Ey qarindoshlar… Alloh taolo biz, musulmonlarni sharifi islom ila boshqa millatlardan mukarram va musharraf qildi. Jumla kitoblarni afzali Kurʼoni karimni bizga yibordi, hamma anbiyoi sarvari paygʻambarimiz afandi hazratlarina bizni ummat qildi. Bas, biz na uchun Alloh amrini lozimincha tutmasmiz.
Paygʻambarimiz va ul janobni xalifalari va asʼhoblari va itboʻlari koʻrsatkan va tutkan yoʻllarida biz na uchun sobitqadam oʻlmasmiz? Shariat amriga qarshulik qilib, boshqa millatlar nazariga oʻz din-u sharifimizni xor va zalil suratda koʻrguzirmiz. Buni sababi ila olamni qaysi tarafiga nazar solsak, oʻz dindosh va millatdoshlarimizni xor va boshqa mutamarrin va mutaraqqiy millatlar qoshida sharmisor koʻrurmiz. Buni sababi esa boshqa millatlarni ilm va maʼrifati, biz musulmonlarni gʻaflat va jaholatimiz emasmu? Agar bu esa, biz ham oʻzimizni bu safolat va razolatdan qutqarmak uchun gʻaflat va jaholatimizni tashlab ilm va maorifga na uchun koʻshish va harakat qilmasmiz? Yoki boshqa millatlarda bor isteʼdod va qobiliyat biz musulmonlarda yoʻqmu? Yoki biz musulmonlar oʻz din va shariatimizcha ilm va maorif tahsiliga va talabiga maʼmur emasmizmu?
“Bilgʻonlar ila bilmagʻonlar barobar boʻlmaslar” degan oyati karima mazmunini nazari mulohazaga olib turib oʻz holimiz ila koʻz oldimizda turgʻon rus, hamsoyalarimizni holini muqobila qilsak, har bobda bulardan kamligimiz va bular bizlarga xoʻja, bizlar bularga qul suratda yashagonimizni sababi zamonaga muvofiq ilm va maorifdan mahrumligimiz edugini har birimiz iqror va eʼtirof qilurmiz. Modomiki, hol bu ila ekan, na uchun “Bizga ul kerakmas, bul kerakmas” kalimalarini isteʼmoldan tashlab “kerak, kerak” lafzlarini virdi zabon etmasmiz.
Russiya davlatini jumla fuqarosi balki kurrai arzda insonni hammasi bu dunyoda rohat va saodatda yashamak uchun eng birinchi vosita hukumati mustabiddani nizom va qoidalarini fosihiy, hurriyat va ozodiyat qonunlarini ijrosini oʻldigʻini jon-u dildan qabul etub hukumat ham bunga lozim harakatlarda boʻlundigʻi bir zamonda biz hamon istibdoddan oʻzimizga yetkan mehnat-u mashaqqatlarni rohat va saodat gumon qilub hurriyat dushmani oʻlgʻon chinovniklarga ixlos va eʼtiqodimizni kundan-kunga ziyoda oshurmakda davom etmagimiz gʻaflat va jaholatimizning natijasi oʻlmasa na dur? Bu istibdod bizni boshimizga na qaro kunlarni soldi?
Nizomi olam har millatni oʻzidan va shariʼati iqtizosincha harakat qilmogʻiga musoida vermish ekan, na uchun biz musulmonlarni shariatimizga chang urilub qoziyi islomlarimiz hukmlarni “folojina” (положение) dasturilʼamalga muvofiq qilmakgʻa majbur oʻldilar. Musulmon qozilari martabada rus sudyalari ila barobar ekanlar, na uchun koʻcha qarovuli hukmida oʻlgʻon folitsalarni (politsiyani) taʼzim qilmak va alardin haqoratlar eshitmak va ham uch yuz soʻmdan ziyodagʻa hukm qilolmaslik va shular kabi muxolifi adolat oʻlgʻon nizomlar joriy oʻldi. Masjid va madrasalarimizni vaqflari xazinaga olindi. Dumaxona oqchasidin ruslar uchun zoʻr-zoʻr diniy maktab va madrasalar ochildi. Ammo musulmonlar uchun hech bir diniy maktab va madrasalar ochilmas, ochilgʻonlari esa yolgʻuz ruscha oʻqitmak uchun ochildi.
Musulmonchadan ham bir oz taʼlim berilmogʻi faqat musulmonlar xavf etmasun deb qurulgʻon tadbir ekanligʻiga mazkur maktablarni idora va nazorati ruslar qoʻlida oʻlub, imtihon vaqtlarida ham yolgʻuz ruschadan imtihon olinmogʻi zoʻr bir dalil oʻlsa kerak. Chunki musulmonchani oʻziga maxsus musulmondan bir nozir taʼmin qilinmagʻoni uchun musulmonchadan olingan imtihon imtihon qatorida sanalmas. Rus nozirlari esa, musulmonchani lozimincha bilmaslar. Vaholanki, dumaxonagʻa musulmonlar ruslargʻa ikki barobar aqcha toʻlamaklari har kimni maʼlumidur. Bas, na uchun musulmonlar ham oʻzlariga maxsus bir maktab yo madrasa ochub boshqa mamlakatlardan taʼlim va tadris ishlariga lozimincha muqtadir muallimlar kelturub alarni vazifalarini dumaxona aqchasidin berolmaslar. Yoki muslmonlarni aqcha toʻlamakda xaqlari oʻlub, u qoidai diniyya va dunyoviyyalariga sarf etmakda haqlari yoʻqmu?
Xayr, afandilarim… Bu xususda musulmonlarni haqlari ruslar ila barobardur… Lekin bu haqlarini talab qilmoqgʻa musulmonlarning tillari yoʻqdur. Chunki bir soʻzni tilgʻa olmoqgʻa avvalan dilgʻa kelturmak kerak. Dilgʻa kelturmak esa ul ishni foyda va zararini farq qilmoqgʻa mavqufdur. Foyda va zararni farq qilmoq esa zamonagʻa muvofiq, ilm va qonundan xabardor oʻlmagʻuncha hosil boʻlmasligi tabiiydur.
Garchi ota-bobomizni odatlariga xilof oʻlsa ham, zamona iqtizosi oʻldigʻi-chun telegrom, temir yoʻl, lamfa, puchta va bosma kitoblar kabi yangi asboblarni qabul etduk. Hammadan zarur va foydabaxsh oʻlgʻon zamona ilm va qonunlarini qabul etmay, hamon alkalimatani alif lomi ila shamsiyani salosho valiysi ila salash soniysini qaysi birin ziyodaligini bilmakgʻa umr oʻtkarmogʻimiz temir yoʻl ila hajga bormakdin parhez qilub eshak minib borib, yoʻlda qancha mehnat va mashaqqatlarni tortib oxiri choʻldami, daryodami, oʻlub ketmak kabi oʻz jonimizga muxolifatchilik oʻlmasun deb, lamfani qoʻyub qaro chirog‘ yokmog‘ durustmi?
Munavvarqori ABDURASHITXONOV
“Xurshid” gazetasi, 1906-yil, 21-sentabr