Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida yoshlar hamda OAV vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad yosh avlodda astrofizika, koinotni tadqiq etish va zamonaviy texnologiyalarga boʻlgan qiziqishni oshirish, shuningdek, astronomiya sohasida erishilayotgan ilmiy natijalarni keng jamoatchilikka atroflicha yetkazishdir.

Muloqot avvalida “Koinot manzaralari” foto-koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda institutda qariyb 100 yil davomida tasvirga olingan 15 mingta fotografik plastinkalar yigʻilgan boʻlib, mazkur tasvirlar Toshkentdagi va Kitob tumanidagi astrograflar yordamida suratga tushirilgan.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonning astronomiya sohasida ham raqamlashtirish jarayoni ketmoqda. Aslida bu boʻyicha loyihalar ancha oldin boshlangan. Jumladan, 2018-yilda Xitoyning Pekin shahrida boʻlib oʻtgan konferensiyada xitoylik olimlar bilan hamkorlik qilish taklifi koʻtarilgan. Oʻsha vaqtda 400 ming dollarlik skaner qurilmasini ishga tushirgan Shanxay astronomik observatoriyasi olimlari oʻzlaridan jamlangan 30 mingta fotografik plastinkalarni raqamlashtirish ishlarini olib borayotgan edi. Muloqotda oʻzbekistonlik olimlar tomonidan institut ham mazkur qurilmadan foydalangan holda oʻz laboratoriyasidagi 15 mingta plastinkani raqamlashtirishi taklifi aytilgan.

“Bizning institutimiz dunyodagi barcha fotografiya arxivlari ichida birinchilardan boʻlib plastinkalarni joʻnatdi. Xitoy tomoni esa disklardan olingan maʼlumotlarni qaytarib joʻnatishdi. Biz ularni oʻzimizning maxsus serverlarimizda saqlayapmiz. Hozirda ularni qayta ishlash boʻyicha amaliyotlar ketmoqda”, deydi institut mutaxassisi.

Endilikda institutga virtual observatoriya kerak. Ushbu jarayonda institut barcha maʼlumotlarni taqdim etadi. Bu esa kelgusida Oʻzbekiston hududida 100 yil davomida tasvirga olingan suratlarni omma ham koʻrishiga imkon yaratadi.

Koʻrgazmadan soʻng taniqli olimlar va astrofiziklar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Unda koinot, sayyoralar, yulduzlar va kosmik tadqiqotlar haqida qiziqarli maʼlumotlar aytildi.

Suhbatda yoshlar tomonidan bir qator savollar berildi. Xususan, maktab yoshidanoq bolani astronomiyaga qanday qiziqtirish kerakligi, bu sohaga yoʻl qayerdan boshlanishi, ilmiy izlanishda institut qanday yordam bera olishi kabi savollar oʻrtaga tashlandi. Mutaxassis va olimlar barcha savollarga javoblar berib, institut sohaga qiziquvchilar uchun hamisha ochiq boʻlishini aytishdi.