Tarixda Turk xoqonlarining qizlari boshqa mamlakatlarga kelin boʻlib ketgach, Asna, Ashina, Asena xotun kabi nasab nomlari bilan atalgan. Bu esa xoqonlikning bosh urugʻi – Ashina nomidan kelib chiqqan. Ular boshqalardan ajralib turish uchun ham faxrli urug‘ nomi bilan oʻzlarini tanishtirgan boʻlishi mumkin, chunki Eronda ham, Xitoyda ham ular shu ism bilan ulugʻlangan.
VI asrda Turon va Eron saroyi taqdirida katta oʻrin tutgan Malika Asna Turk xoqoni oilasidan oʻzlarining mavqeidagi shohona xonadonga kelin boʻlgan. Gʻarbiy Turk xoqoni Istemining qizi – Asna ilk oʻrta asrlarda Sharqning qudratli davlatlaridan biri – Sosoniylar davlatidagi ilk turkiy malika edi. U Turkzodaning onasi, Xusrav Parvezning buvisi boʻlgan. Turk xoqonlarining turli aslzoda va shohona oilalarga kelin boʻlgan qizlari koʻp edi, ammo bu malikaning dovrugʻi tillarda doston boʻlgan. Malikaning oqilaligi qudratli davlatlarning qarindoshlik aloqasini mustahkamlagan, harbiy toʻqnashuvlarni toʻxtatgan, “nasli va asli toza” shahzodalarning tugʻilishiga sabab boʻlgan, harbiy-siyosiy ittifoqlarni yanada kuchli qilgan, dushmanlarga birlikda zarba bergan.
Oʻrta asr manbalarida turli nomlar bilan tilga olingan Asna ham turkiy tarixda, ham fors tarixida ulkan iz qoldirgan. Uni Turonning ilk xoqoni Afrosiyob – Alp Er Toʻnganing qizi Qazga oʻxshatish mumkin. Asna nomi oddiy kelin yoki shahanshohning sevimli xotini sifatida emas, balki ilk oʻrta asrning mashhur siyosiy voqealari sabab tilga olinadi. Onasi, tugʻilgan yili, asl ismi haqida maʼlumotlar mavjud emas. Uning Eronning taniqli malikasi darajasiga qanday koʻtarilgani haqida faqat yozma manbalarda qisqa maʼlumotlar bor, xolos. Tadqiqotchi S.G.Klyashtorniy uning Erondagi Sosoniylar saroyiga yuborilishiga Muqan xoqonning siyosiy qarorlari sabab boʻlganini ilgari suradi, garchi u Istemining qizi boʻlsa-da. Shu davrdagi eftaliylar, sosoniylar va Turk xoqonligi manfaatining toʻqnashuvi kabi voqealarga ushbu malikaning taqdiri ham birlashib ketgan edi.
Ilk oʻrta asrlarda Turon hududi eftaliylar, sosoniylar va Turk xoqonligining siyosiy manfaatlari toʻqnashgan mintaqaga aylanib qolgan edi. Maʼlumki, V asr oxiri – VI asr boshlarida eftaliylar davlati tarkibiga Sharqiy Turkistondan tashqari Markaziy Osiyo davlatlari – Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston hamda Afgʻoniston, Pokiston va Shimoli-Gʻarbiy Hindiston yerlari ham kirgan. Ular Shimoli-Gʻarbiy Hindistondan to Yettisuvgacha va Xoʻtondan to sosoniylar Eroni yerlarigacha choʻzilgan ulkan hududda yirik imperiyani tuzishga muvaffaq boʻlganlar.
Bu davrda Erondagi sosoniylar davlati Xurosonda yetakchi mavqeini saqlab turish maqsadida eftaliylarning asosiy raqibiga aylangan. Ayniqsa, Xusrav I Anushervon davrida sosoniylar Eroni favqulodda rivojlangan bir pallaga koʻtarilib, eftaliylarga tovon toʻlash majburiyatidan xalos boʻlish uchun qulay vaziyatni kutayotgan edi. Ikkinchi tomondan 552-yilda tashkil topgan Markaziy Yevroosiyoning katta imperiyasi boʻlgan Turk xoqonligi ham geopolitik jarayonlarda oldingi oʻrinlarga chiqib olib, eftaliylar davlatiga jiddiy xavf tugʻdiruvchi yirik siyosiy kuchga aylangan.
Turklarning 550-yillar atrofida juan-juanlarga zarba berishi natijasida eftaliylar eng yaqin hamkorlaridan mahrum boʻladi. Sosoniylar Turk xoqonligining paydo boʻlishini xayrixohlik bilan kutib oladi. Chunki umumiy dushman boʻlgan eftaliylarga qarshi kurashish uchun ittifoqchi topilgan edi. Qisqasi, sosoniylar oʻz manfaatlariga turklar vositasida erishishni maqsad qilgan edilar. Eftaliylarga qarshi turk-sosoniy ittifoqi tuzilgan. Muqan xoqon taxminan 554 – 557-yillarda Eronga elchi yuborib, ikki tomonlama aloqa va ishonchni mustahkamlash maqsadida amakisi Istemi yabgʻuning qizi Asna (arab manbalarida Asna yoki Fakim)ni sosoniylar shohi Xusrav I Anushervonga turmushga bergani haqida yozadi. Bu yerdagi Asna ismida “Ashina” sulolaviy nomi yaqqol koʻrinib turadi.
Arman tarixchisi Sebeos oʻz asarida ushbu malikaning ismini “tʼyetaliylarning buyuk hukmdori – Xoqonning qizi Kayen” deb keltirgan. L.N.Gumilyev bu masala yuzasidan ikki xil fikrni bildirgan. Bir oʻrinda “...Tabariy boʻyicha esa nikoh ham, ittifoq ham eftaliylar bilan urushdan bir yil avval (ittifoq va nikohning tuzilishi 554-yilga toʻgʻri keladi demoqchi) boʻlib, bu urush xitoy manbalariga muvofiq 555-yilda boshlangan” deya taʼkidlaydi. Boshqa bir oʻrinda “forslar va turklar oʻrtasida ittifoq 560-yillar atrofida tuzilgan boʻlib, uni tuzishdan maqsad forslar uchun “Peroʻz uchun xun olish”ga intilish boʻlsa, turklar esa Sugʻdiyonaning gullab-yashnagan shaharlarini egallash niyatida boʻlgani edi”, deb yozadi.
Firdavsiyning “Shohnoma” asarida esa bu nikohning birmuncha keyinroq tuzilgani aytiladi, yaʼni eftaliylar turklar tomonidan tor-mor qilinganidan soʻng Turk xoqoni Noʻshiravon (Anushervon)ga oʻz qizini xotinlikka berish taklifi bilan elchi joʻnatgan. Firdavsiy Asna haqida koʻp maʼlumot bermagan. Xullas, Asnaning Sosoniylar shahanshohiga turmushga chiqqan sanasi koʻpchilik tadqiqotchilarni qiziqtirgan. Chunki u orqali sosoniy-turk ittifoqining sanasini aniqlash mumkin boʻlgan. L.N.Gumilyev Firdavsiyning maʼlumotiga asoslanib, bu nikoh 569-yildan keyin tuzilgan, deb xulosa qilgan. Biroq bunday kech sanani boshqa tadqiqotchilar inkor etadi. Chunki, ushbu nikohdan tugʻilgan shahzoda Xurmazd IV otasi Xusrav I Anushervon vafotidan soʻng taxminan 579-yilda taxtga oʻtirgan va oʻgʻli oʻspirin boʻlgan chogʻda, yaʼni 590-yilning 6-fevralida taxtdan tushirilgan. Asna Turkzodaning onasi edi, shuning uchun ham Xurmazd IV ni turklar, yaʼni togʻa tomon qoʻllab-quvvatlagan.
Tadqiqotchi Sh.Adilov fikricha, Xusrav I Anushervonning Xurmazd IV dan oldin tugʻilgan oʻgʻil farzandlari boʻlgan boʻlishi mumkin. Shahanshoh haramidagi barcha xotinlardan faqat turklar malikasigina unga aslzodalik jihatidan teng boʻlganligi uchun uning oʻgʻli “Turkzoda” Xurmazd IV qonuniy ravishda taxt vorisi qilib tanlangan, ehtimol. Xurmazd IV ning yoshi masalasi yuqoridagi xronologiyaga shubha uygʻotadi. Koʻplab olimlar fikricha, ushbu nikoh 554-yili forslarning turklarga joʻnatilgan elchiligi jarayonida tuzilgan. Agar oʻsha yilda tuzilgan boʻlsa, taxminan 20 yoshlardagi Asna 535-yillarda tugʻilgan, deb hisoblash mumkin.
Shuningdek, tadqiqotchi Sh.A.Adilov ham Xusrav I ning turkiylar malikasiga uylanishi va Xurmazd IV ning tugʻilishi davri VI asrning 50-yillariga toʻgʻri keladi, deb hisoblagan. Mazkur voqealardan keyin turklarning eftaliylarga qarshi kurashi boshlanib ketgan. Demak, yuqoridagi maʼlumotlardan kelib chiqadi-ki, taxminan 554-yillarda turklar va sosoniylar oʻrtasida ittifoq tuzilib, nikoh yoʻli bilan yanada mustahkamlangan va shu yilning oʻzidayoq turklar eftaliylarga qarshi kurashni boshlab yuborgan. Xusrav I Anushervon turklarning eftaliylarga hujum qilishi natijasida Toxaristonni eftaliylardan qaytarib olishga muvaffaq boʻladi. V.P.Mokrinin fikricha, Xusrav I Anushervon va Istemi yabgʻu xoqonning qizi oʻrtasidagi nikoh 554-yilda forslarning turklarga yuborgan elchiligi jarayonida tuzilgan.
Biroq bu Turkzodaning onasi – Asna va fors-turk qarindoshlik aloqasi eronshunos Shapur Shahboziy tomonidan rad etilgan. U buni xronologik jihatdan muammoli deb hisoblagan, chunki manbalarda Xurmazd IV otasi tomonidan eftaliylar hududlari sosoniylar va turklar oʻrtasida taqsimlanganidan keyin Istemining tahdidini jilovlash uchun yuborilgani qayd etiladi. Ayrim tarixchilarning fikricha, Xurmazd IV taxminan 540-yilda tugʻilgan boʻlishi mumkin; uning oʻgʻli Xusrav II esa taxminan 570-yilda tugʻilgan. Ammo bu xronologiyalar koʻpchilikni chalgʻitadi.
VII asr arman tarixchisi Sebeos Xurmazd IVning onasini “turklar xoqonining qizi” deb ataydi va uning ismini Kayen deb keltiradi. Masʼudiy esa uni Fakum deb atab, turklar, yaʼni xazarlar hukmdorining qizi boʻlganini taʼkidlaydi. Shahboziy nemis sharqshunosi Yozef Markvartning fikrini qoʻllab-quvvatlagan. Markvartning taxminiga koʻra, Xurmazd IVning ona tomondan bobosi xazarlar xoqoni boʻlgan; boshqa manbalarda xazarlar koʻpincha “turklar” deb atalgan. Shu fikr haqiqatga yaqin, chunki VI asrda xazarlar hali qudratli davlat emasdi. Turk xoqoni Muqan xoqon ham Ashina ismli ikki malikani birini Eronga, birini Xitoyga kelin sifatida yuborgani maʼlum. Oʻrta asr eroniy geografi Ibn Xoʻrdodbek ham Xusrav I va xazarlar xoqoni oʻz qizlarini bir-biriga turmushga berish haqida kelishganini qayd etadi va bu yerda ham anaxronizmni koʻrish mumkin.
Shunday qilib, Xurmazd IV ning nafaqat Sosoniylar sulolasidan boʻlgan Xusrav I Anushervonning avlodi, balki ona tomondan turkiy xoqon sulolasi bilan ham qarindosh boʻlgan, degan qarash mavjud. Sebeosning taʼrifiga koʻra, bu nasab Turkoda Xurmazd I ni ota tomondan ajdodlaridan ham ulugʻroq, ona tomondan qarindoshlari kabi qudratli va shiddatli qilgan. Biroq zamonaviy tarixchi Maykl Bonner Xurmazd IV ning onasi aslida eftaliylar sulolasiga mansub malika boʻlganini, keyinchalik esa u yanglish ravishda kelib chiqishi turkiy yoki xazar deb talqin qilinganini taxmin qiladi. Ammo bu ham toʻgʻri emas, sosoniylar va turklar ittifoqi qudalik orqali aynan eftaliylarga qarshi tuzilgan edi.
Xullas, Sosoniylar sulolasiga kelin boʻlgan Asna haqida shu maʼlumotlar maʼlum. U Erondagi keyingi ayol malikalar uchun ilhom manbai va namuna boʻlgan boʻlishi mumkin. Chunki Beruniy oʻz asarida Sosoniylar sulolasi hukmdorlari shajarasi haqida maʼlumot berar ekan, Buranduxt va Ozarmiduxt ismli Sosoniylar sulolasining VII asr boshlarida taxtga chiqqan ikki ayol hukmdorining nomini keltiradi. Qizigʻi ulardan oldin birorta ayol ushbu shajaradan oʻrin olmagan. Ular Sosoniylar shohi Xusrav II Parviz (590–628)ning qizlari boʻlgan. Ushbu ikki opa-singil Asnaning chevarasi edi.
Xusrav II vafotidan keyin Sosoniylar davlatida siyosiy beqarorlik kuchayib, taxt uchun ichki kurashlar avj olgan davrda mazkur ikki malika ham davlat boshqaruvida muhim oʻrin egallagan. Ular ushbu jasoratni momosi Asnadan olgan boʻlsa ajab emas. Buran (Bӯron, Pūrān) taxminan 630-yilda Sosoniylar taxtiga oʻtirgan, uning ismi aslida Turon boʻlishi ham mumkin. Buranduxt nomi tushirilgan Sosoniy tangalari ham saqlanib qolgan boʻlib, ular uning rasmiy hukmdor sifatida tan olinganini tasdiqlaydi. Uning hukmronligi uzoq davom etmagan va taxminan 631-yilda vafot etgan. Ozarmiduxt (Āzarmīgduxt) esa Buranning singlisi boʻlib, Xusrav II Parvizdan keyingi ogʻir siyosiy inqiroz davrida Sosoniylar taxtiga chiqqan. Uning hukmronligi taxminan 630-yilda boshlangan va manbalarda bir necha oy davom etgani qayd etiladi. Ozarmiduxtning ham nomi tushirilgan tangalar mavjud boʻlib, bu uning Sosoniylar davlatining rasmiy hukmdori boʻlganini numizmatik jihatdan tasdiqlaydi. Malika Asna Eron dunyosidagi Turon chechagi edi, u “Shohnoma”da ham tilga olindi, arab va arman tarixyozarlari tomonidan bir necha asrlar keyin ham eslandi.
Feruza JUMANIYOZOVA,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. Адылов Ш.Т. Из политической истории Западного Согда (в свете проблемы «тирании Абруя» и тюрко-сасанидского конфликта) // История материальной культуры Узбекистана.
2. Адылов Ш.Т., Мирзаахмедов Д.К. Из истории древнего города Вардана и владения Обавия // История материальной культуры Узбекистана. – 2001. – Вып. 32. – С. 150–157.
3. Артамонов М.И. История хазар. – Ленинград: Издательство Государственного Эрмитажа, 1962. – 523 с.
4. Аскаров А.А. Ўзбек халқининг келиб чиқиш тарихи. – Тошкент: Ўзбекистон НМИУ, 2015. – 690 б.
5. Гумилев Л.Н. Древние тюрки. – Москва: Наука.
6. Гумилев Л.Н. Қадимги турклар. – Тошкент: Фан.
7. История народов Узбекистана. С древнейших времен до начала XVI века: в 2 т. Т. I. – Ташкент: Издательство Академии наук Узбекской ССР, 1950.
8. Литвинский А. The Hephtalite Empire // History of Civilizations of Central Asia. Vol. III. The Crossroads of Civilizations: A.D. 250 to 750. – Paris: UNESCO Publishing, 1996. – P. 135–162.
9. Массон В.М., Ромодин В.А. История Афганистана. Т. I.
10. Мокрынин В.П. Сирийские и армянские источники о становлении Тюркского каганата // Источниковедение Кыргызстана с древности до конца XIX в. – Бишкек: Илим, 2004. – С. 64–73.
11. Нёльдеке Т. Geschichte der Perser und Araber zur Zeit der Sasaniden: aus der arabischen Chronik des Tabari übersetzt und mit ausführlichen Erläuterungen und Ergänzungen versehn. – Leiden: E.J. Brill, 1879.
12. Тер-Мкртичян Л.Х. Армянские источники о Средней Азии V–VII вв. / Отв. ред. С.Т. Еремян. – Москва: Наука, 1979. – 98 с. (NYU Faculty Digital Archive)
13. Фирдоуси. Шахнаме. Т. VI. От начала царствования Йездгерда, сына Бахрама Гура, до конца книги / Пер. Ц.Б. Бану-Лахути и В.Г. Берзнева. – Москва: Наука, 1989.
14. Chavannes E. Documents sur les Tou-Kiue (Turcs) occidentaux. – Saint-Pétersbourg, 1903.
15. Chavannes E. Notes additionnelles sur les Tou-Kiue (Turcs) occidentaux // Tʼoung Pao. – Leiden, 1904. – Série II. – Vol. II. – P. 1–109.
16. Chavannes E. Çin yıllıklarına göre Batı Türkleri / Çev. M. Koç. – İstanbul: Selenge Yayınları, 2007.
17. Litvinsky B.A. The Hephtalite Empire // History of Civilizations of Central Asia. Vol. III. The Crossroads of Civilizations: A.D. 250 to 750. – Paris: UNESCO Publishing, 1996. – P. 135–162.
18. Nöldeke Th. Geschichte der Perser und Araber zur Zeit der Sasaniden. – Leiden: E.J. Brill, 1879.