Globallashuv davrida milliy oʻzlikni asrash masalasi dunyo olimlari diqqat-eʼtiboridagi mavzulardan biri boʻlib qolmoqda. Muhojirlar mamlakati sanalgan AQShda ham bu mavzuda salmoqli tadqiqot va izlanishlar olib borilmoqda. Oʻtgan asrning 90-yillarida tamaddunlar toʻqnashuvi xususidagi nazariyasi bilan shuhrat qozongan olim Samyuel Hantington “Biz kimmiz? Amerika milliy oʻzligiga tahdidlar” deb atalgan kitobida ayni shu dolzarb masala tegrasida soʻz yuritgan (Samuel P. Huntington. Who Are We? The Challenges to Americaʼs National Identity. New York, Simon & Schuster, 2004).

Muhofazakor boʻgʻinga mansub siyosatshunos S.Hantington Lotin Amerikasi hamda Osiyodan koʻchib kelgan koʻp sonli muhojirlarni AQSh oʻzligiga tahdid oʻlaroq baholaydi. Xususan, ispanzabon meksikaliklar yaxlit davlatni parokanda qilayotganidan bahs etadi.

S.Hantington taʼkidicha, AQShda yashovchi turli millat vakillarini jipslashtiruvchi qadriyat bu – ingliz-protestant madaniyatidir (59-bet). Yaʼni muallif ingliz protestantizmidan oʻsib chiqqan nasroniylik taʼlimotini amerikancha milliy oʻzlikning asosi deb biladi. Yangi yuzyillikda Gʻarb davlatlarida, jumladan, Qoʻshma Shtatlarda nasroniylik hamda cherkovning taʼsiri susaygani maʼlum. Hantington buni rad etib jumladan shunday yozadi: “Din amerikancha oʻzlikning javhari boʻlgan va shunday boʻlib qoladi. Amerika davlati diniy tafakkurga tayanib barpo etilgan. Amerikaliklar sanoati rivojlangan boshqa davlatlarga qaraganda diniy eʼtiqodda sobitroqdir” (19-bet).

Siyosatshunos AQShdan qoʻnim topgan muhojirlar ingliz tili hamda protestant madaniyatini qabul qilmayotgani, assimilyatsiya jarayoni sust kechayotganini tanqid qiladi. Uning fikricha, AQSh davlatchiligi negizida ingliz tili, Injil oʻgitlari, shuningdek, qonun ustuvorligi, hukmdorlarning hisobdorligi, individualizm, mehnat axloqi va Yerda jannat barpo etishga qatʼiy ishonch kabi qadriyatlar yotadi. Amerikancha oʻzlikning tamali sanalgan bu qadriyatlardan yiroqlashuv lisoniy va madaniy birlikka raxna solishi uqtiriladi. Amerika madaniyatining ustun ekanini bot-bot taʼkidlagan S.Hantington muhojirlarning aql-zakovati, kasbiy koʻnikmasini savol ostiga oladi, koʻproq ularning jamiyatga keltirayotgan ziyon-zarari haqida fikr yuritadi.

XX asrning ikkinchi yarmida AQShda multikulturalizm taʼlimoti keng tarqaldi. Bagʻrikenglik tamoyiliga tayangan ushbu konsepsiya turli millat, madaniyat vakillari yagona siyosiy makonda hayot kechirar ekan, etnik ozchilik mansublari ham oʻzligini saqlab qolishga haqli degan gʻoyani ilgari suradi. “Biz kimmiz?..” kitobi muallifi esa multikulturalizm siyosatini nainki ingliz-protestant madaniyati, AQSh davlatchiligiga ham tahdid deb ataydi (171-bet).

S.Hantington fikricha, globallashuv dolgʻalarida qolgan AQSh oldida uch yoʻl bor:

1. Kosmopolitizm yoʻli. Bu yoʻl chegaralardan voz kechib global ochiq jamiyat qurishni nazarda tutadi. Milliy, diniy, irqiy xilma-xillik hukm surgan kosmopolitik jamiyatda milliy oʻzlik yoʻqoladi.

2. Imperiyacha boshqaruv yoʻli. Qoʻshma Shtatlar yetti iqlimda hukmronlik qiladi. Bu holatda ham jahongirlik yoʻlini tanlagan davlat milliy oʻzlik talablaridan voz kechishiga toʻgʻri keladi.

3. Milliy boshqaruv modeli. Bunda davlat Amerika milliy oʻzligiga tayangan holda idora etiladi. AQShning “betakrorligi va benazirligi”ga zarracha shubha qilmagan Hantington ayni shu uchinchi yoʻlni yoqlaydi.

Qayd etish joizki, “Biz kimmiz?..” kitobida bayon qilingan bahsli fikrlarga Amerika ilmiy jamoatchiligi raddiyalar bergan. Xususan, muhojirlarning aqliy salohiyatiga shubha bildirilgani ksenofobiya, yaʼni oʻzga millat, irq va din vakillariga nisbatan nafrat oʻlaroq qoralangan (Kevin R. Johnson, Bill Ong Hing. National Identity in a Multicultural Nation: The Challenge of Immigration Law and Immigrants. Michigan Law Review. Volume 103. Issue 6. 2005. P.1347).

Siyosatshunos Alan Vulf ingliz-protestant madaniyati milliy oʻzlik asosi deb belgilanishiga eʼtiroz bildirib, ushbu madaniyat mansublari oʻrtasida ham ichki ziddiyat, tafriqalar mavjudligiga eʼtibor qaratgan (Alan Wolfe. Native Son: Samuel Huntington Defends the Homeland. // Foreign Affairs. 83. May 1, 2004).

Boshqa bir guruh tadqiqotchilar esa professor S.Hantington migratsiya fenomenini salbiy boʻyoqda tasvirlashga zoʻr berib, uning AQSh iqtisodiyotiga ulkan foydasidan koʻz yumganini qayd etgan.

AQShda muhojirlarning “getto”lari vujudga kelayotgani, turli etnik guruh namoyandalari umumiy til, mushtarak madaniyatdan ayro qolayotgani ijobiy voqelik emas, albatta. Ayni choqda, Oq uyga qadar kirib borgan oʻng qanotga mansub siyosatdonlarning AQShdagi millionlab muhojirlarni oʻz vataniga badargʻa etish tashabbusi ham oqilona yechim boʻlolmaydi. Chunki “burgaga achchiq qilib, koʻrpaga oʻt qoʻyish” na insoniylikka, na mamlakat qonunchiligiga toʻgʻri keladi.

Xoʻsh, AQShda milliy oʻzlik qay tartib-tamoyillarga asoslanishi kerak? Bu borada atoqli faylasuf va siyosatshunos Frensis Fukuyamaning nuqtai nazari joʻyali koʻrinadi. “Qoʻshma Shtatlarga (etnik) xilma-xillik ulkan foyda keltirganini eʼtirof etgan holda, (etnik) xilma-xillik milliy oʻzlik asosi boʻla olmasligini taʼkidlash lozim. Oʻzlik (identlik) konstitutsiyaviylik, qonun ustunligi, fuqarolar tengligi kabi gʻoyalarga tayanishi kerak. Zotan, barcha amerikaliklar bu gʻoyalarni hurmat qiladi”, deb yozadi olim (Francis Fukuyama. Identity: The Demand for Dignity and the Politics of Resentment. New York, Farrar, Straus and Giroux, 2018. P. 137-138).

AQShning etnik xaritasi shiddat bilan oʻzgarmoqda. Soʻnggi tadqiqotlarga qaraganda, 2021-yilda oqtanli amerikaliklar 192,2 million kishini (umum nufusning 58 foizi), qoratanlilar, ispanzabonlar, osiyoliklar va boshqa etnik guruh mansublari 141,1 million kishini tashkil etgan boʻlsa, 2050-yilga borib yangi avlod muhojirlarning soni oqtanlilardan ortib ketadi (Multicultural Americans to become majority population by 2050: Report. // The Hill. January 17, 2024. https://thehill.com/homenews/4412311-multicultural-americans-majority-population-2050/). Shu tariqa etnik ozchilik etnik koʻpchilikka aylanadi. Bu sira demografik oʻzgarishlar ham Hantington ilgari surgan oʻzlik konsepsiyasini amalga oshirish dushvor ekanidan dalolat beradi.

Sobirjon YOQUBOV,

mustaqil tadqiqotchi

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Oʻzlikning javhari nima?” maqolasi

Foto: Madina Aʼzam