Oyina.uz tahririyat “eshig”ini qoquvchilar uchun informativ ijtimoiy loyiha – “Eshik qoqqan kim boʻldi?”ning navbatdagi soni bilan tanishing.

– Taq-taq!

– Kim u?

– Men oʻqituvchiman...

– Juda yaxshi! Bizga savolingiz bormi?

– Milliy sertifikat tizimi haqida toʻliqroq maʼlumot olmoqchi edim.

– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi 646-son qaroriga binoan umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy test tizimi joriy etilgan. Mazkur test sinovida ishtirok etgan va test sinovi natijasi boʻyicha belgilangan ballni toʻplagan talabgorlar milliy sertifikatga ega boʻladilar.

– Milliy sertifikatni kim beradi?

– Milliy sertifikat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq Davlat test markazi tomonidan) elektron shaklda beriladi.

– Tushunarli… Milliy sertifikat imtihonida kimlar ishtirok eta oladi?

– Oʻz bilimini sinab koʻrish istagini bildirgan istalgan shaxs umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikat imtihonida ishtirok etishi va tegishli sertifikatni qoʻlga kiritishi mumkin.

– Zoʻr-ku! Milliy sertifikatning qanday imtiyozlari bor?

– Agar oʻqituvchi milliy sertifikat imtihonida 80 % yoki undan yuqori natijani qoʻlga kiritsa, oylik maoshiga 20 % ustama qoʻshib beriladi.

Agar abituriyent 86 % va undan yuqori natijani qoʻlga kiritsa, tegishli fanidan kirish imtihonlarida maksimal ball beriladi.

Agar 60 % dan 86% gacha natijani qoʻlga kiritsa, foizga nisbatan proporsional ball beriladi. Masalan, 80 % natija uchun maksimal 93 ballning 80 % miqdorida (74,4) ball beriladi.

Shuningdek, magistraturada oʻqishini davom ettirmoqchi boʻlganlar ham xorijiy tillar boʻyicha milliy sertifikat olishlari mumkin. Maʼlumot uchun, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan chet tili imtihonlari har oyda (iyul, avgust va sentabr oylaridan tashqari) tashkil etib kelinmoqda va imtihonlar jadvali har yarim yillik uchun oldindan eʼlon qilinadi.

– Mening savollarim pedagog kadrlar uchun beriladigan milliy sertifikatlar tizimiga oid. Masalan, oʻqituvchilarga beriladigan ustamalar tartibi qaysi qonun hujjatiga asoslangan?

– Ustama belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 134-son farmoniga asoslanadi. Aytganimizdek, Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy sertifikatiga ega boʻlgan pedagog kadrlarga oʻz tarif stavkasiga nisbatan 20 % miqdorida ustama toʻlanadi.

– Chet tilidan sertifikati bor pedagoglarga ham shu foizda toʻlanadimi?

– Aynan 134-sonli farmonda belgilanishicha, 2025-yil 1-yanvarga qadar chet tili fanidan kamida C1 darajadagi milliy sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 % miqdorida toʻlanadi.

Umuman chet tilini bilish darajasini baholash va malaka sertifikatini berish tartibi esa Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

– Test savollarini kim tuzadi? Qiyin boʻlmaydimi?

– Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi sertifikatni berish uchun tuziladigan test savollari davlat taʼlim standarlariga mos ravishda hamda taʼlim oʻquv dasturiga muvofiq Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan ishlab chiqiladi.

– Menga juda maʼqul boʻldi… Sertifikat olish maqsadida test sinovida qatnashish uchun roʻyxatdan qanday oʻtaman?

– Siz uzbmb.uz sayti orqali elektron ariza berib roʻyxatdan oʻtishingiz mumkin.

– Xoʻp, roʻyxatdan oʻtganimni qanday bilishim mumkin?

– Roʻyxatdan oʻtish uchun zarur hujjatlarni kiritilganingizdan soʻng Siz uchun Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida shaxsiy kabinet yaratiladi.

Toʻlovni amalga oshirganingizdan soʻng roʻyxatdan oʻtgan hisoblanasiz. Shu tariqa Siz bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi oʻrtasida ommaviy oferta shartnomasi tuziladi.

– Roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlov qanday amalga oshiriladi?

– Toʻlovni bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida amaldagi elektron toʻlov tizimlari orqali ariza berilgan kundan boshlab uch kun mobaynida amalga oshirasiz. Toʻlov toʻgʻrisidagi maʼlumotni shaxsiy kabinetingiz orqali bilishingiz mumkin.

– Test sinovini oʻtkazish joyi va sanasi haqida qayerdan ma’lumot olaman?

– Albatta, oʻzingizning shaxsiy kabinetingizdan.


– Test sinovi natijalarini qanday bilishim mumkin?

– Test sinovlari yakunlangandan keyin 20 ish kunidan kechikmay Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida natijalar eʼlon qilinadi.

– Sertifikatning amal qilish muddati 3 yil, to‘gʻrimi?

– Xuddi shunday.

– Ijobiy natijaga erishsam, sertifikatni qanday olaman?

– Shaxsiy kabinetingiz orqali elektron shaklda yuklab olishingiz mumkin.

– Test sinovi natijasidan qoniqmasam, qayta topshirishim mumkinmi?

– Albatta. Test sinovlari natijalari eʼlon qilingandan soʻng qayta roʻyxatdan oʻtib, belgilangan muddatda test sinovlarida ishtirok etishingiz mumkin bo‘ladi.

Batafsil maʼlumot olish uchun, “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

– Yaqin dugonam Musiqa fani o‘qituvchisi. U ham milliy sertifikat olsa bo‘ladimi?

– Yoʻq, hozircha qoraqalpoq tili va adabiyoti, oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, fizika, kimyo, matematika, geografiya, biologiya va tarix kabi fanlardan, shuningdek, bir nechta xorijiy tillar boʻyicha milliy sertifikat olish mumkin.

– Zaruriy maʼlumotlar uchun sizlarga katta rahmat!

– Arzimaydi, Oyina.uz doim xizmatingizda.

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

Materialni tayyorlashda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi veb-sayti maʼlumotlaridan foydalanildi.

Loyihaning avvalgi soni bilan ham tanishing.

Oyina.uzʼni Telegramda oʻqing!