Turonda Somoniylar sulolasi hukmronligi (873–999) oʻzbek davlatchiligi tarixida muhim oʻrin tutgan. Bu davr Birinchi Uygʻonishning muhim qismi sanaladi. Aynan shu paytda madaniyat, ilm-fan sohalarida yirik oʻzgarishlar yuz berdi, buyuk kashfiyotlar amalga oshirildi. Bu oʻzgarishlar aholining kundalik turmushi, mashgʻulotlari va hattoki, tilida ham koʻzga tashlanadi. Bilamiz-ki, oʻtmishda ajdodlarimiz ishdan keyin dam olish, charchoqni chiqarish uchun turli mashgʻulotlar bilan shugʻullanishgan, har xil oʻyinlar oʻynashgan. Bularning eng sevimlilaridan biri shaxmat (shatranj) boʻlgan.

Turonda ikki ming yillik tarixga ega mazkur oʻyin, ayniqsa, Somoniylar sulolasi davrida yanada rivojlanib, shunchalik ommalashib ketadi-ki, hatto  sheʼriyatdan tortib kundalik turmushgacha u bilan bogʻliq iboralar, oʻxshatishlar paydo boʻladi. Masalan, shaxmatdagi piyoda salbiy anglamda qoʻllanilib, u koʻpincha kishilardagi kuchsizlikni, past darajani yoki boshqa yomon belgilarni bildirgan. Buxorolik taniqli olim, shoir va siyosatchi Abu Axmad ibn Abu Bakr Kotib (10-asr) oʻz birodari toʻgʻrisida quyidagi sheʼrni yozgan (tarjimasi):

Men bilan raqobatlashmoqchisan, lekin men chopganday chopolmaysan.

Axir, piyodalar ruxlar kabi chopa oladimi?

Bunda shoir siyosatchi birodarini oʻyindagi kuchsiz piyodaga, oʻzini esa eng kuchli dona – ruxga oʻxshatmoqda. Bu bilan esa u qancha chiranma baribir mendek boʻlolmaysan, oʻz haddingni bil, degan maʼnoda birodarini ogohlantirmoqda.

Yoki shu davrda Buxoroda yashagan yana bir ijodkor Abul-Hasan Ali ibn Hasan Lahhom Xarroniy Somoniylar bosh vaziri Utbiyning yaqinlari va suhbatdoshlarini mazax qilib, quyidagi sheʼrni yozgan (tarjimasi):

Shayxning Hamddan boshqa hamma gumashtalari shatranj va nardning piyodalaridir.

Bunda tilga olingan Abu Bakr Hamd ibn Shahmard Somoniylar saroyidagi xizmatchi yoki kotib boʻlgan, bosh vaziri Utbiyning suhbatdoshlaridan sanalgan. Utbiyni yoqtirmagan Abul-Hasan Lahhom esa bevosita uni emas, yonidagilarni hajv qiladi, ularning ustidan kuladi. Lahhom aytishicha, bular shaxmat piyodalari singari kichkina, arzimas kishilar. Bundan anglashiladi-ki, bosh vazir Utbiy shundaylar bilan doʻst-ulfat ekan, demak, uning oʻzi ham past darajadagi kishi boʻlishi mumkin. Shunday qilib, Lahhom shaxmatdagi oddiy, past darajadagi piyodaga oʻxshatishi orqali Utbiyning doʻst-ulfatlarining ustidan kulib qolmasdan uning oʻziga ham tosh otadi.

Shuningdek, boʻyi past va qadri kam, hurmat koʻrsatilmaydigan kishilar ham piyodaga oʻxshatilgan. Shoir Abu Usmon Nojim Saʼd ibn Hasan ibn Shaddod Samʼiy (816 – 913) oʻz sheʼrida bu boʻyicha zoʻr oʻxshatish topgan (tarjimasi):

Ey, qiymat va qomatda shatranj piyodasi.

Bobolarimiz bu chogʻda yuqori martabaga koʻtarilgan, biroq bunga arzimaydigan past kishini tezlik bilan farzin boʻlib olgan, yaʼni shaxmat taxtasida 7 ta katakni bosib oʻtib, farzinlikka chiqqan piyodaga oʻxshatishgan. Bu holat boʻyicha koʻpincha arab shoiri Abu Tammom Habib ibn Avs Toiyning quyidagi bayti eslangan:

Qani menga ayt-chi, e piyoda, qachon (bunday) tezlik bilan farzin boʻlib qolding, men bunday oʻylamagandim?

Kishilar bir-birlarini tahqir qilsalar ham, “u goʻyo piyodaga oʻxshaydi” deyishgan. Bir kishi oʻrinli boʻlmagan vazifaga kelsa, koʻpchilik uchun gʻalati yoki yoqimsiz koʻrinadigan ish bilan shugʻullansa ham “piyodadan chiqqan farzin” iborasi ishlatilgan. Masalan, chiroyli gʻulomning yonida ogʻir (xunuk) kuzatuvchi yurgan boʻlsa, shu ibora ishlatilgan.

Bir kishini boshqacha deb bilishgan boʻlsa-yu, u oʻylanganidan yaxshiroq ekanligi maʼlum boʻlib qolsa, bunda ham piyoda va farzin oʻxshatishlari qoʻllanilgan. Masalan, Somoniylar sulolasi chogʻidagi taniqli davlat arbobi, kotib, isteʼdodli shoir Abu Ali Muhammad ibn Iso Domgʻoniy ijodida bu boʻyicha sheʼr bor:

Uni sening toʻgʻringda piyoda qilib yurganimda,

Mening oldimga farzin boʻlib kelganini eslaysanmi?

Baʼzan farzin soʻzining oʻzi ham salbiy anglamdagi oʻxshatishlar uchun ishlatilgan. Bunga misol asli Tohiriylar sulolasidan boʻlgan va Somoniylar chogʻida Buxoroda faoliyat yuritgan siyosatchi, mohir shoir Abu Tayyib Tohir ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Tohir Tohiriy ijodida uchraydi:

E Qubroiy (taxallusli) Talha, sen amirlar orasida yugurdaksan,

Agar (amir) shoh boʻlsa, sen uning sahro koʻchmanchilaridan (boʻlgan) farzinisan.

Bunda shoir hajv qilinayotgan Talxa otli kishini Qubroiy, yaʼni takabbur, kekkaygan, deb atab, amirlar orasida yursa-da, u aslida yugurdak va qadri past ekanligini aytmoqda. Agar Somoniy amir shaxmatdagi shoh boʻlsa, Talxa saxro koʻchmanchilaridan chiqqan, yaʼni tagi past farzinga oʻxshatilmoqda. Bunda ham “farzinga chiqqan piyoda” iborasidagidek maʼno tushunilmoqda.

Bu chogʻda turonliklar shaxmatdagi boshqa donalarni qatnashtirib ham turli oʻxshatishlar, kinoya-pichinglar oʻylab topishgan. Masalan, biror koʻrgilikka yoʻliqqan kishiga nisbatan “shohni ruxning urishi oʻldirdi” iborasi ishlatilgan. Bunday deyilishiga sabab ham bor. Bu jarayonda shaxmatda farzin bir katakkina turli tomonga yura olgan. Rux esa unga qaraganda ancha kuchliroq boʻlib, oldinga va yonga yetti katakkacha siljigan. Shuning uchun ham shoh uchun dushman farzinidan koʻra rux koʻproq muammo tugʻdirgan, motlar ham koʻpincha shu dona bilan qilingan. Iboraning paydo boʻlishi shu sabablar bilan ham bogʻliq.

Shuningdek, el orasida turli holatlarda, masalan, dasturxon tepasida odobsizlik qilayotganlar uchun “shatranj taxtasidagi rux”, koʻproq may ichib qoʻyganlar uchun “shatranj taxtasida ot koʻpayib ketdi” iboralari keng ishlatilgan. Ikki kishi janjallashsa,  “shatranj taxtasidagi sen kimsan?” deb soʻkishishgan.

Shaxmatdagi fil esa olakoʻzlik, oʻz ukkikoʻzlik ramzi boʻlgan. Masalan, arab xalifaligida vazirlik va boshqa lavozimlarda ishlagan turonlik Barmakiylar sulolasidan boʻlgan Abulhasan Ahmad ibn Jaʼfar ibn Muso ibn Yahyo ibn Xolid Barmakiy (839 – 936) olakoʻzligi uchun Jahza (olakoʻzli, ukkikoʻz) deb laqablangan. U toʻgʻrisida shoir ibn Rumiy shatranj fili oʻxshatishini qoʻllab quyidagi sheʼrni yozgan (tarjimasi):

Jahzaga olakoʻzlikni shatranj fili va qisqichbaqadan olishni xabar qildim.

Afsus uning nadimlariga-ki, quloqlar lazzat olishi uchun koʻzlar azoblanishini oʻzlariga olganlar.

Tabiatda filning va qisqichbaqaning koʻzlari olaligi, choʻchchayma ekanligi maʼlum. Shoir esa fil hayvonidagi bu belgini shaxmatdagi filga koʻchiryapti. Bu oʻxshatishni esa Jahzaga tenglab oʻtyapti.

Somoniylar sulolasi hukmronligi davrida shaharlarda, ayniqsa, poytaxt Buxoroda el oydinlarining uylarida adabiy majlislar, ilmiy suhbatlar tez-tez oʻtkazilgan. Bu suhbatlar chogʻida goʻzal sheʼrlar ham oʻqilgan, oʻyin-kulgu qilingan. Albatta, ushbu yigʻinlarda shaxmat oʻynashgani ham tabiiy.

Somoniylar sulolasi davrida Turkistonda hamma ham shaxmatni yoqtirgan emas. Olim-u fozillar orasida uni yomon koʻruvchilar ham uchragan. Bu faqat dinga doir jarayon boʻlmasdan, ayrim kishilar oʻz feʼllari sabab bu oʻyinni xushlamagan. Masalan, 10-asrda Buxoroda ijod qilgan shoir Abulqosim Kisraviy shaxmatni yoqtirmagani maʼlum.

U shaxmat oʻynaydiganlarning yaqiniga bormas, bunday kishilarning kamchiliklarini koʻp aytar ekan. Kisraviy shaxmat toʻgʻrisida shunday degan: “Shatranjboz boy boʻlsa, faqat baxilligini, kambagʻal boʻlsa, faqat tekinxoʻrligini koʻrasan. Nodir va sovuq xabarlar asosan shatranj haqida boʻladi. Agar u toʻgʻrida biror xabar kelsa, “qattiq sovuq keldi” deyiladi. U toʻgʻrida misol keltirganda faqat soʻkib, haqorat qilib va jirkanib aytishadi”.

Keyingi davrlarda ham bobolarimiz tilida shaxmatga doir iboralar, kinoya-pichinglar yanada rivojlanib, boyib bordi. Biroq shaxmat donalari orqali qilingan oʻxshatishlar ancha oʻzgarishga uchragani seziladi. Shuningdek, qardosh xalqlar tarixida ham shu kabi oʻxshatishlar boʻlganini manbalar orqali bilishimiz mumkin. Masalan, ozarboyjonlik taniqli shoir Afzaliddin Xoqoniy (11-12-asrlar) nozik iboralar yordamida shaxmat mavzusidan unumli  foydalangan:

Bir vazir boʻlib egri yurmoqdan

Bir piyoda boʻlib toʻgʻri yurmoq afzaldir.

Bilinadi-ki, bu chogʻlarda shaxmatdagi piyoda toʻgʻrilikni, farzin esa egrilikni anglata boshlagan. Keyingi davrlarda ham shu tushuncha kuchaya borgan. Masalan, ozarboyjonlik yana bir taniqli shoir Nizomiy Ganjaviy (11-12-asrlar) yozadi:

Odat sari doim toʻgʻri yuruvchi askar,

Vazir boʻlgach, darrovoq egri yoʻl tanlar.

Yaʼni oddiy odamlar-piyodalar toʻgʻri yuradilar. Vazir-farzinlar qingʻir yoʻl tutadilar. Bir paytlar oddiy boʻlgan (piyoda) kishilar yuqori amal-martabaga erishib (farzin boʻlgach) bosar-tusarini bilmay egrilik tomon ketishadi. Shoir shu yoʻsinda dunyo adolatsizliklariga oʻz munosabatini bildiradi.

Bu anglam buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyda ham uchraydi:

Shoh yonin farzin kabi aylar maqom etmish netong,

Rostrashlar arsadin gar tutsalar ruxdek qiroq.

Demak, shoh yonini farzin kabi qingʻirlar egallab olibdilar, binobarin, ruxdek toʻgʻri yuradiganlarning chekkaga chiqib qolishlari ajablanarli emas. Shoir bu baytda podsho saroyidagi amir-amaldorlar egri kishilardir, podsho undaylarni oʻziga yaqin tutadi, toʻgʻri kishilar esa podshodan uzoq turadilar, degan gʻoyani shaxmat donalarining dastlabki oʻrni va yurish tartibi orqali koʻrsatib bergan.

Shu xildagi baytlar, hattoki, Muhammad Rizo Ogahiyda ham bor:

Rostravlik, Ogahiy, ruxdek sani solmish yiroq,

Qurbi shoh toʻgʻri eding kajrav jang farzin kabi.

Boshqa bayt:

Rux kabi shahdin yiroq oʻlmay desang bu arsada

Har tarafga moyil oʻl, andoq-ki, farzin, ey koʻngil! 

Xulosa qilib aytish mumkin-ki, ming yildan ortiq vaqt ilgari Somoniylar sulolasi davrida ajdodlarimiz shaxmatni juda sevgan, bu oʻyin ularning asosiy koʻngilochar mashgʻulotlaridan biri boʻlgan. Buni oʻsha paytlardagi aholining tilidagi shaxmat bilan bogʻliq iboralar, oʻxshatishlar va kinoya-pichinglar tasdiqlaydi. Xalqning dunyoqarashini, tafakkurini koʻrsatuvchi mazkur til birliklari keyingi davrlarda ham yanada rivojlanib, boyib borgan.

  Islom BO‘RIYEV,

OʻzR FA Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi 

 Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

1. Абу Мансур Саолибий. Ятиммат ад-даҳр фи маҳосин аҳл ал-аср. Тошкент, 1976.

2. Абу Мансур Саолибий. Ажойиб маълумотлар. Тошкент, 1995.

3. Мамажон Муҳиддинов. Ақл мўжизаси. Тошкент, 1986.

4. Мамажон Муҳиддинов. Шахмат. Тошкент, 1992.

5. Мамажон Муҳиддинов. Шахмат – кони ҳикмат. Тошкент, 1995.