1

Yozuvchi Oʻlmas Umarbekovning qiziga yozgan maktublarini oʻqidim. Oxirida shunday jumla bor ekan: “Davr oʻzgarib ketdi, qadriyatlar oʻzgardi...”. Bu – oʻttiz yillar oldingi gap. “Qadriyatlar oʻzgardi” degan jumla meni qattiq oʻylantirib qoʻydi.

Ha, hozir “Hamma narsa oʻzgarib ketdi. Zamon butunlay boshqa boʻldi...” qabilidagi gaplarni har kun, har yerda eshitamiz. Albatta, katta yoshli kishilardan, chunki kecha bilan bugunni ular qiyoslashi mumkin-da. Baʼzan bu yangilik emas, otalar va bolalar oʻrtasidagi azaliy bahsga oʻxshab ham koʻrinadi. Ehtimol shundaydir. Balki haqiqatan boshqa qadriyatlar davri boshlanayotgandir...

Qadriyat tushunchasining ilmiy-noilmiy, tushunarli-yu tushunarsiz oʻnlab taʼrif-tavsiflarini kitoblardan, internetdan bemalol topa olamiz. Mening oddiy tushunchamga koʻra esa qadriyat – bolalikdan “mana shu yaxshi, mana shu toʻgʻri” deb ongimizga singdirilgan; biz uchun qadrli, ardoqli boʻlgan narsa-hodisalar, meʼyorlar, qoidalardir. Oila, qanoat, halol mehnat, uyat va or-nomus, kamtarlik, mehr-oqibat, vijdon, oʻzaro yordam, yaxshilik, kattalarga hurmat... – mana, biz uchun ardoqli boʻlgan qadriyatlar.

Xoʻsh, bugungi dunyo ularni qanday tushunayapti?

2

Hayotning yoʻrigʻi hamisha shundaymi yo dunyo nihoyatda shiddat bilan rivojlanib, bizdan ilgarilab ketdimi, harqalay, qadriyatlar ancha-muncha oʻzgarib ketgandek. Shular haqda oʻylay turib, sunʼiy intellektni suhbatga tortdim. U internet sarhadlarini soniyada aylanib chiqib, sovuqqonlik bilan boʻlsa ham bamaʼni-joʻyali gaplarni gapirdi, maslahatlar berdi. Ha, javoblar oqilona edi-yu, lekin silliqqina, u bizning inson sifatidagi taqdirimizni his etmayotgandek, kuyunmayotgandek edi.

Balki oshirib yuborayotgandirman-u, lekin azaliy qadriyatlarning sekin-sekin oʻzgarib borishi odam bolasini alaloqibat halok etadigan fojialar sari yoʻl ochayotgandek tuyuldi. Ha, aslida qaltis maʼnaviy oʻzgarishlar emas, ularning tadriji, oqibati meni oʻylantirib qoʻygan edi. Keling, koʻrinmas suhbatdoshim “yozib bergan” maqoladan ayrim oʻrinlar va oʻzimning unga xayoliy javobim, munosabatimni qisqartiribroq aytib beray.

SI (sunʼiy intellekt):

– Andisha va hayo kabi milliy kodlarimiz global “erkinlik” niqobi ostida zaiflashmoqda. Ilgari kattalarning oldidan kesib oʻtmaslik yoki ularning soʻzini boʻlmaslik yozilmagan qonun edi. Bugun esa buni “shaxsiy erkinlikni cheklash” deb hisoblaydiganlar koʻpaydi. Albatta, erkin fikrlash va oʻz huquqini bilish yomon emas, lekin bu qadriyatlar maʼnaviy ildizlardan uzilib qolsa, jamiyat “quruq daraxt”ga aylanmaydimi?

Men:

– O, shaxsiy erkinlik, oʻz haq-huquqini bilish deysanmi? Oliy darajadagi tushunchalar-ku! “Bu qadriyatlar maʼnaviy ildizlardan uzilib qolsa, jamiyat “quruq daraxt”ga aylanmaydimi?” deding silliqqina qilib.  Lekin bugun ular nojoʻya ishlarni, hatto yovuz kirdikorlarni niqoblaydigan qurolga ham aylanib ketayapti, aqlvoy doʻstim. Qadriyatlarga ham, odamning oʻziga ham xavotirli tahdidlar koʻp hollarda “haq-huquq”, “shaxsiy erkinlik” daʼvosi bilan sodir boʻlayotgandek nazarimda. Fikrlaydigan odam erkinlik degani nisbiy ekanini biladi. Lekin sen aytganlaring hali holvasi. Bugun koʻngilga kelgan nomaʼqulchilikni qilish ham, buzuqlig-u Lut qavmi qilmishi  ham erkinlik boʻlib qoldi. Igʻvo xatlarni koʻtarib masʼul odamlarning vaqtini havoga sovurayotganlar ham, juftidan qasd olish uchun bolalarini halokat qoʻyniga otayotganlar ham haq-huquq daʼvosini qiladi. Toʻgʻri, inson ozod, hur qilib yaratilgan. Odamlik haqlari bisyor. Lekin erkinlikning chegaralari Parvardigor belgilab bergan joygacha. Bugun oʻsha chegaralar oʻzboshimchalik bilan buzilib, odam bolasi uni surbetlarcha oʻz xohishlari qadar kengaytirib olayotir. Ulug‘ adib Folkner aytganiday, “Baʼzi odamlar xudoning ishlarini xudoning oʻzidan koʻra yaxshiroq bilamiz deb oʻylashadi”.

SI:

– Bugungi kunda eng koʻp xavotir uygʻotadigan jihat baʼzi absolyut qadriyatlarning nisbiylashib borayotganidir. Oila muqaddasligi: koʻpgina jamiyatlarda oila instituti inqirozga yuz tutmoqda. Nikohga masʼuliyat emas, balki vaqtinchalik kelishuv sifatida qarash kuchaygan.

Men:

– Bilasanmi, oila – biz uchun Odam Ato va Momo Havodan qolgan, insoniyat hayoti davomatini taʼminlaydigan eng qadimiy muqaddas tushuncha. Odam bolasining roʻyi zamindagi ilk jamiyati. Bugungi dunyoda, shukurki, biz oʻzbeklar oila qadriyatlarini eng koʻp saqlab qolganlardan birimiz. Bizdagi oila “vaqtinchalik kelishuv” emas hozircha. Lekin ajrimlarning koʻpayganini inkor qilolmaymiz. Buvilarimiz “bitta oila buzilsa arsh larzaga keladi” der edi; bu ketishda oxiri osmon boshimizga qulamasa edi... Koshki faqat shu boʻlsa! Dunyo boʻylab surrogat onalik, bir jinsli oilalarning rasman tan olinishi, hatto ularga farzand asrab olishga ruxsat berilishi-chi? Bularniyam bilasan. Fojia, naq fojia! Shu narsalar ham oila degan qadriyatga munosabatning keskin oʻzgarib borishi, shaxsiy erkinlik daʼvosi oqibati emasmi? Bu oʻrgimchak toʻri sekin-asta butun dunyoni egallamasligiga kafolat bormi?

SI:

– Ilgari insonning qadri uning birovlarga qanchalik kerakligi, mahalla-koʻy va yaqinlari uchun qilgan fidoyiligi bilan oʻlchanar edi. Bugun esa mezonlar oʻzgardi. Endi “muvaffaqiyat” tushunchasi maʼnaviy yuksalishdan koʻra moddiy boylik, shaxsiy qulaylik va virtual olamdagi mashhurlik bilan almashib qolgandek.

Men:

– Ha, shoir aytganidek, “Endi inson qadri ham avvalgilarga oʻxshamas”. Muvaffaqiyat tushunchasi-ku butunlay maʼnosini oʻzgartirgan. Sayr-u sayohatdan boʻshamaydiganlardan tortib, kitob yozdirgan yoki kitob chiqargan, ne bir yoʻllar bilan saylovdan oʻtib olganlargacha bugun oʻzini muvaffaqiyat shohsupasida deb his qiladi, boshqalar ham shunday oʻylaydi. Hozir mashhurlikka bilim, mehnat, isteʼdod kabilar bilan erishish shart emas. Oilani koʻz-koʻzlab yoki yot koʻzlarni yotoqxonaga qaratib yoki oʻzidan psixologmi, kosmetolog yasab... “Instagram”dagi “podpischik”lari sonini oshirib olishni uddalasa boʻldi. Qolganlar xuddi bir zamonlar Yevropa yoshlari Napoleon boʻlishni orzu qilgandek shularga havas qiladi, shularga taqlid qiladi. Shular tufayli baʼzan oilalar darz ketadi... Yulduzlik kasaliga chalindik biz, aqlvoy! Hamma narsani bozorga olib chiqdik! Bir zamonlar xalq orasida “Bozorda baraka bor” degan halol tushuncha bugun “Bozor – shaytonning uyi” degan qusurli tushuncha  bilan  almashib qolayotganday.

Qanoatdan ham gapirsang-chi, buyam odamzodning ibtidodan kelayotgan muqaddas qadriyati-ku. Biz boʻlsak qanoatni unutdik. Muvaffaqiyatga, shuhratga, hokimiyatga, boylikka, komfortga, toʻqlikka, laykka... toʻymaydigan ochkoʻzga aylandik. Bugun har ikkita shiordan bittasi toʻxtamaslikka, olgʻa ketishga undaydi; “Sen hamma narsaga qodirsan” deya qitiqlaydi. Bugunning shiddati shundayki, “Nafsingga “hayt!” de”, “Qanoatga oʻrgan” desak, xuddi zamondan orqada qolgandekmiz. Oʻzgalar nazdida hasadgoʻyga, inson takomili, taraqqiyot dushmaniga aylanib qolish ham hech gapmas. O, qanoatsizlik fojialari... Ularning miqyosi, koʻlami qanchalar keng! XXI asrda qaytadan avj olgan urushlar, oʻzgalar yurtini egallash daʼvolari, hokimiyat vasvasasi, dunyoni boshqarish iddaosi... qanoat fanini unutishdan kelib chiqmayaptimi?

Oʻlmas Umarbekov qiziga yozgan oʻsha maktubida qadriyatlar oʻzgarganini aytadi-yu, ketidan “lekin hamma davrda halol mehnat, poklik, odamiylik qadrlangan” deydi. O‘, soddadil, nekbin yozuvchim-a! Mana, bu haqda aqlvoy menga nimalar deyapti: “Halollik va mehnat; tez va oson boylik orttirish ishtiyoqi halol mehnat va sabr kabi fazilatlarni eskilik sarqitidek koʻrsatib qoʻymoqda”...

Olamshumul Stefan sveygning “Amok” degan novellasi bor. Hikoyani oʻqib, shu soʻzga qiziqdim. Amok degani ong buzilishi bilan kechadigan kasallik ekan. Bemorda toʻsatdan tajovuzkorlik xuruji uygʻonib, u atrofdagi hamma narsani, uchragan odamni yoʻq qilishga intilib yugurib ketar ekan. Xuruj bemor toʻxtatilguncha yoki oʻzi behush boʻlib yiqilguncha davom etar ekan. Bugun odamiylikning eng aziz qadriyatlari ruhi xasta odamlar xurujiga uchrayotgandek. Ishqilib, toʻxtata olaylik-da uni...

Ha, butun dunyoda qadriyatlar oʻzgarib ketgandek. Minglab koʻrinishlarda, minglab misollarda. Ularni birma-bir sanashning iloji yoʻq. 

3

Bizning ongimizga oʻzaro yordam, odamlarga yaxshilik qilishni ham goʻzal qadriyat sifatida singdirganlar. Shu haqda oʻylab, ijtimoiy tarmoqda xorijlik bir jurnalistning yozganlari esimga tushdi. U shunday voqeani hikoya qiladi: kichik shaharchada notanish odam yoʻlida uchragan qizaloqdan bir manzilni koʻrsatishni soʻraydi. Qizaloq bajonidil rozi boʻladi. Ammo bu razil maqsadni pardalash uchun oʻylab topilgan bahona edi. Haligi odam qizaloqni zoʻrlaydi, xoʻrlaydi... va oʻldirib kimsasiz joyga tashlab ketadi. Inson qiyofasidagi maxluqning qilmishi jamiyatda juda qattiq aks-sado beradi, jinoyatchi jazosini oladi, albatta. Aytmoqchi boʻlganim faqat shu emas, bu voqeada odamni larzaga soladigan yana bir joyi bor; musibatzada, chorasiz ona deydiki: “Ota-onalarimiz bizga “odamlardan yordamingni ayama” deb oʻrgatishgan edi. Yoʻq! Endi bolalarimizga odamlarga yaxshilik qilma, yordam berma deb oʻrgataylik!”. Bu gap yuragimni larzaga soldi. “Nahotki?” deb oʻyladim. Nahotki, odamzod shunday xulosaga keldi? Nahotki, soʻnggi chora shu boʻlsa? Jabrdiyda onaning alam bilan aytgan bu gapini ham tushunish kerak... Baʼzan bolalarimizni yomonlikdan, yovuzlikdan asrashning yoʻli shu boʻlib qolsa nachora? Achchiq savol boʻgʻzimga qadaldi: vijdon, shafqat, axloq, odamiylik deb atalmish biz qadrlagan qadriyatlar qani?

Nafaqat farzandlarimiz, oʻzimizni asrash uchun ham bugun goho yaxshilik qilmaslikka majbur boʻlib qolamiz. Deylik, aeroport yoki vokzalda birovning yukini xolis xizmat uchun ola bilmaysiz; “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasini (Erkin Aʼzam) oʻqigan boʻlsangiz, gap nimadaligini tushundingiz. Kartaga tushgan pulni egasiga qaytaraman deb jinoyatga sherik boʻlib qolish ham mumkin. Koʻchada duch kelib qolgan notanish odam sizdan kimgadir telefon qilib berishni soʻrasa, qoʻngʻiroq qilib bermaslik bugun vijdonsizlik emas, himoyadir. Ijtimoiy tarmoqlardan maʼniliroq bir nimani boshqalarga ilinish ham boshogʻriqqa aylanishi mumkin – ostida taqiqlangan havola qoʻyilgan boʻlib chiqadi. Hatto sevgidan ham qoʻrqasan bugun. Gaplashma, yordam berma, yaxshilik qilma, sevma... Insoniy qadriyatlar ongimizga quyilgan, ular kerakli lahzada mashinavoriy ishga tushadi; lekin endi ularga “toʻxta!” deymizmi? Shu hushyorlik boʻlib qoldimi? Shoʻrlik odamzod dahshatli paradoks qarshisida nochor qolgandek. Yaxshilik qilmoqchi boʻlsang, faqat oʻzingga qil! Biroq odam uchun ezgulikdan ezguroq yoʻl ham yoʻq-ku. Begʻubor qalbli, niyati pok, murodbaxsh odamlar nima qilsinlar?

4

Yana SIga qaytdim. Undan “avvalgilarga oʻxshamas”lik sabablarini soʻrasam, misollarni qator qilib tashladi: texnologik “portlash”lar, internet, ustunlikning almashinuvi (“jon saqlash”dan “oʻzligini namoyon qilish”ga oʻtilishi), urbanizatsiya, iqtisodiy mustaqillik (ayniqsa ayollar), raqamli inqilob, tanqidiy tafakkurning kuchayishi... Xulosa qilib, “Bugungi fojialarning ildizi insonning oʻz ichki olamidan uzilishidadir” dedi. Iqror boʻlishga majbur boʻldim: hammasiga oʻzimiz, odamlar sababchimiz.

Lekin sunʼiy intellekt bilan yana bahslashgim keldi. Oʻzimcha oʻyladimki, zamon ham, odamlar ham oʻzgargan emas. Hazrat Behbudiy ham aytganki, “zamonning mururi ila baʼzi rasm va odatlar doimo oʻzgarib turadiki, bu oʻzgarish bobomiz hazrati Odam zamonidan beri voqe’ boʻlub kelmoqdadur”. Ha, o‘zgarishlar, ogʻishlar, fojialar, yoʻl izlashlar, yoʻqotishlar, topishlar... faqat bugunga xos emas. Ular insoniyatga ibtidodan yoʻldoshdir. Antik zamonlardayoq bemisl faylasuf Suqrotni qatlga buyurganlar adolat nomidan ish koʻrgan. Arxeologlar bundan 2400 yil oldingi jangchi oʻqdonini topishgan; maʼlum boʻlishicha, u inson terisidan qilingan ekan. Iso(a.s.)ni oʻttiz pulga sotganlar. Mahmud Yalavoch yovga darvozalarni ochib bergan...

Hijriy III asr oxirida yashab ijod qilgan Ibn Marzubo degan kishi oʻz kitobini “Kiyim-bosh kiyganlarning koʻpidan koʻra itlarning afzalligi” deb nomlagan ekan. U “ushbu kitobni oshnasiga yaxshilik qilib, otasiga yomonlik qilgan, xotiniga jilmayib, onasiga qovoq uygan noshud farzandlarga bagʻishlayman. Hamtovoqlariga pulni ayamay sochib, ota-onasidan pul berkitgan vijdonsiz nokaslarga bagʻishlayman. Oʻynashiga ishonib ersiz qolgan bevafolarga, omonatga xiyonat qilgan har bir gʻaddorga, vasiyatni berkitib tugʻishganlariga yolgʻon gapirgan kazzoblarga... Yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytaruvchi noshukur, nonkoʻrlarga... Halol molni chetlab, haromga chopgan haromxoʻrlarga, oxiratdan dunyoni ustun qoʻygan, qalbi-yu qulogʻi muhrlangan, koʻzini parda qoplagan ochiq koʻrlarga... Alloh rahmatidan quvilgan shaytonning xizmatiga yollangan har bir fitnachi, buzgʻunchi, gʻalamis mardikorlarga... Oʻzining uyum-uyum aybini koʻrmay, oʻzgalarning kichik xatosini katta aybdek koʻruvchi igʻvogar, chaqimchi, boʻhtonchilarga... Yuzsiz, beadab, ikkiyuzlamachilarga... Va yana yer yuzida buzgʻunchilik qilayotgan, odamlarning tinchini buzayotgan, ustiga kiyim-bosh kiyib hayvondan battar xunuk ishlar qilayotgan diydasi qattiq, berahm, dilozorlarga bagʻishlayman...” (Daʼvatchi qush /https://islom.uz/maqola/2667) degan ekan. Demak, bu nokasliklar yangilik emas ekan-da... Qarangki, odamzod asrlar davomida muntazam ogohlantirib kelinsa-da, yana chalgʻiyveradi, haqqa xiyonatning yangi-yangi usullarini oʻylab topaveradi.

Qadriyatlarni qadrsizlantirish taraqqiyot darajasiga qarab har xil koʻrinishlarda namoyon boʻlgan. Bir misol keltirsam. SI menga “Insonlar bir-biriga yuzma-yuz qarab turib, smartfon orqali boshqalar bilan bogʻlanishi – bugungi kunning eng katta ijtimoiy fojialaridan biridir” dedi. Shunda “Жуткие факты” degan telegram kanalida oʻqiganim esimga tushdi: bu hol, yaʼni muloqot chogʻida nuqul smartfonga qarash odatiga “fabbing” deb nom qoʻyishibdi. Yaʼni inglizcha “phone” – telefon va “snubbing” – iltifotsiz munosabat demak.

Aslida azal korxonasida odamzodning fitratiga qarama-qarshi kuchlar jo etilgan: ezgu va yovuz, bunyodkor va vayronkor... Ularning qaysi birini parvarishlab oʻstiramiz, qaysi birini magʻlub etamiz – bu borada ixtiyor oʻzimizga berilgan. Yaʼni, xohlasang hidoyatni, xohlasang zalolatni tanla. Qavm ommaviy ravishda zalolatni tanlaganda mahv etilgan, yangi paygʻambarlar yuborilgan...

Shu xil maʼqul-nomaʼqul, parishon fikr-mulohazalarim pirovardida  qarshimda bir savol oʻjarlarcha turib oladi: “Nima qilmoq kerak?”. Oʻzimcha bir nimalar demoqchi boʻldim. Lekin bu savolga maʼnaviyat sohasi vakillari boʻlmish barcha ziyolilar, olimlar, shoir-u yozuvchilar, muallimlar... javob bermogʻi, ularning aytganlarini umumlashtirmoq va butun millat, hatto butun insoniyat boʻlib harakatga keltirmoq lozim deb oʻyladim. Inson – yer yuzidagi jamiki yaxshilik va yomonlikning ham, oʻzgarish va tuzatishlar, yoʻqotish va topishlarning ham bosh ijrochisidir. Hammasini odamdan, oʻzimizdan boshlamogʻimiz kerak.

5

Darvoqe, ushbu bitiklarning boshida ham aytganimdek, sunʼiy intellekt beminnat maqola yozib berdi. “Ushbu maqolani biror ijtimoiy tarmoq yoki nashr uchun moslashtirib, sarlavhasini oʻzgartirib berishimni istaysizmi?” dedi yana mehribonlik bilan. Aqlvoyning yozganlariga u yoq-bu yogʻidan qalam urib berib yuborsam ham boʻlardi. Qadriyatlar oʻzgarib ketayotgan bir zamonda shunday qilsam, balki ayb ham sanalmasdi. Maqola-ku oʻtib ketar, lekin vijdon degan qadriyat sinovdan oʻtolmay qolardi, xolos.

Nodira OFOQ

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Avvalgilarga oʻxshamas...” maqolasi