik. Endi yosh Respublikamiz deb aytolmaymiz. 10 yilda yopiq, dunyodan uzilgan davlatdan oʻziga xos muammolariga ega, yaxshi va yomon tomonlari bor normal davlatga aylandik. Bu bilan sizni tabriklayman. Biz oʻz taqdirini qoʻlga olgan, oʻz muammolari bilan kurashayotgan, eskilarini yechib, yangilariga duch kelayotgan mamlakatmiz. Tugʻilish va tiriklik oliy neʼmat boʻlganidek, mustaqillik oliy neʼmat. Hammamizga haqiqiy bayram muborak. Yashasin Respublika! Yashasin Oʻzbekiston!

Mani anchadan beri koʻp oʻylantirgan boshqa bir narsa haqida mulohaza qilmoqchiman. Vatanparvarlik nima? Sovet ittifoqi taʼsiri boʻlsa kerak, vatanparvarlik vatanni sevish haqida baland gapirish ustida qurilgan. Urush zamonida urush iqtisodiyoti ustida qurilgan yovuz imperiyada vatanparvarlikni koʻrsatishning eng zoʻr yoʻli vatan uchun jon berish deb koʻrilgan. Undan yengilroq keysda biror borada olamshumul narsa qilib, hammani lol qoldirish bilingan. Islom Karimov davrida ham vaziyat unchalik oʻzgarmadi. Vatanni sevish haqida bong urishni boʻlsa yaxshilab eplashdi. Ayblamayman, zamon shunaqa boʻlgan.

Lekin, aslida vatanparvar boʻlish nima deyishsa, man bayroq koʻtarib baland gapirgandan koʻra, vatanni yaxshiroq boʻlishiga hissa qoʻshish deb bilaman. Vatanparvar odam davlatni, hukumatni yoki jamiyatdagi hamma narsani soʻzsiz maʼqullashi shart emas. Aksincha, kamchilikni koʻrib turib sukut qilish emas, uni tuzatishga urinishi ham vatanparvarlik. Vatanparvar inson shu mamlakatda nimanidir yaxshiroq boʻlishiga doimiy hissasini qoʻshadi.

Shundan kelib chiqsak:

– Oilaparvar, oilasi yaxshiroq yashashiga erishgan odam vatanparvar;

– Bir sohada haqiqiy mutaxassis boʻlib, oʻsha soha yaxshiroq boʻlishiga hissa qoʻshgan odam vatanparvar;

– Halol boʻlgan, shu vatandagi boshqa insonlarga yomonligi tegmagan, qonun doirasida yashagan odam vatanparvar;

– Bilim, biznes, ish oʻrni, madaniyat, asar yaratgan odam vatanparvar;

– Keyingi avlodga bugungidan kuchliroq jamiyat qolishiga hissa qoʻshgan odam vatanparvar;

– Mamlakatdagi yoki jamiyatdagi kichik boʻlsa-da muammoni olib chiqqan, vaziyatni yaxshilanishiga xizmat qilgan odam vatanparvar;

– Jamiyatdagi ijtimoiy hayot yaxshilanishiga, jamiyatda birdamlik rivojlanishiga hissa qoʻshgan odam vatanparvar.

Shu uchun haqiqiy vatanparvar boʻlish uchun oilangizni yaxshiroq qilishingiz, oʻz ishingizda yaxshiroq boʻlishingiz, jamiyatga va tabiatga foyda keltirishingiz yetarli. Shu sizni haqiqiy vatanparvar qiladi. Qichqirib, sheʼr oʻqib, koʻksiga urish emas. Hammamizga vatan rivojiga hissa qoʻshish, oʻzimizdan yaxshiroq vatan qoldirish nasib qilsin.

Bayram muborak, yurtdoshlar.

Yashasin Respublika! Yashasin Oʻzbekiston!

Behzod Hoshimov,

Viskonsin universiteti tadqiqotchisi, iqtisodchi

Erkinlikdan ne-ki afzal koʻrilsa, ikkisi ham yoʻqoladi

Bugun vatanimiz mustaqilligiga 35 yil boʻldi. Barchangizni shu ulug‘ ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!

Dunyodagi eng muqaddas narsalardan biri bu erkinlikdir, shuning uchun vatanimiz mustaqilligi va suvereniteti xalqimizga berilgan eng qimmatbaho neʼmat ekanligini hech unutmasligimiz kerak.

Bu bayramning qadrini bugungi kunda dunyoda sodir boʻlayotgan voqealarga qarab bilish mumkin.

Bugun biz oʻz mustaqilligimizni xursandchilikda nishonlayotgan bir paytda, dunyoda qanchadan qancha oʻz hurriyati uchun kurashib kelayotgan xalqlar bor. Gʻazo va Gʻarbiy qirgʻoqdagi Falastinliklar hozirgi kunda vatani yoʻq boʻlgani uchun qirgʻinbarot qilinmoqdalar. Ukrainadagi urush ham – tom maʼnoda Ukraina xalqining mustaqillik uchun urushidir.

Shu va boshqa misollarni koʻrganimizda biz mustaqil boʻlganimiz qanchalik muhim va qadrli ekanligini unutmasligimiz kerak.

Toʻgʻri, bizda juda koʻp yechilmagan muammolarimiz bor. Lekin iqtisodiy, ijtimoiy va qonuniy muammolarimizni biz, bir jamiyat, bir xalq sifatida oʻzimiz muhokama qilib va oʻzimiz ochiq va erkin hal qila olishimiz – juda katta baxt deb oʻylayman.

Unutmasligimiz kerak, erkinlik uchun doim harakat qilishimiz lozim, erkinlik uchun doim kurashishimiz lozim. Erkinlik shunday muhim va noyob narsaki uni barchamiz himoya qilishimizni va ayashimizni talab etadi.

Erkinlikdan boshqa ixtiyoriy narsani ustuvor qoʻygan xalq, ham erkinligini, ham oʻsha erkinlikdan afzal deb tanlagan narsasini yoʻqotadi. Biz shunday xato qilmaymiz, degan umiddaman.

Mustagiligimiz va shu tariqa erkinligimiz bundan ham mustahkam boʻlsin. Oʻz kelajagimiz qanday boʻlishini faqat oʻzimiz, birgalikda, demokratiya va ochiqlik sharoitida belgilashimiz nasib qilsin.

Bu vatan barchamizniki, vatanimiz erkin boʻlishini taʼminlash ham barchamizning zimmamizda.

Bayram muborak aziz yurtdoshlar!

Otabek Bakirov,

“Bakiroo” blogi asoschisi

Yoʻqotishga yo boʻlishishga hech qachon rozi boʻlinmaydigan qadriyat

90-yillarda mustaqillik uchun kurashgan katta avlod hayollarida va keyingi avlodlar orzularidagi Oʻzbekistonda iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy adolat, teng kafolatlangan huquqlar, eʼtiqodda bagʻrikenglik, soʻz va siyosiy erkinliklar barcha uchun teng taʼminlanadi. Shunday Oʻzbekistonda Mustaqillik – yoʻqotishga yo boʻlishishga hech qachon rozi boʻlinmaydigan, har bir vatandosh hech ikkilanmay jon fido qilib himoyalanadigan oliy qadriyatga aylanadi.

Shunday ekan, mustaqil davlatchilikni asrab-avaylash, uni erkinliklar va huquqlarni kengaytirish orqali yanada mustahkamlash uchun kurashlar va tinimsiz mehnat davom etadi. Mustaqil Oʻzbekistonimiz ichra erkin jamiyatni faqat oʻzimiz quramiz, toqat bilan, umid bilan, birgalikda quramiz.

Bayram muborak!

Yashasin Oʻzbekiston! Yashasin Respublika! Yashasin Oʻzbekiston xalqi!

Zavqibek Mahmudov,

Abdulla Avloniy nomidagi pedogogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti