Shaharsozlik bu – faqat yangi binolar qurish emas, balki mavjud resurslarni toʻgʻri boshqarish sanʼati ham. Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi joylashgan bino shahar matosi(urban fabric)ning uzviy qismi hisoblanadi. Buni yana-da yaxshiroq his qilishingiz uchun quyida ushbu obyektning tarixiy xronologiyasini keltiramiz:
1933–1936-yillar. Inshoot oʻsha davr meʼmoriy uslubida, seysmik chidamlilik talablarini hisobga olgan holda bunyod etilgan.
1939–1940-yillar. Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan bino bazasida muzey tashkil etiladi. Asosiy tashkilotchilar Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon va Maqsud Shayxzoda edi.
1949-yil. Muzey oldidagi maydonga haykaltarosh Leopold Ditrix tomonidan yaratilgan Alisher Navoiy haykali oʻrnatildi.
1968-yil. Binoda yirik rekonstruksiya va ekspozitsiyani yangilash ishlari amalga oshiriladi. Muzey uchun maxsus Buxorolik hunarmandlar tomonidan “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun” dostonlari syujeti asosida gilamlar toʻqiladi, haykaltarosh A. Grishchenko tomonidan Bobur haykali yaratiladi.
1972-yil. Buyuk rassom Chingiz Ahmarov “Navoiy lirikasi” zali uchun monumental freskalar chizadi. Yaratilgan bu kabi sanʼat namunalari binoning ichki arxitekturasi bilan uygʻunlashib, “sanʼat sintezi” konsepsiyasini taʼminlaydi.
1994-yil. Rassom Iqboljon Ilhomov Boburga bagʻishlangan zal uchun mashhur “Boburning Samarqandga kirib kelishi” kartinasini chizadi.
Bino qalin gʻishtli konstruksiya va termoinersiya xususiyatiga ega. Bunday konstruktiv yechim shu paytgacha qadimiy qoʻlyozmalarni saqlash uchun tabiiy iqlim nazoratini taʼminlab kelgan. Ammo bugun binodagi xazinalarimizni saqlash uchun yangicha sharoit kerakligi bois muzey yangi binoga koʻchirilmoqda. Bu juda yaxshi yechim boʻlishi mumkin. Lekin ushbu tarixiy binoning kelgusi taqdiri nima boʻladi? Hech kim bu savolga joʻyali, aniq javobni bermayapti. Kamiga yangi bino bitguniga qadar muzey fondidagi qoʻlyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, “Oʻzbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga; muzeyning boshqa eksponatlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtinchalik saqlash uchun koʻchirib oʻtkazilmoqda.
Va yana asosiy mavzu – muzeyning kelgusi funksional taqdiri (rekonstruksiya yoki yangi maqomda foydalanish, fasadini, ichki holatini zamonaviy standartlarda taʼmirlab, atrofini obodonlashtirish) nima boʻladi? U asrab qolinadimi yoki tadbirkorlik subyektiga aylanadimi?
Nega bu bino asrab qolinishi shart?
Bino muzey sifatida saqlanmasa, unga shahar uchun funksional xizmat qildiradigan “yangi hayot” berish shart. Masalan, undan kutubxona yoki jamoat markazi sifatida foydalanish mumkin. Ushbu bino lokatsiyasi va ichki fazoviy tuzilishi (zallar ketma-ketligi, akustika, yorugʻlik tushishi) uni zamonaviy ilmiy kutubxona, oʻquv zallari yoki yoshlar uchun madaniy kovorkingga aylantirish uchun ideal, deyish mumkin. Ayniqsa, shahar markazida bunday tinch muhit va tarixiy auraga ega joylar kamayib borayotgan bir vaqtda.
Muzey eksponatlari yangi binoga koʻchishi tabiiy jarayon. Lekin 1933-yilgi arxitekturani “eski” deb hisoblab, unga yangi vazifa yuklamasdan tashlab qoʻyish shaharsozlikda yoʻl qoʻyiladigan eng katta xatolardan biri boʻladi, deyish mumkin.
Bu bino xalq mulki. Shuning uchun bino qandaydir tijoriy obyekt emas, kutubxona, ilmiy-tadqiqot markazi yoki shahar jamoatchiligi uchun ochiq madaniy maskan sifatida qayta ishga tushirilishi eng mantiqiy va haqli yechim boʻladi.
Mirzayor ERKINOV