Keyingi paytlarda qalami oʻtkir zukko adib Abdulla Qahhorning koʻchada yoʻl qoidasini buzgan kishilarni militsioner hushtak chalib toʻxtatadi yoki ogohlantiradi-yu, nima uchun til qoidasini buzganlarga hech kim indamaydi, degan fikri kunda necha bora yodga tushadigan boʻldi. Sababi – aksariyat katta-yu kichik yo qiziqish, yo oʻrganib qolganimizdan, yoki biror bir maʼlumot izlab ijtimoiy tarmoqlarga kiramiz.

Har bir gapni aytishdan oldin uning nechogʻlik toʻgʻri-notoʻgʻriligiga javobgarlikni, jamiyatning turli tabaqalari tomonidan qanday talqinlar qilinishi mumkinligini his etib, yaʼni insoniylik va jurnalistik madaniyatga rioya qilgan holda koʻpchilikka biror xabar yoki maʼlumotni havola etishga oʻrganganlar va ularni oʻqib, tinglab yurgan odamlar, toʻgʻrisi, ayrim postlarga koʻz yugurtirib vahimaga tushib qolishi, qoʻrqib ketishi yoxud uyatdan yerga kirgudek holatga tushishi yangilik emas. Uzoqqa bormaylik: ikki kungina oldin respublikamizning barcha hududlarida kutilmaganda chiroqlar oʻchib, elektr toki bilan bitadigan ishlarimiz taqqa toʻxtadi. Yosh bolalar-ku, bilim va tajribasi yetmagani uchun bu holatning  sababini tushunmasligi mumkin. Lekin kattalar, hatto oliy maʼlumoti boʻlmaganlar ham elektr energiyasi ishlab chiqarilishi texnika, texnik jihozlar bilan bogʻliqligini, tizimda yuz bergan kutilmagan sabab tufayli shunday oqibat kelib chiqqan boʻlishi ehtimolini ozmi-koʻpmi biladilar-ku!

“Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga” degandek, qoʻlidan hech ish kelmasa-da, ayrim blogerlar vahimachilikda poyga oʻynashdi: “Shoshilinch xabar, vaziyat ogʻir...”, “Falon joy portlab ketdi...”, “Endi uch kun chiroq, suv boʻlmaydi”, “Shamlarni gʻamlab oling”, “Bu ishning tashkilotchilari falonchilar ekan” va hokazo. Besh soat oʻtar-oʻtmas xonadonlarimiz, doʻkonlarda chiroqlar yona boshladi. Lekin shu fursat ichida bozor-u doʻkonlardan kimlar necha yilga yetgulik shamlar xarid qildi, baʼzilar roʻzgʻorda bir necha kunga yetadigan qilib suv gʻamlab olishdi. Ayrimlar endi “Qator idishlardagi suvlarni qachon ishlatib tugatamiz-u, uyimiz yoʻlagi qachon boʻshaydi”, deb kulib gapirishyapti. Bunaqa ortiqcha ovoragarchilig-u isrofgarchilikning yuzaga kelishida salla desa, kallani olib kelishga suyagi qotib borayotgan blogerlarning hissasi katta boʻldi, desak hecham mubolagʻa emas.

Agar biror davrada ogʻziga kuchi yetmaydigan, gapirganda haddini bilmaydigan kishi boʻlsa, atrofdagilar nigohlari, soʻzlari, imo-ishoralari bilan uni ogohlantirib, “qolipga solib” turadilar. Ammo ayrimlar soʻz erkinligini niqob qilib olib, qaysidir bir burchakdan, oʻzlarining studiyalaridan turib ijtimoiy tarmoq orqali yoʻllayotgan xabar, maʼlumotlari ming-minglab odamlarga yetib borishini, bu xabar yoki maʼlumotlari jamiyat hayotiga, yoshlar tarbiyasiga qanday taʼsir qilishini oʻylab ham koʻrmaydilar, nazarimda. Men bu gapni blogerlar tayyorlayotgan postlarning mavzulariga chegara qoʻyish kerak, degan maʼnoda aytmayapman. Mayli, ular hayotimizning hamma sohasini yoritsinlar, mulohaza bildirsinlar, maqtasinlar, tanqid qilsinlar – faqat rostni asoslab, oqibatning sabablarini xolis ochib, yaxshiliklar koʻpayishi va kamchilig-u xatolar tuzalishiga xizmat qilsinlar.

Aytilgan soʻz – otilgan oʻq. Oʻz shaʼni, obroʻsini asragan odam xatosini tan olishdan qoʻrqmaydi va shu fazilati bilan ham hurmat topadi. 25-yanvar kuni shomga ham yetmay respublikamiz hududlarini elektr quvvati bilan taʼminlash boshlandi. Bu jarayon shaxsan Yurtboshimizning nazoratlarida ekani xalqqa maʼlum qilingandayam, yolgʻonlariga layk bosishni soʻrab yotganlar oz emasdi. Tevarak-atrofimizda charogʻon derazalar soni ortib borgani sayin ataylab yana kuzatdim – bundan bir necha soatgina “Endi uch kungacha svet, suv boʻlmaydi”, deb ogʻiz koʻpirtirganlar suvga nom-nishonsiz choʻkib ketgandek edi: notoʻgʻri maʼlumot, vahima tarqatganlari uchun na uyaldilar, na uzr soʻradilar!

Postlar matnlaridagi imloviy xatolar-ku aytsang-aytmasang, tilingniyam, dilingniyam kuydiradi. Baʼzilarning soʻkinishlari... ayrimlarning juda tor hududga taalluqli shevadagi “nutq”lari endi tili chiqayotgan bolakayning chuldirashini eslatadi-yu, lekin bolaning shirin, zavqli tilidan farqli oʻlaroq asabingizga oʻynaydi. Oʻzgalar shaʼniga haqorat-u boʻhton yogʻdirganlarni “Falonchi qoʻrqmay haqiqatni aytdi!” deb ommalashtirayotganlar haqiqat, adolat, ezgulikning shakl-u shamoyili ham chiroyli boʻlishi shartligini unutmasinlar.

Mana shularni kuzatar ekansan, beixtiyor Abdulla Qahhorning yuqorida keltirilgan fikrlari nechogʻlik oʻrinli, jonkuyar adibning takliflari bugungi kunda yana ham dolzarbroq boʻlib qolganini eʼtirof etasan.

Muhtarama ULUGʻOVA,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi